PQ-128-son Qaror · 15.03.2024

2025-yilda YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining Samarqand shahrida oʻtkazilishiga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-128
  • Qabul qilingan sana:15.03.2024
  • Kuchga kirgan sana:16.03.2024
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/24/128/0216

[Koʻchirma]

Keyingi yillarda Oʻzbekistoning YUNESKO bilan hamkorligi yangi bosqichga koʻtarildi. Mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi obroʻsini yanada oshirish va mustahkamlashda, ikki va koʻp tomonlama hamkorliklarni kengaytirish va chuqurlashtirishda YUNESKO muhim platforma vazifasini oʻtab kelmoqda.

Buning natijasida 2017 — 2023-yillarda milliy madaniy merosimizning 14 ta noyob namunasi YUNESKOning roʻyxatlaridan joy olib, insoniyat merosi sifatida xalqaro miqyosda eʼtirof etildi. Buxoro shahri Ijodkor shaharlar tarmogʻiga kiritildi. 2023-yil sentyabr oyida YUNESKO Bosh qarorgohida buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligi keng nishonlandi.

Ayniqsa, 2023-yil 7 — 22-noyabr kunlari Parij shahrida boʻlib oʻtgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 42-sessiyasi yakunida Oʻzbekiston Respublikasining YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasini (keyingi oʻrinlarda — Sessiya) 2025-yilda Samarqand shahrida oʻtkazish toʻgʻrisidagi tashabbusi bir ovozdan qoʻllab-quvvatlangani jahon hamjamiyati tomonidan muhim voqea sifatida eʼtirof etildi.

Ushbu nufuzli xalqaro anjumanni yuqori darajada oʻtkazishga har jihatdan puxta tayyorgarlik koʻrish, shuningdek, Oʻzbekiston va YUNESKO hamkorligini yanada rivojlantirish maqsadida:

1. 2025-yilda YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining Samarqand shahrida oʻtkazilishiga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda — Tashkiliy qoʻmita) tuzilsin hamda uning tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Tashkiliy qoʻmita (A.N. Aripov):

Sessiyani oʻtkazish bilan bogʻliq barcha tashkiliy masalalarni hal qilib borsin, shuningdek, axborot-tahliliy va boshqa hujjatlarning oʻz vaqtida va sifatli tayyorlanishini taʼminlasin;

Sessiyaning Samarqand shahrida oʻtkazilishining ahamiyati haqida yuqori sifatli media mahsulotlar hamda audiovizual asarlar yaratib, ularni mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida efirga berib borish, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish, xeshteg va chellenj kabi usullarni qoʻllash orqali keng targʻib qilish choralarini koʻrsin;

Sessiyaning Samarqand shahrida oʻtkazilishi munosabati bilan “Samarqand — jahon tamaddunlari chorrahasida” kitob-albomni oʻzbek, rus, ingliz va fransuz tillarida chop etish, pochta markalari va konvertlar turkumini yaratish, taqvimlar va koʻrgazmali targʻibot vositalari, esdalik tangalari, kumush va oltin tangalarning muomalaga chiqarilishini tashkil qilsin;

Sessiya doirasida Samarqand shahrida tadbirlar oʻtkaziladigan joylarni zamonaviy texnik va telekommunikatsiya uskunalari bilan jihozlasin hamda Toshkent va Samarqand shaharlaridagi obyektlar va zarur boʻlgan mehmonxona fondini tayyorlasin;

Sessiya doirasida Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz shaharlarida madaniy tadbirlar, ekskursiyalar va qabullarni yuqori saviyada tashkil etsin;

Sessiya ishtirokchilarining kelishi va ketishi, ularga viza rasmiylashtirish, transport va tibbiy xizmatlar koʻrsatish masalalari samarali hal qilinishini muvofiqlashtirsin.

3. Sessiya “Silk Road Samarkand” sayyohlik majmuasida oʻtkazilsin.

4. Sessiyaga tayyorgarlik doirasida:

Madaniy meros agentligi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda — Samarqand shahridagi tegishli madaniy meros obyektlarini asrashga doir ishlarni hamda immersiv va mavzuli koʻrgazmalarni tashkil etsin;

Tashqi ishlar vazirligi — YUNESKO Bosh direktori nomiga Oʻzbekiston Respublikasining Madaniy yodgorliklarni saqlash va restavratsiya qilish boʻyicha xalqaro tadqiqot markaziga aʼzo boʻlishi uchun rasmiy ariza topshirsin;

YUNESKO ishlari boʻyicha milliy komissiya — Oʻzbekistondagi shaharlar, noyob madaniy va tabiiy meros obyektlarini tegishlicha YUNESKOning Ijodkor shaharlar hamda Taʼlimni targʻib etuvchi shaharlar tarmoqlariga, shuningdek, xalqaro roʻyxatlariga kiritish choralarini koʻrsin;

Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi — YUNESKO mezonlari asosida va xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda Samarqand shahrida Buyuk ipak yoʻli davlat muzeyini tashkil etish, sohibqiron Amir Temur bogʻlarini qayta tiklash, Bibixonim majmuasini restavratsiya qilish, Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan Buxoro tarixiy markazini muhofaza qilishga qaratilgan uning master va menejment rejalarini ishlab chiqish boʻyicha tegishli qarorlar loyihalarini belgilangan tartibda kiritsin;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, tegishli vazirlik va idoralar Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda — Sessiyaning mamlakatimizda oʻtkazilishining ahamiyatini, shuningdek, Oʻzbekiston jahon siyosatining markazlaridan biriga, global tashabbuslar muallifiga aylanib borayotganini atroflicha ochib berishga qaratilgan targʻibot-tashviqot ishlarini tashkil etsin.

5. Quyidagilar:

2025-yilda YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining Samarqand shahrida oʻtkazilishiga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga* muvofiq;

2025-yilda YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining Samarqand shahrida oʻtkazilishiga tayyorgarlik koʻrish doirasida xorijiy davlatlarda targʻibot ishlarini tashkil etadigan Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va oliy taʼlim muassasalari roʻyxati 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.

Tashkiliy qoʻmita, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, tegishli vazirlik va idoralar ushbu qarorga muvofiq davlatchiligimiz rivojining uch ming yildan ziyod tarixi, jahon sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk ajdodlarimizning ilmiy, madaniy va maʼnaviy merosi hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini xorijiy davlatlarda keng targʻib qilish hamda ular bilan hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlarini belgilangan tartibda amalga oshirsin.

6. Belgilansinki:

Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi Tashkiliy qoʻmitaning Ishchi organi (keyingi oʻrinlarda — Ishchi organ) hisoblanadi;

“InterForum” davlat unitar korxonasi Sessiyani tashkil etishga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha Bosh operator hisoblanadi;

vazirliklar va idoralarning birinchi rahbarlari ushbu qarorda nazarda tutilgan topshiriqlar, shuningdek, Tashkiliy qoʻmita hamda Ishchi organning boshqa tezkor koʻrsatmalari oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.

7. Tashqi ishlar vazirligi Sessiya ishtirokchilari uchun Ishchi organning viza talabnomalariga binoan kirish vizalarini konsullik yigʻimlari va haqiqiy xarajatlarning oʻrnini qoplash hisobidan yigʻimlar undirmasdan, zarur hollarda “Toshkent” va “Samarqand” xalqaro aeroportlarida rasmiylashtirishni taʼminlasin.

8. 2024-yil 1-apreldan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari va xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalarining umumiy shtat birliklari sonini oʻzgartirgan holda Oʻzbekiston Respublikasining YUNESKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi (keyingi oʻrinlarda — Doimiy vakolatxona) shtatlar jadvaliga maslahatchi va ikkinchi kotib ikkita qoʻshimcha shtat birligi kiritilsin, shuningdek, Doimiy vakolatxonaga qoʻshimcha bitta transport vositasini saqlashga limit ajratilsin.

9. Tashqi ishlar vazirligi Doimiy vakolatxonani saqlash xarajatlarini uning tashkiliy-shtat tuzilmasidagi oʻzgarishlarni va qoʻshimcha bitta transport vositasini saqlashga limit ajratilganini inobatga olgan holda, Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yilga moʻljallangan Davlat budjeti parametrlarida Tashqi ishlar vazirligiga ajratilgan mablagʻlar doirasida moliyalashtirishni taʼminlasin.

10. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston milliy media assotsiatsiyasi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Sessiyaning mamlakatimizda oʻtkazilishining ahamiyati hamda ushbu qaror doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni keng yoritib borish tavsiya etilsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-oktabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzuridagi Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha (YUNESKO) doimiy vakolatxonasi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3957-son qaroriga 4-ilovaga* muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

* 2, 3 va 4-ilovalar berilmaydi.

12. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul etib YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy komissiyasi raisi G.O. Umerova va tashqi ishlar vaziri B.O. Saidov belgilansin.

Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari O.Q. Abduraxmonov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2024-yil 15-mart,

PQ-128-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-martdagi PQ-128-son qaroriga 1-ILOVA

2025-yilda YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining Samarqand shahrida oʻtkazilishiga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha tashkiliy qoʻmita

1. A.N. Aripov — Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, Tashkiliy qoʻmita raisi 2. S.Sh. Mirziyoyeva — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yordamchisi, Tashkiliy qoʻmita raisining oʻrinbosari 3. G.O. Umerova — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari oʻrinbosari, YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy komissiya raisi 4. J.A. Xodjayev — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari 5. A.J. Ramatov — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari 6. J.A. Qoʻchqorov — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri 7. B.O. Saidov — tashqi ishlar vaziri 8. L.Sh. Kudratov — investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri 9. O.A. Nazarbekov — madaniyat vaziri 10. I.R. Mahkamov — transport vaziri 11. A.I. Ikramov — sport vaziri 12. B.I. Zakirov — qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri 13. J.T. Mirzamahmudov — energetika vaziri 14. A.A. Abduhakimov — ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri 15. K.A. Sharipov — oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri 16. Sh.X. Shermatov — raqamli texnologiyalar vaziri 17. A.A. Xudoyarov — sogʻliqni saqlash vaziri v.b. 18. P.R. Bobojonov — ichki ishlar vaziri 19. R.M. Djurayev — Milliy gvardiya qoʻmondoni 20. E.O. Turdimov — Samarqand viloyati hokimi 21. B.K. Zaripov — Buxoro viloyati hokimi 22. J.R. Raximov — Xorazm viloyati hokimi 23. M.B. Azimov — Qashqadaryo viloyati hokimi 24. Sh.B. Umurzoqov — Toshkent shahar hokimi v.b. 25. A.Y. Mavlonov — Bojxona qoʻmitasi raisi 26. Lavozimi boʻyicha — Davlat xavfsizlik xizmati masʼul xodimi 27. U.R. Shadiyev — Turizm qoʻmitasi raisi 28. A.A. Xodjayev — Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori 29. B.G. Abdikarimov — Madaniy meros agentligi direktori 30. J.O. Umarxodjayev — “Uzbekistan Airports” AJ boshqaruvi raisi v.v.b. 31. Sh.Sh. Xudaykulov — “Uzbekistan Airways” AJ boshqaruvi raisi 32. Z.G. Narzullayev — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi 33. A.A. Djurabayev — Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi 34. B.A. Zufarov — “InterForum” DUK direktori 35. E.I. Najimov — YUNESKO ishlari boʻyicha Milliy komissiya Bosh kotibi oʻrinbosari, Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi raisining birinchi oʻrinbosari, Tashkiliy qoʻmita kotibi

Izoh: Tashkiliy qoʻmita aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.