PQ-248-son Qaror · 14.08.2025

Qoraqalpogʻiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-248
  • Qabul qilingan sana:14.08.2025
  • Kuchga kirgan sana:15.08.2025
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/25/248/0737

Qoraqalpogʻiston Respublikasida tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashni yanada kuchaytirish, qulay investitsiya muhitini yaratish va infratuzilmani yaxshilash, zamonaviy yondashuvlar asosida moliyaviy xizmatlar koʻrsatish koʻlamini kengaytirish hamda yuqori daromadli ish oʻrinlarini yaratishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida qaror qilaman:

I. Maqsadlar

1. Quyidagilar 2025-2026-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasini barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib belgilansin:

(a) yalpi hududiy mahsulot hajmi oʻrtacha 6 — 6,5 foizga;

(b) sanoat ishlab chiqarishi hajmi 5-6 foizga;

(v) bozor xizmatlari hajmi 15 — 17 foizga;

(g) qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi 4-5 foizga oʻsishini taʼminlash.

II. Dasturiy hujjatlar va ularni amalga oshirish mexanizmlari

2. Belgilansinki:

(a) “Boston Consulting Group” konsalting kompaniyasi bilan ishlab chiqilayotgan Qoraqalpogʻiston Respublikasini 2035-yilgacha rivojlantirish boʻyicha strategiya 5 yillik batafsil dastur (keyingi oʻrinlarda — Dastur) asosida amalga oshiriladi;

(b) Dasturni moliyalashtirish uchun natijaga asoslangan moliyalashtirish tizimi (PforR) boʻyicha 150 — 200 million AQSH dollari miqdoridagi xorijiy mablagʻlar jalb qilinadi.

3. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda “Qoraqalpogʻiston Respublikasida loyihalarni amalga oshirish markazi” loyiha ofisi (keyingi oʻrinlarda — Loyiha ofisi) 2026-yil may oyiga qadar aniq chora-tadbirlar koʻrsatilgan Dasturni ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PQ-388-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2025-y., 07/25/388/1235-son)

III. Sanoatni rivojlantirish

4. Belgilansinki, Qoraqalpogʻiston Respublikasida:

(a) yuklatilgan majburiyatlarni toʻliq bajargan kichik va yoshlar sanoat zonalari ishtirokchilariga ularga berilgan bino-inshootlarni (yoki ularning bir qismini), sanoat zonalaridagi faoliyati muddatidan qatʼi nazar, toʻgʻridan-toʻgʻri xususiylashtirish huquqi beriladi;

(b) sanoat zonalaridagi yuridik shaxslar uchun xususiylashtirilayotgan yer uchastkasini sotib olish qiymati yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi bazaviy soliq stavkasining Nukus shahrida 1 baravari, boshqa hududlarda 0,5 baravari miqdoridan kelib chiqib aniqlanadi;

(v) 2025-yil 1-oktabrdan boshlab noruda foydali qazilmalarni qayta ishlashni tashkil qilgan tadbirkorlik subyektlariga yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun ruxsatnomalar berishga oid auksionda gʻolib boʻlish uchun taklif etilgan summani boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat etiladi.

5. Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi “Yer qaʼridan foydalanish markazi” davlat muassasasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi tashkil etilsin. Bunda unga:

(a) budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi hududiy tuzilmalarining qisqartirilgan shtat birliklari hisobidan 7 ta shtat birligi ajratilsin;

(b) “Yer qaʼridan foydalanish markazi” davlat muassasasining yer qaʼridan foydalanish sohasida davlat xizmatlarini koʻrsatishga doir vakolatlarini axborot tizimlaridan foydalangan holda hududning oʻzida amalga oshirish huquqi berilsin.

6. Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2025-yil 1-noyabrga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasida 2026 — 2028-yillarda tabiiy resurslarning yangi zaxiralarini aniqlash va ishga tushirish uchun geologiya-qidiruv ishlarini olib borish dasturini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

IV. Ijtimoiy obyektlar, infratuzilmani yaxshilash va turizmni rivojlantirish

7. Qoraqalpogʻiston Respublikasida:

(a) “yashil” tamoyil asosida 11 ta ijtimoiy soha obyektini qurish-taʼmirlash ishlari 1-ilovaga muvofiq manzilli roʻyxat asosida amalga oshirilsin;

(b) 151 km avtomobil yoʻlini taʼmirlash ishlari 2-ilovaga muvofiq manzilli roʻyxat asosida amalga oshirilsin.

8. Mazkur qarorning 7-bandida koʻzda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun:

(a) Iqtisodiyot va moliya vazirligi bir oy muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi mahalliy budjetlarining reja boʻyicha maqbullashtiriladigan mablagʻlari hisobidan 60 milliard soʻm mablagʻlarni teng ulushlarda 2025-2026-yillarda markazlashgan investitsiya xarajatlarini oshirish orqali 11 ta ijtimoiy soha obyektini qurish-taʼmirlash ishlari uchun yoʻnaltirsin;

(b) Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi 151 km avtomobil yoʻlini taʼmirlash ishlari uchun jami 36 milliard soʻm mablagʻ ajratsin.

9. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi 2026-yil 1-yanvarga qadar “A-380” Gʻuzor — Buxoro — Nukus — Beyneu xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yoʻlining Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududidan oʻtuvchi qismida 3 ta yoʻlboʻyi servis obyekti qurilishi va tayyor biznes shaklida realizatsiya qilinishini taʼminlasin.

10. Qoraqalpoq davlat universiteti, Urganch davlat universiteti hamda Fanlar akademiyasining tarixchi olimlari, tadqiqotchilari va soha mutaxassislaridan iborat tadqiqot guruhi tuzilsin. Bunda:

(a) tadqiqot guruhi turizm obyektlari sonini koʻpaytirish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi tarixiy obyektlarni aniqlasin va tiklash ishlarini olib borsin;

(b) Fanlar akademiyasi Tarix instituti, Milliy arxeologiya markazi tadqiqot guruhining faoliyatini ilmiy-uslubiy jihatdan muvofiqlashtirib borsin;

(v) Bosh vazir oʻrinbosari J. Qoʻchqorov, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi ushbu ishlar uchun 2025-yilda Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan Qoraqalpoq davlat universiteti hamda Urganch davlat universitetiga 5 milliard soʻmdan mablagʻ ajratsin.

11. Qoraqalpogʻiston Respublikasining qadimiy, togʻ va daryo boʻyi hududlarida yangi turistik marshrutlar (keyingi oʻrinlarda — turistik majmualar) 3-ilovaga muvofiq manzilli dastur asosida yoʻlga qoʻyilsin. Bunda:

(a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi ikki hafta muddatda turistik majmualarni zarur infratuzilmalar bilan taʼminlash boʻyicha manzilli dasturni ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga kiritsin;

(b) Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025-yilda Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan turistik majmualarni infratuzilma obyektlari bilan taʼminlash uchun 25 milliard soʻm mablagʻ ajratsin.

V. Aholini kasb-hunarga oʻrgatish va yoshlarning taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish

12. Belgilansinki, 2025-yil 1-sentabrdan boshlab “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtib, ushbu hududda 12 oydan ortiq faoliyat yuritayotgan hamda bir yil davomida kamida 10 nafar kishini doimiy ish bilan taʼminlagan tadbirkorlik subyektlariga oʻtgan yil yakunlari boʻyicha jami daromadining 50 foizgacha miqdorida ulush kiritish shaklidagi moliyaviy yordam koʻrsatish tartibi joriy qilinadi.

13. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Loyiha ofisi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining:

(a) 2026-yil mart oyiga qadar Xitoy tajribasi asosida Kambagʻallik va mehnat sohasidagi loyihalarni boshqarish markazi tomonidan 5 gektar yer maydonida kamida 5 sotixli issiqxona xoʻjaliklaridan iborat boʻlgan issiqxona majmualarini tashkil qilish;

(13-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son)

(b) issiqxona majmualarini tashkil qilish uchun 5 gektar zaxiradagi qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan sugʻoriladigan yer uchastkasini 49 yil muddatga ijara huquqi asosida Kambagʻallik va mehnat sohasidagi loyihalarni boshqarish markaziga ajratish;

(v) issiqxona majmualarini qurish va saqlash xarajatlarini Kambagʻallikni qisqartirish davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish;

(g) Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalardan talabgorlarni aniqlab, issiqxona xoʻjaliklarini 2 yil muddatga ijara shartnomasi asosida foydalanishga topshirish;

(13-bandning “g” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-fevral)

(d) bir yil uchun ijara toʻlovini yer maydoni hajmidan kelib chiqib, yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi boʻyicha hisoblangan summaning 10 foizi miqdorida belgilash;

(j) issiqxona xoʻjaliklari ijara muddati tugagandan soʻng boshqa kambagʻal oilalarga ijara asosida berilishini taʼminlash;

(z) tashkil etiladigan issiqxona xoʻjaliklariga malakali agronomlarni biriktirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

14. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi bilan birgalikda “Prezident iqtidorli farzandlari” tashabbusi doirasida:

(a) har yili talabdan kelib chiqib, Qoraqalpogʻiston Respublikasida doimiy yashaydigan va umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini tamomlagan 50 nafargacha yoshlarning xorijda taʼlim olishini taʼminlasin;

(b) ushbu talabalarning oʻqish davri tugaganidan soʻng Qoraqalpogʻiston Respublikasida kamida 4 yil ishlab berish majburiyati nazarda tutilsin.

15. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

(a) Qoraqalpogʻiston Respublikasida doimiy yashaydigan hamda umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlarini tamomlagan yoshlar uchun:

(i) davlat oliy taʼlim muassasalarida davlat granti asosida oʻqitish uchun 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab kelgusi 3 oʻquv yili davomida qoʻshimcha 500 ta maqsadli kvota ajratiladi;

(ii) respublikada faoliyat yurituvchi nodavlat va xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari hamda ularning filiallarida davlat granti asosida oʻqitish uchun har yili qoʻshimcha 200 ta maqsadli kvota ajratiladi;

(b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi har yili 20-iyulga qadar sohalar va tarmoqlarning oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan ehtiyojini aniqlab, taʼlim yoʻnalishlari va hududlar kesimidagi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim tashkilotlariga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasiga taqdim etadi;

(v) Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim tashkilotlariga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi ajratilgan davlat granti asosidagi qoʻshimcha maqsadli kvotalar asosida davlat oliy taʼlim muassasalariga qabul qilishning aniq mexanizmlarini belgilaydi;

(g) maqsadli qabul kvotalari boʻyicha oliy taʼlim tashkilotlarini tamomlagan yoshlar ushbu hududda 3 yil davomida ishlab berish majburiyatini oladi;

(d) Iqtisodiyot va moliya vazirligi qoʻshimcha kvotalarni ajratish bilan bogʻliq xarajatlar uchun zarur mablagʻlar ajratilishini taʼminlaydi.

VI. Hududni rivojlantirishga qaratilgan qoʻshimcha moliyaviy imkoniyatlar

16. Qoraqalpogʻiston Respublikasida infratuzilmani rivojlantirish loyihalarini moliyalashtirish, aholining kundalik hayotidagi kommunal va boshqa sohalardagi kechiktirib boʻlmaydigan masalalarini tezkor hal etish maqsadida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Qoraqalpogʻiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tashkil etilsin. Bunda:

(a) Jamgʻarmaning vasiylik kengashi tarkibi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin;

(b) Jamgʻarma vasiylik kengashi Jamgʻarmaning oliy boshqaruv organi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzuridagi Tadbirkorlikni rivojlantirish direksiyasi uning ijro organi hisoblansin;

(v) Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari va sarflash yoʻnalishlari 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin;

(g) 2026-yildan boshlab Jamgʻarmaga Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining umumiy xarajatlari summasining kamida 3 foizi miqdoridagi mablagʻlar yoʻnaltirilsin;

(d) Jamgʻarma vasiylik kengashi tomonidan tasdiqlangan dasturlar asosida mazkur qarorga 5-ilovada nazarda tutilgan yoʻnalishlar Jamgʻarma mablagʻlaridan moliyalashtirib borilsin;

(j) Jamgʻarma mablagʻlarini oluvchilar va xarajatlar sarfining ochiqligi va shaffofligi taʼminlab borilsin;

(z) Jamgʻarmaga nisbatan vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari jamgʻarmalariga kelib tushadigan tushumlar uchun belgilangan taqsimot meʼyorlari qoʻllanilmasin.

VII. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat qilish

17. 2025-2026-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasini barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha asosiy maqsadli koʻrsatkichlarga erishishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

18. Bosh vazir oʻrinbosari J. Qoʻchqorov mazkur qarorda ajratilishi belgilangan mablagʻlar toʻliq va oʻz muddatida moliyalashtirilishini nazorat qilib borsin.

19. Belgilansinki, mazkur qaror ijrosi:

(a) har oyda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan Loyiha ofisi va Qoraqalpogʻiston Respublikasining tuman (shahar) hokimliklari ishtirokida;

(b) har chorakda Vazirlar Mahkamasida tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida tanqidiy muhokama qilib boriladi.

20. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

21. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F.U. Ermanov belgilansin.

22. Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2025-yil 14-avgust,

PQ-248-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-avgustdagi PQ-248-son qaroriga1-ILOVA

Qoraqalpogʻiston Respublikasida “yashil tamoyil asosida” qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshiriladigan ijtimoiy soha obyektlarining

(mlrd soʻm)T/rTuman/shahar nomiMahalla nomiObyekt nomi(raqami)Obyektlarni toʻliq ishga tushirishQurilish turiTalab etiladigan mablagʻJami 60,0IMaktablar22,81.Beruniy tumani“Oltinsoy” MFY45-son maktabRekonstruksiya qilish7,12.Amudaryo tumani“Beshovul” MFY37-son maktabMukammal taʼmirlash5,13.Chimboy tumani“Tazajol” MFY13-son maktab3,54.Shumanay tumani“Birleshik” MFY27-son maktabRekonstruksiya qilish7,1IIMaktabgacha taʼlim tashkilotlari25,75.Nukus tumani“Aqterek” MFY14-sonRekonstruksiya qilish5,36.Chimboy tumani“Tagjap” OFYda29-son6,37.Nukus shahri“Tungʻishqonis” MFY9-son7,78.Amudaryo tumani“Daryoboʻyi” MFY32-son6,4IIIPoliklinikalar11,59.Beruniy tumani“Palvash” MFY13-sonRekonstruksiya qilish5,510.Amudaryo tumani“Xolimbeg” OFY71-son4,111.Shumanay tumani “Mamiy” OFYShumanay QVPJoriy taʼmirlash1,9

Izoh:

Qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshiriladigan ijtimoiy soha obyektlari uchun talab etiladigan mablagʻlarga loyiha-smeta hujjatlari asosida oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin;

11 ta obyektni qurish-taʼmirlash ishlarini amalga oshirishda buyurtmachi vazifasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi;

qurilish-taʼmirlash ishlarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-martdagi PQ-100-son qarori va Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-maydagi 300-son qaroriga muvofiq energiya samaradorlik loyihalarini amalga oshirish tartibi qoʻllanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-avgustdagi PQ-248-son qaroriga2-ILOVA

Qoraqalpogʻiston Respublikasida 2025-2026-yillarda taʼmirlash ishlari olib boriladigan avtomobil yoʻllarining

T/rChora-tadbirlarAmalga oshirish mexanizmiIjro muddatiMasʼul ijrochilar1.Qoʻngʻirot — Moʻynoq avtomobil yoʻlining 91 km qismi asfalt qoplamasini karta usulida taʼmirlash ishlarini boshlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan Avtomobil yoʻllari qoʻmitasiga ajratilgan mablagʻlar doirasida 21 mlrd soʻm mablagʻ ajratish.1. Qoʻngʻirot tumani hududidan oʻtuvchi davlat ahamiyatidagi “D-231” Qoʻngʻirot sh. — Moʻynoq sh. avtomobil yoʻlining 10 — 23 km (13 km) qismini (10 mlrd soʻm) taʼmirlash.2. Moʻynoq tumani hududidan oʻtuvchi davlat ahamiyatidagi “D-231” Qoʻngʻirot sh. — Moʻynoq sh. avtomobil yoʻlining 23 — 91 km (68 km) qismini (11 mlrd soʻm) taʼmirlash.2025-yil avgust-sentabrAvtomobil yoʻllari qoʻmitasi(J. Tursunov),Iqtisodiyot va moliya vazirligi(I. Norqulov),Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi(F. Ermanov)2.Nukus shahridan Taxtakoʻpir tumaniga olib boruvchi “D-234” Nukus — Chimboy — Taxtakoʻpir avtomobil yoʻlining 59 km qismini taʼmirlash ishlarini boshlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan ajratilgan mablagʻlar doirasida 15 mlrd soʻm mablagʻ ajratish.1. Nukus shahri hududidan oʻtuvchi 14,3 — 22 km (7,7 km) qismini (1,5 mlrd soʻm) taʼmirlash. 2. Kegeyli tumani hududidan oʻtuvchi 22 — 47 km (25 km) qismini (6,5 mlrd soʻm) taʼmirlash.3. Chimboy tumani hududidan oʻtuvchi 47 — 58 km (11 km) va 63 — 84 km (21 km) qismlarini (5 mlrd soʻm) taʼmirlash.4. Qoraoʻzak tumani hududidan oʻtuvchi 84 — 90 km (6 km) qismini (2 mlrd soʻm) taʼmirlash.2025-2026-yillar davomidaAvtomobil yoʻllari qoʻmitasi(J. Tursunov),Iqtisodiyot va moliya vazirligi(I. Norqulov),Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi(F. Ermanov)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-avgustdagi PQ-248-son qaroriga3-ILOVA

Qoraqalpogʻiston Respublikasining qadimiy, togʻ va daryo boʻyi hududlarida yangi turistik marshrutlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha

T/rTurizm obyekti nomiJoylashgan hudud1.Mizdaxkon arxeologiya-arxitektura majmuasiXoʻjayli tumani2.Shayx Jalil bobo ziyoratgohiQoraoʻzak va Amudaryo tumanlari3.Amu-qaratau dam olish majmuasiQoraoʻzak va Amudaryo tumanlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-avgustdagi PQ-248-son qaroriga4-ILOVA

Qoraqalpogʻiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish jamgʻarmasining

1.J. Qoʻchqorov—Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri, Vasiylik kengashi raisi2.A. Orinbayev—Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi, Vasiylik kengashi raisining oʻrinbosari3.S. Sadullayev—Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari4.F. Ermanov—Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi5.B. Jumamuratov—“Qoraqalpogʻiston Respublikasida loyihalarni amalga oshirish markazi” loyiha ofisi direktori, Vasiylik kengashi kotibi

Izoh: Vasiylik kengashi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalar yuklangan shaxslar kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-avgustdagi PQ-248-son qaroriga5-ILOVA

Qoraqalpogʻiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish manbalari va sarflash yoʻnalishlari

I. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari

1. Gʻildirakli transport vositalari, oʻziyurar mashinalar va ularning tirkamalarini “erkin muomalaga chiqarish” (import) bojxona rejimida rasmiylashtiradigan jismoniy va yuridik shaxslardan undiriladigan utilizatsiya yigʻimining 5 foizi*.

2. Qoraqalpogʻiston Respublikasida shakllanadigan alkogol mahsulotlari, shu jumladan, pivo (import qilinadigan alkogol mahsulotlari va pivodan tashqari) uchun ishlab chiqaruvchilar tomonidan toʻlanadigan aksiz soligʻining 70 foizi*.

3. Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini tijorat banklari depozitlariga joylashtirish hisobidan olinadigan daromadlar.

4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti daromadlarining prognozdan oshirib bajarilgan qismidan ajratmalar.

5. Jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari.

6. Qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.

II. Jamgʻarma mablagʻlari sarflanadigan asosiy yoʻnalishlar

1. Investorlar ishtirokida investitsiya loyihalari, davlat-xususiy sheriklik loyihalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasining infratuzilmasini rivojlantirish bilan bogʻliq istiqbolli loyihalarni amalga oshirish.

2. Qoraqalpogʻiston Respublikasining alohida hududlarini rivojlantirish va renovatsiya dasturlari, master reja va quriladigan obyektlarning loyiha hujjatlarini ishlab chiqish.

3. Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash.

4. Renovatsiya dasturlarini amalga oshirish.

5. “Yangi Oʻzbekiston” massivlari, davlat uy-joy dasturlarida koʻzda tutilgan massivlar, shuningdek, maxsus iqtisodiy zonalar, kichik sanoat zonalari, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari (ichimlik va oqova suv, elektr energiyasi, tabiiy gaz tarmoqlari va avtomobil yoʻli) bilan taʼminlash.

6. Jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy va maʼnaviy zararlarni qoplash hamda shahar va tumanlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish tadbirlarini moliyalashtirish.

7. “Qoraqalpogʻiston Respublikasida loyihalarni amalga oshirish markazi” loyiha ofisining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash.

8. Aholining kundalik hayotidagi kommunal hamda boshqa sohalardagi kechiktirib boʻlmaydigan masalalarni tezkor hal etishga qaratilgan va qonunchilikda taqiqlanmagan chora-tadbirlarni moliyalashtirish.

* Mazkur manbalar Davlat budjeti daromadlari tarkibida toʻliq aks ettirilgan holda Jamgʻarmaga oʻtkazib beriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-avgustdagi PQ-248-son qaroriga6-ILOVA

2025-2026-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasini barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha asosiy maqsadli koʻrsatkichlarga erishishga qaratilgan

(6-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 25-martdagi PF-46-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.03.2026-y., 06/26/46/0290-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.