Mintaqada oʻrtacha havo harorati har yili koʻtarilayotganligi oqibatida suv tanqisligi, shoʻrlanish va tuproq degradatsiyasining oldini olish, qishloq xoʻjaligini iqlim oʻzgarishiga moslashtirish hamda uning iqlimga boʻlgan salbiy taʼsirini yumshatish maqsadida:
1. Quyidagilar:
a) qishloq xoʻjaligi sohasini iqlim oʻzgarishiga moslashtirish hamda mahsulot yetishtiruvchilarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish tadbirlari uchun:
BMTning Yashil iqlim jamgʻarmasi bilan hamkorlikda “Oʻzbekistonda iqlimga moslashuvchan qishloq xoʻjaligi amaliyotlarini kengaytirish va agrar sohaning unga boʻlgan taʼsirini yumshatish” dasturi doirasida 200 million AQSh dollari miqdorida;
Yevropa Ittifoqining 27 million yevro, Global ekologik jamgʻarmasining 10 million AQSh dollari miqdorida;
Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning “Orolboʻyi mintaqasida ekologik barqarorlikka qaratilgan rivojlanish” loyihasining 12 million yevro miqdorida;
Global ekologik jamgʻarma hamda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) bilan hamkorlikda qishloq xoʻjaligida iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq loyihalar uchun 25 million AQSh dollari miqdorida grant mablagʻlari jalb qilish boʻyicha bitimlar imzolanganligi va mazkur grant mablagʻlarining yoʻnaltirilishi;
b) daraxtzorlardan iborat landshaftlarni tiklash va boshqarishga Jahon banki ishtirokida “Oʻzbekistonda barqaror oʻrmon landshaftlarini tiklash” loyihasi doirasida 116,5 million AQSh dollari miqdorida imtiyozli qarz mablagʻlarini jalb qilish boʻyicha bitim imzolanganligi va yoʻnaltirilishi;
v) 2024-yil uchun Davlat budjeti parametrlarida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligiga “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi xarajatlar uchun 100 milliard soʻm hamda himoya oʻrmonzorlarini barpo etish uchun 40 milliard soʻm mablagʻ ajratilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash doirasida sohaning iqlim oʻzgarishiga moslashishi va uning iqlimga salbiy taʼsirini yumshatish, qurgʻoqchilik va yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish, yaylovlar bioxilmaxilligini saqlash (qayta tiklash), yangi innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish hamda sohaga keng joriy qilish boʻyicha amalga oshiriladigan tadbirlarga Qishloq xoʻjaligi vazirligi masʼul etib belgilansin.
2. Qishloq xoʻjaligini iqlim oʻzgarishiga moslashtirish va sohaning iqlimga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha milliy dastur (keyingi oʻrinlarda — Milliy dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Milliy dasturni amalga oshirishning ustuvor yoʻnalishlari sifatida quyidagilar belgilansin:
iqlim oʻzgarishiga bogʻliq boʻlgan hududlarda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni samarali tashkil etish;
iqlim oʻzgarishlari sharoitida qishloq xoʻjaligi sohasida xalqaro grant loyihalari doirasidagi tadbirlarni amalga oshirish;
iqlim oʻzgarishiga bogʻliq boʻlgan tabiiy resurslardan samarali foydalanish hamda qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish agrotexnologiyasini takomillashtirish;
qishloq xoʻjaligini iqlim oʻzgarishiga moslashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
yaylovlardan samarali foydalanishni hamda ularni muhofaza qilishni tashkil etish.
4. Milliy dastur ijrosini muvofiqlashtiruvchi idoralararo ishchi guruh tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin hamda quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:
qishloq xoʻjaligini iqlim oʻzgarishiga moslashtirish boʻyicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish va amaliyotga joriy qilish;
qishloq xoʻjaligida mahsulot yetishtiruvchilarni favqulodda vaziyatlar roʻy berish xavfi (jumladan, haroratning anomal oʻzgarishi, sel oqimlari va toshqinlari, doʻl yogʻishi va qurgʻoqchilik) hamda chigirtka va boshqa zararkunandalar bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlardan erta ogohlantirish tizimini ishlab chiqish;
xalqaro moliya institutlarining kredit va grant mablagʻlari, Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qishloq xoʻjaligini iqlim oʻzgarishiga moslashtirish loyihalarini amalga oshirish hamda xorijiy davlatlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;
dehqon, fermer va agroklasterlar xodimlarining ekologik madaniyatini oshirish, agrar sohani iqlim oʻzgarishiga moslashtirish boʻyicha bilim darajasi va koʻnikmalarini muntazam oshirib borish;
qishloq xoʻjaligida iqlim oʻzgarishi va uning oqibatlaridan keng jamoatchilikni xabardor qilish uchun ilmiy-ommabop, tahliliy materiallar tayyorlash, sohadagi tadqiqotlar natijalarini qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar orasida keng ommalashtirish choralarini koʻrish.
5. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish hamda himoya oʻrmonlari (ihota) barpo etish doirasida:
choʻl, togʻli va togʻ oldi hududlarda choʻllanish va qum koʻchishi, tuproqning suv va shamol eroziyasining oldini olish hamda ekologik muhitni yaxshilash maqsadida himoya oʻrmonlari (ihota) barpo etsin;
dala chetlari, yaylovlar va ochiq yer maydonlarini madaniy ekinlar, butalar, galofitlar va choʻl oʻsimliklari bilan qoplashning foydali tomonlari toʻgʻrisida tashabbuskorlarga koʻrgazmali seminarlar tashkil qilsin.
6. Qishloq xoʻjaligi vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda:
a) Yevropa Ittifoqining “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq hududlarida barqaror turmush tarzi hamda qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat tarmogʻini rivojlantirishda budjet koʻmagi” dasturi doirasida jalb qilinadigan 6 million yevro grant mablagʻlarini quyidagilarga yoʻnaltirish choralarini koʻrsin:
respublikaning turli iqlim sharoitlariga ega hududlarida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tomorqa yer egalari va dehqon xoʻjaliklari, kichik va oʻrta biznes subyektlari tomonidan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish va qayta ishlash jarayonida zamonaviy innovatsion texnologiya va amaliyotlar joriy etilishini ragʻbatlantirishga;
qishloq xoʻjaligida iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq muammolar va xatarlarni bartaraf etishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot loyihalarini moliyalashtirishga;
Milliy dastur doirasida taʼlim va agromaslahat tadbirlarini moliyalashtirishga, jumladan, loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etgan va yuqori natijaga erishgan xorijiy mutaxassislar, konsultant va mahalliy ekspertlarni ragʻbatlantirishga;
qishloq xoʻjaligini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish mexanizmlari samaradorligi va natijadorligini benefitsiarlar kesimida monitoring qilish va baholash tizimini yoʻlga qoʻyish;
b) Global ekologik jamgʻarmadan jalb etiladigan 10 million AQSh dollari quyidagilarni oʻz ichiga oluvchi grant loyihalarini samarali amalga oshirishga:
iqlim oʻzgarishiga moslashish, yashil hududlarni kengaytirish, tuproq va yaylov yerlari degradatsiyasining oldini olish, xalqaro tajribalar asosida yerga minimal ishlov berish (min-tillage), shuningdek, yerni agʻdarmasdan ekish (no-tillage) usullaridan foydalangan holda ekin parvarishini yoʻlga qoʻyish hamda yangi resurs tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish uchun — 4 million AQSh dollari;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda Qashqadaryo viloyatida qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish tizimlarini rivojlantirish, tomorqa, dehqon va fermer xoʻjaliklarida maqbul qishloq xoʻjaligi va atrof-muhit amaliyotidan foydalanishni ragʻbatlantirish, agrobioxilmaxillikni muhofaza qilish, ekotizimlarni tiklash va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni rivojlantirish tadbirlari uchun — 6 million AQSh dollari miqdoridagi mablagʻlar yoʻnaltirilishini taʼminlasin.
7. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2024-yil yakuniga qadar Yashil iqlim jamgʻarmasi tomonidan ajratilayotgan mablagʻlar hisobidan qishloq xoʻjaligida iqlim oʻzgarishlarini monitoring qilish, hisobotini yuritish va tasdiqlash global tizimi doirasida milliy platformani joriy qilsin.
8. Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan issiqxona gazlari savdosini tartibga solish boʻyicha ushbu yoʻnalishda loyihalarni amalga oshirish davrida monitoring va hisobotlarni yuritish tizimi hamda issiqxona gazlari savdosi boʻyicha xalqaro loyihalarni amalga oshirishning vaqtinchalik tartibi belgilanishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2024-yil yakuniga qadar qishloq xoʻjaligi sohasida issiqxona gazlarini qisqartirishga qaratilgan loyihalarni aniqlash, muvofiqlashtirish, shuningdek, ularni amalga oshirishdan oldingi bosqichda Iqtisodiyot va moliya vazirligiga issiqxona gazlari savdosi boʻyicha loyihalarni amalga oshirish tartibiga muvofiq ravishda kiritilishini taʼminlasin.
9. Qishloq xoʻjaligi vazirligi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda:
iqlim oʻzgarishiga moslashish, yashil hududlarni kengaytirish, tuproq va yaylov yerlari degradatsiyasining oldini olish, ochiq yaylovlar, dala chetlari, boʻsh turgan ochiq yer maydonlari (ochiq oʻrmon yerlari)da daraxtlar, koʻp yillik butalar ekish boʻyicha joylarda seminar-treninglar oʻtkazilishini taʼminlasin;
“Har bir fuqaro uchun — bir daraxt” tamoyili asosida koʻrik-tanlov tashkil etib, uni respublikada ommalashtirish choralarini koʻrsin.
10. Suv xoʻjaligi vazirligi uch oy muddatda sugʻorish suvidan uzoq boʻlgan ochiq yaylovlar va noqulay landshaft sharoitiga ega boʻlgan maydonlarda tik quduqlar tashkil qilishni hamda suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini joriy qilishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida koʻrgazmali treninglar tashkil etsin.
11. Qishloq xoʻjaligi vazirligi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi va Fanlar akademiyasi bilan birgalikda bir oy muddatda qishloq xoʻjaligida iqlim oʻzgarishiga bogʻliq xavflarga moslashuvchanlikni oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqib tasdiqlasin.
Bunda 2024-yildan boshlab global iqlim oʻzgarishining salbiy oqibatlariga bardoshli yangi nav va duragaylarni yaratish hamda qishloq xoʻjaligi ekinlarini parvarishlashning resurs tejaydigan texnologiyalarini ishlab chiqish, tuproq shoʻrlanishini kamaytirish yuzasidan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida ilmiy loyihalar tanlovini doimiy ravishda eʼlon qilib borsin.
12. Hisob palatasi mazkur qaror bilan jalb etilishi koʻzda tutilgan mablagʻlarni vazirlik va idoralar hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan maqsadli va toʻgʻri ishlatilishi va belgilangan chora-tadbirlarning bajarilishini nazoratga olsin.
13. Qishloq xoʻjaligi vazirligi Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda ushbu qarorning mazmun-mohiyati, shu jumladan qishloq xoʻjaligida ekinlarga yetkaziladigan zararlar, iqlim oʻzgarishi, suv tanqisligi, choʻllanishning ortib borishi, sel kelishi, ekologik muhitga yetkaziladigan boshqa salbiy taʼsirlar ilmiy-tahliliy asosda ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borilishini taʼminlasin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlarga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
15. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib qishloq xoʻjaligi vaziri I.Y. Abdurahmonov hamda iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi oʻrinbosari I.I. Norqulov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 24-iyun,
PQ-233-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-iyundagi PQ-233-son qaroriga 1-ILOVA
Qishloq xoʻjaligini iqlim oʻzgarishiga moslashtirish va sohaning iqlimga salbiy taʼsirlarini yumshatish boʻyicha
Izoh: BMT Yashil iqlim jamgʻarmasining 110 million AQSh dollari miqdoridagi mablagʻlari bilan qoʻshimcha moliyalashtirish 2025-yil yanvardan boshlab amalga oshiriladi.
Oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalaridan biriktirilayotgan masʼullar hamda Oʻzbekistonning xorijiy davlatlardagi Favqulodda va muxtor elchilari loyihalar amalga oshirilishiga hamrohlik qiladi.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda har yili amalga oshiriladigan loyihalar boʻyicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqib, ishchi guruh rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PF-22-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.02.2025-y., 06/25/22/0156-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-iyundagi PQ-233-son qaroriga 2-ILOVA
Qishloq xoʻjaligini iqlim oʻzgarishiga moslashtirish va sohaning iqlimga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha milliy dastur ijrosini muvofiqlashtiruvchi idoralararo ishchi guruh
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-iyundagi PQ-233-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-yanvardagi “Namangan viloyatining Kosonsoy, Chortoq va Yangiqoʻrgʻon tumanlarida meva-sabzavotchilik va uzumchilikni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4941-son qarorining 6-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-dekabrdagi “Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi sohasida islohotlarni tadqiq qilish, strategik rejalashtirish hamda boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-58-son qarori 8-bandining oʻn birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Markazga Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi”.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-yanvardagi “Oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro institutini tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-22-son qarorida:
16-band quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari, bunda 2024-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan Qishloq xoʻjaligi vazirligiga ajratilgan budjet mablagʻlari, 2025-yildan boshlab esa Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti parametrlarida koʻzda tutilgan mablagʻlar”;
ikkinchi va uchinchi xatboshilar tegishincha uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar deb hisoblansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 5-apreldagi “2023-yilda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish, qayta ishlashni kengaytirish va qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-113-son qarorida:
a) 6-bandning “b” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“b) 2025-yil mart oyiga qadar xalqaro moliya institutlarining 3 mln AQSh dollari miqdoridagi mablagʻlari hisobidan Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti hamda Oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro instituti huzurida xalqaro akkreditatsiyadan oʻtgan oziq-ovqat va meva-sabzavotchilik yoʻnalishidagi laboratoriyani tashkil etsin”;
b) 4-ilovaning 36-pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“ 36. Ilm-fan va innovatsiyaga asoslangan ilmiy-tadqiqotni takomillashtirish. 1. Barcha hududlarda va 33 ta tumanda (AKIS) agroxizmatlar markazlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish. Har bir hududiy agroxizmatlar markazlariga 12 nafardan (8 ta yoʻnalishda — oʻsimliklar himoyasi va karantini, zootexniya, mexanizatsiya, agrokimyo-tuproqshunoslik, agronomiya, veterinariya, iqtisodiyot, irrigatsiya) jami 156 nafar xodimni jalb etish. 2. Qishloq xoʻjaligi vazirligining tuman boʻlimlari faoliyatini xizmat koʻrsatishga ixtisoslashtirish. Bosqichma-bosqich tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimlarini AKIS markazlari bilan transformatsiya qilish. Ilmiy-tadqiqot institutlari faoliyatini tijoratlashtirish. Bunda 2 ta ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati tijoratlashtiriladi, 12 ta ilmiy-tadqiqot institutida tajribali xorijiy ekspertlarning maʼruza bilan ishtirok etishi taʼminlanadi. Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari grantlari va institutlarning budjetdan tashqari mablagʻlari 2024-yil sentabr Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi, Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi, Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi ”.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-iyuldagi “Agrar sohada ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarishni integratsiya qilish orqali sifat va samaradorlikni oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-216-son qaroriga 1-ilovada:
2-pozitsiyaning “Bajarish muddati” ustunidagi “2023 — 2024-yillar” soʻzlari “2023 — 2026-yillar” soʻzlari bilan almashtirilsin;
12-pozitsiyaning “Amalga oshirish mexanizmi” ustuni 2-bandi chiqarib tashlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-avgustdagi “2023 — 2026-yillarda uzumchilik va vinochilik sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-260-son qarorida:
3-ilovada:
8-pozitsiyaning “Ijro muddatlari” ustunidagi “2024-yil mart” va “2024-yil aprel — sentabr” soʻzlari tegishincha “2024-yil yakuniga qadar” va “2024 — 2026-yillar” soʻzlari bilan almashtirilsin;
9 pozitsiya chiqarib tashlansin.