PQ-410-son Qaror · 27.12.2023

Oʻzgalar parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-410
  • Qabul qilingan sana:27.12.2023
  • Kuchga kirgan sana:29.12.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/23/410/1005

Oʻzgalar parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatish tizimini takomillashtirish, ularni qoʻllab-quvvatlash, jamiyatga integratsiya qilish va mustaqil hayot kechirishlari uchun zarur sharoitlar yaratish, ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish jarayonini raqamlashtirish, koʻrsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish maqsadida:

1. Quyidagilar oʻzgalar parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar va yordam koʻrsatishning ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:

oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz yashovchi hamda yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarni (keyingi oʻrinlarda — yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar) aniqlash tartib-taomillarini optimallashtirish va raqamlashtirish;

ijtimoiy xizmatlarni mahalla darajasida tashkil etish orqali mazkur xizmatlardan foydalanish qamrovini kengaytirish;

oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan shaxslarning salomatligi va turmush sifatini yaxshilash orqali ularning ijtimoiylashuvini taʼminlash;

ijtimoiy himoya tizimida parvarishlash iqtisodiyotini shakllantirish orqali xususiy sektor ishtirokini kengaytirish;

yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarning ijtimoiy ahvolidan kelib chiqib tabaqalashtirilgan ijtimoiy xizmatlar va yordam koʻrsatish tizimini joriy etish.

2. Belgilansinki:

a) yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarni aniqlash, ularga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish yoʻnalishida:

“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz yashovchi hamda yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarning reyestri (keyingi oʻrinlarda — reyestr) yuritiladi;

yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarni aniqlash va ularning murojaatlarini qabul qilish mahalla darajasida amalga oshiriladi;

“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan oʻzgalarning parvarishiga muhtojlik darajasini baholash natijalari hamda individual tartibdagi ijtimoiy xizmatlar va yordam koʻrsatish rejasi (keyingi oʻrinlarda — Individual ijtimoiy xizmatlar rejasi) tasdiqlanadi;

yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarning yoʻqotilgan biometrik pasportlari (identifikatsiya ID-kartalari) ular reyestrga kiritilguniga qadar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi buyurtmasi asosida davlat boji undirilmagan holda almashtirib beriladi;

reyestrga kiritilgan yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar “Elektron hukumat” tizimining Idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali tegishli ijtimoiy xizmatlar va yordamni koʻrsatish uchun boshqa davlat organlariga taqdim etiladi;

reyestrga kiritilgan yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarning yashash sharoiti individual ijtimoiy xizmatlar rejasiga muvofiq moslashtirib beriladi;

b) 2024-yil 1-fevraldan boshlab reyestrga kiritilgan yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy xizmatlar va yordam ijtimoiy xizmat koʻrsatish shartnomasi asosida koʻrsatiladi;

v) vasiylikdagi shaxsning mol-mulkini taqsimlash va uning taqdirini hal etishga qaratilgan boshqa bitimlar notarial tasdiqlashdan avval “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari bilan kelishiladi.

(2-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-apreldagi PF-69-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.04.2026-y., 06/26/69/0420-son)

g) 2024-yil 1-apreldan boshlab:

“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tizimidagi tibbiy-ijtimoiy muassasalarda shartnoma asosida pullik xizmat koʻrsatish tartibi joriy etiladi. Bunda, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari hamda tibbiy-ijtimoiy muassasalarda shartnoma asosida koʻrsatiladigan pullik xizmatlar roʻyxati Agentlik tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi;

reyestrga kiritilgan yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga va ularga bevosita hamrohlik qiluvchi bir nafar shaxsga bir yilda bir marta temir yoʻl yoki shaharlararo avtobus uchun bepul chiptalar (borish va qaytish uchun) ajratiladi.

3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2024-yil 1-martdan boshlab:

(3-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-apreldagi PF-69-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.04.2026-y., 06/26/69/0420-son)

b) har olti oyda bir marotaba ijtimoiy xizmatlar sifati hamda individual ijtimoiy xizmatlar rejasi natijalari “Inson” markazi xodimi, oilaviy shifokor hamda fuqarolar yigʻini raisi tomonidan monitoringdan oʻtkaziladi. Bunda:

(3-band “b” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-apreldagi PF-69-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.04.2026-y., 06/26/69/0420-son)

yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarning oddiy va murakkab harakatlarni amalga oshirish imkoniyati baholab boriladi;

individual ijtimoiy xizmatlar rejasida belgilangan xizmatlarning masʼul xodim tomonidan koʻrsatilgan muddati, natijasi, sifati, samaradorligi, bexatarligi baholanadi va monitoring maʼlumotlari “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimiga kiritib boriladi;

ijtimoiy xizmatdan foydalanuvchi tomonidan xizmatdan qoniqish hosil qilganligi darajasi baholanadi;

v) notariuslar tomonidan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga umrbod renta shartnomasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar yuboriladi.

Bunda, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining ijtimoiy xodimlari tomonidan renta toʻlovchi tomonidan umrbod renta shartnomasi shartlariga rioya etilishi monitoring qilib boriladi;

g) ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordamlar koʻrsatish dasturlari boʻyicha axborot targʻiboti yoʻnalishida:

Agentlik buyurtmasiga asosan Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordamlar koʻrsatish dasturlari boʻyicha maʼlumotlar mobil aloqa operatorlari va kontent-provayderlar orqali aholining mobil aloqa vositalariga SMS-xabar koʻrinishida yuboriladi;

Agentlik buyurtmasi boʻyicha mobil aloqa operatorlari va kontent-provayderlarning SMS-xabarni foydalanuvchiga uzatish bilan bogʻliq xarajatlari yuridik shaxslarning soliq bazasiga kiritilmaydi.

Bunda, ijtimoiy xizmatlar va yordamlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mobil aloqa operatorlari va kontent-provayderlar tomonidan uzatilishi uchun SMS-xabar limiti ajratiladi.

4. Agentlikning “Saxovat” keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar uchun internat uylari hamda Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatini Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash markazi sifatida qayta nomlash haqidagi taklifiga rozilik berilsin.

5. Belgilansinki:

a) Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash markazida:

yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarning ijtimoiylashuvini taʼminlash maqsadida ijtimoiy-mehnat reabilitatsiya xonalari tashkil etiladi;

istiqomat qiluvchi har 100 kishiga Agentlik tizimidagi muassasalarning amaldagi shtat birliklari doirasida bir nafardan ijtimoiy xodim, reabilitolog va mehnat yoʻriqchisi shtat birliklari joriy etiladi;

istiqomat qiluvchilarning oʻz xohishiga koʻra mehnat faoliyati bilan shugʻullanishiga ruxsat beriladi;

b) 2024-yil 1-apreldan boshlab Samarqand va Fargʻona viloyatlari hamda Toshkent shahrida joylashgan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash markazlarida eksperiment tariqasida:

ularda joylashtirilgan shaxslarga ularning ehtiyoji hamda xohishiga koʻra qisqa va uzoq muddat qolish hamda internat uyidan butunlay chiqish imkoniyati yaratiladi;

ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash markazlari joylashgan hududdagi oʻzgalar parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar, shu jumladan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” ATga kiritilgan oilalarning oʻzgalar parvarishiga muhtoj keksalari va nogironligi boʻlgan shaxslariga shartnoma asosida mobil, kunduzgi qatnov shaklidagi, qisqa va uzoq muddatli ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlari koʻrsatiladi;

(5-band “b” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 7-maydagi PF-75-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.05.2024-y., 06/24/75/0335-son)

(5-band “b” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 7-maydagi PF-75-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.05.2024-y., 06/24/75/0335-son)

(5-band “b” kichik bandining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 7-maydagi PF-75-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.05.2024-y., 06/24/75/0335-son)

Bunda mazkur kichik bandning uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan xizmatlar 2025-yil 1-iyuldan boshlab respublikaning barcha hududlaridagi Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash markazlarida yoʻlga qoʻyiladi.

(5-band “b” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-maydagi PF-84-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2025-y., 06/25/84/0432-son)

6. 2024-yil 1-maydan boshlab reyestrga kiritilgan yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga (yolgʻiz yashovchi keksalar va yolgʻiz yashovchi nogironligi boʻlgan shaxslar bundan mustasno) har oylik uy-joy kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha kompensatsiya hamda oziq-ovqat mahsulotlari va shaxsiy gigiyena tovarlari uchun har oyda qoʻshimcha pul toʻlovlari oʻrniga yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar uchun har oyda minimal isteʼmol xarajatlari miqdorida moddiy yordam joriy etilsin.

(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-185-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.11.2024-y., 06/24/185/0944-son)

7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi — Agentlik direktori M.P. Olloyorov Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov bilan birgalikda 2026-yil 1-yanvarga qadar Agentlik tizimidagi keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriylar faoliyatini takomillashtirish hamda imtiyozli toifadagi shaxslarni sanatoriya muassasalarida davolash tizimini yanada rivojlantirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga taklif kiritsin.

(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-maydagi PF-84-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2025-y., 06/25/84/0432-son)

8. Ijtimoiy himoyaga muhtoj keksa va nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

9. Agentlik ikki oy muddatda yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatish shartnomasining namunasini hamda yolgʻiz va yolgʻiz yashovchi keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarni aniqlash, ularga ijtimoiy xizmatlar va yordam koʻrsatish reglamentini tasdiqlasin.

10. Mazkur qarorning ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi — Agentlik direktori M.P. Olloyorov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 27-dekabr,

PQ-410-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-dekabrdagi PQ-410-son qaroriga ILOVA

Ijtimoiy himoyaga muhtoj keksa va nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha

(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-apreldagi PF-69-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.04.2026-y., 06/26/69/0420-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.