PQ-255-son Qaror · 01.08.2023

Otorinolaringologiya xizmatini takomillashtirish va uning koʻlamini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-255
  • Qabul qilingan sana:01.08.2023
  • Kuchga kirgan sana:02.08.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/23/255/0551

Otorinolaringologiya sohasida tibbiy yordam koʻrsatish sifatini yaxshilash, aholining ehtiyojmand qatlamlariga yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar koʻlamini kengaytirish, sohadagi nodavlat tibbiyot tashkilotlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, davlat muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, tibbiy kadrlarni tayyorlash va ilm-fanni rivojlantirish maqsadida:

1. Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Oʻzbekiston otorinolaringologiya va bosh-boʻyin jarrohligi assotsiatsiyasining 2023-yil 1-sentabrdan yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan Respublika ixtisoslashtirilgan otorinolaringologiya va bosh-boʻyin kasalliklari ilmiy-amaliy tibbiyot markazini (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tashkil qilish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

2. Belgilab qoʻyilsinki:

a) Markaz:

otorinolaringologiya yoʻnalishidagi ishlarni muvofiqlashtiradi hamda “Markaz — hududiy tibbiyot muassasalari — tuman (shahar) tibbiyot muassasalari” tizimi asosida oʻz faoliyatini tashkil etadi;

otorinolaringologik va bosh-boʻyin kasalliklari sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatishni yoʻlga qoʻyadi, ushbu yoʻnalishlarda mutaxassislarni oʻqitish va ularning koʻnikmalarini rivojlantirish choralarini koʻradi hamda ilmiy maktabni shakllantiradi;

hududlarda otorinolaringologik va bosh-boʻyin kasalliklarini tashxislash va davolashning zamonaviy usullarini amaliyotga joriy etadi hamda yuqori texnologik amaliyotlar koʻlamini kengaytiradi;

sogʻliqni saqlash tizimining birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida otorinolaringologik va bosh-boʻyin kasalliklari profilaktikasi, ularni erta aniqlash va davolash dasturlarini amaliyotga joriy etadi;

nodavlat tibbiyot tashkilotlari bilan hamkorlikda otorinolaringologik va bosh-boʻyin kasalliklarini davolashning zamonaviy va yuqori texnologik usullarini davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari amaliyotiga joriy etadi;

b) 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab Markazda otorinolaringologiya ixtisosligi boʻyicha tibbiyot kadrlarini klinik ordinatura orqali tayyorlash tashkil qilinadi;

v) Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarining otorinolaringologiya boʻlimlari Markazning yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan hududiy filiallari hisoblanadi.

Markaz va uning hududiy filiallari tibbiyot yoʻnalishidagi oliy, professional va oʻrta maxsus taʼlim muassasalarining tegishli kafedralari uchun klinik baza sifatida faoliyat yuritadi.

3. Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar;

ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlarini amalga oshirish doirasidagi grantlar;

pullik xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlar;

qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-iyuldagi “Sogʻliqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5199-son qaroriga muvofiq, imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni davolash uchun ixtisoslashtirilgan muassasalarni Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi bilan tuzilgan shartnomalar asosida bazaviy narxlarda moliyalashtirish tartibi Markaz uchun 2024-yil 1-yanvardan boshlab tatbiq etilsin.

5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2024-yil 1-yanvardan boshlab, otorinolaringologiya va yuz-jagʻ jarrohligi yoʻnalishlaridagi tibbiy xizmatlar imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan koʻrsatilishiga ruxsat beriladi.

6. 2023 — 2026-yillarda otorinolaringologiya xizmatini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida, sifatli va toʻliq bajarilishini taʼminlasin hamda Dastur ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin.

7. Sogʻliqni saqlash vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda:

a) Koreya Eksimbanki Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamgʻarmasi (EDCF) hisobidan 2023-2024-yillarda tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarini, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlari, Toshkent shahar shifoxonalarining otorinolaringologiya boʻlimlari va tibbiyot oliy taʼlim muassasalari klinikalarini, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududiy filiallarini 2-ilovaga muvofiq zarur tibbiy uskunalar bilan jihozlash uchun 17 million AQSh dollarini yoʻnaltirsin;

b) 2024-2025-yillarda Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan quyidagi tadbirlarni amalga oshirish uchun 8,6 million AQSh dollarini yoʻnaltirish choralarini koʻrsin:

Markazda “Yuqori nafas yoʻllari aʼzolari fiziologiyasi va patologiyasi”, “Eshitish va muvozanat aʼzolari fiziologiyasi va patologiyasi”, “Foniatriya va ronxopatiya” ilmiy laboratoriyalarini, simulatsion amaliy laboratoriyani, 5 ta jarrohlik blokini va 60 ta oʻrin-joylarni zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlash;

Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida “Eshitish zaiflashuvini tashxislash, davolash va reabilitatsiya muammolari” ilmiy laboratoriyasini tashkil etish;

Toshkent tibbiyot akademiyasi koʻp tarmoqli klinikasi va Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazini zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlash.

8. Belgilansinki, 2024-yildan boshlab:

Sogʻliqni saqlash vazirligining asoslangan hisob-kitoblariga binoan audioskrining natijasi boʻyicha aniqlangan zaif eshitadigan bolalarni koxlear implantatsiya amaliyotiga tayyorgarlik davrida Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoʻshimcha yiliga kamida 2 000 ta raqamli eshitish moslamalari bilan taʼminlash yoʻlga qoʻyiladi;

Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasining vaqtincha qisqartiriladigan oʻrin-joylari va shtat birliklari hisobidan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududiy filiallari qabul-diagnostika boʻlimida tunu kun xizmat koʻrsatadigan qoʻshimcha otorinolaringolog va yuz-jagʻ jarrohi shtat birliklari kiritiladi.

9. Sogʻliqni saqlash vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan birgalikda otorinolaringologiya boʻyicha ambulator va statsionar sharoitda yordam koʻrsatuvchi davlat tibbiyot muassasalari uchun shtat normativlarini qayta koʻrib chiqish hamda kelgusida ehtiyojdan kelib chiqib ularga oʻzgartirishlar kiritib borish choralarini koʻrsin.

10. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligining asoslangan hisob-kitoblariga binoan ushbu qarorda belgilangan tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar 2024-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutilishini taʼminlasin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-iyuldagi “Sogʻliqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5199-son qarori 1-bandining “b” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“b) quyidagilar:

2021-yil 1-noyabrdan koʻz mikroxirurgiyasi va urologiya;

2022-yil 1-yanvardan kardiologiya, travmatologiya va ortopediya hamda akusherlik va ginekologiya;

2022-yil 1-iyuldan xirurgiya va neyroxirurgiya;

2024-yil 1-yanvardan otorinolaringologiya va yuz-jagʻ kasalliklari yoʻnalishlaridagi tibbiy xizmatlar imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan koʻrsatilishiga ruxsat berilsin”.

12. Markaz Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Maxtumquli koʻchasi, 103-uy manzilida yangidan barpo qilinayotgan koʻp tarmoqli klinika bino va inshootlarining bir qismiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.

13. Sogʻliqni saqlash vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda 2023-yilda Davlat budjetidan Sogʻliqni saqlash vazirligiga ajratilgan mablagʻlar hisobidan Markazda rekonstruksiya va jihozlash ishlarini amalga oshirish choralarini koʻrsin.

14. Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sogʻliqni saqlash vaziri A.Sh. Inoyatov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari L.N. Tuychiyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 1-avgust,

PQ-255-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-avgustdagi PQ-255-son qaroriga1-ILOVA

2023 — 2026-yillarda otorinolaringologiya xizmatini rivojlantirish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-avgustdagi PQ-255-son qaroriga2-ILOVA

Tibbiyot muassasalari uchun xarid qilinadigan zarur tibbiy uskunalar

Izoh: tibbiy uskunalarning yakuniy qiymati tender savdolari natijalari asosida belgilanadi. Bunda, iqtisod qilingan mablagʻlar otorinolaringologik uskunalar, shu jumladan simulatsion uskunalar xarid qilish uchun yoʻnaltiriladi.

*Mazkur muassasalar uchun koʻp funksiyali “Otorinolaringologning ish oʻrni” (LOR-kombayn) xarid qilinadi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.