PQ-211-son Qaror · 05.07.2023

Xalqaro taraqqiyot uyushmasi hamda Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida “Chorvachilik sohasini rivojlantirish (2-bosqich)” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-211
  • Qabul qilingan sana:05.07.2023
  • Kuchga kirgan sana:06.07.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/23/211/0449

Chorvachilik mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash sohasida ilgʻor xorijiy texnologiyalarni faol joriy etish, fermer xoʻjaliklari va qishloq xoʻjaligi tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularning ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, shuningdek, Jahon banki bilan hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

a) 2023-yil 1-iyunda Oʻzbekiston Respublikasi va Xalqaro taraqqiyot uyushmasi (keyingi oʻrinlarda — XTU) hamda Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki (keyingi oʻrinlarda — XTTB) oʻrtasida “Chorvachilik sohasini rivojlantirish (2-bosqich)” loyihasi (keyingi oʻrinlarda — Loyiha) boʻyicha:

XTUning 30 yil muddatga, shu jumladan 5 yillik imtiyozli davr bilan 150 million AQSh dollari miqdoridagi qarzi;

XTTBning 24,5 yil muddatga, shu jumladan 4,5 yillik imtiyozli davr bilan 90 million AQSh dollari miqdoridagi krediti ajratilishi toʻgʻrisida bitimlar imzolanganligi;

b) Loyihaning umumiy qiymati 323,78 million AQSh dollariga teng ekanligi, ulardan Oʻzbekiston Respublikasining ulushi — 83,78 million AQSh dollarini, shu jumladan:

40 million AQSh dollari ekvivalentidagi mablagʻlar — Loyiha ishtirokchilari (benefitsiarlar)ning ulushi;

43,78 million AQSh dollari ekvivalentidagi mablagʻlar, shu jumladan soliq va bojxona toʻlovlari shaklida — 28,63 million AQSh dollari ekvivalentidagi mablagʻlar, investitsiya davrida moliyaviy xarajatlarni toʻlash shaklida — 15,15 million AQSh dollari ekvivalentidagi mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasining Loyihaning investitsion davridagi moliyaviy xarajatlarni qoplashdagi ulushini tashkil etishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Belgilansinki:

Loyihani amalga oshirish doirasida hosil boʻladigan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi xoʻjalik yurituvchi subyektlar mablagʻlari hisobidan toʻlanadi yoki qonunchilikda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi;

Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi Loyihaning oʻz vaqtida va toʻliq amalga oshirilishi, uning muvofiqlashtirilishi va boshqarilishi, shuningdek, Loyihani amalga oshirish davrida monitoring va hisobot yuritilishi uchun masʼul ijro etuvchi organ hisoblanadi;

kredit liniyasini boshqarish, jalb qilinayotgan mablagʻlarning oʻz vaqtida oʻzlashtirilishi va maqsadli foydalanilishini taʼminlash, shuningdek, subloyihalarni amalga oshirish boʻyicha monitoring va hisobotni yuritish funksiyalari Loyihada ishtirok etuvchi Oʻzbekiston Respublikasi tijorat banklariga yuklanadi;

Loyihani amalga oshirish davri 5 yilni (2023 — 2028-yillar) tashkil etadi;

Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasiga belgilangan tartibda Qoʻmita huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan XTU hamda XTTB ishtirokida “Chorvachilik sohasini rivojlantirish (2-bosqich)” loyihasini amalga oshirish guruhini tashkil etishga ruxsat beriladi;

Loyihani amalga oshirish davrida Loyihani amalga oshirish guruhining xarajatlar smetasi va shtatlar jadvali har yili Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishiladi.

3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

Loyihada ishtirok etuvchi moliya tashkilotlariga kreditlar oʻzbek soʻmida va AQSh dollarida taqdim etiladi;

AQSh dollariga nisbatan oʻzbek soʻmining valyuta kursi tebranishlari tufayli yuzaga keladigan xarajatlar (keyingi oʻrinlarda — valyuta xatari) Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti hisobidan qoplanadi;

Loyiha doirasida Loyihada ishtirok etuvchi moliya tashkilotlariga milliy valyutada ajratiladigan kreditlar Markaziy bankning asosiy stavkasida ajratiladi.

4. Quyidagilar:

“Chorvachilik sohasini rivojlantirish (2-bosqich)” loyihasi texnik-iqtisodiy asoslanishining asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari 1-ilovaga muvofiq;

“Chorvachilik sohasini rivojlantirish (2-bosqich)” loyihasi boʻyicha Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki krediti hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi qarzidan foydalanish sxemasi 2-ilovaga muvofiq;

“Chorvachilik sohasini rivojlantirish (2-bosqich)” loyihasi doirasida Xalqaro taraqqiyot uyushmasining qarzidan foydalanish, uni qaytarish, komissiya va foiz toʻlovlarini amalga oshirish prognoz grafigi 3-ilovaga muvofiq;

“Chorvachilik sohasini rivojlantirish (2-bosqich)” loyihasi doirasida Xalqaro tiklanish va taraqqiyot bankining kreditidan foydalanish, uni qaytarish, komissiya va foiz toʻlovlarini amalga oshirish prognoz grafigi 3a-ilovaga muvofiq;

“Chorvachilik sohasini rivojlantirish (2-bosqich)” loyihasini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi raisi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari zimmasiga Loyiha doirasidagi tadbirlarni samarali amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, shuningdek, XTU va XTTB hamda milliy qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq tegishli hisobotlar va hujjatlarning oʻz vaqtida tayyorlanishi va taqdim etilishini taʼminlash uchun shaxsiy masʼuliyat yuklansin.

6. Iqtisodiyot va moliya vaziriga Oʻzbekiston Respublikasi nomidan XTU va XTTB tomonidan ajratiladigan qarz va kreditlarni qayta kreditlash toʻgʻrisidagi bitimlarni imzolash, shuningdek, zarur hollarda, ushbu bitimlarga Qishloq xoʻjaligi vazirligi va uning huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi hamda Loyihada ishtirok etuvchi tijorat banklari bilan kelishilgan holda tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish vakolati berilsin.

7. Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank bilan birgalikda ikki oy muddatda “Chorvachilik sohasini rivojlantirish (2-bosqich)” loyihasi doirasida Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki krediti hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi qarzidan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin. Bunda berilayotgan qarz va kreditni qayta moliyalashtirishning aniq tartibi, muddatlari va shartlari, subloyihalarni tanlash mezonlari va ularning baholari belgilab qoʻyilsin.

8. Qishloq xoʻjaligi vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda ikki hafta muddatda Loyiha doirasida Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi mablagʻlaridan foydalanish boʻyicha hududlar kesimida “yoʻl xarita”larini tasdiqlasin.

9. Hisob palatasi Loyiha doirasidagi mablagʻlarning maqsadli ajratilishi va sarflanishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin hamda har yarim yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin.

10. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi:

Loyiha doirasida ajratilgan mablagʻlarning maqsadli ishlatilishi jarayonida ochiqlik, oshkoralik hamda shaffoflikni taʼminlash boʻyicha aniq mexanizmlarni ishlab chiqsin va joriy qilsin;

Loyihani amalga oshirishda ochiqlik, oshkoralik hamda shaffoflikni taʼminlash ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.

11. Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi Loyiha doirasida moliyalashtirilgan subloyihalar toʻgʻrisida, shuningdek, ularning oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishi ustidan monitoring natijalari hamda Loyiha boʻyicha oʻzlashtirilgan mablagʻlar hamda erishilgan natijalar yuzasidan har yarim yil yakuni boʻyicha Vazirlar Mahkamasi va Iqtisodiyot va moliya vazirligiga hisobot kiritib borsin hamda oʻzining rasmiy veb-saytida muntazam eʼlon qilib borsin.

12. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib qishloq xoʻjaligi vaziri A.B. Voitov hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi raisi B.T. Norqobilov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 5-iyul,

PQ-211-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 5-iyuldagi PQ-211-son qaroriga 1-ILOVA

“Chorvachilik sohasini rivojlantirish (2-bosqich)” loyihasi texnik-iqtisodiy asoslanishining asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari

* Tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni yetkazib berish boʻyicha yakuniy qiymat koʻrsatkichlari mukammal loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanishi natijalari boʻyicha oʻtkazilgan tender (tanlov) savdolariga koʻra belgilanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 5-iyuldagi PQ-211-son qaroriga 2-ILOVA

“Chorvachilik sohasini rivojlantirish (2-bosqich)” loyihasi boʻyicha Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki krediti hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi qarzidan foydalanish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 5-iyuldagi PQ-211-son qaroriga 3-ILOVA

“Chorvachilik sohasini rivojlantirish (2-bosqich)” loyihasi doirasida Xalqaro taraqqiyot uyushmasining qarzidan foydalanish, uni qaytarish, komissiya va foiz toʻlovlarini amalga oshirish

* Toʻlov summalari XTU qarz mablagʻlarining amaldagi oʻzlashtirilishiga qarab aniqlashtirib boriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 5-iyuldagi PQ-211-son qaroriga 3a-ILOVA

“Chorvachilik sohasini rivojlantirish (2-bosqich)” loyihasi doirasida Xalqaro tiklanish va taraqqiyot bankining kreditidan foydalanish, uni qaytarish, komissiya va foiz toʻlovlarini amalga oshirish

* Toʻlov summalari XTTB kredit mablagʻlarining amaldagi oʻzlashtirilishiga qarab aniqlashtirib boriladi.

** Kredit hisobidan toʻlanadi va asosiy qarzga kapitalizatsiya qilinadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 5-iyuldagi PQ-211-son qaroriga 4-ILOVA

“Chorvachilik sohasini rivojlantirish (2-bosqich)” loyihasini amalga oshirish boʻyicha

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.