Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-oktabrdagi “Kasbiy taʼlim tizimida boshqaruv samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-190-son Farmoni ijrosini taʼminlash, kasbiy taʼlimda kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ish beruvchilar bilan hamkorlikni kengaytirish hamda jamiyatda kasbiy taʼlimning nufuzini oshirishga qaratilgan islohotlarni izchil amalga oshirish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadli koʻrsatkichlar
1. Quyidagilar kasbiy taʼlim tizimini 2030-yilga qadar isloh qilishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib belgilansin:
(a) xalqaro va qoʻshma taʼlim dasturlari joriy etilgan texnikumlar sonini kamida 250 taga yetkazish;
(b) 9-sinf bitiruvchilarining kasbiy taʼlim bilan qamrovini amaldagi 29 foizdan 50 foizga yetkazish;
(v) kasbiy taʼlim tizimida dual taʼlim ulushini amaldagi 9 foizdan 40 foizga yetkazish;
(g) kasbiy sertifikatga ega ishlab chiqarish taʼlimi ustalari ulushini 30 foizga yetkazish;
(d) xorijda malaka oshirish va stajirovka oʻtash dasturlarida ishtirok etgan pedagoglar sonini 100 nafardan 2 500 nafarga yetkazish.
II. Kasbiy taʼlimni ommalashtirish
2. Belgilansinki, 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab yoshlarni kasb-hunarga yoʻnaltirishning quyidagi tartibi joriy etiladi:
(a) “Atrofimizdagi kasblar” dasturi asosida maktabgacha taʼlim tashkilotlarida 5 yoshdan boshlab bolalarda oʻyinlar orqali turli kasblar haqida ilk tasavvurlar shakllantiriladi;
(b) “Kasblar alifbosi” dasturi asosida umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining 1 — 4-sinf oʻquvchilariga turli kasblar ahamiyati haqida tushunchalar beriladi va ularning dastlabki kasbiy qiziqishlari rivojlantiriladi;
(v) “Kasblar olami” dasturi asosida 5-6-sinf oʻquvchilarining kasbiy faoliyat va mehnat sohalariga qiziqishlari rivojlantiriladi va kelajakdagi kasbiy tanlovga tayyorgarlikning asosi yaratiladi;
(g) “Mening kelajakdagi kasbim” dasturi asosida maktab maslahatchilari tomonidan 7 — 9-sinf oʻquvchilarining kasbiy qiziqishlari, qobiliyatlari va iqtidorlari aniqlanib, ularni akademik taʼlim yoki kasb-hunarga yoʻnaltirish ishlari tashkil etiladi. Bunda:
(i) oʻquvchilarga videoroliklar namoyishi, korxonalarga ekskursiyaga olib borish va kasb egalari bilan uchrashuvlar tashkil etish orqali kasblar haqida toʻliqroq maʼlumotlar beriladi;
(ii) maktab psixologlari bilan birgalikda 7-sinfdan boshlab oʻquvchilarning qiziqishlari, qobiliyatlari, shaxsiy xususiyatlari va temperamenti asosida kasbga qiziqishi aniqlanadi;
(iii) oʻquvchilarning kasbga qiziqishiga oid maʼlumotlar asosida har bir oʻquvchi uchun shaxsiy kasbga yoʻnaltirish tavsiyasi ishlab chiqiladi hamda bu masala oʻquvchilarning ota-onasi bilan muhokama qilinadi;
(iv) 2028-yildan boshlab texnikumga yoʻnaltirish 9-sinf yakuni boʻyicha oʻtkaziladigan imtihon natijasiga koʻra amalga oshiriladi;
(d) maktabning 10-sinf oʻquvchilariga oʻqishini texnikumlarga koʻchirishga ruxsat beriladi.
3. 2026-yildan boshlab 5-may kuni “Kasb va mehnat kuni” sifatida har yili keng nishonlansin hamda uning doirasida jamoatchilik, ayniqsa, yoshlar orasida kasblar jozibadorligini oshirish va kasbiy taʼlimni ommalashtirishga qaratilgan tadbirlar tizimli ravishda amalga oshirilsin.
III. Kasbiy taʼlim mazmuni va sifatini oshirish
4. Texnikumlar pedagoglari malakasini oshirishning shunday tartibi oʻrnatilsinki, unga koʻra:
(a) umumtaʼlim fanlari oʻqituvchilarining malakasi A. Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy instituti va hududiy pedagogik mahorat markazlarida oshiriladi;
(b) maxsus fan oʻqituvchilarining malakasi yetakchi oliy taʼlim tashkilotlarida oshiriladi. Bunda malaka oshirish rejasi oliy taʼlim tashkiloti imkoniyati va salohiyatidan kelib chiqib Kasbiy taʼlim agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tomonidan tasdiqlanadi;
(v) ishlab chiqarish taʼlimi ustalarining malakasi hududiy ilgʻor kasbiy mahorat texnikumlari va belgilangan tartibda tegishli soha boʻyicha malaka oshirish faoliyatini olib borish huquqiga ega tashkilotlarda oshiriladi;
(g) har yili malaka oshirish jarayonida eng yaxshi natija koʻrsatgan 50 nafardan ishlab chiqarish taʼlimi ustasi, umumtaʼlim fanlari va maxsus fan oʻqituvchilari malakasini oshirish uchun Kasbiy taʼlimni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan xorijga yuboriladi.
5. Oʻquvchilarning amaliy koʻnikmalarini shakllantirish samaradorligini oshirish boʻyicha shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan:
(a) texnikumlarda bir nafar ishlab chiqarish taʼlimi ustasiga toʻgʻri keladigan oʻquvchilar soni nisbatining cheklangan normativi 1:20 nisbatda belgilanadi. Bunda ushbu tizim:
(i) 2026/2027 oʻquv yilida Agentlik tomonidan tanlanadigan 50 ta texnikumda;
(ii) 2027/2028 oʻquv yilida qolgan barcha texnikumlarda joriy etiladi;
(b) 2026-yil 1-yanvardan boshlab ishlab chiqarish taʼlimi ustasi shtat birliklari uchun ajratiladigan ish haqi fondini hisoblashda ishlab chiqarish taʼlimi ustasi bazaviy tarif stavkasi umumiy oʻrta taʼlim tashkiloti birinchi malaka toifali oʻqituvchisining bazaviy tarif stavkasiga teng miqdorlarda olinadi;
(v) texnikum direktoriga ishlab chiqarish taʼlimi ustasi shtat birliklari uchun ajratilgan ish haqi fondi doirasida:
(i) ishlab chiqarish taʼlimi ustasi shtat birliklari sonini tasdiqlash;
(ii) mehnat bozorining amaldagi konyunkturasini hisobga olgan holda, umumiy oʻrta taʼlim tashkiloti birinchi malaka toifali oʻqituvchisining tarif stavkasiga nisbatan har oylik ustama va qoʻshimchalarni mustaqil belgilash huquqi beriladi. Bunda bir nafar xodimning oylik ish haqi miqdori mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 15 baravarigacha belgilanishiga ruxsat beriladi.
6. Belgilansinki:
(a) 2028-yildan boshlab kasbiy taʼlim dasturlarining sifati har yili Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi tomonidan tanlov asosida quyidagi tartibda oʻrganiladi:
(i) ish beruvchilar, texnikum oʻquvchilari va ularning ota-onalari, shuningdek, pedagog xodimlar oʻrtasida soʻrovnomalar oʻtkazish;
(ii) qonunchilik hujjatlari asosida oʻtkazilgan davlat akkreditatsiyasi natijalarini tahlil qilish;
(iii) taʼlim dasturlarining ichki va tashqi mehnat bozori talablariga mosligini oʻrganish.
(b) Kasbiy taʼlimni rivojlantirish instituti (keyingi oʻrinlarda — Institut) faoliyati kasbiy taʼlim tizimi rivojlangan davlatlarning ilgʻor tajribasi asosida transformatsiya qilinadi. Bunda:
(i) barcha kasbiy taʼlim dasturlari bosqichma-bosqich xalqaro standartlar asosida yangidan ishlab chiqiladi;
(ii) taʼlim kontentlari (oʻquv qoʻllanmalar, raqamli taʼlim resurslari, didaktik materiallar) yangilangan dasturlar asosida yaratiladi;
(iii) Institutda direktorning taʼlim mazmunini taʼminlash boʻyicha maslahatchisi lavozimi joriy etiladi va unga xorijiy mutaxassis jalb etiladi;
(v) Institutga quyidagi yoʻnalishlarga oid vazifalarni samarali bajarish uchun xalqaro tashkilotlar hamda ularning ekspertlarini Kasbiy taʼlimni rivojlantirish jamgʻarmasi hamda boshqa xalqaro grantlar hisobidan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida jalb qilish huquqi beriladi:
(i) mahalliy va xorijiy mehnat bozorlarida kasblarga boʻlgan ehtiyojlarni tahlil qilish;
(ii) kasb egallashning zamonaviy texnologiyalarini va xalqaro ilgʻor tajribalarni hamda ularni milliy kasbiy taʼlim tizimiga tatbiq qilish imkoniyatlarini oʻrganish;
(iii) xalqaro taʼlim dasturlari asosida kasbiy taʼlim dasturlarini ishlab chiqish, takomillashtirish va amaliyotga joriy etish.
IV. Dual taʼlimni rivojlantirish
7. Belgilansinki:
(a) 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab dual taʼlim shaklida tahsil olayotgan oʻquvchilarga maxsus platforma orqali stipendiya toʻlash yoʻlga qoʻyiladi. Bunda:
(i) har oylik stipendiya bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida toʻlanadi;
(ii) stipendiya texnikumlarga dual taʼlim shaklida tahsil olayotgan oʻquvchilarning soniga nisbatan Agentlik tomonidan ajratiladi;
(iii) ish beruvchi tomonidan oʻquvchining kasbiy koʻnikmalarni oʻzlashtirishi va intizomi qoniqarsiz baholangan taqdirda, stipendiyani toʻlash toʻxtatiladi. Bunda dual taʼlim shaklida tahsil olayotgan oʻquvchilarga stipendiya toʻlash bilan bogʻliq xarajatlar oʻquvchilarning amaliyot oʻtash xarajatlari uchun ajratilgan mablagʻlar hisobidan qoplanadi;
(b) oʻquvchining dual taʼlim shaklida tahsil olgan davri uning umumiy mehnat stajini hisoblashda inobatga olinadi.
8. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
(a) davlat xaridlarida ishtirokchilar takliflarini baholashda texnikum tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulot (tovar, ish, xizmat)larga nisbatan 15 foiz miqdorida preferensiya beriladi;
(b) davlat organlari va tashkilotlariga quyidagi faoliyat yoʻnalishlarini texnikumlarni jalb etgan holda autsorsing asosida tashkil etishga ruxsat beriladi:
(i) kompyuter texnikalariga xizmat koʻrsatish;
(ii) isitish va sovutish, elektr energiyasi tizimlariga xizmat koʻrsatish;
(iii) avtotransport vositalariga texnik xizmat koʻrsatish;
(iv) ommaviy axborot vositalarida targʻibot ishlarini amalga oshirish;
(v) Agentlik bilan kelishgan holda buyurtmachilar taklifi asosida tashkil etiladigan boshqa yoʻnalishlar.
9. Belgilansinki, texnikumlar bilan dual taʼlim dasturlarini tashkil etgan ish beruvchilarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PQ-61-son qarori bilan ajratilgan mablagʻlar doirasida 2 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga 5 milliard soʻmgacha yillik Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada kredit beriladi. Bunda:
(a) imtiyozli kredit har bir milliard soʻm qiymatgacha boʻlgan mablagʻ uchun kamida 5 nafar oʻquvchini ikki oʻquv yillik dual taʼlim dasturi asosida jalb etish va kamida 1 nafar bitiruvchini bir yil davomida ish bilan taʼminlash sharti bilan ajratiladi;
(b) imtiyozli kredit ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohasidagi loyihalarga asosiy vositalar sotib olish hamda aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun ajratiladi;
(v) imtiyozli kredit olish uchun asos boʻlgan ushbu bandning “a” kichik bandidagi shartlarga ish beruvchi tomonidan amal qilinmagan taqdirda, kredit foizi tijorat stavkasiga oʻzgartiriladi.
V. Hududlarda ilgʻor kasbiy mahorat texnikumlarini tashkil etish
10. Agentlik tizimida 1-ilovaga muvofiq ilgʻor kasbiy mahorat texnikumlari tashkil etilsin.
11. Belgilab qoʻyilsinki:
(a) ilgʻor kasbiy mahorat texnikumlari hududlarning oʻrta boʻgʻin kadrlariga boʻlgan ehtiyojini hisobga olgan holda, zamonaviy laboratoriya (ustaxona) jihozlari bilan taʼminlanadi hamda hududdagi boshqa texnikumlar uchun yetakchi amaliyot bazasi hisoblanadi;
(b) ilgʻor kasbiy mahorat texnikumlarida ishlab chiqarish taʼlimi ustalarining malakasi oshiriladi. Bunda ishlab chiqarish taʼlimi ustalari malakasi ilgʻor kasbiy mahorat texnikumlarining joriy faoliyati doirasida oshiriladi;
(v) ilgʻor kasbiy mahorat texnikumlaridagi malaka oshirish kurslari Institut tomonidan tashkil etiladi;
(g) oʻqish davrida amaliy mashgʻulotlarni ilgʻor kasbiy mahorat texnikumlarida oʻtaydigan boshqa texnikum oʻquvchilari bepul yotoqxona, oziq-ovqat va transport bilan taʼminlanadi. Bunda oʻquvchilarni bir kunlik oziq-ovqat bilan taʼminlash uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizi miqdorida mablagʻ ajratiladi, transport xizmati koʻrsatish autsorsing asosida amalga oshiriladi;
(d) ilgʻor kasbiy mahorat texnikumlari faoliyatini moliyalashtirish hamda xodimlari mehnatiga haq toʻlash shartlari va miqdorlari Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi ijod maktablari uchun belgilangan shartlarda amalga oshiriladi;
(j) ilgʻor kasbiy mahorat texnikumlari binolarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari 2-ilovaga muvofiq 2026-2027-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida moliyalashtiriladi.
VI. Texnikumlarda taʼlim sifatini taʼminlash
12. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
(a) texnikumlar Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi tomonidan yuritiladigan milliy reyting natijalari asosida ragʻbatlantiriladi. Bunda:
(i) milliy reyting 2026-yildan boshlab har yili boʻyicha yuritiladi hamda unda bitiruvchilar bandligi koʻrsatkichiga ustuvorlik beriladi;
(12-band “a” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi PF-58-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)
(ii) milliy reytingda eng yuqori oʻrinni egallagan 50 ta texnikumning har biri bazaviy hisoblash miqdorining 3 000 baravari miqdorida ragʻbatlantiriladi;
(b) ragʻbatlantirish toʻlovi sifatida ajratilgan mablagʻlarni quyidagi maqsadlar uchun yoʻnaltirishga ruxsat beriladi:
(i) 80 foizi moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shu jumladan, zarur jihozlarni xarid qilish, laboratoriya va ustaxonalar barpo etish;
(ii) 20 foizi texnikum pedagogik kengashi qaroriga muvofiq rahbar va xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish, shu jumladan, ularga ustama toʻlovlarni tayinlash, xodimlarni malaka oshirish va tajriba almashish uchun xorijga yuborish.
13. 2026-yildan boshlab har yili Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan 16 yoshga toʻlgan va 30 yoshdan oshmagan texnikum oʻquvchilari, yoshlar, talabalar hamda band boʻlmagan aholi (band boʻlmagan shaxslar) oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Kasbiy mahorat milliy tanlovi” (keyingi oʻrinlarda — Tanlov) oʻtkazilsin.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi PF-58-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)
14. Belgilansinki:
(a) Tanlov kasb boʻyicha xalqaro musobaqalar mezonlari asosida Agentlik tomonidan tashkil etiladi;
(b) Tanlovni oʻtkazish va gʻoliblarni ragʻbatlantirish 3-ilovaga muvofiq amalga oshiriladi.
VII. Kasbiy taʼlim tizimini moliyalashtirishni takomillashtirish
15. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
(a) 2026-yil 1-sentabrdan boshlab texnikumlarni saqlash xarajatlari Davlat budjeti va toʻlov-kontrakt hisobidan shakllangan mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi. Bunda:
(i) 9-sinfni tamomlagan bitiruvchilar orasidan oʻqishga qabul qilingan oʻquvchilar toʻliq Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan;
(ii) umumiy oʻrta maʼlumotga ega boʻlgan talabgorlar orasidan oʻqishga qabul qilingan oʻquvchilar toʻlov-kontrakt asosida oʻqitiladi, bundan qonunchilik hujjatlarida Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan oʻqitish belgilangan kasb va mutaxassisliklar mustasno;
(iii) toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilingan oʻquvchilarni oʻqitishga jalb etilgan oʻqituvchilar mehnatiga haq toʻlash bilan bogʻliq xarajatlar toʻliq toʻlov-kontrakt mablagʻlari hisobidan qoplanadi. Bunda toʻlov-kontrakt tushumlarining ortib qolgan qismi tashkilotning boshqa xarajatlariga yoʻnaltiriladi;
(b) Agentlik Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishgan holda iqtisodiyot tarmoqlarining real ehtiyojidan kelib chiqib, texnikumlarda toʻliq Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan oʻqitiladigan oʻquvchilar qabul parametrlarini tasdiqlaydi;
(b-1) 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab Kasbiy taʼlim agentligi tizimidagi texnikumlarga:
(i) oʻzlari ishlab chiqargan mahsulotlar (tovarlar, xizmatlar)ni boshqa texnikumlarga toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida sotishga;
(ii) qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda Kasbiy taʼlim agentligi bilan kelishgan holda “spin-off” korxonalarini tashkil etishga ruxsat berilsin;
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi PF-58-sonli Farmoniga asosan “b-1” kichik band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)
(v) texnikumlarda ish beruvchi korxona va tashkilotlarning buyurtmalariga muvofiq qabul parametrlaridan tashqari toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishga ruxsat beriladi. Bunda tasdiqlangan parametrdan tashqari qabul qilingan oʻquvchilar toʻliq toʻlov-kontrakt mablagʻlari hisobidan oʻqitiladi va toʻlov-kontrakt miqdorlari Agentlik tomonidan belgilanadi;
(g) 2026-yil 1-yanvardan boshlab xodimlar mehnatiga haq toʻlash va ragʻbatlantirish shartlariga koʻra:
(i) Agentlikning hududiy boshqarmalari Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining hududiy boʻlinmalariga;
(ii) texnikumning rahbar, pedagog va boshqa xodimlari umumiy oʻrta taʼlim tashkilotining tegishli xodimlariga tenglashtiriladi. Bunda umumtaʼlim fani oʻqituvchilari uchun ularning ish haqi fondiga nisbatan 10 foiz, boshqa xodimlar uchun esa 20 foiz miqdorida ragʻbatlantirish jamgʻarmasi shakllantiriladi;
(d) 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab texnikum direktori va uning oʻrinbosarlarini menejerlik sertifikati asosida mos ravishda lavozim maoshining 50 va 30 foizi miqdorida har oylik ustama berish orqali ragʻbatlantirish tizimi joriy etiladi. Bunda:
(i) menejerlik oʻquv kursi A. Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy instituti tomonidan tashkil etiladi;
(ii) menejerlik oʻquv kursining oʻquv rejasi va dasturlari Agentlik bilan birgalikda tasdiqlanadi;
(j) Agentlik tizimidagi muassasa va tashkilotlarning budjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
VIII. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
16. Quyidagilar:
(a) Kasbiy taʼlim tizimini 2026 — 2030-yillarda rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 4-ilovaga muvofiq;
(b) Kasbiy taʼlimni rivojlantirish instituti xodimlarining mehnatiga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shart-sharoitlariga koʻra oliy taʼlim va ilmiy tashkilotlarning xodimlariga tenglashtirilayotgan lavozimlari roʻyxati 5-ilovaga muvofiq;
(v) Kasbiy taʼlim moddiy-texnika taʼminoti markazi faoliyatini tashkil etish va texnikumlarning moddiy-texnika bazasini takomillashtirish chora-tadbirlari 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
17. Belgilansinki, texnikumlarni rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash va obodonlashtirish 7-ilovaga muvofiq 2026 — 2030-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida amalga oshiriladi.
18. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
(a) 2030-yilga qadar texnikumlar faoliyatini tugatish, ularga tegishli yer uchastkalari, bino va inshootlar hamda boshqa koʻchmas mulk obyektlarini xususiylashtirishga moratoriy joriy etiladi;
(b) texnikumlarning yer uchastkalari va koʻchmas mulkini Kasbiy taʼlim agentligi bilan kelishmasdan ijaraga berish, sotish yoki tasarrufdan chiqarish taqiqlanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi PF-58-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)
19. Davlat organlariga texnikumlarning faoliyatiga asossiz aralashish va ularni taʼlim jarayoni bilan bogʻliq boʻlmagan tadbirlarga jalb qilish taqiqlansin.
20. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
21. Mazkur qaror ijrosini monitoring qilib borish rejasi 8-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Bunda:
(a) Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi qaror ijrosini monitoring rejasiga asosan har yili 15-sentabrga qadar monitoringdan oʻtkazsin hamda monitoring natijalarini Hisob palatasi va Adliya vazirligiga kiritib borsin;
(b) Hisob palatasi Adliya vazirligi bilan birgalikda monitoring rejasi asosida qaror ijrosini nazorat qilsin hamda har yili 1-oktabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin;
(v) “Ijro.gov.uz” tizimida qaror ijrosini nazoratdan yechishda monitoring rejasida koʻrsatilgan maqsadlarga erishilganligi inobatga olinsin.
22. Mazkur qarorning ijrosini taʼminlash uchun masʼul va shaxsiy javobgar etib oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov belgilansin.
23. Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining taʼlimni isloh qilish boʻyicha oʻrinbosari X.U. Umarova zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 23-oktabr,
PQ-316-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-oktabrdagi PQ-316-son qaroriga1-ILOVA
Kasbiy taʼlim agentligi tizimidagi ilgʻor kasbiy mahorat texnikumlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-oktabrdagi PQ-316-son qaroriga2-ILOVA
2026-2027-yillarda ilgʻor kasbiy mahorat texnikumlari binolarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash va obodonlashtirish boʻyicha
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-dekabrdagi PQ-390-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2025-y., 07/25/390/1228-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-oktabrdagi PQ-316-son qaroriga3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Kasbiy mahorat milliy tanlovi”ni oʻtkazish va gʻoliblarni ragʻbatlantirish tartibi
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Kasbiy mahorat milliy tanlovi” (keyingi oʻrinlarda — Tanlov) Kasbiy taʼlim agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tomonidan tashkil etiladi.
2. Tanlov Agentlik tomonidan tanlab olinadigan 10 ta dolzarb kasb boʻyicha oʻtkaziladi.
3. Tanlov quyidagi bosqichlarda tashkil etiladi:
(a) 1-bosqich — Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri darajasida;
(b) 2-bosqich — respublika darajasida.
4. 1-bosqichda har bir kasb boʻyicha 5 nafar ishtirokchi (1 — 5-oʻrinlar boʻyicha), jami 700 nafar ishtirokchi gʻolib sifatida 2-bosqichga saralab olinadi.
5. 2-bosqich natijasiga koʻra har bir kasb boʻyicha 2 ta oltin, 4 ta kumush va 6 ta bronza medallari gʻoliblari aniqlanadi hamda jami 120 nafar ishtirokchi gʻolib deb topiladi.
6. Tanlov gʻoliblari va ularning amaliyot ustozlari quyidagi tartibda ragʻbatlantiriladi:
7. Tanlovni tashkil etish, oʻtkazish va ragʻbatlantirish toʻlovlari Davlat budjetining tegishli darajadagi budjetlari hisobidan moliyalashtiriladi.
8. 2-bosqich gʻoliblari tegishli kasblar boʻyicha Agentlik tomonidan yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda qoʻshimcha oʻqitiladi.
9. 2-bosqich gʻoliblariga “WorldSkills International” tashkilotining “WorldSkills” xalqaro chempionatida ishtirok etish huquqi beriladi. Bunda joylar cheklangan taqdirda, Agentlik tomonidan qoʻshimcha saralash oʻtkaziladi.
10. “WorldSkills” xalqaro chempionati gʻoliblari va ularning ustozlariga mos ravishda umumtaʼlim fanlari boʻyicha xalqaro olimpiadalar gʻoliblari va ularning ustozlariga belgilangan imtiyozlar qoʻllaniladi.
11. Tanlovni tashkil etish va oʻtkazish, “WorldSkills” xalqaro chempionatiga tayyorgarlik koʻrish va unga ishtirokchilarni yuborish bilan bogʻliq xarajatlar Davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladi. Bunda davlat organlari va tashkilotlariga oʻz mablagʻlari hisobidan qoʻshimcha ishtirokchilarni yuborishga ruxsat beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-oktabrdagi PQ-316-son qaroriga4-ILOVA
Kasbiy taʼlim tizimini 2026 — 2030-yillarda rivojlantirish boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-oktabrdagi PQ-316-son qaroriga5-ILOVA
Kasbiy taʼlimni rivojlantirish instituti xodimlarining mehnatiga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shart-sharoitlariga koʻra oliy taʼlim va ilmiy tashkilotlarning xodimlariga tenglashtirilayotgan lavozimlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-oktabrdagi PQ-316-son qaroriga6-ILOVA
Kasbiy taʼlim moddiy-texnika taʼminoti markazi faoliyatini tashkil etish va texnikumlarning moddiy-texnika bazasini takomillashtirish chora-tadbirlari
1. Texnikumlarning moddiy-texnika bazasi, jumladan, laboratoriya jihozlari va asbob-uskunalar hamda sarflanadigan xomashyo (material)lar bilan taʼminlanganlik holati Kasbiy taʼlim moddiy-texnika taʼminoti markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tomonidan oʻrganiladi.
2. Markaz tomonidan oʻrganish natijalari asosida texnikumlarning moddiy-texnika bazasini takomillashtirish chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, Kasbiy taʼlim agentligiga kiritiladi.
3. Texnikumlar uchun jihoz, asbob-uskuna va boshqa moddiy qimmatliklar markazlashgan holda Markaz tomonidan xarid qilinadi.
4. Markaz xodimlarining umumiy cheklangan shtatlar soni 32 ta shtat birligidan iborat boʻladi. Bunda 14 ta shtat birligi qoʻshimcha ravishda Davlat budjeti hisobidan ajratiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-oktabrdagi PQ-316-son qaroriga7-ILOVA
2026 — 2030-yillarda texnikumlarni rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash va obodonlashtirish
Izoh. Texnikumlarni jihozlash ishlari Kasbiy taʼlimni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-oktabrdagi PQ-316-son qaroriga8-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kasbiy taʼlim tizimida islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini monitoring qilish