PQ-75-son Qaror · 19.02.2024

Qonunlarning ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishdagi rolini hamda norma ijodkorligi jarayoni sifatini yanada oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-75
  • Qabul qilingan sana:19.02.2024
  • Kuchga kirgan sana:20.02.2024
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/24/75/0137

Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasining qabul qilinishi milliy qonunchilikni takomillashtirish, qonun ijodkorligi jarayoni sifati va samaradorligini oshirish, toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladigan qonunlarni qabul qilish amaliyotini kengaytirish, shuningdek, huquqiy tartibga solish barqarorligini taʼminlash boʻyicha bir qator vazifalarni kun tartibiga qoʻymoqda.

“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasining norma ijodkorligi faoliyatining islohotlar bilan uygʻunligini taʼminlash va davlat huquqiy siyosatining institutsional asoslarini rivojlantirish boʻyicha maqsadiga erishish, shuningdek, qonunlarning ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishdagi rolini yanada oshirish, shu jumladan, ulardagi huquqiy boʻshliqlarni toʻldirish va havolaki normalarini amalga oshirish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni belgilash hamda huquqni qoʻllash amaliyotining bir xilligini taʼminlash maqsadida:

1. 2017 — 2023-yillarda qabul qilingan 135 ta yaxlit qonunda jami 543 ta havolaki norma mavjudligi, shundan 23 ta qonundagi 41 ta havolaki normani amalga oshirish boʻyicha qonunosti hujjatlari qabul qilinmaganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Davlat va jamiyat qurilishi, sud-huquq, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalardagi qonunlarning havolaki normalarini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi (keyingi oʻrinlarda — chora-tadbirlar rejasi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Oliy Majlis palatalari va Vazirlar Mahkamasining toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiluvchi qonunlarning ulushini izchil oshirib borish hamda qonunlardagi havolaki normalar oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida 2024-yil 1-martdan boshlab quyidagi tartib-taomillarni joriy etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin:

qonun loyihasidagi havolaki normalarni amalga oshirishning aniq muddatlari va masʼul ijrochilarini loyihaning oʻzida majburiy tartibda belgilash;

tegishli sohani tartibga soluvchi qonun loyihasini tayyorlashda ushbu sohadagi qonunosti hujjatlari bilan tartibga solingan munosabatlarni qonun darajasiga koʻtarish imkoniyatini muhokama qilish shartligini belgilash va bu haqda qonun loyihasining tushuntirish xatida koʻrsatish;

qonun kuchga kirgan kundan boshlab besh yil oʻtib, masʼul davlat organi va Oliy Majlis palatalarining qoʻmitalari tomonidan qonunning samaradorligini, maqsadi va kutilgan natijalariga erishilganligini aniqlash uchun uning tartibga solish taʼsirini baholash amaliyotini joriy etish.

4. Normativ-huquqiy hujjat loyihalarini ishlab chiqishda fuqarolik jamiyati institutlari, ilmiy hamjamiyat vakillari ishtirokini kengaytirish, jamoatchilik muhokamasi tizimini takomillashtirish hamda norma ijodkorligi jarayonining xalqchil boʻlishini taʼminlash maqsadida 2024-yil 1-martdan boshlab quyidagilarni nazarda tutuvchi tartib joriy etilsin:

yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida toʻplangan ijobiy tajriba asosida eng muhim iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishdan oldin ularning tayyorlanishi haqidagi axborot normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtiriladi hamda dastlab jamoatchilikning taklif va tavsiyalari olinib, ular asosida tegishli loyihalar ishlab chiqiladi;

normativ-huquqiy hujjatni kuchini yoʻqotgan deb topish boʻyicha loyiha ishlab chiqilganda, uning asosida qabul qilingan quyi turuvchi normativ-huquqiy hujjatlar xatlovdan oʻtkazilib, ularni ham oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish masalasi koʻrib chiqiladi.

5. Masʼul vazirlik va idoralar ushbu qarorga ilovaga muvofiq tasdiqlanayotgan chora-tadbirlar rejasida belgilangan muddatlarda qonun hujjatlarini tanqidiy tahlil qilish, milliy va xalqaro tajribani chuqur va har tomonlama oʻrganish yakunlari boʻyicha normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarning puxta ishlab chiqilishi, kelishilishi hamda qabul qilinishi yoki oʻrnatilgan tartibda kiritilishini taʼminlasin.

6. Adliya vazirligi:

normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari belgilangan tartibda kelishilishi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oliy Majlis va Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi ustidan monitoring olib borsin;

chora-tadbirlar rejasida nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini huquqiy ekspertizadan va idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;

jamoatchilik muhokamasiga chiqarilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari boʻyicha aholining taklif va eʼtirozlariga ishlab chiquvchi tomonidan munosabat bildirilishi ustidan taʼsirchan nazorat oʻrnatsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mamlakat hududida oliy yuridik kuchga egaligi hamda toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilishi toʻgʻrisidagi konstitutsiyaviy normalardan kelib chiqib, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini huquqiy ekspertizadan oʻtkazishda ularning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini baholashni alohida mezon sifatida belgilasin;

normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini huquqiy ekspertizadan oʻtkazishda ushbu qaror talablariga rioya etilishini taʼminlasin;

uch oy muddatda ushbu qaror talablaridan kelib chiqib, eng muhim iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini jamoatchilik taklif va tavsiyalari asosida ishlab chiqish boʻyicha vazirlik va idoralar uchun uslubiy tavsiyalarni tasdiqlasin;

uch oy muddatda qonunlarning amaliyotda aniq va toʻgʻri qoʻllanishini taʼminlash maqsadida ularning huquqni qoʻllovchilarga va aholiga tushuntirish yuzasidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga takliflar kiritsin.

7. Masʼul vazirlik va idoralarning birinchi rahbarlari zimmasiga chora-tadbirlar rejasida belgilangan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar loyihalari oʻz vaqtida va sifatli tayyorlanishi, ekspertiza qilinishi va kelishilishi yuzasidan shaxsiy masʼuliyat yuklansin.

8. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatiga qonunlarning havolaki normalari amalga oshirilishi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini oʻrnatish tavsiya etilsin.

9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2024-yil 19-fevral,

PQ-75-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-fevraldagi PQ-75-son qaroriga ILOVA

Davlat va jamiyat qurilishi, sud-huquq, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalardagi qonunlarning havolaki normalarini amalga oshirish boʻyicha

(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-iyundagi PQ-231-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.06.2024-y., 07/24/231/0445-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.