PQ-308-son Qaror · 14.09.2023

Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Elektron hukumat tadqiqoti” hisobotida Oʻzbekiston Respublikasining reytingini yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-308
  • Qabul qilingan sana:14.09.2023
  • Kuchga kirgan sana:20.09.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/23/308/0712

Aholi, tadbirkorlik subyektlari va davlat idoralari oʻrtasida raqamli muloqotni taʼminlash, masʼul idora va tashkilotlar tomonidan zamonaviy yechimlar ishlab chiqishga koʻmaklashish uchun ilgʻor texnologiyalarni joriy etish, Hukumat faoliyati samaradorligini oshirish, shuningdek, mamlakatning xalqaro maydondagi imidji va investitsiyaviy jozibadorligini yaxshilash maqsadida:

1. Belgilansinki, “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtirish komissiyasi (A. Aripov) (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Elektron hukumat tadqiqoti” hisobotida (keyingi oʻrinlarda — “Elektron hukumat tadqiqoti” hisoboti) Oʻzbekiston Respublikasining reytingini yaxshilash yoʻnalishidagi ishlarni tashkil etadi va muvofiqlashtiradi.

Bunda, mamlakatimizni “Elektron hukumat tadqiqoti” hisobotida 2030-yilga qadar Elektron hukumatni rivojlantirish indeksi boʻyicha davlatlar roʻyxatida birinchi 30 talikka kiritish Komissiyaning asosiy vazifalaridan biri etib belgilansin.

2. Quyidagilar:

Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Elektron hukumat tadqiqoti” hisoboti indekslaridagi koʻrsatkichlarni yaxshilash boʻyicha “yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq;

“Elektron hukumat tadqiqoti” hisobotining Onlayn xizmat koʻrsatish indeksidagi koʻrsatkichlarni yaxshilash uchun masʼul ishchi guruh tarkibi 2-ilovaga muvofiq;

“Elektron hukumat tadqiqoti” hisobotining Elektron ishtirok etish indeksidagi koʻrsatkichlarni yaxshilash uchun masʼul ishchi guruh tarkibi 3-ilovaga muvofiq;

“Elektron hukumat tadqiqoti” hisobotining Telekommunikatsiya infratuzilmasi indeksidagi koʻrsatkichlarni yaxshilash uchun masʼul ishchi guruh tarkibi 4-ilovaga muvofiq;

“Elektron hukumat tadqiqoti” hisobotining Inson kapitali indeksidagi koʻrsatkichlarni yaxshilash uchun masʼul ishchi guruh tarkibi 5-ilovaga muvofiq;

“Elektron hukumat tadqiqoti” hisobotining Mahalliy onlayn xizmatlar indeksidagi koʻrsatkichlarni yaxshilash uchun masʼul ishchi guruh tarkibi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Quyidagilar “Elektron hukumat tadqiqoti” hisobotida koʻzda tutilgan indekslar boʻyicha koʻrsatkichlarni yaxshilash uchun masʼul ishchi guruhlarning vazifalari etib belgilansin:

eng muhim tarkibiy indikatorlarni, ularni shakllantirish metodologiyasini, shuningdek, oxirgi hisobotlarda Oʻzbekiston Respublikasiga oid maʼlumotlarni chuqur tahlil qilish, tizimli muammo va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha takliflar tayyorlash;

davlat organlari va tashkilotlari funksiyalarini xatlovdan oʻtkazish, raqamlashtiriladigan jarayon va xizmatlarning muddatlari va toifalarini koʻrsatgan holda aniq roʻyxatini shakllantirish, shuningdek, raqamli xizmatlarni sodda, shu jumladan ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar uchun qulay shaklda joriy etish yuzasidan talablarni ishlab chiqish;

Internet tarmogʻi va mobil aloqa foydalanuvchilari sonini oshirish maqsadida telekommunikatsiya xizmatlari bozorida raqobatni rivojlantirish, operator va provayderlar uchun teng sharoitlarni taʼminlash, telekommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatuvchi subyektlar uchun jahon Internet tarmogʻiga ulanish jarayonlarini soddalashtirish, xususiy provayderlarni “oxirgi milya” tamoyili asosida qoʻllab-quvvatlash boʻyicha takliflar tayyorlash;

raqamli hukumat tizimi hamda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlariga sunʼiy intellekt, katta hajmdagi maʼlumotlar, buyumlar interneti hamda blokcheyn kabi ilgʻor texnologiyalarni joriy etish, mobil ilovalar orqali xizmat koʻrsatishni rivojlantirish boʻyicha aniq takliflar ishlab chiqish;

taʼlim bilan yalpi qamrov va uning davomiylik muddati boʻyicha xalqaro baholash mezonlarini joriy etish, ular asosida sohani takomillashtirish, aholi, shu jumladan nuroniylar, ayollar, yoshlar va nogironligi boʻlgan shaxslarni raqamli texnologiyalar boʻyicha “hayot davomida taʼlim olish” tamoyili asosida oʻqitish tizimini ishlab chiqish;

davlat axborot tizimlari va resurslaridan elektron maʼlumot olish, ularda elektron qaror qabul qilish, mahalliy organlarning aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan raqamli muloqotini taʼminlash mexanizmlarini ishlab chiqish.

4. Belgilab qoʻyilsinki:

a) 2024-yil 1-iyundan boshlab yangi raqamli xizmatlar va servislar, qoida tariqasida, birinchi navbatda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining (keyingi oʻrinlarda — Yagona portal) mobil ilovasida joriy etiladi;

b) 2024-yil yakuniga qadar:

Yagona portalda koʻrsatilayotgan xizmatlar soni 700 taga, ularning avtomatlashganlik darajasi 65 foizga yetkaziladi;

Yagona portalda joriy etilgan raqamli xizmatlar va servislarning kamida 75 foizi mobil ilova orqali koʻrsatilishi yoʻlga qoʻyiladi;

v) aholi uchun raqamli xizmatlardan foydalanishda qulayliklar yaratish maqsadida:

2024-yil 1-yanvardan boshlab raqamli hukumat tizimi hamda uning aholi va tadbirkorlik subyektlariga taqdim etadigan imkoniyatlari haqida batafsil maʼlumot beruvchi maxsus portal;

2024-yil 1-iyundan boshlab respublika hududidagi yashil hudud, bogʻ va jamoat parklari hamda 2024-yil 1-sentabrdan boshlab Toshkent shahrida jamoat transporti harakati haqida axborot beruvchi maxsus portallar ishga tushiriladi.

5. Raqamli texnologiyalar vazirligi (Sh. Shermatov):

bir oy muddatda shoshilinch tezkor xizmatlar boʻyicha aholining chaqiruvlarini qabul qilish va ularni tezkor ravishda qayta ishlash boʻyicha “112” yagona markazlashgan dispetcherlik xizmati faoliyatini respublikaning barcha hududlarida bosqichma-bosqich tashkil etish boʻyicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

2023-yil 1-noyabrdan boshlab “oxirgi milya” tamoyili asosida tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorlikda aholi xonadonlariga keng polosali Internet tarmoqlarini olib borishga qaratilgan hamkorlik dasturini amalga oshirsin;

2024-yil yakuniga qadar magistral telekommunikatsiya tarmogʻi va aholi yashash maskanlarida qoʻshimcha 50 ming kilometr optik tolali aloqa liniyalari qurilishini taʼminlasin.

6. Komissiya huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan “Raqamli hukumat loyiha ofisi” tashkil etilsin.

7. Belgilansinki:

a) Komissiya raisining oʻrinbosari (Sh. Shermatov):

“Raqamli hukumat loyiha ofisi”ga malakali mutaxassislarni jalb etadi hamda uning faoliyatini muvofiqlashtiradi;

raqamli hukumat tizimini rivojlantirish yuzasidan amaldagi holat boʻyicha tahlillar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yuzasidan aniq takliflarni muntazam ravishda Komissiyaga kiritib boradi;

b) “Raqamli hukumat loyiha ofisi” faoliyati xalqaro tashkilotlar va moliya institutlaridan, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalardan jalb qilinadigan mablagʻlar va grantlar hisobidan moliyalashtiriladi.

8. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (L. Kudratov) Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Elektron hukumat tadqiqoti” hisoboti indekslaridagi koʻrsatkichlarni yaxshilash boʻyicha “yoʻl xaritasi”ga muvofiq amalga oshiriladigan tadbirlar hamda loyihalarni moliyalashtirish uchun xalqaro moliya tashkilotlarining texnik koʻmagi, grantlari va kreditlarini jalb etish yuzasidan zarur tashkiliy-amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirishga koʻmaklashsin.

9. Raqamli texnologiyalar vazirligi (Sh. Shermatov) 2024-yil 1-yanvarga qadar raqamli hukumat tizimini rivojlantirish boʻyicha mamlakatimizda amalga oshirilgan ishlar natijadorligi yuzasidan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar boʻyicha departamentiga taqdimot qilsin hamda Oʻzbekiston Respublikasining oʻrnini asoslash boʻyicha muntazam ravishda muzokaralar oʻtkazsin.

10. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib raqamli texnologiyalar vaziri Sh.X. Shermatov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 14-sentabr,

PQ-308-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-sentabrdagi PQ-308-son qaroriga 1-ILOVA

Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Elektron hukumat tadqiqoti” hisoboti indekslaridagi koʻrsatkichlarni yaxshilash boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-sentabrdagi PQ-308-son qaroriga 2-ILOVA

“Elektron hukumat tadqiqoti” hisobotining Onlayn xizmat koʻrsatish indeksidagi koʻrsatkichlarni yaxshilash uchun masʼul ishchi guruh

Izoh: Ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-sentabrdagi PQ-308-son qaroriga 3-ILOVA

“Elektron hukumat tadqiqoti” hisobotining Elektron ishtirok etish indeksidagi koʻrsatkichlarni yaxshilash uchun masʼul ishchi guruh

Izoh: Ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-sentabrdagi PQ-308-son qaroriga 4-ILOVA

“Elektron hukumat tadqiqoti” hisobotining Telekommunikatsiya infratuzilmasi indeksidagi koʻrsatkichlarni yaxshilash uchun masʼul ishchi guruh

Izoh: Ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.

(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-noyabrdagi PF-223-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.11.2025-y., 06/25/223/1076-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-sentabrdagi PQ-308-son qaroriga 5-ILOVA

“Elektron hukumat tadqiqoti” hisobotining Inson kapitali indeksidagi koʻrsatkichlarni yaxshilash uchun masʼul ishchi guruh

Izoh: Ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.

(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-noyabrdagi PF-223-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.11.2025-y., 06/25/223/1076-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-sentabrdagi PQ-308-son qaroriga 6-ILOVA

“Elektron hukumat tadqiqoti” hisobotining Mahalliy onlayn xizmatlar indeksidagi koʻrsatkichlarni yaxshilash uchun masʼul ishchi guruh

Izoh: Ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.