PQ-91-son Qaror · 28.02.2024

Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-91
  • Qabul qilingan sana:28.02.2024
  • Kuchga kirgan sana:29.02.2024
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/24/91/0165

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-fevraldagi “Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi davlat boshqaruvini yanada takomillashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-41-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida:

1. Quyidagilar:

Texnik jihatdan tartibga solish sohasini yanada takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq;

(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF-25-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.02.2026-y., 06/26/25/0150-son)

Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan “Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti” davlat muassasasi uchun xarid qilinadigan etalonlar va yuqori aniqlikdagi oʻlchash vositalari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Aholini sifatli va xavfsiz mahsulotlar bilan taʼminlashda davlat nazorati tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

a) 2024-yil 1-oktabrdan boshlab texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun:

texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga nomuvofiq mahsulotni muomaladan chiqarish yoki mahsulotning kamida 60 foizini chaqirib olish toʻgʻrisidagi koʻrsatmalarni bajarmaganlik uchun — yuridik shaxslarga realizatsiya qilingan mahsulot qiymatining 100 foizi miqdorida moliyaviy jarima qoʻllash;

texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga nomuvofiq mahsulotlarni ishlab chiqarish va realizatsiya qilish holatlari tasdiqlanganda, ushbu mahsulotlarga rasmiylashtirilgan muvofiqlik sertifikatini Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda — Inspeksiya) tomonidan toʻxtatib turish;

sertifikatlashtirish organining qoidalarga rioya etmaganligi (shu jumladan, mahsulot barcha majburiy koʻrsatkichlarga muvofiqligi baholanmaganligi) natijasida sifatsiz mahsulotlar realizatsiya qilinganligi holatlari aniqlaganda, mazkur organning sertifikatlash faoliyatini Inspeksiya tomonidan toʻxtatib turish;

b) “xavfni tahlil etish” tizimi natijalariga asosan oʻtkaziladigan tekshiruvlarning boshlanishi haqida tadbirkorlik subyektini xabardor qilish tartibi Inspeksiya tomonidan amalga oshiriladigan nazorat tadbirlariga tatbiq etilmasligi.

3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2025-yil 1-yanvardan boshlab:

“Oʻzbekiston akkreditatsiya markazi” davlat muassasasi tomonidan muvofiqlikni baholash organlarida oʻtkazilgan baholash jarayonida oldin aniqlangan kamchiliklar takroran aniqlanganda, kamchiliklar takror yoʻl qoʻyilgan soha akkreditatsiya doirasidan chiqariladi;

muvofiqlikni baholash organlari faoliyatida xalqaro standartlarga rioya etilishini tizimli baholab borishni nazarda tutuvchi xalqaro darajada tavsiya qilingan uslublar joriy qilinadi va akkreditatsiya jarayonlarida qoʻllanadi;

belgilangan tartibda malaka oshirmagan va attestatsiyadan oʻtmagan mutaxassislarning muvofiqlikni baholash organlari va sinov laboratoriyalarida faoliyat olib borishi taqiqlanadi.

4. Agentlik va Raqamli texnologiyalar vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda texnik jihatdan tartibga solish sohasida shaffoflikni taʼminlash va korrupsiyadan holi tizimni yaratish maqsadida 2025-yil 1-yanvarga qadar 4-ilovada koʻrsatilgan asosiy imkoniyatlarni nazarda tutuvchi “Texnik tartibga solish” milliy axborot tizimini ishga tushirsin.

“Texnik tartibga solish” milliy axborot tizimini yaratish, ishga tushirish hamda vazirlik va idoralarning idoralararo axborot tizimlariga integratsiya qilish bilan bogʻliq barcha xarajatlar Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilishi belgilab qoʻyilsin.

Raqamli texnologiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Statistika agentligi, Soliq qoʻmitasi hamda Agentlik 2025-yil 1-martga qadar “Texnik tartibga solish” milliy axborot tizimini soliq, bojxona va statistika organlari axborot tizimlariga integratsiya qilish ishlarini yakuniga yetkazsin.

5. Belgilansinki, 2025-yil 1-yanvardan boshlab:

akkreditatsiyadan oʻtkazilgan mahsulot, xizmat va menejment tizimlarini sertifikatlashtirish organlari, sinov laboratoriyalari va metrologiya xizmatlari tomonidan mos ravishda muvofiqlik sertifikatlari, sinov bayonnomalari va metrologiya tekshiruvi natijalari, shuningdek, muvofiqlik deklaratsiyalarini rasmiylashtirish faqat “Texnik jihatdan tartibga solish” milliy axborot tizimi orqali amalga oshiriladi;

(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF-25-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.02.2026-y., 06/26/25/0150-son)

mahsulotlarning muvofiqligini baholash uchun talab etiladigan vaqt meʼyorlari “Texnik tartibga solish” milliy axborot tizimiga kiritiladi va ularga rioya etilishi “xavfni tahlil qilish” tizimi orqali baholanadi.

6. Agentlik markaziy apparati tuzilmasiga Agentlik direktorining raqamlashtirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimi kiritilsin.

7. Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining tashkiliy tuzilmasi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Agentlikka yuklangan vazifalar oʻz vaqtida, sifatli va toʻlaqonli amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida Agentlikka va Inspeksiyaga maʼmuriy islohotlar doirasida vazirlik va idoralardan maqbullashtirilgan shtat birliklari hisobidan 54 ta shtat birligi ajratilsin.

Agentlik va Inspeksiya boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 153 nafar etib belgilansin.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi qoʻshimcha ajratilayotgan 54 ta shtat birligini saqlash bilan bogʻliq xarajatlarni joriy yilda — 2024-yil uchun Davlat budjetida koʻzda tutilgan mablagʻlar doirasida, 2025-yildan boshlab esa — Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda nazarda tutsin.

8. Belgilansinki:

Agentlik direktorining oʻrinbosarlari hamda Inspeksiya boshligʻi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan, Agentlikning boshqa tizim tashkilotlarining rahbarlari Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Agentlik direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi;

Agentlik direktoriga mehnat bozorining konyunkturasini hisobga olgan holda, tor doiradagi mutaxassislarni, shu jumladan xorijiy mutaxassislarni shartnoma asosida ishga jalb etish huquqi beriladi.

9. Belgilansinki:

Agentlik va Inspeksiya xodimlari mehnatiga haq toʻlash razryadlari 6-ilovaga muvofiq belgilanadi;

Agentlik direktoriga Agentlik xodimlariga Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining maxsus jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan mehnatga haq toʻlash fondining ikki baravari miqdorigacha ustama va qoʻshimcha haq toʻlash, mukofotlash va boshqa ragʻbatlantirish tusidagi hamda kompensatsiya toʻlovlarini belgilash huquqi beriladi.

10. Agentlik direktori va adliya vaziri A. Tashkulov Agentlik va uning tizim tashkilotlari xodimlarini uch oy muddatda attestatsiyadan oʻtkazib, oʻziga yuklangan vazifalar samarali bajarilishini professional darajada taʼminlashga qodir boʻlgan halol kadrlar bilan toʻldirish uchun masʼul va shaxsan javobgar ekanliklari belgilab qoʻyilsin.

11. Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2024-yilda ushbu qarorga 3-ilovada koʻrsatilgan etalonlarni xarid qilish uchun Davlat budjetidan Agentlikka mablagʻlar ajratilishini, 2025-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda etalonlar xarid qilish bilan bogʻliq xarajatlar uchun zarur mablagʻlar nazarda tutilishini taʼminlasin.

12. Agentlikning “Oʻzbekiston standartlar instituti” va “Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti” davlat muassasalariga zarur boʻlgan standart namunalar, gaz qorishmalar, kimyoviy reaktiv va reagentlarni xarid qilish hamda oʻlchash vositalarini xorijiy metrologiya tashkilotlarida kalibrlash uchun toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzishga ruxsat etilsin.

(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF-25-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.02.2026-y., 06/26/25/0150-son)

13. Agentlik bir oy muddatda:

sohalar va tarmoqlar kesimida xalqaro standartlarni qabul qilish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlarni;

“Oʻzbekiston ilmiy sinov va sifat nazorati markazi” va “Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti” davlat muassasalari tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida xarid qilinadigan standart namunalar, gaz qorishmalar, kimyoviy reaktiv va reagentlar roʻyxatini;

“Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti” davlat muassasasi tomonidan yangi kalibrlash va qiyoslash ishlarini tashkil etish uchun xarid qilinadigan namunaviy oʻlchash vositalari roʻyxatini;

Xalqaro qonunlashtiruvchi metrologiya tashkiloti (OIML) hujjatlari asosida metrologik meʼyor va qoidalarni qabul qilish reja-jadvalini tasdiqlash uchun Texnik jihatdan tartibga solish sohasini rivojlantirish boʻyicha idoralararo respublika kengashiga kiritsin.

Bunda, xalqaro va Yevropa standartlarini xarid qilish, davlat tiliga tarjima qilish va ekspertizadan oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlarni sohalar va tarmoqlarga masʼul boʻlgan idoralar, xoʻjalik birlashmalari va tashkilotlar, shuningdek, Eksportni ragʻbatlantirish agentligi mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish nazarda tutilsin.

14. Energetika vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi, “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi, “Oʻzavtosanoat” AJ, “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi, “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi, “Oʻzbekneftgaz” AJ Agentlik bilan birgalikda bir oy muddatda mahalliy eksportbop mahsulotlarga tegishli xalqaro standartlarni aniqlab, ularni amaliyotga joriy etishning oyma-oy tarmoq jadvalini Texnik jihatdan tartibga solish sohasini rivojlantirish boʻyicha idoralararo respublika kengashiga kiritsin.

15. Agentlik va Adliya vazirligi (A.Tashkulov) Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda mazkur qarorning maqsadi, vazifalari va undan kutilayotgan natijalarni ommaviy axborot vositalari, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritsin.

16. Toshkent shahri, Olmazor tumani, Farobiy koʻchasi, 333a-uyda joylashgan bino-inshootlar Agentlik tasarrufida qoldirilsin.

17. Agentlik manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

18. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Agentlik direktori belgilansin.

Qarorning ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2024-yil 28-fevral,

PQ-91-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 28-fevraldagi PQ-91-son qaroriga 1-ILOVA

Texnik jihatdan tartibga solish sohasini yanada takomillashtirish boʻyicha

Izoh: Dasturda koʻzda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishlab chiqilayotgan hujjat shakli oʻzgartirilishi yoki ishlab chiqilayotgan hujjat boshqa bandlarda koʻzda tutilgan hujjatlar bilan birlashtirilishi mumkin. Ikki va undan ortiq hujjatlarning birlashtirilishida tegishli bandlar bajarilishi uchun belgilangan eng oxirgi muddat ishlab chiqish muddati hisoblanadi.

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF-25-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.02.2026-y., 06/26/25/0150-son)

(2a-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF-25-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.02.2026-y., 06/26/25/0150-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 28-fevraldagi PQ-91-son qaroriga 3-ILOVA

Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan “Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti” davlat muassasasi uchun xarid qilinadigan etalonlar va yuqori aniqlikdagi oʻlchash vositalari

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF-25-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.02.2026-y., 06/26/25/0150-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 28-fevraldagi PQ-91-son qaroriga 4-ILOVA

“Texnik tartibga solish” milliy axborot tizimida yaratiladigan asosiy imkoniyatlar

1) Standartlashtirish, sertifikatlashtirish, akkreditatsiya va metrologiya sohalaridagi barcha davlat reyestrlarining markazlashgan maʼlumotlar bazasini shakllantirish va uning ochiqligini taʼminlash.

2) Respublika hududida faoliyat yuritayotgan akkreditatsiya qilingan barcha muvofiqlikni baholash organlari va sinov laboratoriyalarini yagona platformaga integratsiya qilish, shuningdek, sinov jarayonlarida foydalaniladigan uskunalar va kimyoviy reaktivlar hisobini yuritish.

3) Muvofiqlik sertifikatlari, laboratoriya sinovi bayonnomalari va xulosalarini toʻliq elektron shaklda QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan holda shakllantirish.

4) Masofaviy “xavfni” tahlil qilish va boshqaruv qarorlarini qabul qilish jarayonlarini avtomatlashtirish, shuningdek, mahsulotlarni davlat roʻyxatiga olish, muvofiqlik sertifikatlarini berish va deklaratsiyalarni roʻyxatga olish jarayonlarini elektron shaklda monitoring qilish.

5) Jismoniy va yuridik shaxslarga koʻrsatilgan xizmatlardan qoniqish darajasini doimiy baholab borish, taklif va shikoyatlar yuborish hamda korrupsiya holatlari boʻyicha tezkor axborot berish.

6) Qabul qilinayotgan yangi standartlarni dasturiy qayta ishlash (mashinada oʻqiladigan format).

7) Texnik jihatdan tartibga solish sohasiga oid tahliliy va statistika maʼlumotlarini 24/7 rejimida umumlashtirish hamda hisobotlarni shakllantirish jarayonlarini avtomatlashtirish.

8) Akkreditatsiya, metrologiya, sertifikatlashtirish organlari hamda standartlashtirish boʻyicha milliy organ faoliyati, shuningdek, sinovlar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari asosida toʻliq amalga oshirilganligi, sinov uskunalarining metrologik xulosalari mavjudligi ustidan nazoratni taʼminlash.

9) Muvofiqlikni baholash organlariga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirish.

10) Laboratoriya uskunalarining texnik imkoniyatini hisobga olgan holda, sinov natijalarini avtomatik ravishda shakllantirish.

11) Tizimga avtomatlashtirilgan hisob-kitob (billing) tizimini joriy etish orqali toʻlovlarni onlayn amalga oshirish.

12) Vazirlik, idora va boshqa tashkilotlar tizimidagi standartlashtirish boʻyicha tarmoq texnik qoʻmitalari faoliyatini toʻliq raqamlashtirish hamda ularning ishini muvofiqlashtirish va reytingini yuritish, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni qabul qilish jarayonlarini avtomatlashtirish.

Izoh:

1. “Texnik tartibga solish” milliy axborot tizimi orqali koʻrsatiladigan xizmatlar uchun toʻlovlar invoys (hisob-faktura) asosida amalga oshiriladi va kelib tushgan mablagʻlardan:

2 foiz miqdoridagi ajratma — Texnik jihatdan tartibga solish agentligining budjetdan tashqari rivojlantirish jamgʻarmasiga;

1 foiz miqdoridagi ajratma — Raqamli texnologiyalar vazirligining Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamgʻarmasiga;

0,5 foiz miqdoridagi ajratma — Elektron hukumatning Yagona billing tizimi orqali tasdiqlangani uchun “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining Iqtisodiyot va moliya vazirligi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasidagi maxsus hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.

2. Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining budjetdan tashqari rivojlantirish jamgʻarmasiga kelib tushgan mablagʻlar “Texnik tartibga solish” milliy axborot tizimini texnik jihatdan qoʻllab-quvvatlash, agentlikning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shu jumladan, raqamli infratuzilmasini rivojlantirish, axborot tizimlari va resurslarini ishlab chiqish hamda texnik qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish bilan bogʻliq xarajatlarga sarflanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 28-fevraldagi PQ-91-son qaroriga5-ILOVA

Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining

* Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar (12 ta) hamda Qoʻqon, Olmaliq, Bekobod va Chirchiq shaharlari filiallari.

(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF-25-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.02.2026-y., 06/26/25/0150-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 28-fevraldagi PQ-91-son qaroriga6-ILOVA

I. Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi xodimlarining mehnatiga haq toʻlash

II. Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi xodimlarining mehnatiga haq toʻlash

Izoh: Agentlik va Inspeksiya xodimlarining lavozim maoshini aniqlashda tarif koeffitsiyentlari 1,8 baravar oshirilgan miqdorda qoʻllanadi hamda amaldagi uzoq yillik xizmati uchun ustama miqdorlari saqlanib qoladi.

(6-ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-dekabrdagi PQ-455-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 07/24/455/1092-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.