Ijtimoiy himoyani mahalla darajasida tashkil etish, ijtimoiy xizmat va yordamlarni kompleks yondashuv asosida koʻrsatish, aholining ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolishining oldini olish, shuningdek, ijtimoiy himoyaning manzilliligi va samaradorligini oshirish hamda aholining koʻmakka muhtoj qatlami ijtimoiylashuvini taʼminlash maqsadida:
1. 2023-yil 15-oktabrdan boshlab 1-ilovaga muvofiq dastlab 28 ta tuman (shahar)da eksperiment tariqasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari ijtimoiy xodimlar guruhlari tomonidan ijtimoiy xizmatlar va yordamlar koʻrsatishning yangi tizimi yoʻlga qoʻyilsin.
2. Quyidagilar tuman (shahar)lardagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlaridagi ijtimoiy xodimlar guruhlari (keyingi oʻrinlarda — ijtimoiy xodimlar)ning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
ogʻir ahvolga tushib qolgan va ogʻir ahvolga tushib qolish xavfi yuqori boʻlgan shaxslar va oilalarga (keyingi oʻrinlarda — ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi) bevosita mahalla darajasida kompleks yondashuv asosida professional ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish;
ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining ehtiyojlari va mavjud imkoniyatlarini baholash orqali ularga individual tartibda ijtimoiy xizmatlar va yordamlar koʻrsatish rejalarini (keyingi oʻrinlarda — individual ijtimoiy xizmatlar rejasi) ishlab chiqish;
individual ijtimoiy xizmatlar rejasiga muvofiq ijtimoiy xizmatlar va yordamlarning koʻrsatilishini tashkil qilish, shuningdek, zarur hollarda individual ijtimoiy xizmatlar rejasiga tegishli tuzatishlar kiritib borish;
ichki resurslarni, shu jumladan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha koʻngillilarni (qarindoshlar, qoʻni-qoʻshnilar, volontyorlar) ijtimoiy xizmat va yordamlar koʻrsatishga jalb qilish hamda ularning mazkur sohadagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
aholiga davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy xizmatlar va yordamlar toʻgʻrisida, shuningdek, aholining mazkur xizmatlarni olishga boʻlgan huquqlari boʻyicha tushuntirish berish.
Bunda, davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari ijtimoiy xizmatlar va yordamlar koʻrsatishda ijtimoiy xodimlarga har tomonlama koʻmak berish boʻyicha shaxsan masʼul va javobgar hisoblanadi.
3. Belgilansinki:
2023-yil 15-oktabrdan boshlab talabgorlarni oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz yashovchi yoki yolgʻiz keksa va nogironligi boʻlgan shaxs deb eʼtirof etish yoki bekor qilish, shuningdek, yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar roʻyxatiga kiritish (undan chiqarish) “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining qaroriga asosan amalga oshiriladi;
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari direktorlariga muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini Agentlik huzuridagi uy-joy fondiga ega boʻlgan muassasalarga olti oy muddatgacha turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish huquqi beriladi.
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-109-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)
4. Respublika miqyosida ijtimoiy xizmatlar va yordamlar koʻrsatish tizimini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov mazkur qarorga 1-ilovada koʻrsatilgan 28 ta tuman (shahar)da ijtimoiy xizmatlar va yordamlar koʻrsatilishining yangi tizimini yoʻlga qoʻyish jarayonida yuzaga keladigan tizimli muammolarni bartaraf etish choralarini koʻrib borsin.
Qayd etilsinki, eksperiment davrida tuman (shahar) hokimliklari “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarida aholiga ijtimoiy xizmatlar va yordamlarni koʻrsatish tizimini tashkil etish boʻyicha “yoʻl xaritalari”ni tasdiqlaydi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi — Agentlik direktori M.P. Olloyorov uch oy muddatda eksperiment natijasi boʻyicha ijtimoiy xizmatlar va yordamlar tizimini barcha hududlarda joriy etish boʻyicha taklif kiritsin.
7. Oʻrnatilsinki:
Agentlik hamda uning hududiy boʻlinmalari tazyiq va zoʻravonlikka uchragan xotin-qizlar va bolalar bilan ishlash boʻyicha vakolatli organ hisoblanadi;
ijtimoiy xodimlar faoliyatining samaradorligini baholash mezonlari oʻrnatilgan tartibda Agentlik tomonidan tasdiqlanadi;
ijtimoiy xodimlar faoliyatining samaradorligini baholash natijalari boʻyicha toʻlanadigan mukofotlar Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi;
Ijtimoiy inspeksiya va uning hududiy boshqarmalariga Agentlik tomonidan faoliyati muvofiqlashtiriladigan vazirlik va idoralar hamda ular tizimidagi tashkilotlarga ularning ijtimoiy xizmatlar va yordamlarni qonunchilikda belgilangan tartibda koʻrsatmagan (yoki toʻliq boʻlmagan hajmda koʻrsatgan) xodimlariga nisbatan intizomiy jazo choralarini qoʻllash toʻgʻrisida taqdimnomalar kiritish vakolati beriladi.
Belgilansinki, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari hamda ijtimoiy xodimlar faoliyatini yoʻlga qoʻyish bilan bogʻliq davlat xaridlari, istisno tariqasida, toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzish orqali amalga oshiriladi.
8. Adliya vazirligi:
2023-yil 1-noyabrga qadar Agentlik bilan birgalikda “Ijtimoiy xizmat darchalari”ning asosiy faoliyat yoʻnalishlarini belgilovchi reglament tasdiqlanishini;
2023-yil 1-dekabrga qadar Agentlik buyurtmasiga asosan “Ijtimoiy xizmat darchalari” toʻliq faoliyat olib borishi uchun zarur moddiy-texnik baza, mebel jihozlari, shu jumladan aloqa vositalari (internet, kommunikatsiya va boshqalar) bilan jihozlanishini;
2024-yil 1-yanvardan boshlab davlat xizmatlari markazlari va ularning filiallarida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga ijtimoiy xizmatlar va yordamlar koʻrsatishga ixtisoslashgan “Ijtimoiy xizmat darchalari” faoliyati toʻliq tashkil etilishini taʼminlasin.
9. Quyidagilar:
a) Agentlik 2023-yil 1-noyabrga qadar:
“Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida (keyingi oʻrinlarda — Ijtimoiy himoya AT) ijtimoiy xizmatlarni muvofiqlashtiruvchi alohida elektron modul (e-case) ishlab chiqilishini hamda uning faoliyat koʻrsatishini;
Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlaridagi ijtimoiy xodimlar tomonidan fuqarolarning arizalarini onlayn qabul qilish tajribasi mazkur qarorga 1-ilovada belgilangan 28 ta tuman (shahar)da eksperiment tariqasida yoʻlga qoʻyilishini taʼminlasin;
b) Raqamli texnologiyalar vazirligi, Agentlik Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi bilan birgalikda 2023-yil 1-dekabrga qadar Ijtimoiy himoya ATga “Mehr daftari”, “Saxovat va koʻmak”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” axborot bazalari, shu jumladan ushbu daftarlarga kiritilgan fuqarolar hamda ularga tayinlangan toʻlovlar toʻgʻrisida maʼlumotlar integratsiya qilinishini taʼminlasin.
10. Agentlik:
a) 2024-yil 1-martga qadar:
(10-band “a” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-dekabrdagi PF-216-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/216/1008-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi bilan birgalikda “mahalla yettiligi” tomonidan yagona savolnoma asosida mahallada ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi muammolarini aniqlash tizimi yoʻlga qoʻyilishini;
ogʻir ahvolga tushib qolgan va ogʻir ahvolga tushib qolish xavfi yuqori boʻlgan aholi toifalarini aniqlash yuzasidan takliflar Hukumatga kiritilishini taʼminlasin;
b) 2024-yil 1-martga qadar davlat tomonidan ijtimoiy xizmatlar va yordamlar koʻrsatishda ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish shartnomasini tuzish amaliyotini joriy etish boʻyicha takliflar Hukumatga kiritilishini taʼminlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondiga Agentlik buyurtmasi asosida tegishli nodavlat notijorat tashkilotlarga mablagʻlar ajratib borish tavsiya etilsin.
12. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda:
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari va mahallalarda ijtimoiy xodimlar faoliyatini yoʻlga qoʻyish bilan bogʻliq jarayonlarni qamrab oluvchi tegishli Hukumat qarori;
Ijtimoiy himoya AT tizimiga integratsiya qilinadigan elektron maʼlumotlar bazalari va idoralararo maʼlumotlar almashinuvi roʻyxati tasdiqlanishini taʼminlasin.
13. Agentlik vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 3-ilovaga* muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
* 3-ilova berilmaydi.
15. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi — Agentlik direktori M.P. Olloyorov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 28-sentabr,
PQ-319-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-sentabrdagi PQ-319-son qaroriga1-ILOVA
Ijtimoiy xizmatlar va yordamlar dastlab yoʻlga qoʻyiladigan tumanlar (shaharlar)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-sentabrdagi PQ-319-son qaroriga2-ILOVA
Respublika miqyosida ijtimoiy xizmatlar va yordamlar koʻrsatish tizimini takomillashtirishga doir
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-maydagi PF-84-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2025-y., 06/25/84/0432-son)