PF-166-son Farmon · 28.09.2023

Energetika sohasini isloh qilishning navbatdagi bosqichini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-166
  • Qabul qilingan sana:28.09.2023
  • Kuchga kirgan sana:03.10.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/23/166/0744

Soʻnggi yillarda iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini jadal rivojlantirish, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, aholining ishchanlik faolligini oshirish uchun qulay sharoit yaratish, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalarini kengaytirish hamda ijtimoiy soha va aholining turmush darajasini yaxshilash yuzasidan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi.

Energetika sohasida sogʻlom raqobat muhitini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, sohaga xorijiy va xususiy investitsiyalar kelishini koʻpaytirish, narx shakllanishining erkin va shaffof mexanizmlarini joriy qilishga asoslangan elektr energiyasining ulgurji va chakana bozorlarini tashkil etish maqsadida:

1. Quyidagilar:

a) quyidagi yondashuvlarga asoslangan 2023 — 2030-yillarga moʻljallangan elektr energiyasining ulgurji va chakana bozori mexanizmlariga bosqichma-bosqich oʻtish konsepsiyasi 1-ilovaga muvofiq:

elektr energiyasining raqobatga asoslangan ulgurji va chakana bozorlarini bosqichma-bosqich shakllantirish;

elektr energetika tarmogʻining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish hamda sohaga xususiy sektorni keng jalb qilishga shart-sharoit yaratish;

elektr energiyasi taʼminotining uzluksizligi, barqarorligini taʼminlash va isteʼmolchilarga koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish;

aholi uchun elektr energiyasi tariflarini belgilashda ijtimoiy himoya mexanizmlarini joriy etish hamda respublikaning barcha hududlarida 2035-yilga qadar aholiga elektr energiyasi yagona narx siyosati asosida sotilishini taʼminlash;

aholi va tadbirkorlik subyektlariga elektr energiyasi taʼminotchilarini erkin tanlash huquqini berish;

elektr energiyasining ulgurji bozorida narxning talab va taklif asosida erkin shakllanishini taʼminlash, kunlik savdosini yoʻlga qoʻyish hamda barcha xarid qilish va sotish operatsiyalarini onlayn savdo platformasi orqali amalga oshirish;

qayta tiklanuvchi energiya manbalarining salohiyatidan keng foydalanish evaziga “yashil energiya” ishlab chiqarish koʻlamini kengaytirish;

b) 2023 — 2030-yillarga moʻljallangan elektr energiyasining ulgurji va chakana bozori mexanizmlariga bosqichma-bosqich oʻtish konsepsiyasini 2023-2024-yillarda amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Bunda:

elektr energiyasining raqobatga asoslangan ulgurji va chakana bozori mexanizmlarini shakllantirishning bir bosqichidan keyingi bosqichiga oʻtish 2023 — 2030-yillarga moʻljallangan elektr energiyasining ulgurji va chakana bozori mexanizmlariga bosqichma-bosqich oʻtish konsepsiyasida belgilangan shartlar toʻliq bajarilgandan soʻng amalga oshiriladi;

Vazirlar Mahkamasi 2024-yildan boshlab har yili 1-dekabrga qadar kelgusi yil uchun 2023 — 2030-yillarga moʻljallangan elektr energiyasining ulgurji va chakana bozori mexanizmlariga bosqichma-bosqich oʻtish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar dasturini qabul qilsin.

2. Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligining:

“Oʻzenergosotish” aksiyadorlik jamiyatini (keyingi oʻrinlarda — “Oʻzenergosotish” AJ) tashkil etish;

(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-apreldagi PF-74-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.05.2025-y., 06/25/74/0404-son)

“Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJni elektr energiyasini tashish va tranzit qilishga ixtisoslashgan yagona magistral elektr energiyasi uzatish tizimi operatori etib belgilash toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

3. Belgilab qoʻyilsinki:

2024-yil 1-iyuldan boshlab magistral elektr tarmoqlarini ekspluatatsiya qilish funksiyasi “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan toʻliq amalga oshiriladi;

(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-apreldagi PF-74-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.05.2025-y., 06/25/74/0404-son)

2025-yil 1-yanvardan boshlab “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning elektr energiyasi eksporti va importi shartnomalari, xususiy elektr stansiyalari bilan imzolangan elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitimlari boʻyicha majburiyatlari “Oʻzenergosotish” AJga toʻliq oʻtkaziladi.

4. Quyidagilar:

a) “Oʻzenergosotish” AJning asosiy vazifalari etib belgilansin:

dastlabki bosqichda elektr energiyasining raqobatga asoslangan ulgurji bozori mexanizmiga oʻtish davrida elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilardan elektr energiyasini xarid qilish hamda hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga va yirik isteʼmolchilarga belgilangan tariflarda sotish;

keyingi bosqichda elektr energiyasini onlayn savdo platformasida talab va taklif asosida shakllanadigan erkin narxda sotish;

elektr energiyasining eksport va import operatsiyalarini shartnomalar asosida amalga oshirish;

b) “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning asosiy vazifalari etib belgilansin:

yagona elektr energetika tizimining real vaqt rejimida ishonchli ishlashini va muvozanatini taʼminlash;

tasdiqlangan tariflar asosida magistral elektr tarmoqlari orqali elektr energiyasini uzatish xizmatlarini koʻrsatish;

magistral elektr tarmoqlarini tasdiqlangan dasturlar asosida rivojlantirish;

qoʻshni mamlakatlarning energetika tizimlari bilan barqaror bogʻlanishni taʼminlash va parallel ishlash rejimlarini boshqarish.

5. Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasining takliflari asosida energetika bozori regulatori — Oʻzbekiston Respublikasi Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tashkil etilsin.

Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari etib belgilansin:

elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz taʼminotida raqobatga asoslangan ulgurji va chakana bozorlarni bosqichma-bosqich tashkil qilishni taʼminlash;

elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz taʼminotining ulgurji va chakana bozorlarida raqobatni qoʻllab-quvvatlash, bozorning jozibadorligini hamda talab va taklifning mutanosibligini taʼminlash;

elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz taʼminotining raqobatga asoslangan ulgurji va chakana bozorlari ishtirokchilari uchun teng huquq va shaffoflikni taʼminlovchi qonun-qoidalarga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini oʻrnatish;

elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz taʼminotining raqobatga asoslangan ulgurji va chakana bozorlari ishtirokchilari faoliyatini litsenziyalash, ularning litsenziya shartlariga amal qilishini nazorat qilish;

elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlashdagi texnologik yoʻqotishlarning ruxsat etilgan meʼyorlarini tasdiqlash;

bozor konyunkturasi va energiya resurslariga boʻlgan ehtiyojdan kelib chiqqan holda, ishlab chiqarish hajmlarini oshirishni rejalashtirish hamda infratuzilmani yaratishga qaratilgan uzoq muddatli investitsiya siyosatini shakllantirishda va amalga oshirishda ishtirok etish;

2028-yildan boshlab elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz taʼminotida tartibga solinadigan tariflar va toʻlovlarni tasdiqlash;

2028-yildan boshlab elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz taʼminotida isteʼmolchilar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, xizmatlar sifati ustidan monitoringni amalga oshirish hamda isteʼmolchilar murojaatlarini koʻrib chiqishning samarali tizimini joriy etish.

(5-bandning ikkinchi — oʻn birinchi xatboshilari Oʻzbekiston Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 22-sentabrdagi PF-202-sonli Farmoniga asosan ikkinchi — oʻninchi xatboshilar bilan almashtirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.09.2026-y., 06/26/202/0965-son)

6. Agentlik Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Adliya vazirligi bilan birgalikda quyidagilarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

2024-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi toʻgʻrisidagi nizomni;

2024-yil 1-martga qadar elektr energiyasining raqobatga asoslangan ulgurji va chakana bozorlari qonun-qoidalarini hamda ushbu bozorlar ishtirokchilari faoliyatini litsenziyalash tartibini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar paketini.

7. Energetika vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, hamda “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ 2025-yil 1-yanvarga qadar “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning elektr energiyasi eksporti va importi shartnomalari, xususiy elektr stansiyalari bilan imzolangan elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitimlari “Oʻzenergosotish” AJga qaytadan rasmiylashtirilishini taʼminlasin.

8. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025-yil 1-yanvarga qadar xususiy elektr stansiyalari investorlari bilan imzolangan investitsiya shartnomalariga va davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi bitimlarga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin.

Mazkur bandning birinchi xatboshisidagi shartnoma va bitimlarda koʻzda tutilgan “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning tarmoq operatori sifatidagi funksiyalarini bajarish boʻyicha majburiyatlar “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ zimmasida qolishi eʼtiborga olinsin.

9. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi:

Agentlik bilan birgalikda 2024-yil 1-fevralga qadar xalqaro moliya institutlarining texnik koʻmagida xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda Elektr energiyasi tariflarini shakllantirishning yangi uslubiyotini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin;

2024-yil 1-mayga qadar “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning elektr energiyasini magistral elektr tarmoqlari orqali uzatish, “Oʻzenergosotish” AJ uchun elektr energiyasini sotish va xarid qilish tariflarini hamda elektr energiyasi uchun kelib tushadigan mablagʻlarni taqsimlashning yangi tartibini tasdiqlasin.

10. Belgilansinki:

a) “Oʻzenergosotish” AJ shtat birliklari, birinchi navbatda, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning elektr energiyasi savdosi bilan bogʻliq boʻlgan tegishli shtat birliklarini qisqartirish hisobiga shakllantiriladi;

b) “Oʻzenergosotish” AJ Toshkent shahri, Osiyo koʻchasi, 42-uy manzili boʻyicha joylashtiriladi;

v) “Oʻzenergosotish” AJning yagona aksiyadori Iqtisodiyot va moliya vazirligi hisoblanadi;

g) Agentlikning cheklangan shtat birligi 50 tani tashkil etadi, shu jumladan:

(10-band “g” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 22-sentabrdagi PF-202-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.09.2026-y., 06/26/202/0965-son)

10 ta shtat birligi Atom energetikasini rivojlantirish agentligi va uning huzuridagi “Atom elektr stansiyasi qurilishi direksiyasi” DUKning shtat birliklarini mos ravishda qisqartirish hisobiga;

20 ta shtat birligi esa 2023-yil 1-dekabrga qadar bosqichma-bosqich tegishli vazirlik va idoralarning Agentlikka oʻtkazilayotgan funksiyalarini bajarish vazifasi yuklatilgan shtat birliklarini Agentlikka oʻtkazish hisobiga shakllantiriladi;

d) Agentlik faoliyati Davlat budjeti mablagʻlari, litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillarini amalga oshirish hamda qonunchilikka muvofiq jarimalarni qoʻllashdan tushadigan toʻlovlar, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;

e) Agentlikning 2023-yildagi xarajatlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan xarajatlar smetasi asosida Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.

11. Vazirlar Mahkamasi:

a) ikki oy muddatda:

“Oʻzenergosotish” AJ va “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ ustav kapitallari shakllantirilishini hamda ularning taʼsis hujjatlari va tashkiliy tuzilmalari tasdiqlanishini;

“Oʻzenergosotish” AJning boshqaruv organlari tashkil qilinishini;

“Oʻzenergosotish” AJda rahbarlik lavozimlariga zarur tajriba va amaliy koʻnikmalarga ega boʻlgan yuqori malakali mutaxassislar, shu jumladan xorijiy mutaxassislar jalb etilishini taʼminlasin;

Agentlikning faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin;

b) 2024-yil 1-aprelga qadar “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning elektr energiyasini xarid qilish va sotish boʻyicha mavjud qarzdorliklari (jumladan, elektr energiyasini xarid qilish va sotish narxlari oʻrtasidagi salbiy tafovut hisobidan shakllangan qarzdorlik)ni taqsimlash tartibi hamda soʻndirish manbalarini tasdiqlasin.

12. Belgilansinki, mazkur Farmonga muvofiq aksiyadorlik jamiyatlarining va Agentlikning bir tashkilotdan boshqa bir tashkilotga oʻtkazilayotgan mulki, mulkiy huquqlari, shuningdek, ustav kapitalidagi aksiyalari va ulushlari qiymati, shu jumladan ularni qayta tashkil etish va tugatish jarayonlari soliqqa tortishning barcha turlari boʻyicha soliq solish obyekti hisoblanmaydi.

13. Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov:

doimiy ishchi guruh tuzgan holda, energetika sohasidagi islohotlarni, shu jumladan 2023 — 2030-yillarga moʻljallangan elektr energiyasining ulgurji va chakana bozorlariga bosqichma-bosqich oʻtish konsepsiyasining amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va monitoring qilishni tashkil etsin;

har oy amalga oshirilgan ishlar natijalari toʻgʻrisidagi axborotni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritib borsin.

14. Energetika vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov hamda energetika vaziri J.T. Mirzamahmudov belgilansin.

Farmon ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 28-sentabr,

PF-166-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-sentabrdagi PF-166-son Farmoniga 1-ILOVA

2023 — 2030-yillarga moʻljallangan elektr energiyasining ulgurji va chakana bozori mexanizmlariga bosqichma-bosqich oʻtish

I. UMUMIY QOIDALAR

1. Soʻnggi 6 yilda Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiyot tarmoqlari va aholisi tomonidan elektr energiyasiga boʻlgan talab 1,6 barobar oshib, 83 mlrd kVt/soatga yetdi.

Tahlillarga koʻra, 2030-yilga qadar iqtisodiyotning barcha tarmoqlari jadal rivojlanishini inobatga olgan holda elektr energiyasiga talab qoʻshimcha 40 mlrd kVt/soatga oshishi mumkin.

Energetika sohasining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalarini kengaytirish hamda ijtimoiy soha va aholining turmush farovonligini oshirish yoʻlida oʻsib borayotgan elektr energiyasiga boʻlgan talabni qondirish va shu bilan bir qatorda elektr energetika sohasida raqobat muhitini yaratish maqsadida 2023 — 2030-yillarga moʻljallangan elektr energiyasining ulgurji va chakana bozori mexanizmlariga bosqichma-bosqich oʻtish konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda — Konsepsiya) ishlab chiqilgan.

2. Konsepsiyaning asosiy maqsadi shaffof va raqobatli elektr energiyasi bozorini yaratish, elektr energiyasini ishlab chiqarish va isteʼmol qilishning muvozanatini taʼminlash, xususiy investitsiyalarni jalb qilishni ragʻbatlantirish hamda elektr energiyasining adolatli narx va tariflarda sotilishini taʼminlashdan iborat.

Konsepsiya elektr energiyasi ulgurji va chakana bozori mexanizmlariga oʻtishning asosiy bosqichlarini va ularda koʻzda tutilgan muhim shartlarni oʻz ichiga olib, kompleks chora-tadbirlarni va rivojlanish dasturlarini ishlab chiqish uchun asos hisoblanadi.

3. Konsepsiyada quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllanadi:

(a) bozor operatori — bozorni shakllantirish hamda uning xavfsiz va samarali ishlashi uchun bozor ishtirokchilari nomidan elektr energiyasini sotish va (yoki) sotib olishni tashkil etish uchun masʼul boʻlgan yuridik shaxs;

(b) vakolatli isteʼmolchi — elektr energiyasi taʼminotchisini tanlash yoki oʻzgartirish huquqiga ega boʻlgan isteʼmolchi;

(v) ishlab chiqaruvchi — elektr energiyasini ishlab chiqarishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik yoki jismoniy shaxs;

(g) yirik isteʼmolchi — elektr energiyasining ulgurji bozorida ishlab chiqaruvchilardan yoki elektr energiyasining chakana bozoridagi bir va undan ortiq taʼminotchilardan elektr energiyasini sotib olish huquqiga ega boʻlgan isteʼmolchi;

(d) markaziy xarid qiluvchi (“Oʻzenergosotish” AJ) — elektr energiyasini markazlashgan tarzda sotish va sotib olish huquqiga ega boʻlgan yuridik shaxs;

(j) mikro va kichik elektr stansiya — yagona elektr energetikasi tizimiga ulangan nuqtada oʻrnatilgan quvvati 5 MVt gacha boʻlgan elektr stansiyasi;

(z) mustaqil ishlab chiqaruvchi — elektr energiyasini uzoq muddatli kafolatlangan sotib olish toʻgʻrisidagi bitimni imzolamagan, litsenziya asosida faoliyat yuritadigan elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi xususiy korxona;

(i) tayinlangan taʼminotchi (“Hududiy elektr tarmoqlari” AJning “Energosavdo” filiali) — taʼminotchini tanlash imkoniyatiga ega boʻlmagan isteʼmolchilarga kafolatlangan tarzda yoki vakolatli isteʼmolchining murojaatiga koʻra elektr energiyasini yetkazib berish (sotish) bilan shugʻullanadigan korxona;

(k) taʼminotchi — elektr energiyasini isteʼmolchilarga yetkazib berish (sotish) bilan shugʻullanadigan korxona;

(l) taqsimlash tizimi operatorlari — Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi tomonidan beriladigan litsenziya asosida muayyan hududda elektr energiyasini taqsimlash faoliyatini yuritish, bunda taqsimlash tizimini ekspluatatsiya qilish, unga xizmat koʻrsatish va rivojlantirish uchun masʼul boʻlgan, ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushi yuz foiz boʻlgan aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etilgan elektr energetikasi korxonalari;

(m) treyder — ishlab chiqarilgan elektr energiyasini ulgurji bozorda xarid qiluvchi xususiy korxona;

(n) uzatish tizimi operatori — Oʻzbekiston Respublikasida uzatish tizimlarini ekspluatatsiya qilish va rivojlantirish boʻyicha faoliyatni amalga oshirish vakolatiga ega boʻlgan yuridik shaxs;

(o) Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Regulator) — qonunchilikda belgilangan vakolatlar doirasida faoliyat yurituvchi va energetika bozorini tartibga soluvchi hamda barcha bozor ishtirokchilariga litsenziya beruvchi organ.

(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-avgustdagi PF-152-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.08.2025-y., 06/25/152/0792-son)

II. ELEKTR ENERGETIKA SOHASIDA OʻTKAZILGAN DASTLABKI ISLOHOTLAR VA HOZIRGI KUNDAGI HOLAT

Elektr energetikasi korxonalarining amaldagi tuzilmasi va vazifalari

4. Soʻnggi yillarda xalqaro moliya institutlari ekspertlari bilan hamkorlikda islohotlarning dastlabki faol fazasi amalga oshirilgan, shu jumladan Energetika vazirligi tashkil etilgan hamda vertikal integrallashgan “Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyati funksional tamoyiliga koʻra, tegishli faoliyat turlari bilan bevosita shugʻullanadigan korxonalarga ajratilgan:

“Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati (keyingi oʻrinlarda — “IES” AJ) — issiqlik elektr stansiyalari hamda elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqaruvchi elektr markazlarini boshqaruvchi va “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati (keyingi oʻrinlarda — “Oʻzbekgidroenergo” AJ) — suv-energetika resurslarini yagona boshqaruv tizimini shakllantiruvchi va gidroenergetika obyektlarini markazlashgan texnologik boshqaruvchi tashkilotlar;

“Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati (keyingi oʻrinlarda — “Oʻzbekiston MET” AJ) — uzatish tizimi operatori va yagona xarid qiluvchi funksiyasini oʻzida mujassam etgan tashkilot;

“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati (keyingi oʻrinlarda — “HET” AJ) — taqsimlash tizimi operatori va elektr energiyasini isteʼmolchilarga sotish funksiyasini bajaruvchi tashkilot.

5. Elektr energetika tizimida olib borilayotgan islohotlar natijasida ushbu sohaga xususiy investitsiyalar jalb qilina boshladi.

Jumladan, 2019 — 2023-yillar mobaynida umumiy qiymati 25,2 mlrd dollarlik, quvvati 24 GVtga teng boʻlgan 44 ta elektr stansiyasini qurish boʻyicha investorlar bilan kelishuvlarga erishildi.

“Oʻzbekiston MET” AJ ishlab chiqaruvchi korxonalardan (14 ta issiqlik elektr stansiyalari, 46 ta gidroelektr stansiyalari, 9 ta mikro gidroelektr stansiyalari, 3 ta issiqlik elektr markazlari va 2 ta quyosh elektr stansiyalari) elektr energiyasini markazlashgan tarzda xarid qilmoqda va “HET” AJga belgilangan tariflarda sotmoqda.

“HET” AJ tomonidan respublika boʻylab elektr energiyasini barcha toifadagi isteʼmolchilarga sotish davlat tomonidan tartibga solinadigan tariflar asosida amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, respublikaning qayta tiklanuvchi energiya manbalari potensialidan foydalangan holda quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish doirasida investitsiyalar jalb qilinishi soha rivojlanishi uchun tayanch boʻldi.

Elektr energiyasini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE) joriy qilinib, ishlab chiqarilgan elektr energiyasi isteʼmolini real vaqt rejimida nazorat qilish imkoni yaratilib, jarayon toʻliq raqamlashtirildi.

Umumiy uzunligi 1165 kmdan ortiq boʻlgan uzatish elektr tarmoqlari hamda 29 540 kmdan ortiq boʻlgan taqsimlash elektr tarmoqlari, shuningdek 10 690 ta past kuchlanishli transformatorlar barpo etildi.

Sohada amalga oshirilgan dastlabki islohotlar natijasida yiliga qoʻshimcha 15 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarila boshladi hamda ishlab chiqarilgan elektr energiyasini uzatish va yetkazib berishda texnik yoʻqotishlar 15,3 foizdan 13,2 foizgacha kamaydi.

6. Oʻzbekiston Respublikasining “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish toʻgʻrisida”gi va “Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi qonunlari bilan bir qatorda elektr energetika sohasini erkinlashtirish, sohada davlat rolini kamaytirish, elektr energiyasi bozori faoliyatining huquqiy asoslarini yaratish maqsadida quyidagi hujjatlar ishlab chiqilmoqda:

elektr energiyasini ishlab chiqarish, taqsimlash, xarid qilish va sotish bilan shugʻullanadigan har bir subyektning holatini, funksiyalarini va majburiyatlarini hamda elektr energiyasi bozorini shakllantirish siyosatini tartibga soluvchi va siyosat yurituvchi davlat organlarining holati va funksiyalarini belgilashni nazarda tutuvchi yangi tahrirdagi “Elektr energetikasi toʻgʻrisida”gi Qonun;

barcha turdagi elektr energiyasini ishlab chiqaruvchilar va isteʼmolchilarni elektr tarmoqlariga ulash jarayonini tartibga soluvchi, turli xildagi vakolat va maqomga ega boʻlgan bir qator idoraviy hujjatlar oʻrniga yagona texnik reglamentni belgilashni nazarda tutuvchi Magistral elektr tarmoqlaridan hamda Taqsimlash elektr tarmoqlaridan foydalanish qoidalari (Transmission and Distribution Grid Codes).

Respublikada tegishli qonunchilik bazasi yaratilishi natijasida elektr energiyasini kelishilgan narxlar asosida sotib olish boʻyicha uzoq muddatli bitimlar tuzish orqali davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosidagi elektr stansiyalari qurilishi uchun toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb qilinmoqda.

7. Shu bilan birga, 2030-yilga qadar elektr energetika sohasida hal etilishi zarur boʻlgan quyidagi asosiy masalalar mavjud:

elektr energiyasiga oʻsib borayotgan talabni qondirish bilan bogʻliq yillik kapital xarajatlarni qoplash uchun investitsiyalarga boʻlgan zaruriy ehtiyoj;

davlat va xususiy elektr stansiyalari oʻrtasida raqobat muhiti shakllanmaganligi tufayli ularning tannarxni tushirishdan manfaatdor emasligi;

ishlab chiqarish quvvatlarining yetarli darajadagi zaxiraga ega emasligi sababli isteʼmolchilarni elektr energiyasi bilan taʼminlay olmaslik xavfi;

elektr energetika sohasida normativ-huquqiy bazaning takomillashmaganligi hamda elektr energiyasi bozorining faoliyatiga doir huquqiy asoslarning yetishmasligi.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi PF-158-son Farmoni bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida kelgusi 7 yilda iqtisodiyot hajmini 2 barobar oshirish, yirik mis, kimyo-polimer va mashinasozlik klasterlarini tashkil etish hamda xom ashyoni chuqur qayta ishlash tarmoqlari hajmini 2,5 barobarga koʻpaytirish koʻzda tutilgan.

Shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlari va aholi ehtiyoji uchun yetkazib beriladigan elektr energiyasi miqdorini 120 milliard kVtga yetkazish va ushbu koʻrsatkichning 40 foizi miqdori qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobiga amalga oshirilishi belgilangan.

Ushbu koʻrsatkichlarga erishish uchun sohaga qoʻshimcha 52,3 mlrd AQSH dollari miqdorida, jumladan, uzatish va taqsimlash elektr tarmoqlarini rivojlantirishga 3,7 mlrd AQSH dollari, podstansiya va transformatorlar uchun 5,3 mlrd AQSH dollari, quyosh va shamol elektr stansiyalari hamda elektr energiyasini saqlash quvvatlarini qurish uchun 26,7 mlrd AQSH dollari, shuningdek issiqlik va gidroelektr stansiyalarini qurish uchun 16,5 mlrd AQSH dollari miqdorida investitsiya jalb etish talab qilinadi.

Shuningdek, elektr energiyasini maxsus nazorat qilish va maʼlumotlarni yigʻish tizimini (SCADA) hamda elektr energiyasini boshqarish tizimini (EMS) joriy etish uchun 125 mln AQSH dollari miqdoridagi investitsiyaga zarurat mavjud.

Mazkur ishlar sohada raqobat muhitini yaratish hamda elektr energiyasining ulgurji va chakana bozorlarini tashkil qilish orqali amalga oshirilishi mumkin.

III. ELEKTR ENERGIYASINING ULGURJI VA CHAKANA BOZORI MEXANIZMLARIGA OʻTISHNING USTUVOR YOʻNALISHLARI

9. Elektr energiyasining ulgurji va chakana bozori mexanizmlariga oʻtishning ustuvor yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:

elektr energiyasining ulgurji va chakana bozorlarini bosqichma-bosqich shakllantirish orqali elektr energiyasiga boʻlgan talabning toʻliq qondirilishini va narxlarning asossiz ravishda oshirilmasligini hamda respublikada elektr energiyasi xavfsizligini taʼminlash;

elektr energiyasining ulgurji va chakana bozorlari barcha ishtirokchilarining teng sharoitlarda uzatish va taqsimlash elektr tarmoqlariga ulanishini taʼminlash (tarmoqlar va bozorlarga ochiq kirish);

elektr energiyasining ulgurji va chakana bozorlarini shakllantirish orqali isteʼmolchilarni sifatli elektr energiyasi bilan taʼminlash;

aholi uchun ijtimoiy tariflar tizimini saqlab qolish;

davlat kafolatisiz xususiy investitsiyalarni jalb qilishga zamin yaratish;

qayta tiklanuvchi energiya manbalarining salohiyatidan keng foydalanish orqali ekologik toza elektr energiyasini ishlab chiqarish koʻlamini kengaytirish;

tariflarni belgilash tizimidan elektr energiyasining ulgurji bozorida shakllanadigan raqobatbardosh (talab va takliflar asosida) narxlar tizimiga oʻtish.

IV. ELEKTR ENERGIYASINING ULGURJI VA CHAKANA BOZORI MEXANIZMLARIGA OʻTISH SHARTLARI VA BOSQICHLARI

10. Elektr energiyasining ulgurji va chakana bozori mexanizmlariga oʻtish 3 ta bosqichda amalga oshiriladi va bosqichlarning asosiy shartlari quyidagilardan iborat:

Regulator tomonidan energetika sohasida bozor munosabatlarining moliyaviy, iqtisodiy va huquqiy siyosatini yuritish;

elektr energiyasining ulgurji va chakana bozorlari ishtirokchilari faoliyatini tartibga soluvchi bozor qonun-qoidalarini tasdiqlash;

elektr energiyasining ulgurji va chakana bozorlari ishtirokchilariga litsenziya berish tartibini ishlab chiqish va tasdiqlash;

Magistral elektr tarmoqlaridan hamda Taqsimlash elektr tarmoqlaridan foydalanish qoidalarini (Transmission and Distribution Grid Codes) qabul qilish;

Oʻzbekiston Respublikasining “Elektr energetikasi toʻgʻrisida”gi Qonunini yangi tahrirda qabul qilish;

elektr energiyasining ulgurji va chakana bozori mexanizmlariga oʻtishning amaldagi bosqich shartlari toʻliq bajarilganidan keyin navbatdagi bosqichga oʻtish.

Bunda, aholi uchun elektr energiyasi tariflarini belgilashda ijtimoiy himoya mexanizmlari joriy etilib, respublikaning barcha hududlarida 2035-yilga qadar aholi uchun elektr energiyasi yagona narx siyosati asosida sotilishi taʼminlanadi.

1-bosqich — “Ikki tomonlama shartnomalar asosidagi xaridlar” bosqichi (kafolatlangan xarid qiluvchi)

“Ikki tomonlama shartnomalar asosidagi xaridlar” bosqichi

(1-bosqich sxemasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-apreldagi PF-74-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.05.2025-y., 06/25/74/0404-son)

11. “Ikki tomonlama shartnomalar asosidagi xaridlar” bosqichida quyidagi asosiy chora-tadbirlar amalga oshiriladi:

(a) “HET” AJning elektr energiyasini yakuniy isteʼmolchilarga sotish funksiyasi taqsimlash elektr tarmoqlariga xizmat koʻrsatish funksiyasidan ajratilib, alohida davlat chakana savdo korxonasiga oʻtkazilgan holda “HET” AJning filiali — “Energosavdo” korxonasi tashkil etiladi;

(b) “HET” AJ elektr energiyasini taqsimlash va elektr tarmoqlariga xizmat koʻrsatish vazifalarini amalga oshiradi;

(v) respublikaning tajriba-sinov sifatida tanlangan hududlarida elektr energiyasini taqsimlash va taqsimlash elektr tarmoqlariga xizmat koʻrsatish, shu jumladan, qurish, qayta qurish va modernizatsiya qilish vazifalari bosqichma-bosqich xususiy taqsimlash tizimi operatorlariga tanlov natijalari asosida ishonchli boshqaruvga beriladi. Bunda ishonchli boshqaruvni amalga oshiruvchi yuridik shaxs taqsimlash tizimi obyektlarining ishchi holatda saqlanishini taʼminlaydi;

(g) elektr energiyasi savdosi operatsiyalarini amalga oshiruvchi bozor operatorining vazifalari markaziy xarid qiluvchiga yuklanadi hamda savdo operatsiyalari “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (EHNAT) va billing tizimidan foydalangan holda amalga oshiriladi;

(d) elektr energiyasi savdo operatsiyalari uchun moʻljallangan savdo platformasi (keyingi oʻrinlarda — savdo platformasi) tajriba-sinov tariqasida ishga tushiriladi;

(j) vakolatli isteʼmolchilarning va yirik isteʼmolchilarning maqomi Regulator tomonidan belgilanadi.

(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-avgustdagi PF-152-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.08.2025-y., 06/25/152/0792-son)

12. Elektr energiyasining ulgurji va chakana bozori mexanizmlariga oʻtishning birinchi — “Ikki tomonlama shartnomalar asosidagi xaridlar” bosqichi quyidagi tamoyillarga asoslanadi:

(a) elektr energiyasi bozorining ishtirokchilari Regulator tomonidan mazkur bosqich uchun ishlab chiqilgan va Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan bozor qoidalari asosida faoliyat yuritadi;

(b) elektr energiyasi bozorining barcha ishtirokchilariga (ishlab chiqaruvchilar, elektr energiyasini saqlash tizimi operatorlari, markaziy xarid qiluvchi, tayinlangan taʼminotchi, uzatish va taqsimlash tizimlari operatorlari) Regulator tomonidan litsenziya beriladi;

(v) davlat ulushi (kapitali) 50 foiz va undan ortiq boʻlgan ishlab chiqaruvchilar elektr energiyasini markaziy xarid qiluvchiga vakolatli organ tomonidan belgilangan tariflarda sotadi;

(g) elektr energiyasi sotib olinishi kafolatlangan xususiy ishlab chiqaruvchilar (Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitimga asosan) elektr energiyasini markaziy xarid qiluvchiga oʻzaro kelishilgan (bitimlarda belgilangan) narxda sotadi;

(d) elektr energiyasi sotib olinishi davlat tomonidan kafolatlanmagan mustaqil ishlab chiqaruvchilar (uzoq va qisqa muddatli ikki tomonlama shartnomaga ega boʻlgan) paydo boʻladi va ular elektr energiyasini:

(i) yirik isteʼmolchiga oʻzaro kelishilgan narx asosida sotadi. Bunda elektr energiyasini uzatish va (yoki) taqsimlash xizmatidan foydalanganlik uchun toʻlov shartnoma shartlariga muvofiq ishlab chiqaruvchi yoki yirik isteʼmolchi tomonidan amalga oshiriladi;

(ii) markaziy xarid qiluvchiga belgilangan tariflarda sotadi;

(j) mikro va kichik elektr stansiyalar elektr energiyasini:

(i) tayinlangan taʼminotchiga belgilangan tariflarda sotadi;

(ii) isteʼmolchilarga (maishiy isteʼmolchilardan tashqari) oʻzaro kelishilgan narxda sotadi (bunda uzatish va (yoki) taqsimlash tizimidan foydalanganlik uchun toʻlov ishlab chiqaruvchilar tomonidan amalga oshiriladi);

(z) markaziy xarid qiluvchi elektr energiyasini uzatish va taqsimlash tizimlari operatorlariga, ishlab chiqaruvchilarga, tayinlangan taʼminotchiga va yirik isteʼmolchilarga belgilangan tariflarda, elektr energiyasini saqlash tizimlariga (elektr energiyasini saqlash xizmatini amalga oshirishda sarflanishi lozim boʻlgan elektr energiyasidan ortgan qismini qoplash maqsadida) elektr energiyasini saqlash xizmatini koʻrsatish bitimlariga asosan ularda belgilangan narxda sotadi hamda xorijiy mamlakatlarning vakolatli kompaniyalari bilan tuzilgan shartnomalar asosida eksport va import operatsiyalarini amalga oshiradi;

(i) uzatish va taqsimlash tizimlari operatorlari belgilangan tariflarda elektr energiyasini uzatish va taqsimlash xizmatlarni koʻrsatadi. Bunda:

(i) uzatish tizimi operatori tomonidan uzatish elektr tarmoqlari boshqariladi va ularni kengaytirish hamda modernizatsiya qilish orqali energiya tizimida barqarorlik taʼminlanadi;

(ii) taqsimlash tizimi operatorlari tomonidan taqsimlash elektr tarmoqlari boshqariladi, ekspluatatsiya qilinadi, quriladi, qayta quriladi va modernizatsiya qilinadi;

(iii) uzatish va taqsimlash tizimlari operatorlari tomonidan qabul qilingan elektr energiyasi hajmi toʻliq uzatiladi va taqsimlanadi hamda elektr energiyasini uzatish va taqsimlash jarayonidagi texnologik sarf oʻrni ulgurji bozordan xarid qilish orqali qoplanadi;

(iv) bozorning barcha ishtirokchilari, ham davlat, ham xususiy ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun uzatish va taqsimlash tizimlari operatorlari tizimlariga ulanishda teng imkoniyatlar yaratiladi (elektr tarmoqlariga erkin ulanish);

(k) tayinlangan taʼminotchi elektr energiyasini barcha isteʼmolchilarga (yirik isteʼmolchilar bundan mustasno) belgilangan tariflarda sotadi;

(l) elektr energiyasini saqlash tizimi operatorlari markaziy xarid qiluvchiga elektr energiyasini saqlash xizmatini koʻrsatish bitimlarida belgilangan shartlarda elektr energiyasini saqlash xizmatini koʻrsatadi.

(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-avgustdagi PF-152-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.08.2025-y., 06/25/152/0792-son)

13. “Ikki tomonlama shartnomalar asosidagi xaridlar” bosqichini (1-bosqich) amalga oshirish muddati 2024-2025-yillar.

2-bosqich — “Keyingi kun uchun savdolar” bosqichi

“Keyingi kun uchun savdolar” bosqichi

(2-bosqich sxemasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-apreldagi PF-74-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.05.2025-y., 06/25/74/0404-son)

14. “Keyingi kun uchun savdolar” bosqichiga oʻtishning asosiy shartlari:

yilning istalgan kunida, jumladan, elektr energiyasining oʻta yuklanish davrlarida (talab maksimal boʻlgan davrlarda) isteʼmolchilarning elektr energiyasiga boʻlgan talabi toʻliq qondirilishini taʼminlash;

elektr energiyasining keyingi kun uchun savdolari hisobini yuritish uchun bozor operatori tomonidan onlayn savdo platformasini toʻliq ishga tushirish;

“Keyingi kun uchun savdolar” bosqichi uchun bozor qoidalarini Regulator tomonidan ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlash.

(14-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-avgustdagi PF-152-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.08.2025-y., 06/25/152/0792-son)

real vaqtda elektr energiyasini ishlab chiqarish va isteʼmol qilishning muvozanatini taʼminlash uchun elektr energiyasining zaxira quvvatlarini saqlab turish xizmati bozorini (muvozanatlash bozori) yoʻlga qoʻyish maqsadida muvozanatlash bozori qonun-qoidalarini ishlab chiqish va tasdiqlash.

15. “Keyingi kun uchun savdolar” bosqichida quyidagi asosiy chora-tadbirlar amalga oshiriladi:

(a) “HET” AJning “Energosavdo” filiali alohida korxona shaklida qayta tashkil etiladi;

(b) respublikaning barcha hududlarida elektr energiyasini taqsimlash va taqsimlash elektr tarmoqlariga xizmat koʻrsatish, shu jumladan, qurish va modernizatsiya qilish vazifalari bosqichma-bosqich xususiy taqsimlash tizimi operatorlariga ishonchli boshqaruvga beriladi. Bunda ishonchli boshqaruvni amalga oshiruvchi yuridik shaxs taqsimlash tizimi obyektlarining ishchi holatda saqlanishini taʼminlaydi;

(v) elektr energiyasi bozori ishtirokchilarini va savdo shartnomalarini roʻyxatdan oʻtkazish hamda hisob-kitob va kliring operatsiyalarini amalga oshirish maqsadida bozor operatori vazifasi markaziy xarid qiluvchidan ajratilib, alohida mustaqil bozor operatori tashkil etiladi;

(g) respublikaning tajriba-sinov sifatida tanlangan hududlarida taʼminotchilarga bosqichma-bosqich faoliyat yuritishiga ruxsat beriladi.

(15-band xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-avgustdagi PF-152-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.08.2025-y., 06/25/152/0792-son)

16. “Keyingi kun uchun savdolar” bosqichi quyidagi tamoyillarga asoslanadi:

(a) elektr energiyasi bozorining ishtirokchilari bozor qoidalari asosida faoliyat yuritadi;

(b) elektr energiyasi bozorining yangi ishtirokchilariga (bozor operatori, ishlab chiqaruvchilar, elektr energiyasini saqlash tizimi operatorlari, taʼminotchilar, treyderlar va taqsimlash tizimlari operatorlari) Regulator tomonidan litsenziya beriladi;

(v) ulgurji bozorda elektr energiyasini xarid qilish va sotish bilan shugʻullanadigan xususiy kompaniyalar — treyderlar paydo boʻladi;

(g) DXSH tamoyili asosida faoliyat yuritadigan elektr stansiyalari elektr energiyasini elektr energiyasining ulgurji va chakana savdosi boʻyicha faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyaga ega tadbirkorlik subyektlariga uzoq muddatli bitimlar asosida sotadi;

(d) mustaqil elektr stansiyalari elektr energiyasini onlayn savdo platformasi orqali ulgurji bozorda vakolatli isteʼmolchilar, taʼminotchilar, “Energosavdo” korxonasi va treyderlarga — talab va taklif asosida shakllangan narxlarda sotadi;

(j) elektr energiyasining ulgurji va chakana savdosi boʻyicha faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyaga ega tadbirkorlik subyektlari va treyderlar elektr energiyasini onlayn savdo platformasi orqali taʼminotchilarga, tayinlangan taʼminotchiga va vakolatli isteʼmolchilarga talab va taklif asosida shakllangan narxlarda sotadi;

(z) Regulator tomonidan uzatish va taqsimlash tizimlari operatorlarining elektr energiyasini uzatish va taqsimlash xizmatlari uchun alohida tariflar belgilanadi;

(i) uzatish va taqsimlash tizimlari operatorlari tomonidan qabul qilingan elektr energiyasi hajmi toʻliq uzatiladi va taqsimlanadi hamda elektr energiyasini uzatish va taqsimlash jarayonidagi texnologik sarflangan elektr energiyasining oʻrni elektr energiyasini ulgurji bozordan xarid qilish orqali qoplanadi;

(k) tayinlangan taʼminotchi elektr energiyasini Regulator tomonidan belgilangan tariflarda isteʼmolchilarga sotadi;

(l) taʼminotchilar elektr energiyasini belgilangan tariflarda yoki belgilangan tariflardan chegirmalar qoʻllagan holda isteʼmolchilarga sotadi;

(m) vakolatli isteʼmolchilar va taʼminotchilarga davlat hamda xususiy elektr stansiyalaridan onlayn savdo platformasi orqali elektr energiyasini toʻgʻridan-toʻgʻri xarid qilish huquqi beriladi;

(n) elektr energiyasining barcha savdo operatsiyalari oʻrnatilgan tartibda onlayn savdo platformasi orqali amalga oshiriladi;

(o) maʼlum bir hududda taʼminotchi faoliyati mavjud boʻlmaganda yoki toʻxtatilgan taqdirda, tayinlangan taʼminotchi elektr energiyasini kafolatlangan yetkazib beruvchi funksiyasini bajaradi.

(16-band xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-avgustdagi PF-152-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.08.2025-y., 06/25/152/0792-son)

17. “Keyingi kun uchun savdolar” bosqichini (2-bosqich) amalga oshirish muddati 2026 — 2028-yillar.

3-bosqich — “Kun ichi (soatbay) savdolar” bosqichi

“Kun ichi (soatbay) savdolar” bosqichi

(3-bosqich sxemasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-apreldagi PF-74-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.05.2025-y., 06/25/74/0404-son)

18. “Kun ichi (soatbay) savdolar” bosqichiga oʻtishning asosiy shartlari:

elektr energiyasining kun ichi (soatbay) savdolari uchun soatbay shakllanadigan narxlar hisobini yuritish maqsadida bozor operatori tomonidan onlayn savdo platformasini takomillashtirish;

Kun ichi (soatbay) savdolar” bosqichi uchun bozor qoidalarini Regulator tomonidan ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlash.

(18-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-avgustdagi PF-152-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.08.2025-y., 06/25/152/0792-son)

19. “Kun ichi (soatbay) savdolar” bosqichida quyidagi asosiy chora-tadbirlar amalga oshiriladi:

“Oʻzenergosotish” AJning bozordagi ulushini kamaytirish uchun unga mahalliy elektr stansiyalaridan elektr energiyasini xarid qilish taqiqlanadi;

bozor operatori tomonidan elektr energiyasi kun ichi (soatbay) chakana bozorida faoliyat yuritib kelayotgan va bozorga kirish istagida boʻlgan ishtirokchilarning moliyaviy-iqtisodiy ahvoli kliring operatsiyalari orqali tahlil qilinadi va bozorda ishtirok etishga loyiqlik darajasi baholanadi.

20. Elektr energiyasining ulgurji va chakana bozori mexanizmlariga oʻtishning uchinchi — “Kun ichi (soatbay) savdolar” bosqichi quyidagi tamoyillarga asoslanadi:

(i) elektr energiyasi bozorining ishtirokchilari “Kun ichi (soatbay) savdolar” bosqichi uchun tasdiqlangan bozor qoidalari asosida faoliyat yuritadi;

(20-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-avgustdagi PF-152-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.08.2025-y., 06/25/152/0792-son)

(ii) elektr energiyasi bozorining yangi ishtirokchilariga (shu jumladan, ishlab chiqaruvchilar, taʼminotchilar, treyderlar va taqsimlash tizimlari operatorlari) Regulator tomonidan litsenziya beriladi;

(20-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-avgustdagi PF-152-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.08.2025-y., 06/25/152/0792-son)

(iii) ishlab chiqaruvchilar elektr energiyasini onlayn savdo platformasi orqali ulgurji bozorda vakolatli isteʼmolchilar, tayinlangan taʼminotchi, treyderlar va taʼminotchilarga talab va taklif asosida shakllangan narxlarda soatbay sotadi;

(20-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-avgustdagi PF-152-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.08.2025-y., 06/25/152/0792-son)

DXSH tamoyili asosida faoliyat yuritadigan elektr stansiyalari elektr energiyasini elektr energiyasining ulgurji va chakana savdosi boʻyicha faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyaga ega tadbirkorlik subyektlariga uzoq muddatli bitimlar asosida sotadi;

(20-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-apreldagi PF-74-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.05.2025-y., 06/25/74/0404-son)

elektr energiyasining ulgurji va chakana savdosi boʻyicha faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyaga ega tadbirkorlik subyektlari elektr energiyasini vakolatli isteʼmolchilarga, tayinlangan taʼminotchi va taʼminotchilarga talab va taklif asosida shakllangan narxlarda sotadi;

(20-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-avgustdagi PF-152-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.08.2025-y., 06/25/152/0792-son)

(20-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-apreldagi PF-74-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.05.2025-y., 06/25/74/0404-son)

treyderlar elektr energiyasini vakolatli isteʼmolchilarga, tayinlangan taʼminotchi va taʼminotchilarga talab va taklif asosida shakllangan narxlarda sotadi;

(20-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-avgustdagi PF-152-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.08.2025-y., 06/25/152/0792-son)

Regulator tomonidan uzatish va taqsimlash tizimlari operatorlarining elektr energiyasini uzatish va taqsimlash xizmatlari uchun alohida tariflar belgilanadi;

uzatish va taqsimlash tizimlari operatorlari tomonidan qabul qilingan elektr energiyasi hajmi toʻliq uzatiladi va taqsimlanadi hamda elektr energiyasini uzatish va taqsimlash jarayonidagi texnologik sarflangan elektr energiyasining oʻrni elektr energiyasini ulgurji bozordan xarid qilish orqali qoplanadi;

tayinlangan taʼminotchi elektr energiyasini Regulator tomonidan belgilangan tariflarda isteʼmolchilarga sotadi;

(20-bandning oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-avgustdagi PF-152-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.08.2025-y., 06/25/152/0792-son)

taʼminotchilar elektr energiyasini belgilangan tariflarda yoki belgilangan tariflardan chegirmalar qoʻllagan holda isteʼmolchilarga sotadi;

maʼlum bir hududda taʼminotchi faoliyati mavjud boʻlmaganda yoki toʻxtatilgan taqdirda, tayinlangan taʼminotchi elektr energiyasini kafolatlangan yetkazib beruvchi funksiyasini bajaradi.

(20-bandning oʻn ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-avgustdagi PF-152-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.08.2025-y., 06/25/152/0792-son)

21. “Kun ichi (soatbay) savdolar” bosqichini (3-bosqich) amalga oshirish muddati 2029-2030-yillar.

V. Elektr energiyasining ulgurji va chakana bozori mexanizmlariga oʻtishdan kutilayotgan natijalar

22. Elektr energiyasining ulgurji va chakana bozori mexanizmlariga bosqichma-bosqich oʻtish orqali quyidagi natijalarga erishiladi:

yilning istalgan kunida, jumladan, oʻta yuklanish davrlarida (talab maksimal boʻlgan davrlarda) isteʼmolchilarning elektr energiyasiga boʻlgan talabi toʻliq qondirilishi taʼminlanadi;

respublikada elektr energiyasining taʼminot sifati, ishonchliligi va barqarorligi taʼminlanadi;

elektr energiyasining narxi asossiz oshirilmasligi taʼminlanadi;

elektr energiyasining ulgurji va chakana bozorlari shakllanishi natijasida ishlab chiqaruvchilar va taʼminotchilar oʻrtasidagi shartnomalar onlayn ravishda bozor talab va takliflariga muvofiq shakllangan narxlarda tuziladi va vakolatli isteʼmolchilarning elektr energiyasi isteʼmoli, taʼminotchilarning xarajatlari, elektr energiyasini ishlab chiqarish mobaynida foydalanilgan energiya resurslarini isteʼmol qilish hajmlari optimallashtiriladi;

hududlarda taʼminotchilarning soni oshishiga, isteʼmolchilar tomonidan tanlash imkoniyati yaratilishiga hamda koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatining doimiy yaxshilanishiga erishiladi;

elektr energetika sohasida raqobat muhiti shakllanishi hisobiga xususiy elektr stansiyalari qurilishida davlat kafolatisiz investitsiyalar jalb qilinadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-sentabrdagi PF-166-son Farmoniga 2-ILOVA

2023 — 2030-yillarga moʻljallangan elektr energiyasining ulgurji va chakana bozori mexanizmlariga bosqichma-bosqich oʻtish konsepsiyasini 2023-2024-yillarda amalga oshirish boʻyicha

Izoh: Vazirlar Mahkamasi tomonidan zarur hollarda mazkur “yoʻl xaritasi”ga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.