PQ-343-son Qaror · 24.10.2023

Ichimlik suv taʼminoti va oqova suv tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-343
  • Qabul qilingan sana:24.10.2023
  • Kuchga kirgan sana:31.10.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/23/343/0812

Respublika isteʼmolchilarini toza va sifatli ichimlik suv bilan taʼminlash hamda oqova suv xizmatlarini yaxshilash borasida koʻrilayotgan izchil choralarni yanada jadallashtirish, ichimlik suv taʼminoti va oqova suv xizmatlari qamrovini oshirish, sohaning transformatsiya jarayonini jadallashtirish hamda korxonalarning moliyaviy-iqtisodiy ahvolini yanada mustahkamlash maqsadida:

1. Quyidagilar ichimlik suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasini bosqichma-bosqich isloh qilishning ustuvor vazifalari etib belgilansin:

ichimlik suvni ishlab chiqarishdan boshlab yakuniy isteʼmolchiga yetkazib berishgacha boʻlgan samarali tizimni joriy etish, ichimlik suvni hisobga olish, suv hisoblagichlarni toʻliq oʻrnatish va yoʻqotishlarni kamaytirish, sohani raqamlashtirish, uzluksiz, sifatli va xavfsiz xizmat koʻrsatilishini taʼminlash;

tizimdagi tashkilotlar moliyaviy va iqtisodiy funksiyalarini mustaqil bajarishini koʻzda tutgan holda korporativ boshqaruv tizimini tubdan yaxshilash;

sohada jozibador investitsiya muhitini yaratish orqali ichimlik suvni tarqatish jarayonlarida davlat-xususiy sheriklik tamoyillarini keng joriy qilish, sohaga xususiy investitsiyalarni jalb qilish;

mavjud suv inshootlari va tarmoqlariga hamda yakuniy isteʼmolchilarga suv hisoblagichlarni oʻrnatish orqali suv hajmi ustidan toʻliq nazorat oʻrnatish, sohada energiya tejovchi texnologiyalarni va qayta tiklanuvchi manbalarni keng joriy etish hisobiga ishlab chiqarish hamda yetkazib berish tannarxi va xarajatlarini kamaytirish;

ichimlik suv taʼminoti korxonalarining operatsion samaradorligini oshirish, debitor va kreditor qarzdorliklarni qisqartirish boʻyicha tizimli ishlarni yoʻlga qoʻyish orqali ularning moliyaviy holatini yaxshilash;

tarif siyosatini kapital qoʻyilmalar va aktivlarni strategik boshqarish bilan uzviyligini taʼminlagan holda, ilgʻor xorijiy tajribaga asoslanib takomillashtirish hamda shu orqali sohani bosqichma-bosqich oʻzini oʻzi moliyalashtirishga oʻtkazish;

isteʼmolchilarning toʻlov intizomini mustahkamlash, suv resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha jamoatchilik kampaniyalarini amalga oshirish, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish, sohada qoʻllanilayotgan normativlar va standartlarni zamonaviy talablar asosida yangilash.

2. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining “Oʻzsuvtaʼminot” AJ va uning tarkibidagi korxonalar negizida 2024-yil 1-aprelga qadar alohida yoʻnalishlar boʻyicha quyidagi aksiyadorlik jamiyatlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:

ichimlik suvni ishlab chiqarish va magistral tarmoqlar orqali suv yetkazib berish hamda suvni ishlab chiqarish va magistral tarmoqlar bilan bogʻliq boʻlgan suv obyektlarini rivojlantirish, shuningdek, ekspluatatsiya qilishni taʼminlash boʻyicha aksiyadorlik jamiyati shaklida hududiy magistral suv taʼminoti tashkilotlari;

ichimlik suv tarmoqlari (magistral tarmoqlardan tashqari) orqali va (yoki) transportda isteʼmolchilarga suv yetkazib berish, oqova suvlarni chiqarib yuborish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish, tegishli tarmoqlarni hamda oqova suv tizimlarini rivojlantirish va ekspluatatsiya qilish boʻyicha aksiyadorlik jamiyati shaklida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida hududiy ichimlik suv taʼminoti tashkilotlari (keyingi oʻrinlarda — hududiy ichimlik suv taʼminoti tashkilotlari).

Mazkur band bilan tashkil etilayotgan aksiyadorlik jamiyatlarining aksiyadori etib xolding sifatida “Oʻzsuvtaʼminot” AJ belgilansin.

3. “Oʻzsuvtaʼminot” AJga oʻzining tarkibidagi tashkilotlarga maqsadli operatsion modelni tasdiqlash, tariflar siyosatini ishlab chiqish, buxgalteriya hisobi, moliya, menejment, raqamlashtirish, xaridlar, kadrlar malakasini oshirish va boshqa yoʻnalishlarda xizmat koʻrsatish vazifalari yuklansin.

4. Belgilansinki 2024-yil 1-yanvardan boshlab:

ichimlik suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish boʻyicha xizmatlar uchun tariflar mahsulot tannarxiga kiritilgan xarajatlar, joriy xarajatlar, tizim obyektlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish xarajatlari, moliyaviy xarajatlar, soliqlar (suvning texnologik jihatdan normativdan yuqori darajada sarflanganligi va yoʻqotilganligi uchun soliqlardan tashqari) va boshqa majburiy toʻlovlar, shuningdek, “Oʻzsuvtaʼminot” AJning saqlash xarajatlari hamda tashkilotlarning rentabellik darajasidan kelib chiqqan holda shakllantiriladi.

(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyuldagi PF-140-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2026-y., 06/26/140/0792-son)

5. Quyidagilar:

Ichimlik suv taʼminoti va oqova suv tizimini takomillashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq;

Ichimlik suv taʼminoti va oqova suv tizimini transformatsiya qilish jarayonlarini tezlashtirish boʻyicha respublika muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhi tarkibi 2-ilovaga muvofiq;

“Oʻzsuvtaʼminot” AJ tarkibiga kiruvchi ayrim xoʻjalik jamiyatlari va korxonalarni qayta tashkil etish mexanizmlari 3-ilovaga muvofiq;

Respublikadagi ichimlik suv taʼminoti ogʻir boʻlgan mahallalarning 2024 — 2026-yillarda ichimlik suv taʼminotini yaxshilash dasturi 4-ilovaga muvofiq;

2024 — 2026-yillarda respublika hududlarida ichimlik suv tarmoqlarini uy xoʻjaligigacha yetkazish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 5-ilovaga muvofiq;

2024 — 2026-yillarda davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish orqali ichimlik suv taʼminoti yoʻlga qoʻyiladigan aholi yashash punktlari roʻyxati 6-ilovaga muvofiq;

“Oʻzsuvtaʼminot” AJ tomonidan xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar hisobiga 2024 — 2026-yillarda aholini ichimlik suv taʼminoti va oqova suv xizmatlari bilan taʼminlash dasturi 7-ilovaga muvofiq;

Markazlashgan suv taʼminoti qamrovi darajasi past boʻlgan tumanlarda 2024 — 2026-yillarda ichimlik suv tizimlarini rivojlantirish dasturining yigʻma parametrlari 8-ilovaga muvofiq;

2024 — 2026-yillarda isteʼmolchilarga ichimlik suv uchun hisoblagichlarni oʻrnatish reja-jadvali 9-ilovaga muvofiq;

2024-yilda “Oʻzsuvtaʼminot” AJ tizim korxonalari obyektlarida quyosh panellarini oʻrnatish reja-jadvali 10-ilovaga muvofiq;

2024 — 2026-yillarda “Oʻzsuvtaʼminot” AJ tizim korxonalari obyektlaridagi mavjud nasoslarni energiya tejamkor nasoslarga almashtirish reja-jadvali 11-ilovaga muvofiq;

2024 — 2026-yillarda “Oʻzsuvtaʼminot” AJ tarkibidagi laboratoriyalarning moddiy-texnika bazasini yaxshilash dasturi 12-ilovaga muvofiq;

“Oʻzsuvtaʼminot” AJ va uning tizim korxonalariga oʻtkaziladigan ichimlik suv taʼminoti va oqova suv tizimi obyektlari roʻyxati 13-ilovaga muvofiq;

“Oʻzsuvtaʼminot” AJ korxonalarining “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga oʻtkaziladigan nimstansiyalari roʻyxati 14-ilovaga muvofiq;

“Oʻzsuvtaʼminot” AJ va uning tarkibidagi tashkilotlarni transformatsiya qilish jarayonidagi alohida qoidalar 15-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.

* 15-ilova berilmaydi.

Bunda, mazkur qarorga 5-ilovada koʻrsatilgan tadbirlar uchun talab qilinadigan mablagʻlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va “Oʻzsuvtaʼminot” AJ tomonidan teng ulushlarda ajratiladi.

6. Vazirlik Iqtisodiyot va moliya vazirligi, “Oʻzsuvtaʼminot” AJ, Buxoro, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda 2024-yil 1-iyuldan boshlab tajriba tariqasida Kogon, Shirin, Yangiyer, Bekobod va Yangiyoʻl shaharlarida ichimlik va oqova suv taʼminoti tizimlarining davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida xususiy sektorga berilishini taʼminlasin.

7. Bosh vazir oʻrinbosari A.J. Ramatov Vazirlik, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, “Oʻzsuvtaʼminot” AJ, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda:

Davlat budjeti va davlat tomonidan jalb qilingan mablagʻlar hisobiga amalga oshirilayotgan ichimlik va oqova suv yoʻnalishidagi loyihalar boʻyicha texnik topshiriq shartlarini ishlab chiqishda eng maqbul texnik yechimlar, oʻzioqar usuli, zamonaviy energiya tejamkor materiallar va texnologiyalar keng qoʻllanilishini hamda har bir loyiha qiymatidan ortiqcha xarajatlar chiqarib tashlanishini doimiy ravishda taʼminlab borsin;

2023-yil yakuniga qadar davlat tomonidan jalb qilingan mablagʻlar hisobidan amalga oshirilayotgan ichimlik va oqova suv yoʻnalishidagi loyihalarni chuqur tahlil qilib, ularning keng jamoatchilik bilan muhokama qilinishini va qiymati maqbullashtirilishini taʼminlasin.

8. Belgilansinki, 2024-yil 1-fevraldan boshlab Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan ichimlik va oqova suv yoʻnalishidagi loyihalar doirasida qurilish materiallari, uskuna va jihozlar 16-ilovaga muvofiq faqat mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qilinadi.

9. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

a) Davlat budjeti va davlat tomonidan jalb qilingan barcha mablagʻlar hisobidan amalga oshirilayotgan ichimlik va oqova suv yoʻnalishidagi loyihalar “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK tomonidan majburiy ravishda ekspertizadan oʻtkaziladi;

b) 2024-yil 1-yanvardan boshlab:

ichimlik suv taʼminoti va oqova suv sohasida investitsiya loyiha takliflari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar hamda Toshkent shahar Kengashlarida muhokama qilinishidan oldin mahalliy hokimiyat vakillik organlari deputatlari tomonidan hududiy ichimlik suv taʼminoti tashkilotlari bilan birgalikda joylarga chiqqan holda tegishli aholi punktlarining faollari bilan muhokama qilinadi;

muhokama qilingan va rozilik berilgan loyiha takliflari boʻyicha maʼlumotlar (ajratilgan mablagʻlar miqdori, ishlar reja-jadvallari, texnik hujjat va ishlarni olib borish boʻyicha hisobotlar) doimiy ravishda hududiy ichimlik suv taʼminoti tashkilotlari tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda tegishli aholi punktlarining faollari bilan birgalikda loyiha uchun ochiladigan maxsus portalda joylashtirib boriladi;

v) har bir loyihaning bajarilishi holati muntazam ravishda tegishli mahalliy hokimiyat vakillik organlari deputatlari tomonidan joylarga chiqqan holda tegishli aholi punktining faollarini jalb qilgan holda monitoring qilinadi;

g) Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan har yili Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida ichimlik suv taʼminoti obyektlariga energiya tejovchi uskunalarni oʻrnatish hamda ichimlik suv ishlab chiqaruvchi, suvni magistral va boshqa tarmoqlar orqali yetkazib beruvchi tashkilotlarga maxsus texnikalar xarid qilish uchun yiliga 100 milliard soʻm miqdorida mablagʻ ajratiladi;

d) Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturida nazarda tutilgan va davlat tomonidan jalb qilingan mablagʻlar hisobiga amalga oshiriladigan infratuzilma loyihalari uchun ajratiladigan yerlarning yer fondi toifasini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflar barcha vakolatli organlar tomonidan ustuvor ravishda 3 kun ichida koʻrib chiqiladi;

e) 2024-yil 1-yanvardan boshlab yangi quriladigan ichimlik va oqova suv yoʻnalishidagi obyektlar va tizimlarni loyihalashtirishda mazkur hududning toʻliq qamrov darajasini inobatga olish talabi oʻrnatiladi;

j) 2024-yil 1-apreldan boshlab barcha loyihalarda ichimlik va oqova suv inshootlari hamda tarmoqlaridagi suv hisobini raqamlashtirish boʻyicha yechimlar, suv inshootlari va tarmoqlariga suv hisoblagichlarini oʻrnatish, ichimlik suv tarmoqlarini aholi xonadonlarigacha yetkazib berishda ushbu xonadonlarni yagona billing tizimiga ulagan holda hisoblagichlar oʻrnatishni aks ettirish majburiy hisoblanadi.

10. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va “Oʻzsuvtaʼminot” AJning hududiy suv taʼminoti tashkilotlari kuzatuv kengashi tarkibiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarini kiritish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

11. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan hududiy suv ishlab chiqarish, suv taʼminoti hamda magistral tarmoqlar tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini yaxshilash va rivojlantirish uchun ushbu tashkilotlarning maxsus maqsadli bank hisobvaraqlariga mablagʻlarni yoʻnaltirish yoki mazkur mablagʻlar hisobidan xarid qilingan mol-mulklarni ularga bepul oʻtkazishga ruxsat berilsin.

Bunda, ushbu mablagʻlar va mol-mulklar “Oʻzsuvtaʼminot” AJ ustav kapitaliga davlat ulushi sifatida kiritiladi va tegishliligi boʻyicha tarkibidagi tashkilotlarning ustav kapitalidagi “Oʻzsuvtaʼminot” AJ ulushi oshiriladi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bir oy muddatda mazkur qaror qabul qilingunga qadar “Oʻzsuvtaʼminot” AJ tarkibidagi tashkilotlarning moddiy-texnika bazasini yaxshilash uchun xarid qilingan mol-mulklarning ushbu tashkilotlarga oʻtkazilishini taʼminlasin.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining ichimlik suv taʼminoti va oqova suv sohasidagi qoʻshimcha vazifalari 17-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

12. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda “Oʻzsuvtaʼminot” AJ bilan birgalikda 2025-yilda sohada suv sarfi hisobini tartibga solish, yoʻqotishlar darajasini kamaytirish, mavjud tarmoqlarning raqamli xaritasi va aktivlarni boshqarish tizimini joriy etish hamda sohada “yashil iqtisodiyot” koʻlamini kengaytirish boʻyicha loyihani amalga oshirish maqsadida Osiyo taraqqiyot bankining kamida 100 million AQSH dollari miqdoridagi qarz mablagʻlari jalb qilinishini taʼminlasin.

(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-dekabrdagi PQ-455-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 07/24/455/1092-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)

13. Belgilansinki:

“Oʻzsuvtaʼminot” AJ tomonidan xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida tovar, ish va xizmatlarni sotib olish boʻyicha tasdiqlangan xarid komissiyasi tarkibiga tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining kamida 2 nafar vakili kiritiladi;

xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablagʻlari ustuvor ravishda kompleks yondashuv asosida alohida hududlarni ichimlik suv taʼminoti va tuman markazlarini oqova suv xizmati bilan toʻliq qamrab olish, yirik suv hamda oqova suv obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish loyihalarini amalga oshirish uchun jalb qilinadi;

“Oʻzsuvtaʼminot” AJning davlat ulushi boʻyicha aksiyador funksiyasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan amalga oshiriladi;

“Oʻzsuvtaʼminot” AJning hududiy magistral suv taʼminoti tashkilotlari xususiylashtirilmaydi;

avtomobil yoʻllarini qurish va taʼmirlash ishlarini amalga oshirishda mavjud ichimlik va oqova suv tizimlarini koʻchirish yoki qayta tiklash bilan bogʻliq ishlar yoʻl qurish va taʼmirlash loyihalarida koʻzda tutiladi.

14. Xalqaro moliya institutlarining va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining mablagʻlari hisobidan ichimlik suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasidagi loyihalar doirasida xarid (import) qilinadigan (yetkazib beriladigan) maxsus texnikalar, uskunalar va transport vositalari 2027-yil 1-yanvarga qadar utilizatsiya yigʻimidan ozod etilsin.

15. “Oʻzsuvtaʼminot” AJ va uning tarkibidagi tashkilotlarning 18-ilovaga* muvofiq qarzdorliklarini kechiktirish, restrukturizatsiya qilish va hisoblangan penya va jarimalarni hisobdan chiqarish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

* 18-ilova berilmaydi.

16. Iqtisodiyot va moliya vazirligi “Oʻzsuvtaʼminot” AJ hamda uning tizim tashkilotlari tomonidan jalb qilingan xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari qarzlari va kreditlarining qaytarilishida ularning yetishmagan qismini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qaytarilishini taʼminlasin.

17. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 19-ilovaga muvofiq 2024-yil 1-yanvardan eʼtiboran oʻzgartirishlar kiritilsin.

18. Vazirlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

19. Quyidagilarga:

Bosh vazir oʻrinbosari A.J. Ramatovga — “yoʻl xaritasi” va mazkur qarorga ilovalarda belgilangan chora-tadbirlar oʻz muddatida va sifatli amalga oshirilishining muvofiqlashtirilishi, shu jumladan avvalgi yillardan oʻtib kelayotgan obyektlarni belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirish, ichimlik va oqova suv obyektlariga ajratilayotgan mablagʻlardan samarali foydalangan holda obyektlar qurilish ishlari tannarxini arzonlashtirish yuzasidan;

Bosh vazir oʻrinbosari D.A. Kuchkarovga — “yoʻl xaritasi” va mazkur qarorga ilovalarda belgilangan chora-tadbirlarga, shu jumladan ijtimoiy buyurtma asosida amalga oshiriladigan, energiya tejamkor uskunalarni oʻrnatish hamda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish va boshqa dasturlar doirasida ichimlik va oqova suv obyektlariga Davlat budjetidan zarur mablagʻlarning belgilangan muddatlarda va toʻliq hajmda ajratilishi yuzasidan;

Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Xodjayevga — xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari hamda boshqa kredit muassasalari mablagʻlari hisobidan ichimlik va oqova suv obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash boʻyicha amalga oshiriladigan loyihalar uchun xorijiy investitsiya va imtiyozli kredit mablagʻlarining belgilangan muddatlarda jalb etilishi yuzasidan;

iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari, Respublika muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhi rahbari A.M. Boboyevga — ichimlik suv taʼminoti va oqova suv tizimini transformatsiya qilish jarayonlari muvofiqlashtirilishi, soha korxonalarining moliyaviy va iqtisodiy barqaror faoliyatini taʼminlash boʻyicha amaliy choralar koʻrilishi, jalb qilingan xalqaro moliya institutlari mablagʻlarini oʻzlashtirish holatining monitoring qilinishi, bu boradagi muammolarni aniqlash hamda tezkor hal etish choralari koʻrib borilishi yuzasidan;

“Oʻzsuvtaʼminot” AJ boshqaruvi raisi v.b. D.S. Azimovga — belgilangan chora-tadbirlarning oʻz muddatida va sifatli amalga oshirilishi, sohaga energiya tejamkor hamda ilgʻor raqamli texnologiyalar joriy etilishi, ichimlik va oqova suv obyektlarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari tannarxining kamaytirilishi, qamrov va suv sifati darajasi oshirib borilishi, laboratoriyalarning jihozlanishi, suv yoʻqotishlarining kamaytirilishi, kadrlarni tayyorlash, ichimlik va oqova suv taʼminoti sohasiga oid normativ-huquqiy baza takomillashtirilishi yuzasidan shaxsiy masʼuliyat yuklansin.

20. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosarlari A.J. Ramatov va D.A. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 24-oktabr,

PQ-343-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-oktabrdagi PQ-343-son qaroriga1-ILOVA

Ichimlik suv taʼminoti va oqova suv tizimini takomillashtirish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-oktabrdagi PQ-343-son qaroriga2-ILOVA

Ichimlik suv taʼminoti va oqova suv tizimini transformatsiya qilish jarayonlarini tezlashtirish boʻyicha Respublika muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhi

Izoh: Respublika muvofiqlashtiruvchi ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-oktabrdagi PQ-343-son qaroriga3-ILOVA

“Oʻzsuvtaʼminot” AJ tarkibiga kiruvchi ayrim xoʻjalik jamiyatlari va korxonalarni qayta tashkil etish

Izoh: Chora-tadbirlarni amalga oshirish mexanizmlari va muddatlari transformatsiya jarayonida jalb etiladigan mahalliy va xorijiy konsultantlar taklifiga asosan Respublika muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhi qaroriga asosan oʻzgartirilishi mumkin.

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyuldagi PF-140-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2026-y., 06/26/140/0792-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-oktabrdagi PQ-343-son qaroriga4-ILOVA

Respublikadagi ichimlik suv taʼminoti ogʻir boʻlgan mahallalarning 2024 — 2026-yillarda ichimlik suv taʼminotini yaxshilash

Izoh: 2023-yilda ichimlik suv taʼminoti ogʻir boʻlgan 563 ta mahallalar ichimlik suvi bilan taʼminlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-oktabrdagi PQ-343-son qaroriga5-ILOVA

2024 — 2026-yillarda respublika hududlarida ichimlik suv tarmoqlarini uy xoʻjaligigacha yetkazish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-oktabrdagi PQ-343-son qaroriga6-ILOVA

2024 — 2026-yillarda davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish orqali ichimlik suv taʼminoti yoʻlga qoʻyiladigan aholi yashash punktlari

Izoh: Vazirlar Mahkamasi tomonidan mazkur roʻyxatga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-maydagi “Aholining ichimlik suv taʼminoti va oqova suv xizmatlari bilan taʼminlanganlik darajasini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-257-son qarori 3-bandining “a” kichik bandida koʻrsatilgan mablagʻlar, shuningdek, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda “Navoiy KMK” AJ tomonidan teng ulushlarda ajratiladigan jami 11,6 milliard soʻm miqdordagi mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda “Navoiy KMK” AJ tomonidan ajratiladigan jami 11,6 milliard soʻm miqdordagi mablagʻlar hisobidan loyihalar faqat innovatsion tumanlarning markazlashgan ichimlik suv yetib bormagan va yer osti suvlarining mineralizatsiyasi yuqori boʻlgan mahallalarida suvni chuchuklashtiruvchi uskunalarni oʻrnatish orqali amalga oshiriladi.

Mazkur roʻyxatdagi loyihalar 2024-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm va Buxoro viloyatlarida hamda kelgusi yillarda qolgan viloyatlarda ham amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-oktabrdagi PQ-343-son qaroriga7-ILOVA

“Oʻzsuvtaʼminot” AJ tomonidan xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar hisobiga 2024 — 2026-yillarda aholini ichimlik suv taʼminoti va oqova suv xizmatlari bilan taʼminlash dasturi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-oktabrdagi PQ-343-son qaroriga8-ILOVA

Markazlashgan suv taʼminoti qamrovi darajasi past boʻlgan tumanlarda 2024 — 2026-yillarda ichimlik suv tizimlarini rivojlantirish dasturining

Izoh: loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, ekspertiza xulosalari olingandan soʻng obyektning qiymati va parametrlariga aniqlik kiritiladi.

* Qashqadaryo viloyati Gʻuzor, Qamashi, Koson, Muborak, Surxondaryo viloyati Sherobod va Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanlarida ichimlik suvi tizimlarini yaxshilash loyihalari XMI mablagʻlari hisobidan 2023 — 2028-yillarda amalga oshirilishi belgilangan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-oktabrdagi PQ-343-son qaroriga9-ILOVA

2024 — 2026-yillarda isteʼmolchilarga ichimlik suv uchun hisoblagichlarni oʻrnatish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-oktabrdagi PQ-343-son qaroriga10-ILOVA

2024-yilda “Oʻzsuvtaʼminot” AJ tizim korxonalari obyektlarida quyosh panellarini oʻrnatish reja-jadvali

Izoh: quyosh panellarini oʻrnatish reja-jadvali mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-oktabrdagi PQ-343-son qaroriga11-ILOVA

2024 — 2026-yillarda “Oʻzsuvtaʼminot” AJ tizim korxonalari obyektlaridagi mavjud nasoslarni energiya tejamkor nasoslarga almashtirish reja-jadvali

Izoh: mahalliy budjetlar hisobidan moliyalashtiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-oktabrdagi PQ-343-son qaroriga12-ILOVA

2024 — 2026-yillarda “Oʻzsuvtaʼminot” AJ tarkibidagi laboratoriyalarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash

Izoh: talab etiladigan mablagʻlar miqdori loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgandan soʻng aniqlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-oktabrdagi PQ-343-son qaroriga13-ILOVA

“Oʻzsuvtaʼminot” AJ va uning tizim korxonalariga oʻtkaziladigan ichimlik suv va oqova suv tizimi obyektlari

Izoh:

Mazkur obyektlar ushbu korxonalardagi davlat ulushini kamaytirish va “Oʻzsuvtaʼminot” AJdagi davlat ulushi va uning korxonalaridagi “Oʻzsuvtaʼminot” AJ ulushini oshirish hisobiga balans qiymatida beriladi.

Mazkur roʻyxatga Respublika muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhi qaroriga asosan oʻzgartirish kiritilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-oktabrdagi PQ-343-son qaroriga14-ILOVA

“Oʻzsuvtaʼminot” AJ korxonalarining “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga oʻtkaziladigan nimstansiyalari

Izoh: Mazkur nimstansiyalar “Oʻzsuvtaʼminot” AJdagi davlat ulushini kamaytirish va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJdagi davlat ulushini oshirish hisobiga balans qiymatida beriladi.

“Oʻzsuvtaʼminot” AJ obyektlari toifalanganligi sababli “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ balansiga topshiriladigan nimstansiyalarga yangi isteʼmolchilar ulanmaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-oktabrdagi PQ-343-son qaroriga16-ILOVA

Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan ichimlik va oqova suv yoʻnalishidagi loyihalar doirasida faqat mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qilinadigan qurilish materiallari, uskuna va jihozlar

Izoh: Vazirlar Mahkamasi tomonidan mazkur roʻyxatga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-oktabrdagi PQ-343-son qaroriga17-ILOVA

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining ichimlik suv taʼminoti va oqova suv sohasidagi

1. Oʻz hududidagi suv taʼminoti va oqova suv sohasidagi investitsiya loyihalarini ishlab chiqishdan boshlab oʻz vaqtida ishga tushirishgacha javobgar hisoblanadi.

2. Hududiy suv ishlab chiqarish va suv taʼminoti tashkilotlari moddiy-texnik bazasini va moliyaviy holatini yaxshilash, shu jumladan, debitor va kreditor qarzdorligini qisqartirishga hamda isteʼmolchilarga hisoblagichlar oʻrnatish parametrlarining bajarilishiga shaxsan masʼul hisoblanadi.

3. Ichimlik suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish boʻyicha xizmatlar uchun tariflar mahsulot tannarxiga kiritilgan xarajatlar, tizim obyektlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish, moliyaviy xarajatlar, soliqlar (suvning texnologik jihatdan normativdan yuqori darajada sarflanganligi va yoʻqotilganligi uchun soliqlardan tashqari) va boshqa majburiy toʻlovlar, shuningdek, “Oʻzsuvtaʼminot” AJning saqlash xarajatlari hamda tashkilotlar rentabellik darajasidan kelib chiqqan holda tariflarning joriy etilishini hamda har yili kamida bir marta qayta koʻrib chiqilishini taʼminlaydi.

4. Xalqaro moliya institutlari va xorijiy moliya tashkilotlari hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarni koʻrib chiqadi va mablagʻlarning iqtisod qilinishini taʼminlaydi.

5. Tuman va mahallalarning ichimlik suv va oqova suv obyektlarini davlat-xususiy sheriklik asosida berish boʻyicha takliflarni “Oʻzsuvtaʼminot” AJ bilan birgalikda ishlab chiqadi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligiga kiritadi;

6. Hududiy suv ishlab chiqarish va suv taʼminoti tashkilotlari inshoot va obyektlarida energotejamkor uskunalarni hamda muqobil energiya manbalarini oʻrnatish orqali ishlab chiqarish xarajatlari kamaytirilishini taʼminlaydi.

7. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda “Oʻzsuvtaʼminot” AJ tizim korxonalarining tuman (shahar) boʻlimlarini bino bilan taʼminlaydi.

8. Amalga oshirilgan choralarning dastlabki, oraliq va yakuniy natijalari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari kengashiga har chorakda hisobot berib boradi.

9. Hududiy suv ishlab chiqarish va suv taʼminoti tashkilotlari tomonidan faoliyatiga xos boʻlmagan barcha xizmatlar faqat haq evaziga amalga oshirilishini taʼminlaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-oktabrdagi PQ-343-son qaroriga19-ILOVA

2024-yil 1-yanvardan eʼtiboran Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-2900-son qarorining 7-bandida:

beshinchi xatboshi chiqarib tashlansin;

oltinchi — sakkizinchi xatboshilar tegishincha beshinchi — yettinchi xatboshilar deb hisoblansin;

oltinchi va yettinchi xatboshilar chiqarib tashlansin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4040-son qarori 17-bandining ikkinchi xatboshisi va “a” kichik bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.