Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-avgustdagi “Aholiga nevrologik yordam koʻrsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3925-son hamda 2019-yil 28-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi va Yaponiya oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4553-son qarorlariga muvofiq qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar mazkur qarorni qabul qilishdan koʻzlangan asosiy maqsadlar etib belgilansin:
(a) aholiga ixtisoslashtirilgan nevrologik yordam koʻrsatish samaradorligini oshirish;
(b) sohadagi tibbiyot va taʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy tibbiy va diagnostik asbob-uskunalar bilan jihozlash;
(v) respublikada tibbiy reabilitatsiya tizimini rivojlantirish.
II. Moliyaviy resurslar va tashkiliy masalalar
2. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:
(a) Oʻzbekiston Respublikasi va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (keyingi oʻrinlarda — JICA) oʻrtasida 2025-yil 20-yanvarda “Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazini tashkil etish” loyihasini (keyingi oʻrinlarda — Loyiha) moliyalashtirish uchun 10 yillik imtiyozli davr bilan 40 yil muddatga jami 22 milliard 953 million yapon iyeni (150 million AQSH dollari ekvivalentida), jumladan:
(i) kreditlarni moliyalashtirish uchun 40 yil muddatga 10 yillik imtiyozli davr bilan yillik 0,5 foiz stavkada 20 milliard 999 million yapon iyeni miqdorida qarz ajratilishi;
(ii) konsalting xizmatlari uchun 40 yil muddatga 10 yillik imtiyozli davr bilan yillik 0,4 foiz stavkada 1 milliard 954 million yapon iyeni miqdorida qarz ajratilishi;
(iii) Loyihani amalga oshirish davridagi foiz stavkalari miqdori 2 milliard 443 million yapon iyenini tashkil etishi boʻyicha qarz bitimi imzolangani;
(b) Loyihaning umumiy qiymati 174,4 million AQSH dollariga teng texnik-iqtisodiy hisob-kitobi ishlab chiqilib, vakolatli davlat organlarida ekspertizadan oʻtkazilgani va ulardan:
(i) 150 million AQSH dollari JICA qarzini tashkil etishi;
(ii) 17,1 million AQSH dollari ekvivalentidagi mablagʻlar bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar berish shaklidagi va 7,3 million AQSH dollari ekvivalentidagi mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasining Loyihani amalga oshirishdagi ulushini tashkil etishi;
(v) Loyihani amalga oshirish muddati 2025 — 2032-yillar etib belgilangani;
(g) Loyiha doirasida:
(i) Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazi binosi qurilishi va jihozlanishi;
(ii) Abu Ali Ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti klinikasi hamda Samarqand davlat tibbiyot universitetining 1 va 2-klinikasini jihozlash uchun 50 turdan ortiq tibbiy va diagnostik asbob-uskunalar xarid qilinishi;
(d) Yaponiyaning malakali mutaxassislarini jalb qilgan holda nevrologiya va reabilitatsiya xizmati salohiyatini tubdan oshirish, insultni boshlangʻich davrlarida aniqlash va ushbu yoʻnalishda soha mutaxassislarini oʻqitish va tayyorlash, nevrologiya sohasida maʼlumotlarni saqlash va qayta ishlashning elektron tizimini yaratishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishi.
3. Quyidagilar:
(a) “Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazini tashkil etish” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;
(b) “Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazini tashkil etish” loyihasini amalga oshirish doirasida qurilish va jihozlash uchun Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA)ning qarzlarini qaytarish, shu jumladan, qoʻshimcha haq va foizlar toʻlashning prognoz jadvali 2-ilovaga muvofiq;
(v) “Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazini tashkil etish” loyihasini amalga oshirish doirasida konsultant va oʻqitish xizmatlari uchun Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA)ning qarzlarini qaytarish, shu jumladan, qoʻshimcha haq va foizlar toʻlashning prognoz jadvali 2a-ilovaga muvofiq;
(g) “Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazini tashkil etish” loyihasi doirasida xarid qilinadigan tibbiy uskunalar va jihozlar taqsimoti 3-ilovaga muvofiq;
(d) “Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazini tashkil etish” loyihasining maqsadli koʻrsatkichlari 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Nevrologiya va neyroreabilitatsiya milliy tibbiyot markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) deb qayta nomlansin.
III. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
5. Sogʻliqni saqlash vazirligi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda Loyiha uchun 7 ta shtat birligidan iborat boʻlgan Sogʻliqni saqlash vazirligining JICA loyihalarini amalga oshirish guruhini (keyingi oʻrinlarda — Loyiha guruhi) tashkil qilsin va uni yuqori malakali xodimlar bilan toʻldirish choralarini koʻrsin.
6. Belgilansinki:
(a) Sogʻliqni saqlash vazirligi Loyihani oʻz vaqtida amalga oshirish hamda muvofiqlashtirish, shuningdek, JICAning qarzidan maqsadli va samarali foydalanish boʻyicha masʼul ijro etuvchi organ hisoblanadi;
(b) “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ (keyingi oʻrinlarda — “Oʻzmilliybank” AJ) JICA qarzi boʻyicha hisob-kitoblarni amalga oshirish borasida moliyaviy agent hisoblanadi;
(v) JICAning qarzlarini qaytarish, foizlar bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari hisobidan, qoʻshimcha haq va boshqa toʻlovlar bilan bogʻliq xarajatlar har yili Davlat budjetidan Sogʻliqni saqlash vazirligiga ajratiladigan mablagʻlar hisobidan qoplanadi;
(g) Loyihani boshqarish boʻyicha vazifalar Loyiha guruhi zimmasiga yuklatiladi hamda uning faoliyati moliyalashtirilishi Loyihaning texnik-iqtisodiy hisob-kitobida koʻrsatilgan Oʻzbekiston Respublikasi hissasi hisobidan amalga oshiriladi.
7. “Oʻzmilliybank” AJga JICA qarzi boʻyicha hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun JICAning vakolatli banki bilan banklararo shartnomani imzolash vakolati berilsin.
8. Iqtisodiyot va moliya vaziriga “Oʻzmilliybank” AJ (moliyaviy agent) va Sogʻliqni saqlash vazirligi oʻrtasidagi JICA qarzidan foydalanish va xizmat koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi agentlik bitimini Oʻzbekiston Respublikasi nomidan imzolash, shuningdek, zarur hollarda unga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish vakolati berilsin.
9. Buxoro va Samarqand viloyatlari hokimliklari Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda Loyiha doirasida xarid qilinadigan tovarlar yetkazib berilguniga qadar Abu Ali Ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti klinikasi hamda Samarqand davlat tibbiyot universiteti 1 va 2-klinikasida tibbiy uskunalar va jihozlarni oʻrnatish va montaj qilish uchun tegishli bino va xonalar tayyorlanishini taʼminlasin.
10. Toshkent shahri hokimligi Loyiha doirasida qurilishi rejalashtirilgan Markaz binosi kommunal tarmoqlarga (issiq suv, sovuq suv, elektr energiyasi) toʻliq ulanishini taʼminlasin.
11. Sogʻliqni saqlash vazirligi Loyihani amalga oshirish davrida tovarlar va uskunalarni sotib olish, belgilangan manzilga yetkazib berish boʻyicha xizmatlarni, shuningdek, Loyihani moliyalashtirish boʻyicha boshqa xarajatlarni moliyalashtirsin.
12. Sogʻliqni saqlash vazirligi ikki oy muddatda JICA koʻmagida tibbiy reabilitatsiya tizimini yanada rivojlantirish maqsadida yaponiyalik mutaxassislar guruhini jalb etish uchun Yaponiyaning “Yakuzemi Information Education Center” konsalting kompaniyasi bilan Sogʻliqni saqlash vazirligiga Davlat budjetidan ajratilgan va (yoki) Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan xorijiy valyutada bir yil muddatga shartnoma imzolasin. Bunda:
(a) dastlabki bosqichda jalb etilgan yaponiyalik mutaxassislar bilan birgalikda reabilitatsiya xizmatlarini koʻrsatuvchi tibbiy-ijtimoiy muassasalarda hamda tibbiyotning barcha boʻgʻinlaridagi tibbiyot muassasalarida oʻrganishlar oʻtkazilib, reabilitatsiya tizimidagi kamchiliklar aniqlanadi va tahlil qilinadi;
(b) tahlil natijalariga koʻra reabilitatsiya tizimini rivojlantirish boʻyicha konsepsiya va uni amalga oshirish yuzasidan “yoʻl xaritasi” ishlab chiqiladi hamda reabilitatsiyaning dolzarb yoʻnalishlari bosqichma-bosqich isloh qilinadi;
(v) insult, infarkt, bosh va orqa miya jarohati hamda bolalar bosh miya falajligi kasalliklari boʻyicha tashxislash, davolash va tibbiy reabilitatsiya standartlari hamda milliy klinik protokollar ishlab chiqiladi;
(g) Loyiha boʻyicha amalga oshirilgan ishlar natijalariga asosan tomonlarning roziligi bilan Loyihaning keyingi bosqichlarini amalga oshirish uchun shartnoma muddati uzaytirilishi mumkin.
13. Sogʻliqni saqlash vazirligi uch oy muddatda tibbiy reabilitatsiya yoʻnalishida kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash boʻyicha oʻquv dasturlarini ishlab chiqish hamda mutaxassislarni, shu jumladan, oʻqituvchilarni tayyorlash yuzasidan JICA bilan muzokaralar olib borsin hamda Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
14. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yilga moʻljallangan investitsiya dasturini shakllantirishda Loyihaning belgilangan tartibda kiritilishini taʼminlasin.
15. Sogʻliqni saqlash vazirligi Toshkent shahri Yashnobod tumani Mahtumquli koʻchasi 103-uyda joylashgan Toshkent davlat tibbiyot universiteti hududidagi binoni (sobiq Toshkent davlat stomatologiya institutining rektorati binosi) va atrofidagi boʻsh yer maydonini ajratsin hamda uning oʻrniga Loyiha doirasida Markazning yangi bino-inshootlarini qurish bilan bogʻliq zarur sharoitlar yaratilishini taʼminlasin.
16. Sogʻliqni saqlash vazirligi kelgusida Markaz faoliyatini zamonaviy boshqaruv tamoyillari asosida tashkil etish uchun yuqori tajribaga ega xorijiy boshqaruv kompaniyasini jalb etish boʻyicha 2026-yil 1-aprelga qadar Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
17. Tashqi ishlar vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligining viza talabnomalariga binoan Loyihani amalga oshirish doirasida jalb qilinadigan chet ellik mutaxassislar uchun kirish vizalari konsullik yigʻimlari va haqiqiy xarajatlarning oʻrnini qoplash hisobidan yigʻimlar undirilmasdan rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
18. Ichki ishlar vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligining buyurtmasiga asosan Loyihani amalga oshirish uchun jalb qilinadigan chet ellik mutaxassislarga koʻp martalik vizalar rasmiylashtirilishi, muddatlari uzaytirilishini, shuningdek, vaqtincha turar joyi boʻyicha roʻyxatga olinishini va uning muddati uzaytirilishini taʼminlasin.
19. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 5-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
20. Ushbu qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sogʻliqni saqlash vaziri A.A. Xudayarov belgilansin.
21. Qaror ijrosini nazorat qilish va ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 19-avgust,
PQ-254-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-avgustdagi PQ-254-son qaroriga1-ILOVA
“Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazini tashkil etish” loyihasining asosiy
* Yakuniy qiymat koʻrsatkichlari tovarlar va xizmatlarni yetkazib berish boʻyicha oʻtkaziladigan tender savdolari natijalariga asosan aniqlanadi.
** Texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlarda qarz bitimi imzolangan sanadagi yapon iyenining AQSH dollariga kursi boʻyicha hisoblangan.
*** Loyiha doirasida vujudga kelishi mumkin boʻlgan xarajatlarning, shu jumladan, soliqlar va boshqa toʻlovlarning Oʻzbekiston Respublikasi ulushi hisobidan qoplanadigan qismi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-avgustdagi PQ-254-son qaroriga2-ILOVA
“Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazini tashkil etish” loyihasini amalga oshirish doirasida qurilish va jihozlash uchun JICAning qarzlarini qaytarish, shu jumladan qoʻshimcha haq va foizlar toʻlashning
* Toʻlovlar miqdori qarzlarni amalda oʻzlashtirish sanalariga qarab aniqlashtirib boriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-avgustdagi PQ-254-son qaroriga2a-ILOVA
“Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazini tashkil etish” loyihasini amalga oshirish doirasida konsultant va oʻqitish xizmatlari uchun JICAning qarzlarini qaytarish, shu jumladan qoʻshimcha haq va foizlar toʻlashning
* Toʻlovlar miqdori qarzlarni amalda oʻzlashtirish sanalariga qarab aniqlashtirib boriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-avgustdagi PQ-254-son qaroriga3-ILOVA
“Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazini tashkil etish” loyihasi doirasida xarid qilinadigan tibbiy uskunalar va jihozlar
Izoh: Xarid qilinadigan tibbiy uskunalar va jihozlar roʻyxatiga loyiha konsultanti tomonidan tibbiyot muassasalarini oʻrganish natijasida haqiqatda talabdan kelib chiqib, oʻzgartirish kiritilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-avgustdagi PQ-254-son qaroriga4-ILOVA
“Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazini tashkil etish” loyihasining
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-avgustdagi PQ-254-son qaroriga5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-avgustdagi “Aholiga nevrologik yordam koʻrsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3925-son qarorida:
(a) 1-bandda “Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazini” soʻzlari “Nevrologiya va neyroreabilitatsiya milliy tibbiyot markazini” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(b) 1-ilovaning 22 va 23-pozitsiyalari chiqarib tashlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-iyuldagi “Nogironlikni belgilash tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-257-son qaroriga 1-ilovaning 9-pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin: