PF-219-son Farmon · 19.11.2025

Oʻzbekiston Respublikasida uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-219
  • Qabul qilingan sana:19.11.2025
  • Kuchga kirgan sana:25.11.2025
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/25/219/1066

Uy-joy sohasining barqaror rivojlanishini taʼminlash, uy-joy qurilishi va uni sotib olishning muvozanatlashgan tizimini shakllantirish, mavjud talab va ehtiyojlarni inobatga olgan holda uy-joy qurilishi hajmini belgilash va sohada davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, shuningdek, barqaror iqtisodiy oʻsish, aholi sonining ortib borishi va urbanizatsiya jarayonlaridan kelib chiqib, har bir fuqaro uchun qulay yashash sharoitlarini yaratish maqsadida qaror qilaman:

I. Maqsadlar

1. Ushbu Farmonning asosiy maqsadi etib Uy-joy sohasini barqaror va muvozanatli rivojlantirishni taʼminlash, 2040-yilga qadar har yili qurilayotgan uy-joylar sonini ikki baravarga oshirib, 421 mingtaga olib chiqish, ipoteka krediti portfelini 10 baravardan ortiq koʻpaytirgan holda 56,7 mlrd AQSH dollariga yetkazish belgilansin.

2. Quyidagilar uy-joy sohasini barqaror va muvozanatli rivojlantirishning asosiy ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:

(a) yirik aglomeratsiyalarda uy-joy fondining oʻsishi va shahar muhitini rivojlantirishni taʼminlagan holda urbanizatsiya jarayonlarini qoʻllab-quvvatlash;

(b) aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilash va “Yangi Oʻzbekiston” massivlarini barpo etish ishlarini izchil davom ettirgan holda uy-joy fondida zamonaviy uy-joylar ulushini 2040-yilga qadar 50 foizga yetkazish;

(v) uy-joy bozoriga bank moliyasi va institutsional investorlar mablagʻlarini, shu jumladan, ipoteka kreditidan foydalangan holda jalb etish;

(g) ulushli qurilishga sarmoya kiritayotgan jismoniy shaxslarning huquqlarini himoya qilish;

(d) uy-joy qurilishi sohasini “Uy-joyning yagona hayotiy sikli” tamoyili asosida kompleks isloh qilish va uni amalga oshirishdagi toʻsiqlarni bartaraf etish.

II. Dasturiy hujjatlar va ularni amalga oshirish mexanizmlari

3. Quyidagilar:

(a) Oʻzbekiston Respublikasida 2040-yilgacha boʻlgan davrda uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari (keyingi oʻrinlarda — asosiy yoʻnalishlar) 1-ilovaga muvofiq;

(b) Oʻzbekiston Respublikasida 2040-yilgacha boʻlgan davrda uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar 2-ilovaga muvofiq;

(v) Oʻzbekiston Respublikasida 2040-yilgacha boʻlgan davrda uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Belgilansinki, Asosiy yoʻnalishlar urbanizatsiya, uy-joy va ipoteka bozorini 2040-yilgacha rivojlantirish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishning asosi boʻlib, ushbu sohada ishlab chiqiladigan barcha yangi normativ-huquqiy hujjatlar unga muvofiq boʻlishi lozim.

5. Qurib bitkazilmagan uy-joylar hamda sanoat hududlarini birinchi navbatda qurilishga jalb etishni, shuningdek, ekologik toza mahsulotlar hamda energiya tejovchi texnologiyalardan foydalangan holda uy-joy massivlarining muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilmasini oldindan barpo etishni nazarda tutadigan kompleks qurilish tamoyili asosida uy-joylar qurilishini tashkil etish tartibi joriy etilsin.

6. Belgilansinki, kompleks qurilish tamoyili doirasida quyidagilar taʼminlanadi:

(a) kompleks qurilish dasturlarini faqat ochiq va batafsil ishlab chiqilgan rejalar asosida tayyorlash;

(b) kompleks qurilish uchun ajratilgan yer uchastkalarini xususiylashtirish dasturlariga kiritish yoki boshqa loyihalarga jalb etish hamda ularning maqsadli yoʻnalishini oʻzgartirishga yoʻl qoʻymaslik;

(v) kompleks qurilish loyihalariga kiritiladigan yer uchastkalari, koʻchmas mulk obyektlari va ularning huquq egalari toʻgʻrisida toʻliq maʼlumotlarni taqdim etish;

(g) loyihalarni amalga oshirishda hududlarning kelgusidagi ijtimoiy ehtiyojlarini inobatga oluvchi kompleks yondashuvdan foydalanish;

(d) koʻchmas mulk obyekti egasining u joylashgan yer uchastkasiga ijara yoki mulk huquqida egalik qilish boʻyicha mutlaq huquqini kafolatlash.

III. Amaliy va institutsional chora-tadbirlar

7. Oʻzbekiston Respublikasida urbanizatsiya, uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirishni taʼminlash boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash 4-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.

8. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasida urbanizatsiya, uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirishning asosiy vazifalari etib belgilansin:

(a) aholi uchun uy-joyga ega boʻlish imkoniyatini oshirish;

(b) uy-joy qurilishida renovatsiya asosida quriladigan uylar ulushini bosqichma-bosqich oshirib borish hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni turar joy bilan taʼminlash;

(v) ortiqcha uy-joy qurilishi yoki uning yetishmasligining oldini olish.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Milliy qoʻmita) tashkil etilsin.

10. Belgilansinki Milliy qoʻmita:

(a) urbanizatsiya jarayonlari, uy-joy qurilishi, renovatsiya va ipoteka sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, shuningdek, ushbu yoʻnalishdagi dasturlarni muvofiqlashtirish va rivojlantirish boʻyicha vakolatli davlat organi hisoblanadi;

(b) oʻz faoliyatini Vazirlar Mahkamasi bilan uzviy hamkorlikda tashkil etadi va amalga oshiradi. Bunda Vazirlar Mahkamasi urbanizatsiya jarayonlarini davlat tomonidan tartibga solish, uy-joy qurilishi, renovatsiya va ipoteka dasturlarini hamda samarali davlat uy-joy siyosatini amalga oshirishda Milliy qoʻmitaga har tomonlama koʻmaklashadi.

11. Quyidagilar Milliy qoʻmita faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:

(a) urbanizatsiya jarayonlarini muvofiqlashtirish va rivojlantirish;

(b) samarali va barqaror uy-joy siyosatini ishlab chiqish hamda amalga oshirish;

(v) renovatsiya dasturlarini samarali amalga oshirishni taʼminlash;

(g) “Yangi Oʻzbekiston” massivlarini qurish ishlarini muvofiqlashtirish, shu jumladan, hududlarni tanlashda qonunchilik bilan belgilangan mezonlar va urbanizatsiya tamoyillariga rioya etilishini taʼminlash.

IV. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat

12. Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) Milliy qoʻmita tizimiga oʻtkazilsin.

13. Adliya vazirligi Milliy qoʻmita, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda:

(a) bir hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasini;

(b) bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasini;

(v) ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar boʻyicha takliflarni belgilangan tartibda kiritsin.

14. Iqtisodiyot va moliya vazirligi:

(a) bir oy muddatda Milliy qoʻmitaning faoliyatini tashkil etish uchun talab qilinadigan mablagʻlarni 2025-yilda ajratsin. Bunda Milliy qoʻmitani mebel, kompyuter va boshqa zarur jihozlar bilan taʼminlash uchun mablagʻ ajratilishini nazarda tutsin;

(b) 2026-yildan boshlab har yili Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda Milliy qoʻmita faoliyatini moliyalashtirish uchun zarur mablagʻlarni nazarda tutsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-14-son Farmoniga 5-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

16. Ushbu Farmonning samarali ijrosini tashkil etish uchun masʼul va shaxsiy javobgar etib Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi raisi belgilansin.

17. Farmon ijrosini nazorat qilish va ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2025-yil 19-noyabr,

PF-219-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-noyabrdagi PF-219-son Farmoniga1-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasida 2040-yilgacha boʻlgan davrda uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirishning

1-bob. Umumiy maʼlumotlar

1. 2040-yilgacha boʻlgan davrga moʻljallangan uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari (keyingi oʻrinlarda — Asosiy yoʻnalishlar) quyidagilarga muvofiq ishlab chiqilgan:

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi toʻgʻrisida”gi PF-158-son Farmoni;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-yanvardagi “Uy-joy qurilishi sohasini yanada rivojlantirish, turar va noturar joy obyektlarini ulush kiritish asosida qurish jarayonini tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-11-son Farmoni;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-fevraldagi “Uy-joy va ipoteka bozorini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-26-son Farmoni.

2. Asosiy yoʻnalishlar mamlakatning hozirgi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasi, urbanizatsiya jarayonlari, aholining uy-joy bilan taʼminlanganlik holati, shuningdek, shaharsozlik siyosati, moliyalashtirish mexanizmlari (jumladan, ipoteka krediti asosida) hamda ilgʻor xalqaro tajriba inobatga olingan holda Oʻzbekiston Respublikasining uy-joy sohasini barqaror rivojlantirishning maqsadlari, vazifalari va ustuvor yoʻnalishlarini belgilaydi.

2-bob. Asosiy tushunchalar va taʼriflar

3. Ushbu Asosiy yoʻnalishlarda quyidagi tushunchalar qoʻllanadi:

aglomeratsiya — bir nechta aholi punktlarining hududiy yaqinlik, shu bilan birga, ijtimoiy-iqtisodiy, sanoat, transport, mehnat, madaniy, maishiy hamda rekreatsion va boshqa aloqalariga koʻra bir joyda jamlanishi va birgalikda rivojlanishi;

davlat-xususiy sheriklik — davlat sherigi va xususiy sherikning muayyan muddatga yuridik jihatdan rasmiylashtirilgan, davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish uchun oʻz resurslarini birlashtirishiga asoslangan hamkorligi;

dizayn kod — binolarning meʼmoriy qiyofasi, hududni obodonlashtirish elementlari va shahar muhitining koʻrinishi boʻyicha hududning uygʻun vizual va funksional qiyofasini shakllantirishga qaratilgan majburiy qoidalar va tavsiyalar toʻplami;

uy xoʻjaligi — bitta turar joyda yoki uning bir qismida birgalikda yashaydigan, oʻzini yashash uchun barcha zarur narsalar bilan taʼminlaydigan, umumiy xoʻjalik yuritadigan, pul mablagʻlarini toʻliq yoki qisman birlashtiradigan va sarflaydigan shaxslar yigʻindisi;

“Yashil” texnologiyalar — binolar va infratuzilmani loyihalashtirish, qurish va ulardan foydalanish jarayonlarida atrof-muhitga salbiy taʼsirni kamaytirish hamda energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan texnologiyalar;

investitsiya-qurilish sikli — yer maydonini tayyorlash va loyihalashtirishdan tortib, obyektni foydalanishga topshirishgacha boʻlgan bosqichlar majmuasi;

koʻp kvartirali uy-joy — ikki va undan ortiq kvartiradan iborat boʻlgan, umumiy muhandislik tizimlari bilan jihozlangan va umumiy mulk elementlariga ega uy-joy binosi;

yakka tartibdagi uy-joy qurilishi — uy-joyga tutashgan yer maydoniga ega boʻlgan alohida uy-joy binolarini qurish;

ipoteka qimmatli qogʻozlari — ipoteka kreditlari portfeli bilan taʼminlangan va uy-joy bozoriga uzoq muddatli mablagʻlar jalb etish maqsadida chiqariladigan moliyaviy vositalar;

kompleksli qurilish — boʻsh yerlardan foydalanish, uy-joy mavzelarini renovatsiya qilish va sanoat hududlarini qayta tiklashni oʻz ichiga olib, muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilmani inobatga olgan holda qurib bitkazilmagan uy-joylar hamda sanoat hududlarini birinchi navbatda qurilishga jalb etishning tizimli mexanizmi;

uy-joy bilan taʼminlanganlik — bir kishiga (katta yoshli yoki bolaga) toʻgʻri keladigan oʻrtacha uy-joy maydoni (metr kvadratda);

loyihaviy moliyalashtirish — qurilishga kredit ajratishning shakli boʻlib, unda maxsus tashkil etilgan loyiha kompaniyalariga uy-joy qurilishi loyihalarini amalga oshirish uchun kvartiralar sotilishidan tushadigan mablagʻlar oqimi inobatga olingan holda banklar tomonidan mablagʻlar ajratish mexanizmi;

“Eskrou” hisobvaragʻi — quruvchi va ulushdor oʻrtasidagi ulush kiritish asosida tuzilgan ulushli shartnoma majburiyatlari toʻliq bajarilguniga qadar mablagʻlarni vaqtincha saqlash uchun uchinchi tomonda (eskro agent-bankda) ochiladigan maxsus bank hisobvaragʻi;

“15 daqiqalik shahar” tamoyili — shaharsozlikni rejalashtirish tamoyili boʻlib, unga koʻra kundalik hayot uchun zarur infratuzilma obyektlari (ish joyi, taʼlim, sogʻliqni saqlash, savdo, dam olish) yashash joyidan piyoda yoki transportda 15 daqiqa ichida yetib borish mumkin boʻlgan masofada joylashgan boʻladi.

3-bob. Oʻzbekistonda uy-joy sohasining hozirgi holati

1-§. Iqtisodiy holat

4. 2019 — 2024-yillarda yalpi ichki mahsulot yillik oʻrtacha 5,9 foizga oʻsdi va bu koʻrsatkich mintaqa boʻyicha eng yuqori darajalardan biri hisoblanadi. Xalqaro moliya institutlari prognozlariga koʻra 2030-yilgacha iqtisodiy oʻsish surʼati shunga yaqin darajada saqlanib qolishi kutilmoqda.

5. Iqtisodiyot oʻsishi aholi daromadlarining koʻpayishi bilan hamohang kechmoqda: 2019 — 2024-yillarda aholining real umumiy daromadlari oʻrtacha yillik 6,8 foizga oshdi. Prognozlarga koʻra 2024-yildan 2040-yilgacha real daromadlar ikki baravarga oshib, oylik oʻrtacha miqdori 794 AQSH dollaridan 1 571 AQSH dollarigacha yetishi kutilmoqda.

2-§. Demografiya

6. 2019 — 2024-yillarda mamlakat aholisi soni 33,3 million nafardan 37,5 million nafargacha oshdi (oʻrtacha yillik oʻsish — 2 foiz). 2040-yilga kelib bu oʻsish surʼati yillik 1,2 foizgacha pasayishi taxmin qilinmoqda. Demografik prognozlarga koʻra, aholining doimiy oʻsish surʼati yillik 1,7 foiz boʻlgan holda 2040-yilda aholi soni 49,5 million nafarga yetadi.

7. Ushbu davrda uy xoʻjaliklarining tarkibi, aholining yosh boʻyicha tuzilishi hamda uy-joy va ijtimoiy infratuzilmaga boʻlgan ehtiyoji sezilarli darajada oʻzgaradi:

uy xoʻjaligining oʻrtacha tarkibi 5,0 nafardan 4,7 nafargacha kamayib, ularning umumiy soni 7,5 milliondan 9,8 milliongacha koʻpayishi natijasida har yili kamida 150 — 160 mingta yangi uy-joy qurilishi talab etiladi;

maktab yoshidagi bolalar soni 2,6 million nafarga koʻpayib, bu 3 mingta maktab qurilishini talab qiladi;

talabalik yoshidagi yoshlar soni 1,2 million nafarga ortgani sababli talabalar turar joylari va ijara uylariga ehtiyoj ortishi kutilmoqda;

mehnatga layoqatli aholi soni 3 million nafarga koʻpayib, bu korporativ va xizmat uy-joylariga boʻlgan talabni kuchaytiradi.

3-§. Uy-joy sohasidagi davlat siyosati

8. 2019 — 2024-yillarda uy-joy sohasida qator muhim qonunchilik hujjatlari qabul qilinib, bozorni tartibga solish va uning shaffofligini oshirish taʼminlandi. Jumladan, “yer amnistiyasi” orqali noqonuniy qurilgan uylarga huquqiy maqom berildi, uy-joy sotib olishda majburiy propiska (roʻyxatdan oʻtish) talabi bekor qilindi, “Yangi Oʻzbekiston” dasturi doirasida namunaviy uylar qurilishi yoʻlga qoʻyildi, “Yangi Toshkent” loyihasi hamda poytaxtning 2045-yilgacha boʻlgan bosh rejasi tasdiqlandi.

Ushbu choralar aholi sonining tez koʻpayishi sharoitida ularni uy-joy bilan taʼminlash imkonini berdi hamda uy-joylar yetishmovchiligining oldi olindi. 2019 — 2024-yillar davomida har yili 15 — 17 million metr kvadrat uy-joy foydalanishga topshirilib, aholining uy-joy bilan taʼminlanganlik darajasi 1 kishi hisobiga oʻrtacha 18,9 metr kvadrat miqdorda saqlanib turdi.

9. Soʻnggi yillarda koʻp kvartirali uylar qurilishi hajmi oshgan boʻlsa-da, bozor asosan yakka tartibdagi uy-joy qurilishiga tayanadi va umumiy qurilish hajmining taxminan 60 foizini tashkil etadi.

10. Roʻyxatdan oʻtish (propiska) talablarining yengillashtirilishi urbanizatsiya jarayonlarini tezlashtirdi va aholi ehtiyojini mamlakatning 14 ta yirik aglomeratsiyasida jamladi. Ushbu hududlarda taxminan 12,5 million nafar kishi, yaʼni mamlakat aholisining uchdan bir qismi istiqomat qiladi:

1) Toshkent — 4,5 mln kishi;

2) Oʻrta Zarafshon (Samarqand — Kattaqoʻrgʻon — Navoiy) — 1,3 mln kishi;

3) Andijon — Asaka — Shahrixon — 0,8 mln kishi;

4) Namangan — Toʻraqoʻrgʻon — Chortoq — 0,8 mln kishi;

5) Qashqadaryo (Qarshi — Kitob — Shahrisabz — Koson) — 0,7 mln kishi;

6) Fargʻona — Margʻilon — Quvasoy — 0,6 mln kishi;

7) Nukus — 0,5 mln kishi;

8) Ohangaron (Angren — Olmaliq — Ohangaron) — 0,4 mln kishi;

9) Surxondaryo (Termiz — Denov) — 0,4 mln kishi;

10) Xorazm (Urganch — Xiva) — 0,4 mln kishi;

11) Quyi Zarafshon (Buxoro — Kogon) — 0,3 mln kishi;

12) Qoʻqon — 0,3 mln kishi;

13) Chirchiq — 0,3 mln kishi;

14) Yangiyoʻl — Chinoz — 0,2 mln kishi.

11. Yirik aglomeratsiyalar tez surʼatlarda oʻsmoqda, chunki ular iqtisodiy faollik markazlariga aylanmoqda. Vaqt oʻtishi bilan mamlakat aholisining 50 — 70 foizi aynan shu hududlarda istiqomat qilishi mumkin. Bu esa, oʻz navbatida, uy-joy fondini ikki baravarga oshirishni, qurilish zichligini koʻpaytirishni, shuningdek, muhandislik va ijtimoiy infratuzilmasi rivojlangan koʻp kvartirali uylarni qurishni ustuvor vazifa sifatida belgilashni taqozo etadi.

4-§. Oʻzbekistonda uy-joy sohasidagi asosiy muammolar

12. Sohada quyidagi muammolar mavjud:

(a) uy-joy bilan taʼminlash darajasi past. Oʻrtacha yashash maydoni har bir kishiga 18,9 metr kvadratdan toʻgʻri keladi. Bu koʻrsatkich Markaziy Osiyo mamlakatlariga nisbatan yuqori boʻlsa-da, MDH davlatlaridagi oʻrtacha darajadan (24,9 m-2) hamda turmush tarzi oʻxshash mamlakatlar — Malayziya (27,3 m-2) va Turkiyadan (30 m-2) past. Respublikadagi uy-joy fondining yillik oʻsishi faqat demografik oʻsishni qoplab, bir kishiga toʻgʻri keladigan oʻrtacha yashash maydonini oshirishni taʼminlamaydi;

(b) aholining barcha qatlamlarida uy-joy sotib olish imkoniyati mavjud emas. Faqat aholining 35 foizi davlat tomonidan qayta moliyalashtiriladigan ipoteka kreditlari yordamida uy sotib olish imkoniyatiga ega, 12 foiz aholi esa bozor ipotekasi shartlarida uy-joy xarid qilish imkoniga ega;

(v) uy-joy fondining sifati past darajada. Yakka tartibdagi uy-joylarning 70 foizi sifati past qurilish materiallaridan (xom gʻisht, paxsa) qurilgan boʻlib, koʻp hollarda markazlashgan infratuzilmaga ulanmagan. Koʻp kvartirali uylarning 36 foizi 1990-yilgacha qurilgan va zamonaviy sifat talablariga javob bermaydi;

(g) muhandislik infratuzilmasi yetarli emas. Faqat 77,1 foiz uylar ichimlik suvi bilan taʼminlangan, 50 foiz uylar esa markazlashgan kanalizatsiya tizimiga ulangan.

(d) qurilish zichligi past. Yirik shaharlarda qurilish zichligi har gektariga 1000 kv.metrdan kam boʻlib, bu MDH va Yevropa shaharlariga nisbatan 3-4 baravar past. Shu bilan birga, uy-joy fondining 85 foizi yakka tartibdagi uylar hissasiga toʻgʻri keladi (jumladan, shahar ichidagi mahallalarda), bu yer resurslaridan samarali foydalanishni cheklaydi va infratuzilma qurish hamda xizmat koʻrsatish xarajatlarini keskin oshiradi.

(j) moliyaviy resurslar oqimi yetarli emas. Har yili taxminan 1,5 milliard AQSH dollari uy-joy sohasiga kirib kelmasligi — investitsiya vositalari (masalan, koʻchmas mulk fondlari) yoʻqligi, muqobil moliyaviy mahsulotlar rivojlanmagani va norasmiy iqtisodiyot ulushining kattaligida (bank tizimi orqali aylanmaga kirmagan mablagʻlar) sabab boʻlmoqda.

5-§. Xulosalar

13. Oʻzbekistonda urbanizatsiya jarayonlari va aholi daromadlarining oʻsishi barqaror iqtisodiy rivojlanish va turmush sifatini oshirishning asosiy drayveri boʻlishi mumkin.

Buni taʼminlash uchun aholi daromadlarini yirik aglomeratsiyalar doirasidagi koʻp kvartirali uylar qurilishiga yoʻnaltirish, shuningdek, davlatning uy-joy bozoridagi faol rolini kuchaytirish zarur.

Bu jarayonda davlat uy-joy sohasidagi asosiy yoʻnalishlarni ishlab chiqishi va amalga oshirishni muvofiqlashtirishi, talab va taklif oʻrtasidagi nomutanosiblikni boshqarishi, “uy-joyning yagona hayotiy sikli” tamoyili doirasida yer tayyorlashdan tortib ipoteka orqali moliyalashtirish hamda investor mablagʻlarini jalb etishgacha boʻlgan barcha bosqichlarda maʼmuriy toʻsiqlarni bartaraf etishi lozim.

4-bob. Asosiy yoʻnalishlarning maqsad va vazifalari

14. Asosiy yoʻnalishlarning asosiy maqsadi — uy-joy sohasini barqaror va muvozanatli rivojlantirish.

15. Asosiy yoʻnalishlarning muhim vazifalari:

(a) mamlakatda urbanizatsiya jarayonini qoʻllab-quvvatlash, 14 ta yirik aglomeratsiyada uy-joy fondini va shahar muhitini rivojlantirishni taʼminlash;

(b) aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilash;

(v) banklarning oʻz mablagʻlari va institutsional moliya manbalarini uy-joy bozoriga jalb qilish;

(g) ulushli qurilishda ishtirok etuvchi xususiy investorlarning huquqlarini himoya qilish.

16. Maqsadni belgilashning asosiy mazmuni:

aholi sonining oʻsishi, yangi xonadonlarning paydo boʻlishi va uy-joy fondi yetishmasligi sharoitidagi urbanizatsiya uy-joyga boʻlgan barqaror ehtiyojni shakllantiradi;

iqtisodiyot va aholi daromadlarining oʻsishi, ipoteka foiz stavkalari pasayishi toʻlov qobiliyati yuqori boʻlishini taʼminlaydi;

yangi uy-joylar, ayniqsa, koʻp kvartirali uy-joylar qurish uchun 14 ta yirik aglomeratsiyada 10 — 15 yilga yetarli yer fondi shakllantiriladi;

yer fondini shakllantirish uchun bosh rejalar, kompleks qurilish dasturlari va “Yangi Oʻzbekiston” massivlari dasturlari ishlab chiqiladi;

investitsiya-qurilish jarayonini maqbullashtirish va maʼmuriy jarayonlarni qisqartirish orqali uy-joy qurilishi muddatini 2-martaga qisqartirish mumkin boʻladi (loyiha hujjatlarini tayyorlashdan boshlab foydalanishga topshirishgacha).

5-bob. Asosiy yoʻnalishlarni amalga oshirish mexanizmlari

17. Asosiy yoʻnalishlarning vazifalari uy-joy sohasini kompleks isloh qilishga va uy-joyning yagona hayotiy siklidagi toʻsiqlarni bartaraf etishga asoslanadi. Bu taklif, talab, infratuzilma va uy-joy bilan bogʻliq sohalarni rivojlantirishni qamrab oladi:

(a) uy-joy taklifini ragʻbatlantirish:

urbanizatsiya jarayonini qoʻllab-quvvatlash, mamlakatning yirik aglomeratsiyalarida uy-joy fondini oshirib borish va qulay shahar muhitini shakllantirish maqsadida aholi punktlarining bosh rejalariga muvofiq uy-joy va infratuzilma dasturlarini shakllantirish;

qonunchilikka tegishli oʻzgartishlar kiritgan holda kelgusida qurilish uchun zarur yer maydonlari zaxirasini oldindan shakllantirish, shuningdek, “Yangi Oʻzbekiston” massivlarini kompleks qurish loyihalariga qaratilgan shaharsozlik dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda kompleks qurilish mexanizmlaridan ustuvor foydalanishni taʼminlash;

maʼmuriy jarayonlarni maqbullashtirish, mehnat unumdorligini oshirish va zamonaviy texnologiyalarni qoʻllash orqali investitsiya-qurilish loyihalarini amalga oshirish muddatlarini qisqartirish;

(b) uy-joyga boʻlgan talabni ragʻbatlantirish:

ulushli qurilishda ishtirok etuvchi fuqarolarni himoya qilish uchun “eskrou” hisobvaraqlari tizimini joriy etish va quruvchilarni banklar orqali loyihaviy moliyalashtirishini yoʻlga qoʻyish;

ipoteka krediti tizimini rivojlantirish, kredit stavkalarini pasaytirish, jumladan, uy-joy ipoteka krediti bilan bogʻliq bitimlarni standartlashtirish va raqamlashtirish hamda banklarning ipoteka kreditlari portfellarini sekyuritizatsiya qilish orqali koʻchmas mulk bozorini raqamlashtirish;

koʻchmas mulk fondlarini tashkil etish orqali xususiy va institutsional investorlarni uy-joy bozoriga jalb qilish, bu orqali korxonalar uchun ijara uy-joylarini, talabalar shaharchalari, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar uchun uylar va boshqa maqsadli qurilishlarni moliyalashtirishni taʼminlash;

(v) aholini qulay infratuzilma bilan qamrab olish jarayonini jadallashtirish:

ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga manzilli yordam koʻrsatishni taʼminlash — buning uchun yordam chora-tadbirlarining yagona roʻyxatini shakllantirish va ehtiyojmand fuqarolar uchun raqamli platforma yaratish;

ijara uy-joy bozorining institutsional infratuzilmasini shakllantirishni taʼminlash (shu jumladan, tijorat, ijtimoiy, korporativ va talabalar uchun segmentlarni qamrab olgan holda) — buning uchun normativ-huquqiy bazani yaratish, soliq imtiyozlarini joriy etish, professional ijaraga beruvchilar va bozorning boshqa ishtirokchilari institutlarini vujudga keltirish;

bozorning professional ishtirokchilari uchun shaffof, ishonchli va yetarli tahlil hamda maʼlumotlarni taʼminlash — buning uchun turli davlat tizimlari va boshqa manbalardan maʼlumotlarni birlashtiruvchi ochiq raqamli platformani yaratish;

davlatning uy-joy siyosati va amalga oshirilayotgan tashabbuslari haqida aholi va bozor ishtirokchilarini doimiy xabardor qilib borish;

(g) uy-joy sohasi bilan bogʻliq yoʻnalishlarni rivojlantirish:

suv taʼminoti, gaz taʼminoti, kanalizatsiya va issiqlik taʼminoti sohalarida davlat-xususiy sheriklikning (DXSH) namunaviy loyihalarini kengaytirishni taʼminlash;

uy-joy qurilishida energiya tejamkorligi va “yashil” texnologiyalar standartlarini joriy etishni taʼminlash, shu jumladan, ularni texnik meʼyorlarga integratsiya qilish va qurilish tashkilotlari uchun moliyaviy ragʻbatlantirish tizimini joriy etish;

“15 daqiqalik shahar” konsepsiyasi, zichlikni oshirish, funksiya chegaralarining aniq emasligi, dizayn kodlar va zamonaviy uy-joy modellarini tatbiq etish;

yakka tartibdagi uy-joy qurilishini standartlashtirish hamda moliyalashtirish uchun tijorat banklarining oʻz mablagʻlari hisobidan ipoteka krediti va sertifikatlangan qurilish kompaniyalari uchun loyiha moliyasini joriy etishga oid normativ-huquqiy bazani ishlab chiqish;

muqobil moliyalashtirish vositalari uchun normativ-huquqiy bazani ishlab chiqishni taʼminlash, shu jumladan, xalqaro standartlarni (AAOIFI, IFSB) Oʻzbekiston Respublikasida joriy etish.

6-bob. Asosiy yoʻnalishlarni amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar

18. Asosiy yoʻnalishlarda belgilangan vazifalarni amalga oshirish natijasida quyidagilarga erishish rejalashtirilgan:

(a) urbanizatsiya jarayonini nazoratli tarzda amalga oshirish:

investitsiya-qurilish jarayonlari sezilarli darajada qisqaradi, bu esa yangi uy-joylar va infratuzilmalarni tezroq foydalanishga topshirish imkonini beradi;

keyingi 15 yil ichida respublikadagi uy-joy fondi 707 mln metr kvadratdan 1,1 mlrd metr kvadratgacha oʻsishi, har yili qurilayotgan uy-joy hajmi esa hozirgi 16,8 mln metr kvadratdan 30,3 mln metr kvadratgacha yetkazilishi kutilmoqda, shularning yarmidan koʻpini koʻp kvartirali uylar tashkil etadi;

yirik aglomeratsiyalarda aholi ish joylariga yaqinroq yashaydi, bu esa infratuzilma xarajatlarini va transport yukini kamaytiradi hamda iqtisodiyotning jadal oʻsishiga turtki beradi;

ijaraga beriladigan uy-joylar fondi yaratiladi, bu orqali ish bilan band aholi, talabalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar va vaqtincha band aholini oʻqish yoki ish joyiga yaqin, qulay sharoitdagi uy-joy bilan taʼminlash imkoni yaratiladi, natijada aholining ichki mobilligi oshadi;

aholining uy-joy sharoiti yaxshilanadi va zamonaviy shahar muhiti shakllanadi, bu esa mamlakatning eng yirik shaharlarini tashqi koʻrinishi va yashash sifati boʻyicha zamonaviy dunyo megapolislariga yaqinlashtiradi;

(b) aholi uy-joy sharoitini yaxshilash:

aholini uy-joy bilan taʼminlanish koʻrsatkichi bir kishi hisobiga 18,9 metr kvadratdan 23 metr kvadratdan oshadi;

aholining uy-joy sotib olish imkoniyati ortib, har uch nafar fuqarodan biri davlat koʻmagisiz ipoteka orqali uy-joy xarid qila oladi;

muhandislik va ijtimoiy infratuzilma sifati, ularning energiya samaradorligi va xavfsizligi oshadi, natijada aholining uy-joy sharoiti xalqaro standartlarga yaqinlashadi va ayrim koʻrsatkichlar boʻyicha mintaqadagi davlatlarga nisbatan yuqori natijalarni qayd etishga erishiladi;

(v) uy-joy qurilishi uchun moliyaviy manbalarni diversifikatsiya qilish:

banklar tomonidan qurilish kompaniyalari va uy-joy xaridorlariga kredit berish, shuningdek, institutsional va xususiy investorlarni uy-joy sohasiga jalb etish orqali yangi yirik bozorlar shakllanadi;

ipoteka portfeli hajmi 2025 — 2040-yillar mobaynida 5,3 mlrd AQSH dollaridan 56,7 mlrd dollargacha oʻsadi, bu esa ipoteka qimmatli qogʻozlar bozorini rivojlantirish imkonini yaratadi, 2040-yilga kelib ipoteka qimmatli qogʻozlar aylanmasi 4 mlrd AQSH dollari darajasiga yetishi prognoz qilinmoqda;

ipoteka kreditlash bozorida nodavlat sektor ulushi bosqichma-bosqich oshiriladi, buning uchun tijorat banklari va “Oʻzbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJ tomonidan xorijiy kredit liniyalari va boshqa moliyaviy instrumentlar orqali resurslar jalb etiladi;

banklar tomonidan qurilishni loyiha asosida moliyalashtirish bozori shakllanadi, uning umumiy portfeli 2040-yilga borib 12,2 mlrd AQSH dollarini tashkil etadi;

ijara uy-joy bozori yangi bosqichga koʻtariladi, professional ijara tashkilotlari va institutsional ishtirokchilar (ijara uy-joy fondlari, boshqaruv kompaniyalari va boshqalar) faoliyati orqali yangi investitsiya vositalari paydo boʻladi hamda yashirin iqtisodiyot ulushi kamayadi;

uy-joy qurilishi uchun yer uchastkalari bozori ochiq va shaffof boʻladi, bu esa yerning haqiqiy bozor qiymatini belgilash imkonini beradi va investorlar uchun jozibadorlikni oshiradi;

(g) xususiy investorlar huquqlarini himoya qilish:

qurilayotgan uylardagi barcha xaridorlar mablagʻlari majburiy “eskrou” hisobvaragʻi va loyihaviy moliyalashtirish mexanizmi orqali himoya qilinadi;

fuqarolar mablagʻlarining xavfsizligi taʼminlanadi, bu esa xususiy mablagʻlarni uy-joy qurilishiga barqaror ravishda jalb etishga imkon beradi;

uy-joy bozorida xaridorlar va uy-joy qurilishida ulushdorlar huquqlarini himoya qiluvchi yangi mexanizmlarni joriy etish orqali shaxsiy mablagʻlarning uy-joy qurilishiga barqaror ravishda kirib kelishi taʼminlanadi;

qurilish hajmlari sezilarli darajada ortib, yangi tizim talablariga tez va samarali moslashgan banklar hamda qurilish kompaniyalari bozorda oʻz ulushini oshiradi va moliyaviy natijalarini yaxshilaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-noyabrdagi PF-219-son Farmoniga2-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasida 2040-yilgacha boʻlgan davrda uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-noyabrdagi PF-219-son Farmoniga3-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasida 2040-yilgacha boʻlgan davrda uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini amalga oshirish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-noyabrdagi PF-219-son Farmoniga4-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasida urbanizatsiya, uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirishni taʼminlash boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash

Izoh: Muvofiqlashtiruvchi kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-noyabrdagi PF-219-son Farmoniga5-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-14-son Farmoniga kiritilayotgan oʻzgartirishlar

1. 1-ilovada:

(a) “Jami” pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

(b) “1. Iqtisodiyot va moliya vazirligi” boʻlimining “3. Kadastr agentligi” pozitsiyasi chiqarib tashlansin;

(v) “8. Energetika vazirligi” boʻlimida:

“Energetika vazirligi” pozitsiyasining “Jami boshqaruv shtat birliklari soni” ustunidagi “109” raqami “93” raqami bilan almashtirilsin;

“budjetdan tashqari jamgʻarmalar mablagʻlari hisobidan” ustunidan “16” raqami chiqarib tashlansin;

(g) izohlar qismining 5.7 hamda 5.21-kichik bandlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

2. 2-ilovada:

(a) 1.4.-kichik bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;

(b) izohlar qismida:

birinchi xatboshidagi “71” raqami “67” raqami bilan almashtirilsin;

ikkinchi xatboshidagi “21” raqami “20” raqami bilan almashtirilsin;

uchinchi xatboshidagi “6” raqami “7” raqami bilan almashtirilsin;

toʻrtinchi xatboshidagi “28” raqami “26” raqami bilan almashtirilsin.

3. 2a-ilovaning 1.4.-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.