Ayollar orasida onkologik kasalliklarni erta bosqichda aniqlash va davolash tizimini takomillashtirish, skrining jarayonlarini samarali tashkil qilish, zamonaviy skrining usullarini amaliyotga keng joriy etish, ushbu yoʻnalishlarda olib borilayotgan ishlarni muvofiqlashtirish hamda mutaxassislarning bilimlarini oshirish va koʻnikmalarini rivojlantirish maqsadida:
1. 2025 — 2030-yillarda Bachadon boʻyni va koʻkrak bezi saratonini nazorat qilish dasturini (keyingi oʻrinlarda — Dastur) amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki, Dasturni amalga oshirish doirasida:
tibbiyotning birlamchi boʻgʻinida 30 — 65 yoshdagi ayollarning elektron bazasi (roʻyxati) shakllantiriladi, ularni tibbiy koʻrikka taklif qilish tizimi yaratiladi;
har yili 30 — 50 yoshdagi ayollarda bachadon boʻyni saratoni skriningi odam papillomasi virusini polimeraza zanjirli reaksiya tekshiruvi usuli orqali aniqlash hamda suyuqlik sitologiyasi usulida tekshirish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Bunda manfiy natija aniqlanganda ular 10 yildan soʻng qayta tekshiruvdan oʻtkaziladi, musbat natija aniqlangan ayollar qoʻshimcha tekshiruvga yoʻnaltiriladi;
saratonoldi holatlar aniqlangan ayollar ambulator davolash uchun Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning hududiy filiallariga yoʻnaltiriladi;
30 — 65 yoshdagi ayollar har 2 yilda bir marotaba tibbiyot xodimlari tomonidan birlamchi saralashdan oʻtkaziladi. Bunda koʻkrak bezi tekshiruvi 45 yoshgacha boʻlgan ayollarda ultratovush diagnostikasi usulida, 45 — 65 yoshdagi ayollarda mammografiya orqali amalga oshiriladi;
skrining natijasida onkologik kasallikka chalinganligi aniqlangan bemorlarni tashxislash va davolash bilan bogʻliq xarajatlar Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
3. 2025-yil 1-yanvardan boshlab:
a) tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalariga sogʻliqni saqlash tizimida maqbullashtiriladigan shtat birliklari hisobidan quyidagi shtat birliklari kiritilsin:
onkonazorat xonalari uchun akusher-ginekolog shifokor;
mobil va statsionar mammograflar ishini 2 ta smenada tashkil etish uchun rentgen-laborantlar;
b) Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Mammografiya tasvirini oʻqish markazi tashkil etilsin hamda tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarida amalga oshiriladigan koʻkrak bezi saratoni boʻyicha skrining natijalari ushbu markazning yagona riding tizimiga integratsiya qilinsin;
v) Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazida odam papilloma virusi diagnostikasi uchun qoʻllanadigan test tizimlari sifatini nazorat qilish boʻyicha referens-laboratoriya faoliyati yoʻlga qoʻyilsin.
4. Saraton kasalligi nazorati sohasidagi loyihalarning amalga oshirilishini muvofiqlashtiruvchi kengash (keyingi oʻrinlarda — Kengash) 2-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.
Belgilansinki:
Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari Kengashning ishchi organi hisoblanadi;
onkologik kasalliklarni tashxislash va davolash boʻyicha tibbiy jihozlar, uskunalar va sarflov materiallari xaridi majburiy tartibda Kengash bilan kelishiladi va taqsimlanadi.
Bunda Kengash tomonidan tibbiy jihozlar, uskunalar va sarflov materiallarini muassasalar kesimida ratsional taqsimlash maqsadida maʼlumotlar bazasi shakllantiriladi;
Kengashga aholi oʻrtasida eng koʻp uchraydigan (bachadon boʻyni, koʻkrak bezi, yoʻgʻon ichak, oshqozon, prostata bezi va oʻpka) saraton kasalliklarini erta aniqlashda oʻtkaziladigan laborator va instrumental diagnostik tekshiruvlar bilan qamrab olinadigan aholi yoshini moliyalashtirish manbalari asosida mustaqil belgilash vakolati beriladi.
(4-bandining oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyundagi PQ-238-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.06.2026-y., 07/26/238/0623-son)
5. Quyidagilar Kengashning asosiy vazifalari etib belgilansin:
saraton kasalliklarini nazorat qilishga qaratilgan loyihalarni (keyingi oʻrinlarda — loyihalar) muvofiqlashtirish;
loyihalar doirasida faqat sinovdan oʻtgan testlar, farmatsevtika mahsulotlari hamda vaksinalar, dalillarga asoslangan diagnostika va davolash usullari qoʻllanishini nazorat qilish;
Dasturga oid xaridlarni amalga oshirishda, mablagʻlar va tibbiy uskunalarni taqsimlashda, qaror qabul qilishda Kengash aʼzolarida manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik, jamoat salomatligi etikasiga asoslanib qarorlar qabul qilish;
aholi oʻrtasida eng koʻp uchraydigan (bachadon boʻyni, koʻkrak bezi, yoʻgʻon ichak, oshqozon, prostata bezi va oʻpka) saraton kasalliklarini erta aniqlashda oʻtkaziladigan laborator va instrumental diagnostik tekshiruvlar bilan qamrab olinadigan aholi yoshini sogʻliqni saqlash boʻyicha xalqaro tashkilotlar tavsiyalariga muvofiq qayta koʻrib chiqish hamda aniq moliyalashtirish manbalaridan kelib chiqib belgilash;
onkologiya sohasining amaldagi holatini tahlil qilish, sohani rivojlantirish yoʻnalishlari va eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlarini (KPI) belgilash hamda loyihalarni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritalari”ni tasdiqlash;
loyihalar ishtirokchilari faoliyatini muvofiqlashtirish, ularni barcha bosqichlarda qoʻllab-quvvatlash ishlarini tashkil etish;
loyihalarni moliyalashtirish, infratuzilma va tartibga solish bilan bogʻliq muammolarni hal etish, tizimli masalalar yuzasidan qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
onkologiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini tahlil qilish maqsadida choraklik yigʻilishlar oʻtkazib borish;
Dasturning amalga oshirilishi va maqsadli koʻrsatkichlarga erishilishi yuzasidan har yili tahliliy hisobotlarni jamoatchilikka eʼlon qilib borish;
loyihalarning natijasi haqidagi maʼlumotlarni Sogʻliqni saqlash vazirligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilib borilishini taʼminlash.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyundagi PQ-238-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.06.2026-y., 07/26/238/0623-son)
6. Kengash ayollarning bachadon boʻyni va koʻkrak bezi saratoni skriningi bilan qamrovini kengaytirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining mablagʻlarini muntazam jalb qilib borish choralarini koʻrsin.
7. Sogʻliqni saqlash vazirligi:
a) Dastur Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan oʻzaro muvofiqlashtirilgan holda sifatli amalga oshirilishini taʼminlasin;
b) Strategik islohotlar agentligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2024-yil yakuniga qadar Dasturni monitoring qilish, tibbiyot muassasalari va tibbiyot xodimlari mehnati samaradorligini har olti oyda bir marta baholash va ragʻbatlantirish mexanizmlarini ishlab chiqib, tasdiqlasin;
v) 2025-yil 1-yanvardan boshlab bachadon boʻyni va koʻkrak bezi saratoni skriningiga nodavlat tibbiyot tashkilotlarini jalb qilish choralarini koʻrsin hamda davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar xaridini Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi orqali amalga oshirish tizimini yoʻlga qoʻysin.
Bunda bachadon boʻyni va koʻkrak bezi saratoni skriningini oʻtkazishda koʻrsatiladigan xizmatlarning xarid narxlari Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi bilan kelishgan holda tasdiqlanadi;
g) bachadon boʻyni va koʻkrak bezi saratoni skrining tekshiruvlari natijasida aniqlangan bemorlarni davolash uchun 2025-yilda qoʻshimcha mablagʻlar talab etilganda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda ushbu xarajatlarni moliyalashtirish manbalariga aniqlik kiritish boʻyicha asoslangan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
d) Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda 2026-yildan boshlab bachadon boʻyni va koʻkrak bezi saratoni skrining tekshiruvlarini oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablagʻlarini jalb qilish choralarini koʻrsin;
e) 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab:
Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ginekolog mutaxassislarni bachadon boʻyni va koʻkrak bezi saratoni skriningiga oʻqitish boʻyicha oʻquv kurslarini yoʻlga qoʻysin;
klinik ordinatura va magistraturaning ginekologiya va onkologiya mutaxassisliklari, shuningdek, tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash oʻquv dasturlariga bachadon boʻyni saratoni skriningi va koʻkrak bezi saratonini erta aniqlashga oʻqitish boʻyicha modullar kiritsin;
j) “Davlat axborot tizimlarini yaratish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yagona integrator — “UZINFOCOM” MCHJ bilan birgalikda 2025-yil 1-mayga qadar:
bachadon boʻyni saratoni skriningi va koʻkrak bezi saratonini erta aniqlash sifatini baholash va monitoring qilib borish tizimini joriy etsin hamda skrining registri yuritilishini yoʻlga qoʻysin;
skrining dasturiga kiritilgan ayollar bilan qayta aloqa qilish tizimini (mobil ilova va boshqalar) joriy etsin;
z) 2025-yil 1-mayga qadar ilgʻor xalqaro tajribani inobatga olib, skrining algoritmlarini nazarda tutgan holda saratonoldi kasalliklari, bachadon boʻyni saratoni skriningi va koʻkrak bezi saratonini erta aniqlash, tashxislash va davolash boʻyicha milliy klinik bayonnomalarni tasdiqlasin;
i) Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining hududiy filiallarini polimeraza zanjirli reaksiya tekshiruvlarini oʻtkazish uchun tibbiy uskunalar, tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarining onkonazorat xonalarini zarur tibbiy jihozlar bilan taʼminlasin.
8. Strategik islohotlar agentligi 2025 — 2030-yillar davomida bachadon boʻyni va koʻkrak bezi saratoni skriningi monitoringini va Dastur samaradorligini baholashni amalga oshirsin.
9. Bachadon boʻyni va koʻkrak bezi saratonini erta aniqlash hamda nazoratini amalga oshirish uchun zarur tibbiy jihozlar roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
10. Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda joylarda “mahalla yettiligi”ga ayollar va ularning oila aʼzolari orasida onkologik kasalliklarning oldini olish, ularni erta aniqlash, davolash hamda oqibatlari haqida tushuntirish ishlarini oʻtkazishni tashkil qilib borsin.
11. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda:
turli maqsadli guruhlar (oʻsmirlar, katta yoshli ayollar, erkaklar) uchun xavfli oʻsma kasalliklari va ularning xavf omillari, profilaktikasi, erta aniqlash va davolashning muhimligi toʻgʻrisida televideniye, radio, internet va bosma ommaviy axborot vositalari orqali keng koʻlamli axborot kampaniyalarini tashkil etish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda keng formatli tashqi reklama obyektlariga maxsus bannerlarni oʻrnatish va aholi gavjum joylarda roliklarni tizimli namoyish qilish choralarini koʻrsin.
12. Iqtisodiyot va moliya vazirligi ushbu qarorni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish uchun 2025-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda zarur mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsin.
13. Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari O.Q. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 22-noyabr,
PQ-402-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-noyabrdagi PQ-402-son qaroriga 1-ILOVA
2025 — 2030-yillarda Bachadon boʻyni va koʻkrak bezi saratonini nazorat qilish dasturini amalga oshirish boʻyicha
Izoh: moliyalashtirish manbalari va ajratiladigan mablagʻlar miqdoriga Sogʻliqni saqlash vazirligining hisob-kitoblariga muvofiq Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-noyabrdagi PQ-402-son qaroriga2-ILOVA
Saraton kasalligi nazorati sohasidagi loyihalarning amalga oshirilishini muvofiqlashtiruvchi kengash
Izohlar:
* Kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.
** Kengash raisiga zarur hollarda Kengash tarkibiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish vakolati beriladi.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-sentabrdagi PF-191-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.09.2026-y., 06/26/191/0937-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-noyabrdagi PQ-402-son qaroriga 3-ILOVA
Bachadon boʻyni va koʻkrak bezi saratonini erta aniqlash hamda nazoratini amalga oshirish uchun zarur tibbiy jihozlar
* Statsionar mammograflar Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatga muvofiq tuman (shahar) tibbiyot muassasalariga beriladi.