Soʻnggi yillarda mamlakatimizda “Inson qadri uchun” degan ezgu gʻoyani toʻliq roʻyobga chiqarish, inson huquq va erkinliklari sohasidagi xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish, davlat organlari faoliyatiga tizimli va bosqichma-bosqich joriy etish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Inson huquqlari va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish hamda qonun ustuvorligini taʼminlash, shuningdek, jamiyat va har bir fuqaro hayotiga ularni tatbiq etish Yangi Oʻzbekistonning ichki va tashqi siyosatida markaziy oʻrinni egallab kelmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasida zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarini samarali bajarishga qaratilgan Inson huquqlari boʻyicha Milliy strategiyasida belgilangan vazifalarning izchil amalga oshirilayotgani uning xalqaro maydondagi obroʻsi yanada mustahkamlanishiga hamda mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklariga hurmat munosabati shakllanishiga xizmat qilmoqda.
Oʻzbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha kengashining aʼzosi sifatida faol harakati, BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari hamda inson huquqlari masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachilar bilan yaqin hamkorligi bunga yorqin misol boʻlmoqda.
Inson huquqlariga oid xalqaro standartlarni amalga oshirish, ayniqsa ayollar, bolalar, yoshlar va nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlarini himoya qilish hamda ijtimoiy adolat tamoyillariga konstitutsiyaviy maqom berildi. Shuningdek, xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish, qiynoqqa solishning oldini olish boʻyicha milliy preventiv mexanizmning qonuniy asoslarini shakllantirish, majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.
Oʻzbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Milliy taʼlim dasturining qabul qilinishi mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi taʼlimni yanada rivojlantirishga, aholining inson huquqlari sohasidagi huquqiy savodxonligini oshirishga, shuningdek, davlat xizmatchilarining inson huquqlari va gender tenglik sohasidagi bilim va koʻnikmalarini oshirishga qaratilgan.
BMT Bosh kotibining “Inson huquqlari yoʻlida harakatga daʼvat” tashabbusini qoʻllab-quvvatlash, Oʻzbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasida zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarini izchil va qatʼiy bajarishni davom ettirish, fuqarolarning Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi tamoyillari va normalari toʻgʻrisidagi bilimlarini oshirish, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy, qonunchilikka oid chora-tadbirlar tizimini yanada takomillashtirish maqsadida:
1. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligiga bagʻishlangan tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligiga bagʻishlangan tadbirlarda davlat tashkilotlari va muassasalari, jamoatchilik birlashmalari, ommaviy axborot vositalarining faol ishtirok etishi eng muhim vazifa deb hisoblansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Jahon taʼlim dasturining toʻrtinchi bosqichini amalga oshirish boʻyicha Milliy komissiyasiga (keyingi oʻrinlarda — Milliy komissiya) (A. Saidov) Dasturni amalga oshirish yuzasidan quyidagi vazifalar yuklansin:
Dasturda belgilangan tadbirlar ijrosini tashkil qilish va amalga oshirishga koʻmaklashish hamda ularning oʻz vaqtida ijro etilishini nazorat va monitoring qilish;
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligiga bagʻishlangan xalqaro tadbirlarda Oʻzbekiston vakillarining faol ishtirok etishi boʻyicha xalqaro tashkilotlar, eng avvalo, BMT muassasalari bilan yaqin hamkorlikni taʼminlash;
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligiga bagʻishlangan, shuningdek, inson qadri va huquqlarini taʼminlashga qaratilgan tadbirlarning ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini, shu jumladan axborot-tahliliy sharhlar tayyorlanishi, xorijiy tillarga tarjima qilinishi va eʼlon qilinishini tashkil etish.
3. Dasturda belgilangan masʼul ijrochilar oʻzlariga yuklatilgan vazifalar ijrosi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni har oyning 5-sanasiga qadar Milliy komissiya ishchi organi — Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markaziga taqdim etib borsin.
4. Milliy komissiya va Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazining 2023-yildan boshlab har yili 1 — 10-dekabr kunlari mamlakatimizda “Inson huquqlari” oʻn kunligini eʼlon qilish hamda barcha umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va oliy taʼlim muassasalarida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilingan kunga bagʻishlangan umummilliy dars oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
5. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi asosiy maqsadlarini amalda roʻyobga chiqarishda BMT saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasi maxsus jamgʻarmasiga Oʻzbekistonning ixtiyoriy badali sifatida yuz ming AQSh dollari miqdorida mablagʻ ajratsin.
6. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligiga bagʻishlangan tadbirlar dasturining amalga oshirilishini har tomonlama yoritib borsin.
7. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.X. Saidov belgilansin.
Farmon ijrosi uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 12-may,
PF-70-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-maydagi PF-70-son Farmoniga ILOVA
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligiga bagʻishlangan