PQ-268-son Qaror · 05.09.2025

Korporativ munosabatlarni tartibga solishni yanada soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-268
  • Qabul qilingan sana:05.09.2025
  • Kuchga kirgan sana:06.09.2025
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/25/268/0805

Korporativ munosabatlarni huquqiy tartibga solishni takomillashtirish, korporativ boshqaruv tartib-taomillarini yanada soddalashtirish hamda xoʻjalik jamiyatlarida zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etish maqsadida qaror qilaman:

I. Korporativ munosabatlarni takomillashtirish

1. Adliya vazirligi, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining masʼuliyati cheklangan jamiyat (keyingi oʻrinlarda — jamiyat) ishtirokchisi tarkibiga kirish yoki tarkibidan chiqarish faktining kuchga kirish mexanizmini soddalashtirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

2. Belgilansinki, quyidagi hollarda jamiyat ishtirokchilari tarkibiga kiritish yoki tarkibidan chiqarish amalda tegishli harakat (yoki harakatsizlik) hamda hodisa sodir etilgan paytdan boshlab yuzaga kelgan hisoblanadi:

(a) ishtirokchilar tarkibidan majburiy chiqarish yoki ishtirokchilar tarkibiga majburiy kiritish, shu jumladan, jamiyatdagi ulush ishtirokchi va uchinchi shaxs oʻrtasida umumiy mulk deb topilgan va uning tegishli qismiga mulk huquqi belgilangan holatlarda — sud qarori qonuniy kuchga kirgan kundan;

(b) ishtirokchining huquqiy vorisi yoki merosxoʻr(lar)ini jamiyatga ishtirokchi(lar) sifatida kiritishda notarius tomonidan rasmiylashtirilgan merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisida guvohnoma yoki jamiyat qayta tashkil etilishi (qoʻshib yuborish, qoʻshib olish, boʻlish, ajratib chiqarish, oʻzgartirish) munosabati bilan huquqiy vorislikni oʻtkazishni nazarda tutuvchi topshirish hujjati jamiyatga taqdim etilgan vaqtdan (bundan jamiyatning ustavida ulushning (ulushning bir qismining) merosxoʻrlarga yoki huquqiy vorislarga oʻtishi uchun jamiyat ishtirokchilarining roziligini olish zarurligi nazarda tutilgan hollar mustasno);

(v) jamiyat ulushi “E-auksion” elektron savdo platformasi va/yoki qonunchilikka muvofiq xususiylashtirishning boshqa usullari orqali sotilganda — savdo natijalari rasmiylashtirilib, ulush qiymati toʻliq toʻlangan kundan (agar oldi-sotdi shartnomasida boshqa shartlar nazarda tutilmagan boʻlsa);

(g) jamiyat ulushini (ulushining bir qismini) sotish va jamiyat ulushini (ulushining bir qismini) sotishdan boshqacha tarzda uchinchi shaxslar foydasiga voz kechish notarial shaklda amalga oshirilganda — bu haqida tasdiqlovchi hujjatlar rasmiylashtirilgan kundan. Bunda jamiyatning ustavida mazkur harakat taqiqlanmaganligi, ishtirokchining ulushi toʻliq toʻlanganligi, mazkur harakat uchun jamiyatning yoki jamiyat ishtirokchilarining roziligini olish zarurligi nazarda tutilgan hollarda rozilik olinganligi kabi holatlar notarius tomonidan tekshiriladi.

3. Belgilab qoʻyilsinki:

(a) jamiyat ishtirokchilari tarkibiga kirish yoki tarkibidan chiqish holatlarida jamiyat boshqa ishtirokchilarni oʻttiz kun muddatda bu haqida xabardor qiladi va jamiyat ishtirokchilari tarkibidagi oʻzgartirishlarni Tadbirkorlik subyektlarining yagona davlat reyestrida (keyingi oʻrinlarda — Reyestr) qayta davlat roʻyxatidan oʻtkazish choralarini koʻradi. Bunda mazkur oʻzgartirishlarni amalga oshirish uchun jamiyat umumiy yigʻilishining qarorini qabul qilish talab etilmaydi;

(b) mazkur qarorning 2-bandida belgilangan holatlarda jamiyat oʻz ishtirokchilari tarkibidagi oʻzgartirishlarni belgilangan muddatda Reyestrga kiritish choralarini koʻrmagan taqdirda, manfaatdor shaxs jamiyat ishtirokchilari tarkibiga kiritish boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga mustaqil murojaat qilishi mumkin. Bunda roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ ishtirokchining murojaatini rad etishga haqli emas;

(v) mazkur qarorning 2-bandidagi holatlarda ishtirokchi jamiyatdagi ulush bilan bogʻliq yuridik harakatlarni ushbu ulushga boʻlgan huquq belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan keyin amalga oshirishga haqli;

(g) jamiyatlarning soliq va majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzdorliklari mavjudligi ularning ishtirokchilari tarkibi oʻzgarishi bilan bogʻliq oʻzgartirishlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etish uchun asos hisoblanmaydi;

(d) davlat ishtirokidagi korxonalar va davlat muassasalari Davlat aktivlarini boshqarish agentligining roziligini olgan holda ularning taʼsischilari qarori asosida ixtiyoriy tugatilishi yoki qayta tashkil etilishi mumkin.

II. Zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish

4. Tijorat tashkilotlari (aksiyadorlik jamiyatlari va kredit byurolari bundan mustasno) taʼsischilarining (ishtirokchilarining) oʻziga tegishli ulushlarga boʻlgan huquqlarining himoyasini mustahkamlash maqsadida Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimida:

(a) yuridik shaxs taʼsischilari (ishtirokchilari) taʼsischi sifatida ishtirok etayotgan korxonalar roʻyxati, ulardagi ulushlar miqdori (foizi), shuningdek, ushbu yuridik shaxs ustav fondida (ustav kapitalida) ishtirok etayotgan boshqa taʼsischilarning (ishtirokchilarning) ulushlari miqdorlari (foizi), mazkur ulushlarning shakllangan yoki shakllanmagani toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni doimiy tarzda onlayn yuritish tizimi joriy etiladi. Bunda mazkur maʼlumotlar xoʻjalik jamiyatlarida ishtirok etuvchi har bir taʼsischiga (ishtirokchiga) tanishish uchun ochiq hisoblanadi;

(b) yuridik shaxs taʼsischilari (ishtirokchilari) uchun oʻzlariga tegishli ulushni begonalashtirishga taqiq qoʻyish imkoniyati yaratiladi.

5. Adliya vazirligi 2026-yil 1-martga qadar Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimida:

(a) jamiyatlarda imtiyozli huquqni amalga oshirish boʻyicha boshqa ishtirokchilarni xabardor qilish, imtiyozli huquqdan foydalanish istagini bildirish, rad etishni elektron amalga oshirish imkoniyati yaratilishini;

(b) “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi bilan integratsiya qilinishini taʼminlasin.

6. Korporativ nizolarni sudgacha hal qilish mexanizmlarini takomillashtirish, sudlardagi yuklamani kamaytirish maqsadida 2025-yil 1-noyabrdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha jamoatchilik kengashi tarkibida Korporativ etika boʻyicha komissiya tashkil etilsin.

7. Quyidagilar Korporativ etika boʻyicha komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

(a) yuridik shaxslarga, xususan, xoʻjalik jamiyatlariga korporativ etika masalalari boʻyicha tavsiyalar berib borish;

(b) xoʻjalik jamiyatlariga korporativ etika kodeksini ishlab chiqish boʻyicha uslubiy yordam koʻrsatish;

(v) korporativ etikani buzishga oid nizolarni hal etish yuzasidan amaliy yordam koʻrsatib borish;

(g) korporativ munosabatlarni rivojlantirish boʻyicha Savdo-sanoat palatasi hamda vazirlik va idoralarga takliflar kiritib borish.

8. Savdo-sanoat palatasi Korporativ etika boʻyicha komissiyaning ishchi organi etib belgilansin va uning faoliyatini tashkil etish choralarini koʻrsin.

III. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat

9. Korporativ munosabatlarni tartibga solishni yanada takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

10. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov hamda adliya vaziri A.D. Tashkulov belgilansin.

11. Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2025-yil 5-sentabr,

PQ-268-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 5-sentabrdagi PQ-268-son qarorigaILOVA

Korporativ munosabatlarni tartibga solishni yanada takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar

T/rChora-tadbirning nomlanishiAmalga oshirish mexanizmiIjro muddatiMasʼul ijrochilar1.Masʼuliyati cheklangan jamiyat ishtirokchisi maqomini olish yoki yoʻqotishning soddalashtirilgan tartib-taomillarini joriy qilish.Oʻzbekiston Respublikasining qonuni loyihasi2025-yil noyabrAdliya vazirligi,Istiqbolli loyihalar milliy agentligi,Davlat aktivlarini boshqarish agentligi,Iqtisodiyot va moliya vazirligi2.Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimida yuridik shaxs (aksiyadorlik jamiyatlari va kredit byurolari bundan mustasno) taʼsischilarining (ishtirokchilarining) oʻziga tegishli ulushlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning dolzarbligini taʼminlash hamda mazkur ulushlarga boʻlgan huquqlarining himoyasini mustahkamlashga qaratilgan qoʻshimcha imkoniyatlar yaratish.Amaliy chora-tadbirlar2025-yil oktabrAdliya vazirligi,Iqtisodiyot va moliya vazirligi3.Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimida:masʼuliyati cheklangan jamiyatlarda imtiyozli huquqni amalga oshirish boʻyicha boshqa ishtirokchilarni xabardor qilish, imtiyozli huquqdan foydalanish istagini bildirish, rad etishni elektron tarzda amalga oshirish imkoniyatini yaratish;“Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi bilan integratsiya qilishni taʼminlash.Amaliy chora-tadbirlar2026-yil 1-martAdliya vazirligi,Iqtisodiyot va moliya vazirligi4.Savdo-sanoat palatasida Korporativ etika boʻyicha komissiya tashkil etish va uning faoliyatini yoʻlga qoʻyish.Amaliy chora-tadbirlar2025-yil oktabrSavdo-sanoat palatasi

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.