Qashqadaryo viloyatining mavjud ijtimoiy-iqtisodiy, shu jumladan ishlab chiqarish va investitsiya salohiyatidan samarali foydalanish, hududda muhandislik-kommunikatsiya, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmalarini yaxshilash, iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror rivojlantirish, shu asosda aholi bandligini taʼminlash va turmush darajasini oshirish maqsadida:
1. Quyidagilar Qashqadaryo viloyatini 2024-2025-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib belgilansin:
birinchidan, viloyatda 2024-2025-yillarda yalpi hududiy mahsulot hajmi tegishlicha — 5,8 foizga va 6 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi — 8 foizga va 8,5 foizga, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish hajmi — 4,5 foizga va 5 foizga, bozor xizmatlari hajmi — 14 foizga va 15 foizga oʻsishini taʼminlash;
ikkinchidan, 2024-yilda 550 ming va 2025-yilda 600 ming nafar aholining bandligini taʼminlash;
uchinchidan, 2024-yilda respublika budjetidan 100 milliard soʻm ajratish hisobiga 90 kilometr, 2024 — 2026-yillarda xalqaro moliya institutlari va xorijiy davlatlar mablagʻlari, shu jumladan Xitoy Xalq Respublikasining imtiyozli kreditlari hisobidan 316 kilometr, jami 406 kilometr kanallarni betonlashtirish. Shuningdek:
2024 — 2030-yillarda 11 ming kilometrdan ziyod tuproq oʻzanli xoʻjaliklararo irrigatsiya tarmoqlarini toʻliq betonlashtirish yoki ularni lotok tizimlari va yopiq quvurlarga oʻtkazish;
2024-2025-yillarda viloyatdagi sugʻoriladigan yer maydonlarini lazerli tekislash va buning natijasida, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishda unumdorlikni 20 foizga oshirish;
toʻrtinchidan, 2024-yilda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun nazarda tutilgan mablagʻlar hisobidan 220 milliard soʻm ajratish hamda 2024 — 2026-yillarda xalqaro moliya tashkilotlaridan 122,5 million AQSh dollarini jalb qilish hisobiga jami 364 kilometr, shundan 189 kilometr umumiy foydalanishdagi va 175 kilometr ichki avtomobil yoʻllarini taʼmirlash;
beshinchidan, 2024-yilda respublika budjetidan 52 milliard soʻm ajratish hamda xalqaro moliya tashkilotlaridan 31 million AQSh dollarini jalb qilish hisobiga jami 321 kilometr ichimlik suv tarmoqlari va 18 ta suv inshootini qurish orqali ichimlik suv taʼminoti qamrovini 73,6 foizga yetkazish;
oltinchidan, 2024-yilni Qashqadaryo viloyatida “Maktab taʼlimi va tibbiyot yili” deb eʼlon qilish hamda bu borada zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish.
Bunda, 2024-yilda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida 390 milliard soʻm ajratish hisobiga 64 ta umumtaʼlim maktabida qurilish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash ishlarini amalga oshirish;
yettinchidan, turizm yoʻnalishida rejalashtirilayotgan loyihalarni moliyalashtirish uchun viloyatga 500 million AQSh dollari miqdoridagi investitsiya mablagʻlarini jalb qilish hisobiga 4 million nafar mahalliy hamda 500 ming nafar xorijiy turist tashrifini tashkil qilish.
Bunda, 2024-yilda Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi hisobidan 50 million AQSh dollari hamda 2024-2025-yillarda jami 500 million AQSh dollari ekvivalentida markazlashgan va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish.
2. Quyidagilar:
Qashqadaryo viloyatida 2024-2025-yillarda aholi bandligini taʼminlashning reja koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;
Qashqadaryo viloyatidagi noruda foydali qazilma konlari joylashgan yer maydonlariga boʻlgan huquqlarni auksion savdolariga chiqarish grafigi 2-ilovaga muvofiq;
2024-2025-yillarda Qashqadaryo viloyatidagi sugʻoriladigan yer maydonlarini lazerli tekislashning reja koʻrsatkichlari 3-ilovaga muvofiq;
Qashqadaryo viloyatini 2024-2025-yillarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha ishlarni tashkil etish va muvofiqlashtirish yuzasidan respublika ishchi guruhi tarkibi 4-ilovaga muvofiq;
Qashqadaryo viloyatining tumanlariga (shaharlariga) biriktirilgan vazirlik, idora va tijorat banklari rahbar xodimlari roʻyxati 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Qashqadaryo viloyati hokimligining Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining hududiy tuzilmalari shtat birliklarini maqbullashtirish hisobiga Qashqadaryo viloyati hokimligi huzurida 10 ta shtat birligidan iborat Sanoatni rivojlantirish loyiha ofisini (keyingi oʻrinlarda — Loyiha ofisi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Loyiha ofisiga quyidagi asosiy vazifalar yuklansin:
sanoat sohasida foydalanilmayotgan zaxiralarni aniqlash va ularni safarbar etishni nazarda tutuvchi Sanoatning jadal rivojlanishi konsepsiyasini ishlab chiqish hamda viloyatning har bir tumanini (shaharini) oʻzaro uzviy holda rivojlantirish orqali viloyatni respublikada sanoati rivojlangan hududga aylantirish;
zamonaviy konstruktorlik va tajriba byurolariga ega boʻlgan “Ildam rivojlanuvchi innovatsion sanoat zonalari”ni barpo etish hamda innovatsion va yuqori texnologiyali sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish.
Qashqadaryo viloyati hokimligi mazkur tadbirlarni amalga oshirish uchun bir oy muddatda zarur tajribaga ega boʻlgan nufuzli xalqaro konsalting kompaniyasini jalb qilsin.
Bunda, xalqaro konsalting kompaniyasiga “Ildam rivojlanuvchi innovatsion sanoat zonasi”ni tashkil etish konsepsiyasini yoki master-rejasini investorlarni jalb qilgan holda ishlab chiqish vazifasi yuklansin.
Bosh vazir oʻrinbosari J. Qoʻchqorov ushbu maqsadlar uchun respublika budjetidan 10 milliard soʻm mablagʻ ajratilishini taʼminlasin.
4. Loyiha ofisi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, xalqaro konsalting kompaniyasi bilan birgalikda:
birinchi bosqichda, xomashyo va mehnat resurslari, atrofdagi hududlarda joylashgan yirik sanoat korxonalari va sanoat zonalari bilan kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish imkoniyatlari hamda boshqa omillardan kelib chiqib, belgilangan hududlar doirasida ishlab chiqarish korxonalarining maqbul joylashuvini belgilash boʻyicha takliflarni ishlab chiqsin;
“yashil”, innovatsion va raqamli texnologiyalarga hamda yuqori qoʻshilgan qiymat yaratishga asoslangan tovarlarning istiqboldagi bozor konyunkturasi asosida ishlab chiqarish yoʻnalishlari va mahsulot turlari boʻyicha takliflarni shakllantirsin;
ikkinchi bosqichda, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligini jalb qilgan holda hududlarning rivojlanishiga turtki beruvchi, ilgʻor ilmiy ishlanmalar va innovatsion texnologiyalarga asoslangan yuqori qoʻshilgan qiymat yaratuvchi salohiyatli investitsiya loyiha takliflari roʻyxatini shakllantirsin;
investitsiya loyihalarining maqbul joylashuvini taʼminlashni inobatga olgan holda yer maydonlarini alohida va yirik lotlarga ajratish orqali mulk va ijara huquqi asosida ochiq auksion savdolariga chiqarish boʻyicha takliflar tayyorlasin;
investorlar orasida qiziqishni kuchaytirish maqsadida har bir hududga taniqli xorijiy kompaniyalarni (brendlarni) jalb qilish choralarini koʻrish boʻyicha takliflar ishlab chiqsin;
yakuniy bosqichda kelgusi 5 yilda viloyatda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini kamida 2 barobarga oshirish, 2024-2025-yillarda kamida 400 million AQSh dollari miqdoridagi 30 ta yirik (asosiy farmatsevtika mahsulotlari, elektrotexnika mahsulotlari) va katta (kimyo mahsulotlari, elektr uskunalari) biznes loyihalarini amalga oshirish hamda eksport salohiyatini 3-4 barobarga oshirishning iqtisodiy asoslarini tayyorlagan holda mazkur tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Bunda, viloyat sanoati, investitsiya va eksport salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan tadbirlar uchta bosqichda, xususan birinchi bosqich olti oy muddatgacha, ikkinchi bosqich bir yilgacha hamda yakuniy bosqich ikki yilgacha boʻlgan davrda amalga oshiriladi.
5. Suv xoʻjaligi vazirligi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda Qashqadaryo viloyatidagi suv xoʻjaligi tashkilotlari hisobidagi 406 kilometr sugʻorish tarmoqlarini manzilli dastur asosida bosqichma-bosqich betonlashtirish ishlarini nazarda tutuvchi tegishli qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Bunda, sugʻorish tarmoqlarini betonlashtirish ishlarining moliyalashtirish manbai etib, 2024-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasidagi mablagʻlar hamda Xitoy Xalq Respublikasining imtiyozli kredit mablagʻlari belgilanishi nazarda tutilsin.
6. Suv xoʻjaligi vazirligi, Qashqadaryo viloyati hokimligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi uch oy muddatda Qamashi va Gʻuzor tumanlaridagi 25 ming gektar sugʻoriladigan yer maydonlarining suv taʼminotini yaxshilash maqsadida “Paxtaobod” kanalini modernizatsiya qilishga Jahon bankidan zarur mablagʻlarni jalb qilish boʻyicha tegishli muzokaralar va tadbirlarni amalga oshirsin.
7. Qishloq xoʻjaligi vazirligi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi, Qashqadaryo viloyati hokimligi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda qishloq xoʻjaligi yerlarida tuproqning ozuqa moddalari bilan taʼminlanganlik darajasini aniqlash maqsadida 2024-yilda qoʻshimcha ravishda 10 ta mobil laboratoriya faoliyatini tashkil qilgan holda 150 ming gektarda tuproqning agrokimyoviy tahlili xaritasini ishlab chiqib, uning yerdan foydalanuvchilarga yetkazib berilishini taʼminlasin.
8. Bosh vazir oʻrinbosarlari J. Qoʻchqorov, A. Ramatov va J. Xodjayev Qashqadaryo viloyati hokimligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, masʼul vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki hafta muddatda mazkur qarorning 1-bandidagi asosiy maqsadli koʻrsatkichlarga erishishni taʼminlash maqsadida Qashqadaryo viloyatini 2024-2025-yillarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturini tasdiqlash boʻyicha Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqib, belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Bunda, belgilanadigan har bir chora-tadbir boʻyicha masʼul ijrochilar, amalga oshirish mexanizmi va muddatlari aniq koʻrsatib oʻtilsin.
9. Mazkur qarorga 5-ilovadagi vazirlik, idora va tijorat banklari rahbar xodimlarining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda eksport salohiyatini oshirish, mavjud zaxira va imkoniyatlardan samarali foydalangan holda aholining doimiy daromadli mehnat bilan bandligini taʼminlash, yangi ish oʻrinlarini tashkil etish;
hududni kompleks rivojlantirish maqsadida qabul qilingan farmon, qaror va topshiriqlar ijrosining oʻz vaqtida va sifatli taʼminlanishini tashkillashtirish;
belgilangan vazifalarni amalga oshirish jarayonida vujudga kelgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan masʼul vazirlik va idoralar bilan birga zarur choralarni koʻrib borish.
10. Belgilansinki:
a) mazkur qaror ijrosi:
har olti oyda bir marta Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. Aripov tomonidan Vazirlar Mahkamasi Rayosatida;
har chorakda bir marta Respublika ishchi guruhi (J. Qoʻchqorov) va Qashqadaryo viloyati hokimligi tomonidan xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashi yigʻilishida;
har oyda kamida bir marta tumanlarga (shaharlarga) biriktirilgan masʼullar tomonidan xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari yigʻilishida mutasaddi vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari ishtirokida tanqidiy muhokama qilinadi;
b) Respublika ishchi guruhi (J. Qoʻchqorov) va Qashqadaryo viloyati hokimligi har chorak yakuni bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga mazkur qaror ijrosi yuzasidan axborot kiritib boradi.
11. Oliy Majlis Senatiga xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati, tuman (shahar) Kengashlari bilan birgalikda mazkur qaror ijrosini nazorat qilib borish tavsiya etilsin.
12. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Qashqadaryo viloyati hokimi M.B. Azimov va uning oʻrinbosarlari belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 14-dekabr,
PQ-389-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-dekabrdagi PQ-389-son qaroriga 1-ILOVA
Qashqadaryo viloyatida 2024-2025-yillarda aholi bandligini taʼminlashning
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-dekabrdagi PQ-389-son qaroriga 2-ILOVA
Qashqadaryo viloyatidagi noruda foydali qazilma konlari joylashgan yer maydonlariga boʻlgan huquqlarni auksion savdolariga chiqarish
Izoh: *mazkur yer qaʼri uchastkalarini auksion savdolariga chiqarishdan oldin, ushbu yerlarning toifasi belgilangan tartibda oʻzgartirilib, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligiga doimiy foydalanish huquqi asosida oʻtkaziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-dekabrdagi PQ-389-son qaroriga 3-ILOVA
2024-2025-yillarda Qashqadaryo viloyatida sugʻoriladigan yer maydonlarini lazerli tekislashning
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-dekabrdagi PQ-389-son qaroriga 4-ILOVA
Qashqadaryo viloyatini 2024-2025-yillarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha ishlarni tashkil etish va muvofiqlashtirish yuzasidan
Izoh: Respublika ishchi guruhi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan shaxslar kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-dekabrdagi PQ-389-son qaroriga 5-ILOVA
Qashqadaryo viloyatining tuman (shahar)lariga biriktirilgan vazirlik, idora va tijorat banklari rahbar xodimlari
Izoh: tuman (shahar)larga biriktirilgan masʼullar boshqa ishga oʻtgan taqdirda, ushbu lavozimga yangidan tayinlangan shaxslar roʻyxatga kiritiladi.
(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PF-22-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.02.2025-y., 06/25/22/0156-son)