PQ-68-son Qaror · 21.02.2025

2025-yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-68
  • Qabul qilingan sana:21.02.2025
  • Kuchga kirgan sana:24.02.2025
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/25/68/0169

Sharqona yangi yil boshlanadigan qutlugʻ kun — Navroʻzi olam asrlar davomida bahor, ezgulik, mehr-oqibat, mehnat va bunyodkorlik ramzi sifatida el-yurtimizning ijtimoiy-maʼnaviy hayotida beqiyos oʻrin tutib kelmoqda.

Bu munavvar ayyom keyingi yillarda Vatanimizda amalga oshirilayotgan “Inson qadri uchun, inson baxti uchun”, degan olijanob gʻoyaga hamohang boʻlib, tom maʼnoda umumxalq bayramiga aylandi hamda mamlakatimizning barcha shahar va qishloqlarida keng nishonlanmoqda.

Ushbu ulugʻ faslning ruhi va falsafasida mujassam boʻlgan gumanizm, odamzotni butun borliqning gultoji sifatida eʼzozlash, ona zamin va tabiatni asrab-avaylash tamoyillari bugungi kunda hayotimizda yanada yorqin namoyon boʻlmoqda.

Aynan ana shunday ezgu qadriyatlar tufayli yurtimizda aholi manfaatlari va ijtimoiy himoyasini taʼminlash, ehtiyojmand qatlamlarni qoʻllab-quvvatlash, jamiyatning hech bir aʼzosini mehr va eʼtibordan chetda qoldirmaslik, shahar va qishloqlarimizni obod qilish, yer va suv resurslaridan, barcha tabiat neʼmatlaridan oqilona foydalanish ustuvor vazifamizga aylanmoqda.

“Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili”da nishonlanadigan bu yilgi Navroʻz shodiyonalari shu bois yangicha ruh va mazmun kasb etadi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan xalqaro bayram sifatida eʼtirof etilgan Navroʻzi olamning koʻp millatli jamiyatimizda tinchlik, doʻstlik va hamjihatlik muhitini, birdamlik ruhini mustahkamlashdagi beqiyos oʻrni va ahamiyatini hisobga olib hamda ushbu ayyomni Yangi Oʻzbekistonning bugungi salohiyati va nufuziga har tomonlama munosib tarzda nishonlash maqsadida:

1. 2025-yilgi Navroʻz umumxalq bayrami mamlakatimizda “Qadriyatlaring boqiy boʻlsin, Navroʻz!” degan bosh gʻoya asosida umumxalq sayillari shaklida yuqori saviyada keng nishonlansin.

2. Madaniyat vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi va “Nuroniy” jamgʻarmasining taklifiga koʻra 2025-yilgi Navroʻz umumxalq bayramining gʻoyaviy-badiiy konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda — Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq maʼqullansin.

3. 2025-yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda — Tashkiliy qoʻmita) tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Tashkiliy qoʻmita (A.N. Aripov) bir hafta muddatda Toshkent shahri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar markazlari, barcha shahar va tumanlar, qishloq va ovullarda Konsepsiya asosida ishlab chiqiladigan Navroʻz umumxalq bayramini munosib nishonlash boʻyicha tashkiliy-amaliy, madaniy-maʼnaviy hamda targʻibot tadbirlari dasturini tasdiqlasin, shuningdek, uning amalga oshirilishini taʼminlasin.

4. Joylarda Navroʻz umumxalq bayramiga bagʻishlangan barcha tadbirlarni milliy qadriyat va anʼanalarimiz hamda bugungi islohotlarimizning maʼno-mohiyatiga, Konsepsiyada bayon etilgan asosiy yoʻnalish va tavsiyalarga mos holda, yuksak darajada tashkil etish, ularda yurtdoshlarimizning faol ishtirokini taʼminlash maqsadida quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratilsin:

bayram tadbirlarini borliqning uygʻonishi, inson va tabiat oʻrtasidagi uygʻunlik, ona zaminga mehr va eʼtiborni ifoda etadigan, yurtdoshlarimizni bugungi tinch va osuda hayotimizni qadrlab, shukronalik tuygʻusi bilan yashashga undaydigan taʼsirchan mazmun va shakl bilan oʻtkazish;

mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub demokratik islohotlar, xalqimizning kundalik hayoti, ongi va dunyoqarashida yuz berayotgan ijobiy oʻzgarishlar Navroʻzning insonparvarlik va inklyuzivlik mohiyatiga, azaliy qadriyat va anʼanalariga hamohang ekanini aks ettirish;

bu yilgi Navroʻz bayrami muqaddas Ramazon oyida nishonlanishini inobatga olib, keksa avlod vakillarini, xususan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini har tomonlama eʼzozlash, “Mehribonlik”, “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashayotgan shaxslar, ijtimoiy himoya daftarlariga kiritilgan va koʻmakka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ular uchun bayram dasturxoni yozish hamda turli xayriya tadbirlarini oʻtkazish;

“Yashil makon” umummilliy loyihasida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish, bayram arafasida barcha hududlarda, koʻcha, mahalla, tuman va shaharlarda obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish aksiyalarini, umumxalq hasharlarini oʻtkazish;

jamiyatimizda hukm surayotgan millatlararo doʻstlik va totuvlik muhitini mustahkamlash maqsadida yurtimizda yashayotgan turli millat va elatlar vakillarining milliy urf-odatlari, anʼana va qadriyatlarini keng namoyish qilish;

bayram tadbirlari davomida hunarmandchilik koʻrgazmalari, milliy sport turlari boʻyicha musobaqalar oʻtkazish, kitob koʻrgazmalari, arzonlashtirilgan qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalari, koʻchma savdo doʻkonlari tashkil etish, koʻklam taomlarini tayyorlash hamda bu borada koʻrgazmali savdo va tanlovlarni uyushtirish;

barcha shahar va qishloqlarda oʻtkaziladigan bayram tantanalarida, ommaviy axborot vositalarida Navroʻz bayramining tarixi, har bir hududda uni nishonlash bilan bogʻliq udum va anʼanalarni keng targʻib qilish;

Toshkent shahridagi “Yangi Oʻzbekiston” majmuasida alohida dastur asosida xalq sayillarini tashkil etish.

5. Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov) Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi (O. Hasanov), Yozuvchilar uyushmasi (S. Saidov) bilan birgalikda bir hafta muddatda Konsepsiyaga muvofiq Toshkent shahrida Navroʻz bayramiga bagʻishlab oʻtkaziladigan teatrlashtirilgan asosiy konsert tomoshasining dasturi va ssenariysini ishlab chiqsin.

6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari:

a) bir hafta muddatda Navroʻz umumxalq sayillarini oʻtkazish boʻyicha quyidagilarni nazarda tutadigan hududiy chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin:

umumxalq sayillari uyushtiriladigan asosiy maydonlar, koʻcha va xiyobonlarni milliy uslubda bayramona bezatish;

mazkur sayil va tomoshalarni mahalliy tajribali ssenarist va rejissorlar, kompozitor va bastakorlar, baletmeysterlar, sahna rassomlari, isteʼdodli yosh ijrochilar, folklor sanʼati vakillari bilan birgalikda yuqori badiiy saviyada tayyorlash choralarini koʻrish;

bayram tadbirlari doirasida har bir hududga xos boʻlgan xalq oʻyinlari, tomoshalar, koʻrgazmalar oʻtkazish, bahoriy taomlar sotiladigan ochiq oshxonalar tashkil qilish;

b) bayram dasturlarini va ommaviy tomoshalarni tayyorlashda, koʻchalar, maydon va xiyobonlarni bezatishda malakali mutaxassislardan iborat ijodiy guruhlarni keng jalb etsin;

v) barcha tadbirlar jamoat xavfsizligi talablariga qatʼiy rioya qilingan holda oʻtkazilishini taʼminlasin.

7. Belgilab qoʻyilsinki, oʻtkaziladigan bayram tadbirlarining xarajatlari:

Toshkent shahrida — respublika budjeti va Toshkent shahri mahalliy budjeti mablagʻlari hisobidan teng ulushlarda;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda — tegishli mahalliy budjetlar hamda homiylik xayriyalari hisobidan qoplanadi.

8. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin.

9. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari O.Q. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2025-yil 21-fevral,

PQ-68-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-fevraldagi PQ-68-son qaroriga1-ILOVA

2025-yilgi Navroʻz umumxalq bayramining gʻoyaviy-badiiy

Muqaddima

Xalqimiz asrlar davomida sharqona yangi yil — yasharish va yangilanish ayyomi sifatida nishonlab kelayotgan Navroʻz bayrami Yangi Oʻzbekistonning maʼnaviy asoslarini mustahkamlash, dunyoviy taraqqiyot, milliy va umumbashariy tamoyillarga sodiqlikni jahonga namoyon etishda muhim rol oʻynamoqda.

Bu bayram inson va tabiat uchun ekotizim yaxlit va boʻlinmas ekani, hayot abadiyati, ona zaminga mehr, tinchlik, mehnat, doʻstlik va hamjihatlik kabi umuminsoniy gʻoyalarni tarannum etadi. Shuning uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2010-yil 23-fevraldagi rezolyutsiyasiga binoan, 21-mart sanasi Xalqaro Navroʻz kuni deb eʼlon qilingan.

“Qadriyatlaring boqiy boʻlsin, Navroʻz!” degan bosh gʻoya asosida ishlab chiqilgan ushbu konsepsiyada Navroʻzning tarixiy jihatlari bilan birga, bugungi kunda Yangi Oʻzbekistonni barpo etish jarayonidagi ijtimoiy-maʼnaviy roli va ahamiyatini ochib berishga alohida eʼtibor qaratilgan.

Bu borada Navroʻz qadriyatlarini quyidagi maʼrifiy maqsadlarga yoʻnaltirish taklif etiladi:

bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan davlat siyosatining insonparvarlik mohiyatiga alohida urgʻu berish;

yurtimiz fuqarolari oʻrtasida birdamlik va vatanparvarlik fazilatlarini kuchaytirish;

inson va tabiat oʻrtasidagi uygʻunlikni, inklyuzivlikni keng targʻib qilish;

mintaqamiz xalqlari oʻrtasidagi azaliy doʻstlik va birodarlikni ulugʻlash.

Ana shu maqsadlarni toʻlaqonli ifoda etish uchun Navroʻz tadbirlarini quyidagi tarkibiy yoʻnalishlarda tashkil qilish tavsiya etiladi.

I. Yangi Oʻzbekiston — yangi ekomakon

Inson va tabiat oʻzaro uygʻun yashaydigan ekotizim, ekotsivilizatsiya yaratish — Navroʻzning daʼvatkor gʻoyalaridan biri.

Global iqlim oʻzgarishlari ulkan muammolarni keltirib chiqarayotgan hozirgi vaqtda xalqaro jamoatchilik bu masalaning naqadar muhim ekanini chuqur tushunib yetmoqda. Dunyoning yetakchi davlatlarida ekotsivilizatsiya barpo etish dolzarb vazifa sifatida kun tartibiga qoʻyilayotgani ham bu fikrni tasdiqlaydi.

Oʻzbekistonda ham bu borada katta ishlar amalga oshirilmoqda. “Yashil makon” umummilliy loyihasi aynan shu maqsadga qaratilgan.

Maʼlumot uchun: keyingi yillarda Orol dengizining qurigan tubida qariyb 2 million gektar maydonda yashil butazorlar barpo etilgani, shahar va qishloqlarimiz atrofida “yashil belbogʻ”lar bunyod etilayotgani tariximizda ilgari koʻrilmagan ulkan ishlardir.

Hayotimizga Navroʻzning qadimiy ruhi va falsafasiga mos boʻlgan “yashil iqtisodiyot” va “yashil energiya” degan yangi tushunchalar kirib kelmoqda.

Maʼlumot uchun: soʻnggi yillarda yurtimizda qariyb 4 gigavattli muqobil quvvatlar ishga tushirilib, “yashil energiya”ning ulushi 16 foizga yetdi. 2030-yilgacha jami generatsiyada “yashil energiya”ning ulushi 50 foizdan oshadi.

Ijtimoiy hayotimizda “aqlli shahar”, “aqlli uy”, “yashil xonadon” kabi tamoyillar keng oʻrin egallamoqda.

Barcha hududlarning oʻziga xos tashrif qogʻoziga aylanib borayotgan “Yangi Oʻzbekiston” turar-joy massivlari yangi ekotsivilizatsiyaning dastlabki milliy modeli, desak, toʻgʻri boʻladi. Mamlakatimizda 2030-yilgacha 100 ta ana shunday massiv barpo etish koʻzda tutilgan.

Yurtimizda joriy yilning “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb eʼlon qilinishi va bu borada maxsus davlat dasturi amalga oshirilayotgani ekotsivilizatsiya yoʻlidagi yana bir muhim qadam boʻlmoqda.

Hech shubhasiz, shu boradagi barcha maqsad va vazifalar, erishilgan natijalarni maʼrifiy targʻibot, elektron-vizual resurslar, sunʼiy intellekt imkoniyatlari va jonli sahna koʻrinishlari, ommaviy chiqishlar orqali Navroʻz gʻoyalari bilan uygʻun holda ifoda etish bayram tadbirlarining mazmuni va jozibasini yanada oshiradi.

II. Insonparvar va inklyuziv qadriyatlar

Insonparvarlik va inklyuzivlik — Navroʻzi olamning eng muhim xususiyati.

Navroʻz millati, tili va dinidan qatʼiy nazar, barcha odamlarni tenglik va adolat tamoyillari asosida, oʻzaro mehr-oqibat koʻrsatib yashashga chaqiradi. Jismoniy imkoniyati cheklangan va kam taʼminlangan aholi toifalari — keksa va nogiron insonlar, kambagʻal oilalar, yordamga muhtoj qatlamlarga jamiyat va davlat eʼtiborini qaratishga, odamlarni savob ishlarga undaydi.

Ushbu bayramning “Navroʻzi olam” deb atalishida ham uning umumbashariy va inklyuzivlik xususiyati mujassamdir.

Hozirgi kunda samarali ijtimoiy siyosat olib borish, inklyuzivlik davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Yangilangan Konstitutsiyamizdagi “Oʻzbekiston — ijtimoiy davlat” degan prinsipial qoida ham aholiga ijtimoiy yordam koʻrsatish, hech kimni mehr va eʼtibordan chetda qoldirmaslikni doimiy ishlaydigan tizimga aylantirishni taqozo etadi.

Ana shu talablardan kelib chiqqan holda, yurtimizda birinchi marta Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi va muvaffaqiyatli faoliyat koʻrsatmoqda.

Maʼlumot uchun: oʻtgan yilning oʻzida 102 ta ijtimoiy xizmat mahalla darajasiga tushirildi, endi 75 foiz muammolar ushbu boʻgʻinda hal etilmoqda. Masalan, nogironligi boʻlgan insonlar uchun protez vositalari ikki haftada mahallaning oʻzida berilmoqda. Nogironligi boʻlgan bolalarga “qarab turish xizmati” joriy etildi. Natijada 700 nafar ota-ona ishlash imkoniga ega boʻldi.

Harakatlanishga qiynaladigan 4 ming nafar yolgʻiz keksa uchun uy sharoitida qarab turish xizmati yoʻlga qoʻyildi. Nogironligi bor bolalar uchun bogʻcha va maktab taʼlimida, oliygohlarda alohida qulaylik, imkoniyat va yengilliklar yaratilmoqda. Nogironligi bor shaxslarning bandligi respublikamiz boʻyicha 20 foizga yetdi.

Umuman, 2024-yilda ijtimoiy himoya boʻyicha jami 34 ta muhim yangilik amalga oshirildi. Bu yil esa yana 28 ta tashabbus boʻyicha amaliy ish olib borilmoqda.

Tavsiyalar: oʻzbek xalq ogʻzaki ijodi, mumtoz va zamonaviy adabiy merosimizda jamiyat hayotidagi tenglik, inklyuzivlik, oʻzaro mehr-oqibat tamoyillarini ulugʻlaydigan asarlar koʻp. Bayram tadbirlarida ularning sara namunalaridan keng foydalanish mumkin.

Bayram tantanalarini ommaviy axborot vositalari orqali yoritishda bahoriy uygʻonishni milliy Renessans jarayoni bilan bogʻlash, soʻnggi yillarda ijtimoiy himoya tizimidagi islohotlar miqyosini yuqorida keltirilgan hamda boshqa statistik va amaliy oʻzgarishlar (ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarga koʻrsatilayotgan yordamning institutsionallashgani, ota-onasi qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga nisbatan davlat tomonidan koʻrsatilayotgan koʻmak koʻlami va turlari keskin oshgani) misolida koʻrsatib, Navroʻzning ezgulik va insonparvarlik mohiyatini ochib berish.

Ijtimoiy koʻmakka muhtoj oilalar va fuqarolar holidan xabar olish boʻyicha mahalla va jamoatchilik vakillari, yoshlar ishtirokida alohida tadbirlar oʻtkazish.

Mamlakatimizda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash sohasidagi siyosat Navroʻz qadriyatlari bilan hamohang ekaniga urgʻu berish lozim.

Tavsiyalar: amaliy tadbirlar va targʻibot ishlari davomida oxirgi paytlarda xotin-qizlarning jamiyatdagi ijtimoiy roli keskin oshgani, boshqaruv tizimi, ilm-fan va boshqa sohalarda ayollarning soni ortgani, xotin-qizlarning huquqiy himoyasi kuchaygani, insonparvar va xalqchil siyosat natijasida hayoti ijobiy tomonga tubdan oʻzgargan ayollar haqida turkum materiallar namoyish etish.

Bu yilgi Navroʻzning muborak Ramazon oyiga toʻgʻri kelishi munosabati bilan bu borada notoʻgʻri talqinlarga yoʻl qoʻymaslik maqsadida maʼrifiy targʻibot ishlarini tashkil etish lozim. Bu ikki qutlugʻ sanani uygʻun holda, xayru saxovat va mehr-oqibat ayyomi sifatida nishonlash maqsadga muvofiq.

Shu bois, olimlar, shoir va adiblarimiz, jamoatchilik vakillarining tele va radiokanallar, ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarida, mahallalardagi tadbir va marosimlarda avvalo bu yilgi Navroʻzning Ramazon oyida oʻtayotganing alohida fazilatlarini taʼkidlab, tinchlik, ezgulik va shukronalik, ahillik kabi olijanob jihatlarini ulugʻlash muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, Navroʻz fasli — mart oyida xalqimizning ulugʻ namoyandalari boʻlgan Zulfiyaxonim (1-mart), Ozod Sharafiddinov (1-mart), Hoji Muin (15-mart), Mahmud Zamaxshariy (19-mart), Alixontoʻra Sogʻuniy (21-mart), Abdulla Oripov (21-mart), Mirzo Ulugʻbek (22-mart), Shukur Xolmirzayev (24-mart) Abduxoliq Gʻijduvoniy (24-mart) kabi mashhur siymolarning tavallud ayyomlarini bayram shodiyonalari bilan hamohang holda oʻtkazish ham tarbiyaviy nuqtai nazardan katta taʼsir kuchiga ega boʻladi.

III. Yer, suv va havo — hayot va rizq manbai

Navroʻz azal-azaldan tabiatning bebaho neʼmatlari — yer va suv resurslari, qazilma boyliklardan tejab-tergab foydalanishga, atrof-muhit tozaligini saqlashga chaqiradi.

Hozirgi globallashuv davrida bu masalalar oʻta muhim vazifaga aylanmoqda. Mamlakatimizda shu borada koʻp ishlar qilinmoqda. Ayni vaqtda aholida ekologik madaniyatni kuchaytirish, resurslardan oqilona foydalanish, isrofgarchilikka yoʻl qoʻymaslik hamon dolzarb boʻlib qolmoqda.

Shu maʼnoda, yosh avlodimiz oʻrtasida ushbu masalaning mohiyatini chuqur his etib, oʻzining innovatsion ishlanmalari bilan maydonga chiqayotgan oʻgʻil-qizlarimiz borligi tahsinga sazovordir.

Yaqinda Birlashgan Arab Amirliklarida boʻlib oʻtgan nufuzli xalqaro ekologik anjumanda Toshkent shahridagi Prezident maktabi oʻquvchilari — Pahlavon Gʻulomov va Asilbek Ashrapov hamda ularning ustozi Sohibxon Azizov nufuzli nominatsiya boʻyicha gʻolib deb topildi.

Boʻlib oʻtadigan Navroʻz tadbirlarida ana shunday yoshlarimizni oʻrnak qilib koʻrsatish tavsiya etiladi.

IV. Navroʻz — mehnat va bunyodkorlik fasli

Navroʻz deganda, avvalo, koʻz oldimizda yerga urugʻ qadayotgan, koʻchat oʻtqazayotgan bobodehqon siymosi namoyon boʻladi.

Afsuski, global iqlim oʻzgarishlari tufayli qishloq xoʻjaligida koʻplab muammolar paydo boʻlmoqda. Bu dehqon va fermerlar uchun katta qiyinchiliklar tugʻdirmoqda. Ularni yengib oʻtish uchun amalga oshirilayotgan islohotlar mavzusi — Navroʻz tadbirlarining muhim qismi boʻlishi mumkin.

Oʻzbekiston hozirgi kunda chinakam bunyodkorlik oʻlkasiga aylanmoqda. Keng miqyosdagi qurilish va obodonlashtirish ishlari tufayli shahar va qishloqlarimiz qiyofasi tubdan oʻzgarmoqda. Zamonaviy korxonalar, ishlab chiqarish majmualari, shinam uy-joylar, yangi-yangi bogʻcha va maktablar, tibbiyot, madaniyat va sport maskanlari, yoʻllar va kommunikatsiya tarmoqlari bunyod etilmoqda.

Tavsiyalar: ekologik va media aksiyalar davomida tabiiy muammolar insonning nojoʻya harakatlari sababli kelib chiqishi, hayot tarzimizni barqaror rivojlanish maqsadlari yoʻlida oʻzgartirishimiz zarurligiga urgʻu berish lozim. Yurtdoshlarimizni oʻz uyi, koʻchasi va mahallasini obod etishga chaqirish bayramga tayyorgarlik tadbirlarida oʻz ifodasini topishi ayni muddao boʻladi.

Navroʻz bayrami arafasida oʻtkaziladigan hasharlar davomida irrigatsiya tarmoqlarini tozalash, yerni ekishga tayyorlash, dov-daraxtlarni butash, uch avlod vakillari — bobo, ota va nabiralar ishtirokida nihol ekish tadbirlarini tashkil etish, oziq-ovqat xavfsizligi, ekologik toza mahsulotlar yetishtirish, sogʻlom turmush tarzi kabi masalalarga eʼtibor qaratish muhimdir.

V. Joylardagi Navroʻz sayillari

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining — yurtimizdagi har bir hududning Navroʻz bayramini nishonlash boʻyicha oʻziga xos urf-odat va anʼanalari mavjud.

Boʻlgʻusi bayram tadbir va tomoshalari ana shunday beqiyos rang-baranglikni namoyon etishda muhim ahamiyatga ega.

Tavsiyalar: Navroʻzni nishonlash bilan bogʻliq tarixiy xronikalar namoyishi hamda koʻrsatuvlarda tarixchi, tabiatshunos, etnograf, adabiyotshunos olimlar tomonidan bu bayramning 5 ming yillik qadimiy ildizlarga ega ekaniga alohida urgʻu berilishi maqsadga muvofiqdir. Shuningdek, bu boradagi qadimgi rivoyatlar, yoshi ulugʻ yurtdoshlarimizning bayram haqidagi bolalik taassurotlari aks ettirilgan lavhalarni ham tashkil etish mumkin.

Mehnat jamoalari va mahallalarda oʻtadigan bayram tadbirlarida asosiy ishtirokchilarning milliy liboslarda boʻlishiga eʼtibor qaratish, milliy taomlar, hunarmandlik buyumlari va liboslar koʻrgazmalarini, mohir chevarlar, usta va hunarmandlarni taqdirlash marosimlarini oʻtkazish bayramga koʻtarinki ruh va mazmun bagʻishlaydi.

VI. Navroʻz — yoshlik va shijoat ayyomi

Navroʻz oʻzining uygʻonish, yasharish va yangilanish borasidagi udum va anʼanalari bilan doimo yoshlikni, navqironlikni, hayot goʻzalligi va joʻshqinligini ulugʻlab keladi.

Mamlakatimiz aholisining 60 foizini yoshlar tashkil etadi. Yoshlar — Yangi Oʻzbekistonning faol bunyodkoridir. Bayram ishtirokchilarining asosiy qismi ham yoshlar boʻlishi tabiiy.

Shu bois oʻtkaziladigan tadbirlarda Yangi Oʻzbekiston farzandlarining turli sohalarda erishayotgan yutuqlarini barcha yoshlarimizga oʻrnak qilib koʻrsatish, ularni umrning har daqiqasini, bugungi hayotimizda yaratilayotgan imkoniyatlarni qadrlashga chaqirish, vatanparvar insonlar boʻlish, doimo oldinga intilib yashashga daʼvat etish oʻrinlidir.

Tavsiyalar: barcha mahallalarda ommaviy hasharlar, sumalak qaynayotgan doshqozonlar atrofida keksayu yosh ishtirokida oʻyin-kulgular, sayillar, ochiq maydonlarda qoʻgʻirchoq teatrlari va folklor tomoshalarini uyushtirish, uloq va koʻpkarilar oʻtkazish, oʻzbek xalq ertaklari qahramonlari siymosi tasvirlangan badiiy, hujjatli va animatsion mahsulotlar, milliy qahramonlarning merchlarini ommalashtirish ham muhim ahamiyatga ega.

Qoʻgʻirchoq ishlab chiqaradigan korxonalarga Alpomish, Goʻroʻgʻli, Oybarchin, Qaldirgʻoch, Kachal polvon, Shum bola va boshqa milliy qahramonlarning kattalashtirilgan timsollarini yaratish boʻyicha buyurtma berish, Navroʻz sayillarida koʻchalarda milliy doston va ertaklarimiz qahramonlari siymosidagi yoshlar bilan, mashhur sportchi, “Ay-ti”chi, sanʼatkor, yetakchi oʻgʻil-qizlarimiz bilan uchrashuv va muloqotlar tashkil etish ham bayram fayzini oshirishga xizmat qiladi.

VII. Oʻzbekiston — tinchlik va doʻstlik diyori

Bizning eng katta boyligimiz — koʻpmillatli xalqimizdir.

Bizning qudratli kuchimiz — yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalik, millatlar va dinlararo doʻstlik va hamjihatlikdir.

Mustaqillik yillarida Navroʻz barcha oʻzbekistonliklar uchun tom maʼnoda sevimli umumxalq bayramiga, doʻstlik, birdamlik, bagʻrikenglik va ahillik ramziga aylandi.

Bayram tadbirlarida mamlakatimizdagi milliy-madaniy markazlar vakillarining anʼanaviy ishtiroki uchun munosib oʻrin berish lozim.

Tavsiyalar: bayram tadbirlariga barcha millat va elatlar vakillarini jalb etish, Navroʻz ularning hayotining ham ajralmas bir qismiga aylanib qolganiga, milliy madaniyati va anʼanalarini namoyish qilishga alohida eʼtibor qaratish.

Vatanimizda oʻtadigan bayram tadbirlariga mintaqamizdagi qoʻshni davlatlar vakillarini, jumladan, bayram dasturlariga ana shu mamlakatlar sanʼatkorlari, folklor ansambllari va hunarmandlarini ham taklif etish, chegara hududlarida Navroʻz sayillarini birgalikda tashkil etish, milliy sport musobaqalariga (kurash, koʻpkari, uloq, poyga va boshqalar) qardosh xalqlar jamoalarini ham jalb etish, tantanali tadbirlarda oʻzaro qon-qardoshlik, bizni bogʻlab turgan madaniy rishtalar, mushtarak tarix va umumiy kelajak toʻgʻrisida fikr almashish oʻrinli boʻladi.

VIII. Oʻzbekiston — dunyoga ochiq davlat

Keyingi yillarda xalqaro maydonda Oʻzbekistonning ochiq va erkin davlat sifatidagi imiji shakllanib, jahon miqyosida doʻst va hamkorlarimiz tobora koʻpaymoqda.

Umumbashariy gʻoyalar mujassami boʻlgan Navroʻz bizning jahon xalqlari bilan doʻst va hamjihat boʻlib yashash yoʻlidagi intilishlarimizni dunyoga namoyon etishda oʻziga xos ahamiyatga ega.

Bayram tadbirlarida ushbu mavzularni yoritish, jumladan, badiiy dasturlarda odatdagidek jahon sanʼati namunalariga ham oʻrin berish tavsiya etiladi.

Ommaviy axborot vositalarida mamlakatimizdagi diplomatik korpus vakillari, xorijiy doʻst va hamkorlarimiz, chet ellik sayyohlarning Oʻzbekiston xalqiga bildirgan tabrik va qutlovlari, mamlakatimizdagi tinchlik, barqarorlik va doʻstlik muhiti hamda bayram haqidagi taassurotlarini eʼlon qilish ham ijobiy natija beradi.

Yana bir muhim jihat — Navroʻz bayramini mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi elchixona va vakolatxonalari, vatandoshlar jamiyatlari koʻmagida chet eldagi yurtdoshlarimiz ishtirokida keng nishonlash eʼtibor markazida boʻlishi lozim.

IX. Bayramning ramzi

Ilk bahor darakchisi boʻlgan boychechak tasviridan bayram tadbirlarining asosiy ramzi sifatida foydalanish taklif etiladi.

Bu borada quyidagi usul va vositalarni qoʻllash mumkin:

21-fevral — 21-mart kunlari boychechak timsolidan barcha davlat telekanallarida leybl sifatida foydalanish, televideniye va internet, ijtimoiy tarmoqlarda “Boychechagim boylandi” kabi mashhur xalq qoʻshiqlarini turli ijro usullarida berib borish, madaniy tadbirlarning ochilishini ana shunday taronalar bilan boshlash, shahar-qishloqlarimizning koʻcha, maydon va xiyobonlarini bezashda ushbu tasvirni keng qoʻllash tavsiya etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-fevraldagi PQ-68-son qaroriga2-ILOVA

2025-yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita

1.A. Aripov—Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Tashkiliy qoʻmita raisi2.X. Sultonov—Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi3.O. Abdurahmonov—Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari4.O. Nazarbekov—madaniyat vaziri, Tashkiliy qoʻmita raisi oʻrinbosari5.Sh. Umurzakov—Toshkent shahar hokimi, Tashkiliy qoʻmita raisi oʻrinbosari6.H. Umarova—maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri7.Q. Sharipov—oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri8.A. Ikramov—sport vaziri 9.B. Zahidov—kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri10.A. Xudayarov—sogʻliqni saqlash vaziri 11.A. Abduxakimov—ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri12.Sh. Shermatov—raqamli texnologiyalar vaziri13.B. Saidov—tashqi ishlar vaziri14.Sh. Xolmuhammedov—mudofaa vaziri15.P. Bobojonov—ichki ishlar vaziri16.R. Joʻrayev—Milliy gvardiya qoʻmondoni17.I. Norqulov—iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi oʻrinbosari18.Q. Quranbayev—Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi raisi19.Q. Rafiqov—Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi20.Sh. Ayupov—Fanlar akademiyasi prezidenti21.A. Xodjayev—Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori22.R. Qurbonov—Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi raisi23.A. Saʼdullayev—Yoshlar ishlari agentligi direktori24.A. Djurabayev—Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi25.A. Koʻchimov—Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori26.A. Nuridinov—Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi27.O. Hasanov—Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari28.S. Saidov—Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi29.S. Turdiyev—Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi respublika boshqaruvi raisi30.Sh. Rizayev—Kinematografiya agentligi bosh direktori v.b.31.R. Abdullayev—Oʻzbekiston kompozitorlar va bastakorlar uyushmasi raisi32.Sh. Qudratxoʻja—Oʻzbekiston milliy media birlashmasi raisi33.X. Salimov—Oʻzbekiston jurnalistlari uyushmasi raisi oʻrinbosari34.Lavozimiga koʻra—Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari35.B. Onorboyev —Vazirlar Mahkamasi boʻlim boshligʻi, Tashkiliy qoʻmita kotibi

Izoh. Tashkiliy qoʻmita aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, ularning oʻrniga yangi tayinlangan shaxslar kiritiladi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.