Mamlakatimizda ekologik vaziyatni yaxshilash, transchegaraviy garmsel shamollari va chang-qum boʻronlarining atrof-muhitga zararli taʼsirlarining oldini olish maqsadida qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Oʻtgan davr mobaynida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 588 gektar “yashil bogʻlar”, 662 gektar “yashil jamoat parklari”, Buxoro, Nukus, Xiva va Urganch shaharlari atrofida jami 40 km masofada “yashil belbogʻ”lar barpo etildi.
Shu bilan birga, umummilliy loyihani samarali davom ettirish bugungi kunda kechiktirib boʻlmas choralarni koʻrishni talab etmoqda.
Oʻzbekistonda “Yashil makon” umummilliy loyihasini yanada ommalashtirish, ekologiya sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish va ilgʻor texnologiyalarni keng joriy etish hamda “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida:
1. Belgilansinki, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda quyidagi qoʻshimcha mexanizmlar amalga oshiriladi:
a) Davlat budjetidan har yili ajratiladigan mablagʻlarning kamida 50 foizi “yashil bogʻlar” va “yashil jamoat parklari”ni tashkil qilish uchun “Ochiq budjet” axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida shakllangan “Mening bogʻim” loyihalarini moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi. Bunda:
aholi tashabbusi bilan “yashil bogʻlar” va “yashil jamoat parklari”ni tashkil qilish boʻyicha maydon manzili va rasmlari koʻrsatilgan holda qiymati 250 mln soʻmdan oshmagan tashabbus bildiriladi;
“Mening bogʻim” loyihalarini shakllantirish va ularga ovoz berish jarayoni har yili yanvar-fevral oylarida oʻtkaziladi;
b) Davlat budjetidan har yili ajratiladigan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasining manzilli koʻkalamzorlashtirish investitsiya dasturi orqali 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq quyidagilarni amalga oshirishga yoʻnaltiriladi:
har bir hududda dendrariylar, dendrologiya va botanika bogʻlarini tashkil qilish;
shahar va tumanlarni “yashil belbogʻ”lar bilan oʻrab olish;
5 gektardan kam boʻlmagan yirik bogʻlarni barpo etish;
transchegaraviy garmsel shamollari va chang-qum boʻronlari taʼsirini kamaytirish uchun “yashil qalqon” tashkil qilish;
v) moliyalashtirishda quyidagi qoʻshimcha manbalardan foydalanishga ruxsat etiladi:
suveren “yashil obligatsiyalar”, “barqaror rivojlanish obligatsiyalari”ni chiqarish;
uglerod savdosi tizimini (carbon trading system) yoʻlga qoʻyish.
Ushbu mablagʻlar yoʻnaltiriladigan maqsadlar 2-ilovaga muvofiq tasdiqlanadi.
2. Daraxt koʻchatlarini ekish, hududlarni koʻkalamzorlashtirishda aholining manfaatdorligini kuchaytirish maqsadida:
a) avtomobil, temir yoʻl, daryo va kanallar yoqalari, davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan taʼlim va sogʻliqni saqlash muassasalari yer uchastkalarining foydalanilmayotgan qismida (oʻrmon fondi yerlari bundan mustasno) “yashil bogʻlar” ushbu yerlarning egalari, foydalanuvchilari hamda tashabbuskor jismoniy va yuridik shaxslar oʻrtasida 10 yilgacha quyidagi shartlarda toʻgʻridan-toʻgʻri tuziladigan ikki tomonlama shartnoma asosida barpo etiladi:
yoʻl boʻyida daraxt koʻchatlarini kamida 5 qatordan ekish;
parvarish qilgan daraxtlarining yiliga 30 foizidan oshmagan qismidan sanoat va qurilish maqsadida foydalanishga imkon berish;
b) yer uchastkalari respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga “yashil bogʻ” barpo etish uchun doimiy foydalanish huquqi asosida beriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari ikki hafta muddatda ushbu bandda nazarda tutilgan shartnomalar tuzilishini va belgilangan tartibda yer uchastkalari ajratilishini taʼminlasin.
3. Adliya vazirligi bir hafta muddatda yashil hudud va unda ekilgan daraxt va butalarni parvarishlash hamda ulardan foydalanish uchun “Yashil bogʻ” barpo etish toʻgʻrisida namunaviy shartnoma loyihasi ishlab chiqilib, vazirlik va idoralar hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga yetkazilishini taʼminlasin.
4. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Ekologiya vazirligi) Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda 2027-yildan boshlab har yili “Eng yashil mahalla” tanlovini oʻtkazish va tanlov natijalari boʻyicha gʻolib boʻlgan 14 ta mahallaga Ekologiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan:
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-maydagi PF-90-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.06.2025-y., 06/25/90/0486-son)
mahallaning tegishli jamgʻarmasiga daraxtlar ekish va sugʻorish, “yashil jamoat parki”ni yaratishga jami 500 million soʻmdan oʻtkazib berish;
oʻzini oʻzi boshqarish organlariga xizmatda foydalanish uchun 1 tadan elektromobil xarid qilish va topshirish choralari koʻrib borilishini taʼminlasin.
5. Ekologiya vazirligi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2024-yilda oʻrmon fondining 1,5 ming gektar yer maydonlarida kasanachilik asosida koʻchat yetishtirish ishlarini yoʻlga qoʻyish orqali kamida 10 ming nafar aholining bandligini taʼminlasin. Bunda:
oʻrmon fondi mavjud yerlarining joriy holati (toifasi)dan kelib chiqqan holda har bir kasanachilik asosida koʻchat yetishtiruvchiga kamida 5 gektargacha yerlar shartnoma asosida biriktiriladi;
kasanachilik asosida koʻchat yetishtirish 3-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi;
kasanachilik asosida koʻchat yetishtirishni yoʻlga qoʻyish uchun talab etiladigan dastlabki maqsadli mablagʻlar Ekologiya jamgʻarmasi hisobidan ajratiladi.
6. Ekologiya vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining:
jismoniy va yuridik shaxslarning buyurtmanomalari asosida daraxt va buta koʻchatlarini ekishni tashkillashtirishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida elektron toʻlov tizimlaridan foydalanuvchilar va boshqa isteʼmolchilar tomonidan ixtiyoriy xayriya oʻtkazmalari boʻyicha xizmat koʻrsatuvchi “Yashil toʻlov” platformasini joriy qilish;
Ekologiya vazirligi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda “Yashil toʻlov” platformasi orqali respublikada daraxt va buta koʻchatlarini ekishga aholini keng jalb qilish boʻyicha Yashil xayriya jamgʻarmasini tashkil etish;
Yashil xayriya jamgʻarmasining boshqaruvi kengashi raisi vazifasini ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri tomonidan jamoatchilik asosida bajarish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari Ekologiya vazirligi va Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi bilan birgalikda 4-ilovaga muvofiq 2024 — 2026-yillarda ihota daraxtzorlarini barpo etish choralarini koʻrsin.
Bunda, “Yashilloyiha” loyihalash instituti tomonidan koʻchatlar ekilishi koʻzda tutilgan umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari xatlovdan oʻtkazilib, hududlarning tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda loyiha-qidiruv ishlari amalga oshiriladi.
8. Buxoro, Nukus, Xiva va Urganch shaharlari atrofida “yashil belbogʻ”lar barpo etish boʻyicha 2020-2021-yillarda boshlangan ishlarni uzviy davom ettirish maqsadida quyidagilar:
2024 — 2026-yillarda Toshkent shahri atrofida “yashil belbogʻ”lar barpo etish dasturi va prognoz koʻrsatkichlari 5 va 5a-ilovalarga muvofiq;
2024 — 2030-yillarda respublika shaharlari hamda ularning atroflarida “yashil belbogʻ”lar barpo etish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
9. Vazirlar Mahkamasi, Bosh prokuratura, Ekologiya vazirligi va Toshkent shahri hokimligining “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida eksperiment tariqasida Toshkent shahri hududidagi daraxtlarni raqamlashtirish orqali ularning pasportini yaratish (keyingi oʻrinlarda — daraxtlarni pasportlashtirish) toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
10. Belgilansinki, Toshkent shahri hududidagi daraxtlarni pasportlashtirish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
birinchi bosqich (2024-yil 1-martga qadar) — aerokosmik tasvirlar va dasturiy vositalardan foydalangan holda mavjud daraxtlar toʻliq xatlovdan oʻtkaziladi (yakka tartibdagi uy-joylar hududidagi daraxtlar bundan mustasno);
ikkinchi bosqich (2024-yil 1-noyabrga qadar) — xatlov natijasiga koʻra aniqlangan daraxtlarning turi, yoshi, boʻyi, holati va joylashuv koordinatasini aks ettiruvchi maʼlumotlar bazasi shakllantiriladi;
uchinchi bosqich (2024-yil 31-dekabrga qadar) — maʼlumotlar bazasi asosida “Yashil makon” elektron platformasida har bir daraxtga pasport shakllantiriladi va ID raqam beriladi.
11. Toshkent shahri hududidagi daraxtlarni pasportlashtirish ishlarini muvofiqlashtiruvchi idoralararo respublika ishchi guruhi 7-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.
Respublika ishchi guruhi (Abduxakimov):
daraxtlarni pasportlashtirish ishlarini samarali tashkil etish, vazirlik va idoralarning bu boradagi ishini muvofiqlashtirish, mavjud muammolarni tezkorlik bilan hal qilish choralarini koʻrsin;
har oyda daraxtlarni pasportlashtirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi hisobotlarni Vazirlar Mahkamasiga kiritib borsin;
2025-yil 1-fevralga qadar eksperiment yakunlaridan kelib chiqib, respublikaning boshqa hududlarida ham daraxtlar pasportini joriy qilish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
12. Quyidagilarni nazarda tutuvchi 2024 — 2028-yillarda Orolboʻyi mintaqasini barqaror rivojlantirish, innovatsiyalar va yashil texnologiyalarni keng joriy etish boʻyicha milliy dastur (keyingi oʻrinlarda — Milliy dastur) 8-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
“yashil qoplamalar” — himoya oʻrmonzorlarini barpo etishni izchil davom ettirish hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish va ularni tizimli rivojlantirish;
ilmiy va innovatsion faoliyat uchun zamonaviy infratuzilmani yaratish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va boshqa turdagi ishlab chiqarish tarmoqlarini rivojlantirish;
aholi salomatligini tiklash, ekologik turizmni rivojlantirish imkoniyatlarini kengaytirish;
donor mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari, jamgʻarmalar va kompaniyalar mablagʻlarini keng jalb qilish boʻyicha xalqaro aloqalarni yanada kuchaytirish.
13. Belgilab qoʻyilsinki:
Milliy dasturda belgilangan tadbirlarni moliyalashtirish 2024-yil va keyingi yillar uchun tasdiqlanadigan Davlat budjetida koʻzda tutiladi;
Milliy dasturga kiritilgan tadbirlar toʻliq, oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini tashkil etish va monitoring qilish barcha davlat organlari hamda ularning mansabdor shaxslari faoliyatining ustuvor vazifasi etib belgilanadi.
14. Ekologiya vazirligi 2024-yildan boshlab oʻzining tizimidagi tashkilotlarda yomgʻir suvlarini toʻplash uchun membrana (rezervuar)lari tashkil etish hamda zamonaviy suv resurslarini tejash uslublari orqali daraxt va butalarni sugʻorish tizimi yaratilishini taʼminlasin.
Vazirlik va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari 2024-yil yakunigacha ushbu tizimni tasarrufidagi tashkilot va muassasalarda joriy etish choralarini koʻrsin.
15. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2024-yil 1-martdan boshlab:
yangi quriladigan, balandligi yer yuzasidan 12 metrdan baland va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq boʻlgan bino va inshootlar, agar ularga tutash hududlardagi yerlarning kamida 25 foizi koʻkalamzorlashtirish maydonlariga ajratilmagan va ularda koʻkalamzorlashtirish tadbirlari amalga oshirilmagan taqdirda, davlat qabul komissiyasi tomonidan qabul qilinmaydi;
atrof-muhitga taʼsir koʻrsatishning I va II toifalariga kiruvchi sanoat korxonalari loyiha hujjatlari boʻyicha beriladigan davlat ekologik ekspertizasi xulosalarida oʻz va tutash hududlarida “yashil belbogʻ”lar barpo etish va koʻkalamzorlashtirish tadbirlarini amalga oshirish majburiy boʻlgan talab etib belgilanadi;
koʻchatlar ekish va ularni parvarishlash hamda sugʻorish tadbirlarini moliyalashtirish masalalari vazirlik, idora va xoʻjalik birlashmalarining yillik xarajatlar smetasida hamda atrof-muhitga taʼsir koʻrsatishning I va II toifalariga mansub sanoat korxonalari, maxsus iqtisodiy zonalar hududlarida joylashgan sanoat korxonalarining yillik biznes rejalarida koʻzda tutiladi.
16. Ekologiya vazirligi va uning tizimidagi tashkilotlarning umumiy shtatlari doirasida oʻrmon urugʻchiligini rivojlantirish, oʻrmon oʻsimliklari urugʻlari tahlilini ilmiy-tadqiqot ishlari bilan muvofiqlashtirish, zamonaviy texnologiyalar asosida koʻchat yetishtirish va koʻchatchilik seleksiyasi tizimini takomillashtirish masalalarini tizimlashtirish maqsadida:
a) Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (Green University) huzuridagi (keyingi oʻrinlarda — Universitet) Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti tuzilmasida Oʻsimlik va hayvonot dunyosi genofondi masalalari laboratoriyasi;
b) Universitet huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot instituti tizimida:
“in-vitro” laboratoriyasi va uning hududiy boʻlinmalari;
“Oʻrmon urugʻchiligi markazi” davlat muassasasi va uning hududiy (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Fargʻona, Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlari) boʻlinmalari;
v) “Yashil hudud” davlat unitar korxonasi tuzilmasida alohida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Daraxt kasalliklari va zararkunandalariga qarshi kurashish xizmati tashkil etilsin.
Ekologiya vazirligi tizimida yangi tashkil etilayotgan tuzilmalar faoliyatini yoʻlga qoʻyish jadvali 9-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
17. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Ekologiya vazirligi va Oʻrmon xoʻjaligi agentligining talabnomasiga muvofiq oʻrmon xoʻjaliklari tomonidan oʻrmon barpo etish, uning qayta tiklanishini taʼminlash, muhofaza qilish va oʻrmon yongʻinlariga qarshi kurashish tadbirlari uchun zarur asbob-uskunalar va maxsus texnikalarni sotib olish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha hisob-kitoblarga asosan 2024 — 2026-yillarda respublika budjetidan talab etiladigan zarur mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.
Oʻrmon xoʻjaligi agentligi tizimidagi oʻrmon xoʻjaliklarining bosqichma-bosqich 2024 — 2026-yillarda moddiy-texnika bazasini mustahkamlash prognoz koʻrsatkichlari 10-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 11-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
19. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlari 12-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
20. Ekologiya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
21. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A.A. Abduxakimov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari belgilansin.
Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 23-noyabr,
PF-199-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 23-noyabrdagi PF-199-son Farmoniga 1-ILOVA
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxtzorlar barpo etish va koʻkalamzorlashtirish tadbirlarini amalga oshirish
Izoh: “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasi tadbirlarini amalga oshiruvchi subyektlar:
buyurtmachi — Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi
loyihachi — qonunchilikda belgilangan tartibda aniqlanadi;
pudratchi — qonunchilikda belgilangan tartibda aniqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 23-noyabrdagi PF-199-son Farmoniga 2-ILOVA
“Yashil makon” umummilliy loyihasini moliyalashtirishga qoʻshimcha mexanizmlardan tushadigan mablagʻlarni
1. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “yashil belbogʻ”, “yashil bogʻ”, “yashil jamoat parklari”, “yashil qalqon”, “yashil qoplamalar” — himoya oʻrmonzorlarini hamda ihota daraxtzorlarini barpo etish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, amaliy ishlarni tashkil etish va doimiy egasiga topshirilgunga qadar uch yil davomida saqlash.
2. Oʻrmon xoʻjaligi tadbirlari uchun hududlarning iqlim sharoitiga mos daraxt va buta urugʻlarini tayyorlash, urugʻlarni belgilangan tartibda laboratoriya sinovlaridan oʻtkazilishini taʼminlash, urugʻchilik genbankini tashkil etish.
3. Oʻrmonchilik va oʻrmon koʻchatchiligini rivojlantirish, shu jumladan, intensiv usulda hamda yopiq ildiz tizimi bilan koʻchat yetishtirish tizimini yaratish va uni rivojlantirish.
4. Oʻrmon xoʻjaliklarida pitomniklarni tashkil etish hamda oʻrmon fondi yerlarida koʻchatchilik sohasida kasanachilikni rivojlantirish.
5. Loyihalashtirish, yer uchastkalarini tayyorlash, kam suv talab etadigan daraxt va buta koʻchatlarini ekish ishlarini amalga oshirish.
6. Daraxt va butalarning kasallik hamda zararkunandalariga qarshi kurashish tadbirlarini amalga oshirish.
7. Sugʻorish tizimlarini joriy qilish va suv taʼminotini tashkil etish tadbirlari uchun yoʻnaltiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 23-noyabrdagi PF-199-son Farmoniga 3-ILOVA
Kasanachilik asosida koʻchat yetishtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 23-noyabrdagi PF-199-son Farmoniga 4-ILOVA
2024 — 2026-yillarda ihota daraxtzorlarini barpo etish
Izoh. Manzarali daraxt va buta koʻchatlari koʻchat yetishtiruvchi subyektlar tomonidan yetkazib beriladi.
(izohning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-maydagi PF-90-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.06.2025-y., 06/25/90/0486-son)
Manzarali daraxt va buta koʻchatlari Avtomobil yoʻllari qoʻmitasining korxonalari tomonidan ekiladi.
Sugʻorish tizimlari mahalliy hokimliklar tomonidan joriy etiladi.
Ekilgan daraxt va buta koʻchatlari muhofazasi, shu jumladan chorvadan muhofaza qilish mahalliy hokimliklar tomonidan amalga oshiriladi.
Ushbu koʻrsatkichlarga Transport vazirligi tomonidan mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda hududning joylashuvidan kelib chiqib, qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 23-noyabrdagi PF-199-son Farmoniga 5-ILOVA
2024 — 2026-yillarda Toshkent shahri atrofida “yashil belbogʻ”lar barpo etish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 23-noyabrdagi PF-199-son Farmoniga 5a-ILOVA
2024 — 2026-yillarda Toshkent shahri atrofida “yashil belbogʻ”lar barpo etish dasturining
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 23-noyabrdagi PF-199-son Farmoniga 6-ILOVA
2024 — 2030-yillarda respublika shaharlari hamda ularning atroflarida “yashil belbogʻ”lar barpo etish boʻyicha chora-tadbirlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 23-noyabrdagi PF-199-son Farmoniga 7-ILOVA
Toshkent shahri hududidagi daraxtlarni pasportlashtirish ishlarini muvofiqlashtiruvchi idoralararo respublika ishchi guruhi
Izoh. Respublika ishchi guruhi tarkibiga, zaruratga koʻra, boshqa vazirlik va idoralar vakillari kiritilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 23-noyabrdagi PF-199-son Farmoniga 8-ILOVA
2024 — 2028-yillarda Orolboʻyi mintaqasini barqaror rivojlantirish, innovatsiyalar va yashil texnologiyalarni keng joriy etish boʻyicha
(8-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 4-apreldagi PF-54-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.04.2026-y., 06/26/54/0320-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 23-noyabrdagi PF-199-son Farmoniga 9-ILOVA
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tizimida yangi tashkil etilayotgan tuzilmalar faoliyatini yoʻlga qoʻyish
T/r Yangi tashkil qilinayotgan tuzilmaning toʻliq (rasmiy) nomi Qoidalar 1. Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (Green University) huzuridagi Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti tuzilmasida Oʻsimlik va hayvonot dunyosi genofondi masalalari laboratoriyasi (keyingi oʻrinlarda — Oʻsimlik va hayvonot dunyosi genofondi masalalari laboratoriyasi) 1) Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (Green University) huzuridagi Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti tuzilmasida Oʻsimlik va hayvonot dunyosi genofondi masalalari laboratoriyasi tashkil etiladi. 2) Oʻsimlik dunyosi boʻyicha laboratoriyaning ustuvor yoʻnalishlari: oʻsimlik dunyosi obyektlarini muntazam ravishda xatlovdan oʻtkazish, ular genofondini muhofaza qilish, saqlab qolish va qayta koʻpaytirishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish; noyob va yoʻqolib ketish xavfi ostidagi oʻsimliklar genofondini in vitro usulida, plantatsiyalar barpo etib koʻpaytirishni yoʻlga qoʻyish; introduksiya qilish maqsadida olib kelinadigan oʻsimliklarning manba (gen) materiallarining tabiiy endemik turlari va populyatsiyasini oʻrganish; manba materiallarining belgilarini, markerlarini va moslashish usullarini, shu jumladan moslashish mexanizmlarini aniqlash; Oʻzbekiston florasining “Qizil kitob”ga kiritilgan, yoʻqolib ketayotgan va mahalliy endemik turlari kolleksiyasini yaratish va uni kengaytirish. Oʻrta Osiyo florasi elektron gerbariy kolleksiyasini yaratish. 3) Hayvonot dunyosi boʻyicha laboratoriyaning ustuvor yoʻnalishlari: hayvonot dunyosi obyektlarini muntazam ravishda xatlovdan oʻtkazish, ularni genofondini muhofaza qilish, saqlab qolish va qayta koʻpaytirishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish; Oʻzbekiston va Xalqaro Qizil kitobga kiritilgan hamda noyob endemik hayvonot dunyosi obyektlarini pitomniklar tashkil etib koʻpaytirishni yoʻlga qoʻyish; akklimatizatsiya qilish maqsadida olib kelinadigan hayvonot dunyosi obyektlarini manba (gen) materiallarining tabiiy endemik turlari va populyatsiyasini oʻrganish; manba materiallarining belgilarini, markerlarini va moslashish usullarini, shu jumladan moslashish mexanizmlarini aniqlash; Oʻzbekiston faunasining “Qizil kitob”ga kiritilgan, yoʻqolib ketayotgan va mahalliy endemik turlarining ahamiyatga molik turlarini koʻpaytirish choralarini koʻrish; Oʻrta Osiyo faunasining elektron roʻyxatini yaratish. 2. Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (Green University) huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot instituti tizimida“Oʻrmon urugʻchiligi markazi” davlat muassasasi va uning hududiy (Qoraqalpogʻiston, Fargʻona, Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo) tuzilmalari (keyingi oʻrinlarda — Oʻrmon urugʻchiligi markazi) 1) Oʻrmon urugʻchiligini rivojlantirish, oʻrmon oʻsimliklari urugʻlari tahlilini ilmiy-tadqiqot ishlari bilan muvofiqlashtirish masalalarini tizimlashtirish maqsadida Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot instituti tizimida“Oʻrmon urugʻchiligi markazi” davlat muassasasi va uning hududiy (Qoraqalpogʻiston, Fargʻona, Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo) tuzilmalari tashkil etiladi. 2) “Oʻrmon urugʻchiligi markazi” davlat muassasasi va uning hududiy (Qoraqalpogʻiston, Fargʻona, Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo) tuzilmalarining asosiy vazifalari: xorijiy tajribani oʻrgangan holda urugʻlarni genetik xususiyatlarini saqlashga va koʻpaytirishga qaratilgan “Genbank” faoliyati tashkil etish; oʻrmon fondi yerlarida daraxt va butalarning onalik plantatsiyalarini tashkil etish; oʻrmon xoʻjaligi ekinlari urugʻchiligi sohasida davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish; oʻrmon xoʻjaligi ekinlarining urugʻliklarini yetishtirish uchun foydalaniladigan maydonlarni aprobatsiyadan oʻtkazish; oʻrmon xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarining nav va ekinboplik sifatlarini aniqlash; oʻrmon xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarining genetik (nav) va urugʻ nazoratini, laboratoriya sinovlarini, sifati ekspertizaga doir qoidalarni ishlab chiqish va amalga oshirish; Oʻrmon urugʻchiligi markazining hududiy (Qoraqalpogʻiston, Fargʻona, Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlari) regional tuzilmalari faoliyatini muvofiqlashtirish. 3) “Oʻrmon urugʻchiligi markazi” davlat muassasasi va uning hududiy tuzilmalari xodimlariga Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy tashkilotlarning tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash miqdorlari va shartlari tatbiq etiladi; “Oʻrmon urugʻchiligi markazi” davlat muassasasi va uning hududiy tuzilmalari faoliyatini moliyalashtirish, shuningdek, uni saqlash xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi. 3. Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (Green University) huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot instituti tizimida “in-vitro” laboratoriyasini hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va har bir viloyatda uning hududiy tuzilmalari (keyingi oʻrinlarda — “in-vitro” laboratoriyasi) 1) Zamonaviy texnologiyalar asosida koʻchat yetishtirish va koʻchatchilik seleksiyasi tizimini takomillashtirish maqsadida Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (Green University) huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot instituti tizimida “in-vitro” laboratoriyasini hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va har bir viloyatda uning hududiy tuzilmalari tashkil etiladi. 2) “in-vitro”laboratoriyasi va uning hududiy boʻlinmalarining asosiy vazifalari: respublikamizda introduksiya qilingan, urugʻidan va qalamchasidan qiyin koʻpayadigan manzarali va mevali daraxt va buta oʻsimliklar turlarini laboratoriya sharoitida in-vitro usulida koʻpaytirish; dorivor, ozuqabop va texnik oʻsimliklar turlarini laboratoriya sharoitida in-vitro usulida koʻpaytirish; bir yillik va koʻpyillik oʻtsimon oʻsimliklar turlari, chala buta, buta hamda daraxtlar turlarini kurtagidan, miristemasidan, bargidan, urugʻidan va boshqa vegetativ organlaridan sunʼiy ozuqa muhitida yetishtirish; oʻsimliklar urugʻidan, qalamchasidan koʻpaytirish imkoniyati boʻlmagan oʻsimliklar turlarini laboratoriya sharoitida in-vitro usulida koʻpaytirish; laboratoriya sharoitida in-vitro usulida toza viruslardan va kasalliklardan xoli oʻsimliklar yetishtirish; “in-vitro”laboratoriyasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi va har bir viloyatda uning hududiy tuzilmalari faoliyatini muvofiqlashtirish. 4. “Yashil hudud” davlat unitar korxonasi tuzilmasida alohida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Daraxt kasallik va zararkunandalariga qarshi kurashish xizmati (keyingi oʻrinlarda — Daraxt kasallik va zararkunandalariga qarshi kurashish xizmati) . 1) Respublikada daraxt va butalarning kasallik va zararkunandalariga qarshi kurashish tadbirlarini yanada samarali tashkil etish maqsadida “Yashil hudud” davlat unitar korxonasi tuzilmasida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Daraxt kasallik va zararkunandalariga qarshi kurashish xizmati tashkil etiladi. 2) Daraxt kasallik va zararkunandalariga qarshi kurashish xizmatining asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi; botanik, entomolog, fitopatolog, arbarist va dendorolog kabi mutaxassislardan tashkil etilgan Daraxt kasallik va zararkunandalariga qarshi kurashish xizmati faoliyatini yoʻlga qoʻyish; respublikada barpo etilgan daraxtzorlarni joriy tekshirish, entomologik va fitopatologik kuzatuvlarni amalga oshirish; kasallangan yoki zararlangan daraxt va butalardagi zararli taʼsirlarni hamda ularning kelib chiqish omillarini oʻrganish; daraxt va butalarda aniqlangan kasallik va zararkunandalarga qarshi mexanik, biologik va kimyoviy usullar asosida kurashish; kasallik va zararkunandalar taʼsirida zararlanish arafasida boʻlgan yoki zararlangan, qurigan daraxt va butalarni saqlab qolish, imkon boʻlmaganlarini boshqa daraxt va butalarni zararsizlantirilishidan saqlash choralarini koʻrish; daraxt, butalar kasallik va zararkunandalarini tarqalish holatlari toʻgʻrisida yagona axborot bazasini shakllantirish.
(9-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 26-sentabrdagi PF-149-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.10.2024-y., 06/24/149/0772-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 23-noyabrdagi PF-199-son Farmoniga 10-ILOVA
Oʻrmon xoʻjaligi agentligi tizimidagi oʻrmon xoʻjaliklarining bosqichma-bosqich 2024 — 2026-yillarda moddiy texnika bazasini mustahkamlash
Izoh. Texnikalar soni va rusumi amalga oshiriladigan ishlarning talabidan hamda ularning narxidan kelib chiqib oʻzgarishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 23-noyabrdagi PF-199-son Farmoniga 11-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-81-son Farmonda:
a) 8-bandda:
“a” kichik bandning ikkinchi xatboshisidagi “2023-yil 1-dekabrga qadar” soʻzlari “2024-yil 1-oktabrga qadar” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“b” kichik banddagi “yanvardan” soʻzi “oktabrdan” soʻzi bilan almashtirilsin;
b) 13-bandda:
“a” kichik bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“a) respublika budjetidan 2024-yil uchun 100 milliard soʻm, 2025-yil va undan keyingi yillar uchun 500 milliard soʻmdan mablagʻ ajratiladi hamda mablagʻlar “Ochiq budjet” axborot portali va Oʻzbekiston Respublikasining manzilli koʻkalamzorlashtirish investitsiya dasturi orqali quyidagilarga yoʻnaltiriladi:”;
“b” kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“b) har yili shakllantiriladigan va tasdiqlanadigan Oʻzbekiston Respublikasining manzilli koʻkalamzorlashtirish investitsiya dasturi amalga oshiriladi”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-oktabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida oʻrmon xoʻjaligi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PQ-4850-son qarorining 1-bandi toʻrtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Belgilansinki, 2024-yil 1-yanvardan boshlab davlat oʻrmon fondi uchastkalari faqat “E-auksion” platformasi orqali ijaraga beriladi”.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-171-son qarorida:
a) 6-banddagi “yanvardan” soʻzi “iyuldan” soʻzi bilan almashtirilsin;
b) 19-bandning birinchi xatboshisidagi “martdan” soʻzi “sentabrdan” soʻzi bilan almashtirilsin;
v) 2-ilovaning 2 va 3-pozitsiyalaridagi “MCHJ” qisqartmasi “davlat muassasasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
g) 4-ilovada:
2-pozitsiyaning “Chora-tadbirlar nomi” ustunidagi “25 ming” soʻzlari “10 ming” soʻzlari bilan almashtirilsin;
7-pozitsiya “Ijro qilish muddati” ustunidagi “2023-yil dekabr” soʻzlari “2024-yil avgust” soʻzi bilan almashtirilsin;
d) 5-ilovaning 40 va 43-pozitsiyalari “Ijro muddati” ustunidagi “2023-yil dekabr” soʻzlari “2024-yil iyun” soʻzlari bilan almashtirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-300-son qaroriga 3-ilovaning 14-pozitsiyasi “Vazifa” ustunidagi “30 foizga” soʻzlari “15 foizga” soʻzlari bilan almashtirilsin”.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 23-noyabrdagi PF-199-son Farmoniga 12-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim qarorlari
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-avgustdagi “Respublikada oʻrmonlardan foydalanish samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4424-son qarorining 2-bandi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-yanvardagi “Oʻrmon xoʻjaligi sohasida ilm-fanni rivojlantirish va ilmiy-tadqiqot ishlarini ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4960-son qarorining 3 va 4-bandlari.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-oktabrdagi “Yoʻl xoʻjaligi sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-330-son qarorining 9-bandi.