Jahon turizm bozoridagi kuchli raqobat sharoitida Oʻzbekistonga xorijiy turistlarni keng jalb qilish, ularga zarur shart-sharoitlar yaratish, turizm namoyishi obyektlaridan samarali foydalangan holda hududlarni oʻzaro bogʻlovchi turizm xizmatlarini yanada kengaytirish, sohada yangi ish oʻrinlarini yaratish, shuningdek, respublika turizm salohiyatini xorijiy mamlakatlarda manzilli targʻib qilish maqsadida:
1. Quyidagilar:
2024-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida turizmni rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan 2024-yilda xorijiy turistlarni Oʻzbekistonga jalb qilish boʻyicha reja-jadval 2-ilovaga muvofiq;
Xorijiy va mahalliy turistlar oqimini yanada oshirish hamda zarur shart-sharoitlarni yaratish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq;
Xitoy Xalq Respublikasi, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Arab davlatlari va Rossiya Federatsiyasidan turistlarni jalb qilish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 4a — 4g-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining:
turizm salohiyati yuqori boʻlgan tuman va shaharlarda zamonaviy mehmonxonalar (joylashtirish vositalari) va maydoni 5 ming kvadrat metrdan ortiq boʻlgan savdo-koʻngilochar majmualaridan iborat boʻlgan turizm markazlarini barpo qilish;
“Zomin” turistik-rekreatsion zonasi, “Chimyon” xalqaro umummavsumiy kurorti va “Amirsoy” togʻ-changʻi kurort zonasi hududida boj olinmaydigan (“duty free”) va yirik xalqaro brendlarning savdo doʻkonlaridan iborat boʻlgan yirik savdo komplekslarini (“Luxury tourism village”) barpo qilish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
Zamonaviy mehmonxonalar va savdo-koʻngilochar majmualardan iborat boʻlgan turizm markazlari va yirik savdo komplekslari barpo qilinadigan tuman (shahar)lar roʻyxati 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilab qoʻyilsinki, turizm markazlari hududidagi:
a) mehmonxonalarda:
tunu kun ishlaydigan restoran, kafe va umumiy ovqatlanish shoxobchalari faoliyati;
sogʻlomlashtirish va “SPA” xizmatlari, suzish havzalari (basseyn) faoliyati yoʻlga qoʻyiladi;
b) savdo-koʻngilochar majmualarda:
boj olinmaydigan savdo doʻkonlari (“duty free”) va qoʻshilgan qiymat soligʻi bilan sotilgan ayrim turdagi tovarlarga “tax free” tizimi qoʻllaniladigan chakana savdo shoxobchalari;
milliy ipak matolari hamda hunarmandchilik (suvenir) mahsulotlari savdosi;
milliy zargarlik mahsulotlari va Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan, qimmatbaho metallardan tayyorlangan (10, 20, 50, 100, 200, 500 gramm va 1 kilogrammli oltin quymalar) oʻlchovli quymalar chakana savdosidan iborat boʻlgan “oltin yoʻlak” savdo qatorlari;
yirik xalqaro brendlarning sifatli mahsulotlari savdosi;
toʻy marosimi tadbirlarini tashkil etish uchun hudud va kinoteatrlar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-yanvardagi “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-104-son qarori 2-bandining “v” kichik bandida belgilangan imtiyozlar turizm markazlariga nisbatan ham tatbiq etish yuzasidan tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini kiritsin.
4. Turizm markazlari va yirik savdo komplekslarini barpo qilish uchun yer uchastkalarini aniqlash boʻyicha ishchi guruh tarkibi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Ishchi guruh (A. Aripov) ikki oy muddatda mazkur Farmonning 5-ilovasida belgilangan tuman va shaharlarda turizm markazlarini va yirik savdo komplekslarini (“Luxury tourism village”) barpo etish uchun yer uchastkalari hududini aniqlasin va belgilangan tartibda savdoga chiqarilishini taʼminlasin.
5. Belgilansinki, turizm markazlarining master rejalari loyihalarini ishlab chiqish boʻyicha loyihalashtirish va konsalting kompaniyalari, mahalliy va xorijiy ekspertlar hamda boshqaruvchi kompaniyalar xizmatlari uchun haq toʻlash Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qoʻmitasining (keyingi oʻrinlarda — Turizm qoʻmitasi) Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
6. “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasining quyidagilarni amalga oshirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:
turizm markazlari hududidagi savdo-koʻngilochar majmualarining “oltin yoʻlak” savdo qatorlarida zargarlik buyumlarining chakana savdo doʻkonlarini qurish uchun mahalliy va xorijiy investorlarni jalb etish;
turizm markazlari hududidagi savdo-koʻngilochar majmualarga zargarlik buyumlarini sotish bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlarini jalb etish;
turizm markazlari hududidagi savdo-koʻngilochar majmualaridagi savdo doʻkonlarining uzluksiz faoliyat olib borishi uchun zarur choralarni amalga oshirish.
7. Belgilansinki:
2024-yildan boshlab xorijiy mamlakatlarda respublikaning turizm salohiyatini targʻib qilish uchun Turizm qoʻmitasining Turizm vakillari biriktiriladi;
Turizm vakillariga nomzodlar hamda ular tomonidan respublikaning turizm salohiyati targʻib qilinadigan xorijiy mamlakatlar Turizm qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadi;
Turizm vakilini Oʻzbekiston Respublikasining turizm salohiyatini targʻib qilish faoliyatini ragʻbatlantirish Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
Turizm vakili uchun Oʻzbekiston Respublikasining turizm salohiyatini namoyish qiluvchi targʻibot materiallari (foto va video materiallar, buklet, flayer va boshqalar) Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan tayyorlanadi va yetkaziladi.
Turizm qoʻmitasi ikki oy muddatda xorijiy mamlakatlarda respublikaning turizm salohiyatini targʻib qilish uchun Turizm vakillarining biriktirilishini taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasida turizm va unga yondosh sohalarni jadal rivojlantirish boʻyicha ishchi guruhlar tarkibi 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Ishchi guruhlar rahbarlari 2024-yil 1-iyunga qadar:
respublikada savdo-koʻngilochar majmualarini barpo qilishni qoʻllab-quvvatlash va yirik xalqaro savdo brendlarini mamlakatimizga jalb qilish;
tibbiyot turizmini rivojlantirish, yirik tibbiyot klasterlarini barpo qilish hamda “Medical visa” muddatini uzaytirish;
xorijiy mamlakatlarning sinovdan oʻtgan ijobiy tajribasi asosida hunarmandchilik mahsulotlarini ishlab chiqarishni kengaytirish va hunarmandlarni qoʻllab-quvvatlashning yangi tizimini joriy qilish;
“Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti tasarrufidagi texnikum va kollejlarga xorijiy hamda xalqaro taʼlim muassasalarini “franshiza” asosida jalb qilish;
xalqaro nufuzli turistik va marketing raqamli platformalarida respublikaning milliy turizm mahsulotlari va xizmatlarini joylashtirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi loyihalarini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. Turizm sohasidagi loyihalarni amalga oshirishni moliyalashtirish uchun quyidagi mablagʻlar hisobidan jami 200 million AQSH dollari ekvivalentida turizm kredit liniyasi ochilsin:
50 million AQSH dollari — oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida loyihalarni moliyalashtirish uchun ajratilgan mablagʻlar hisobidan;
150 million AQSH dollari — Turizm qoʻmitasi hamda tijorat banklari tomonidan xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlaridan turizm kredit liniyasini amalga oshirish uchun jalb qilinadigan mablagʻlar hisobidan.
Belgilansinki, turizm kredit liniyasi oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari tarkibiga qoʻshiladi hamda quyidagi shartlarda amalga oshiriladi:
a) turizm kredit liniyasining 50 foizi:
3 yil muddatga, shu jumladan 1 yillik imtiyozli davr bilan yillik Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada milliy valyutada joylashtirish vositalari hududida choʻmilish havzalari (basseyn) uchun — 200 million soʻmgacha;
5 yil muddatga, shu jumladan 1 yillik imtiyozli davr bilan yillik Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada chodirlar (kemping) uchun — 100 million soʻmgacha, oʻtovlar uchun — 300 million soʻmgacha, ekouylar uchun — 500 million soʻmgacha, konteynerlar uchun — 600 million soʻmgacha, xostellar uchun — 1 milliard soʻmgacha hamda glempinglar uchun — 1,5 milliard soʻmgacha, modulli mehmonxonalar va avtokemping lagerlar (kamida 10 ta avtokemping) uchun — 3 milliard soʻmgacha milliy valyutada ajratiladi;
b) turizm kredit liniyasining 50 foizi tijorat banklari tomonidan zamonaviy akvaparklar qurish uchun 10 milliard soʻmgacha 10 yil muddatga, shu jumladan 1 yillik imtiyozli davr bilan yillik Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada milliy valyutada ajratiladi.
Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Kuchkarov turizm sohasidagi loyihalarni amalga oshirishni moliyalashtirish boʻyicha kredit liniyasidan samarali foydalanish, loyihalar amalga oshirilishi va belgilangan muddatda ishga tushirilishini muvofiqlashtirib borsin.
10. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Turizm qoʻmitasi bilan birgalikda turizm markazlari uchun yer maydonlari ajratilgandan soʻng 6 oy muddatda ularning master rejalari ishlab chiqilishini taʼminlasin.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-maydagi PF-87-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.05.2025-y., 06/25/87/0451-son)
11. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2024-yildan boshlab:
a) turizm namoyishi obyektlarini oʻzaro bogʻlovchi “turizm halqalari”ni tashkil qilish asosida sayohat muddatini oshirishni nazarda tutuvchi “Oʻzbekistonda yana bir kun sayohat” dasturi amalga oshiriladi. Bunda:
respublika hududlaridagi turizm namoyishi obyektlarini oʻzaro bogʻlovchi “respublika turizm halqalari” (viloyatlararo);
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hududidagi turizm namoyishi obyektlarini oʻzaro bogʻlovchi “hududiy turizm halqalari” (tuman va shaharlararo) tashkil etiladi.
Turizm qoʻmitasi Savdo-sanoat palatasi, Madaniyat vazirligi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda “turizm halqalari”ga kiritilgan eng yaxshi turizm namoyishi obyektlari va soha subyektlarini “Uzbekistan Tourism Industry Awards” mukofoti bilan taqdirlab borsin;
b) respublikadagi turizm namoyishi obyektlarini oʻzaro bogʻlovchi Turistik yoʻnalishlar (marshrutlar)ning yagona reyestri yuritiladi. Bunda:
Turistik yoʻnalishlar (marshrutlar)ning yagona reyestrini (keyingi oʻrinlarda — Yagona reyestr) shakllantirish va yuritish Turizm qoʻmitasi tomonidan amalga oshiriladi;
Yagona reyestrga kiritilgan turistik yoʻnalishlar (marshrutlarga) Turizm qoʻmitasi mualliflik huquqiga ega boʻlmaydi;
turizm obyektlarining yoʻl infratuzilmasi va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash uchun Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritishda Yagona reyestrga kirgan obyektlarga ustuvorlik beriladi;
turoperatorlar oʻz “turistik paket”larini shakllantirishida Yagona reyestrga kiritilgan maʼlumotlardan bepul foydalanadi;
v) har ikki yilda bir marotaba may oyining uchinchi haftasida mukofot jamgʻarmasi 1 million AQSH dollari boʻlgan Xalqaro “Oʻzbekiston ipak matolari” moda haftaligi (“SILK UZBEKISTAN FASNION WEEK”) oʻtkaziladi. Bunda:
(11-band “v” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-227-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 06/24/227/1089-son)
moda haftaligi davomida jahonning yetakchi moda uylari jalb qilinadi va ular oʻrtasida Oʻzbekistonning ipak matolaridan zamonaviy kiyimlarni tayyorlash boʻyicha tanlov oʻtkaziladi;
moda haftaligining mukofot jamgʻarmasi Respublika budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi;
g) milliy zargarlik mahsulotlari doʻkonlarida Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan, qimmatbaho metallardan tayyorlangan oʻlchovli quymalar hamda Markaziy bankning esdalik pul belgilarini sotish uchun vending avtomatlarini oʻrnatishga ruxsat beriladi.
12. Turizm qoʻmitasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda uch oy muddatda “Oʻzbekistonda yana bir kun sayohat” dasturini ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
13. Belgilansinki, 2024-yildan boshlab:
a) “Toʻrt faslning har birida sayohat” turizm mavsumlarining ochilishini nazarda tutuvchi festivallar oʻtkaziladi. Bunda:
bahor turizm mavsumi — fevral oyining, yoz turizm mavsumi — may oyining, kuz turizm mavsumi — avgust oyining va qish turizm mavsumi — noyabr oyining soʻnggi haftasida boshlanadi;
bahor va kuz fasllarida respublikaning eko, ekstremal, agro, gastronomik va tibbiy, sogʻlomlashtirish turizm salohiyati;
yoz faslida respublikaning suvda dam olish va plyaj, eko, tarixiy bilim beruvchi va madaniy-koʻngilochar, gastronomik turizm salohiyati;
qish faslida respublikaning tibbiy, sogʻlomlashtirish, ekstremal turizm va togʻ-changʻi kurort zonalarining imkoniyatlari namoyish etiladi hamda targʻib qilinadi;
b) ichki turizm yoʻnalishidagi turoperatorlarning mahsulotlarini turistlarga taqdim qilish maqsadida “Toʻrt faslning har birida sayohat” turizm mavsumining ochilishi doirasida “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” ichki turizm yarmarkasi tashkil etiladi.
Ichki turizm yarmarkasi 2024-yilda Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan Toshkent shahrida, 2025-yildan boshlab ishtirok etuvchi tadbirkorlik subyektlari, mahalliy budjet va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan respublika hududlarida oʻtkaziladi;
v) Butunjahon turizm tashkiloti (YUNVTO) shafeligidagi Xalqaro turizm akademiyasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash maqsadida har yili Davlat budjeti hisobidan mablagʻlar ajratib boriladi.
14. Belgilansinki, 2024-yil 1-martdan 2026-yil 1-martga qadar:
a) belgilangan tartibda tasdiqlangan roʻyxatga asosan tadbirkorlik subyektlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan oʻxshashi respublikada ishlab chiqarilmaydigan quyidagi tovarlar bojxona bojlari toʻlanishidan ozod etiladi:
mehmonxona va boshqa joylashtirish vositalari, savdo-koʻngilochar majmualarini qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun asbob-uskunalar, texnika, xomashyo, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar, mebel va inventarlar, qurilish materiallari va boshqa materiallar;
choʻmilish havzalari (basseyn) va akvaparklar uchun moʻljallangan asbob-uskunalar, jihozlar, turniketlar, toʻlov-maʼlumot terminallari, videokuzatuv tizimlari, yangi zamonaviy energiya tejovchi tizimlar, maxsus suv tozalash filtrlari;
turizm markazlarida joylashgan zargarlik va oltin mahsulotlari chakana savdosi doʻkonlari faoliyatini tashkil qilish uchun kerak boʻladigan qurilish (rekonstruksiya va modernizatsiya qilish) materiallari, asbob-uskunalar va texnologiyalar;
b) Moʻynoq va Zomin aeroportlariga parvozlar amalga oshirilganda 23 yoshgacha boʻlgan yoshlar, yoshga doir pensiya va nafaqa oluvchilar, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun aviayoʻlovchilar chiptalarini sotish 50 foizlik imtiyozli tariflar boʻyicha amalga oshiriladi hamda yoʻlovchi tashuvchi kompaniyalarning ushbu imtiyoz taqdim qilish bilan bogʻliq xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.
15. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi mehmonxona va turizm xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha davlat aktivlarini savdoga chiqarishda xarid toʻlovlarini, miqdoridan qatʼi nazar, 5 yilgacha boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyatini nazarda tutsin.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi PF-70-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.04.2025-y., 06/25/70/0375-son)
16. Turizm qoʻmitasiga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatilsin:
hududlarda turizm bozorining turli segmentlariga moʻljallangan va hunarmandchilik faoliyatining har bir yoʻnalishini rivojlantirishga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqish hamda ularning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish;
milliy hunarmandchilik, ayniqsa suvenir mahsulotlarining raqobatbardoshligi va sifatini, turistlar uchun ular jozibadorligini yanada oshirish, shuningdek, hunarmandchilik mahsulotlarini keng targʻib qilish;
hunarmandchilik faoliyatini amalga oshirish va eksportni ragʻbatlantirish uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan qonunchilik bazasini takomillashtirish, xalqaro meʼyor va standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish.
Belgilansinki, Turizm qoʻmitasi ushbu band bilan unga yuklatilgan vazifalarni “Hunarmand” uyushmasi va yirik hunarmandlar bilan birgalikda ishlab chiqadi va amalga oshiradi.
17. Ichki ishlar vazirligi ikki hafta muddatda Taxtaqoracha dovonidan oʻtish talablarni qayta koʻrib chiqib, avtotransport vositalarining dovondan oʻtishiga nisbatan talablarni yumshatish choralarini koʻrsin.
18. Turizm qoʻmitasi uch oy muddatda xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda umumiy ovqatlanish shoxobchalarida koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan seminarlar tashkil qilsin.
19. Quyidagilar:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari har oyda kamida bir marotaba turizm sohasidagi tadbirkorlik subyektlari bilan “ochiq muloqot” shaklida uchrashuv oʻtkazib, hududning turizm salohiyatini yanada oshirish yuzasidan chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov har chorakda kamida bir marotaba vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida turizm sohasida amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha muhokamalar oʻtkazib borsin, sohada yuzaga kelayotgan muammolarni tezkor bartaraf etish va oldini olish yuzasidan ularning axborotlarini eshitib borsin hamda turizmni rivojlantirish boʻyicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlasin.
20. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
21. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosarlari hamda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A.A. Abduxakimov belgilansin.
Farmon ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 12-yanvar,
PF-9-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-yanvardagi PF-9-son Farmoniga 1-ILOVA
2024-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida turizmni rivojlantirishning
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-yanvardagi PF-9-son Farmoniga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan 2024-yilda xorijiy turistlarni Oʻzbekistonga jalb qilish boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-yanvardagi PF-9-son Farmoniga 3-ILOVA
Xorijiy va mahalliy turistlar oqimini yanada oshirish hamda zarur shart-sharoitlarni yaratish boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-yanvardagi PF-9-son Farmoniga 4a-ILOVA
Xitoy Xalq Respublikasidan turistlarni jalb qilish boʻyicha chora-tadbirlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-yanvardagi PF-9-son Farmoniga 4b-ILOVA
Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan turistlarni jalb qilish boʻyicha chora-tadbirlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-yanvardagi PF-9-son Farmoniga 4v-ILOVA
Arab davlatlaridan turistlarni jalb qilish boʻyicha chora-tadbirlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-yanvardagi PF-9-son Farmoniga 4g-ILOVA
Rossiya Federatsiyasidan turistlarni jalb qilish boʻyicha chora-tadbirlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-yanvardagi PF-9-son Farmoniga 5-ILOVA
Zamonaviy mehmonxonalar va savdo-koʻngilochar majmualardan iborat boʻlgan turizm markazlari va yirik savdo komplekslari barpo qilinadigan tuman (shahar)lar
Izoh: Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat Kengashlari Turizm qoʻmitasi bilan kelishgan holda ushbu roʻyxatga qoʻshimchalar kiritishi yoki bir tuman (shahar)da ikki va undan ortiq “turizm markazlari” hududini belgilashi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-yanvardagi PF-9-son Farmoniga 6-ILOVA
Turizm markazlari va yirik savdo komplekslarini barpo qilish uchun yer uchastkalarini aniqlash boʻyicha ishchi guruh
Izoh: Ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-yanvardagi PF-9-son Farmoniga 7-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida turizm va unga yondosh sohalarni jadal rivojlantirish boʻyicha ishchi guruhlar
Izoh: Ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.