PQ-391-son Qaror · 27.12.2025

2030-yilga qadar temir yoʻl transportida mahalliy yoʻnalishlarda yoʻlovchi tashish koʻrsatkichlarini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-391
  • Qabul qilingan sana:27.12.2025
  • Kuchga kirgan sana:30.12.2025
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/25/391/1238

Yoʻlovchilarni shahar atrofi, shaharlararo va viloyatlararo yoʻnalishlarda temir yoʻl transportida tashish ulushini oshirish, aholiga xavfsiz transport xizmatlari koʻrsatilishini taʼminlash, respublikaning barcha hududlarini yuqori tezlikda harakatlanuvchi va tezyurar elektropoyezdlar qatnovi bilan qamrab olish hamda temir yoʻl transportida yoʻlovchi tashish faoliyatining kelgusidagi istiqbollarini belgilab berish maqsadida qaror qilaman:

I. Maqsadlar va istiqbolli koʻrsatkichlar

1. Mazkur qarorning asosiy maqsadi etib 2030-yilgacha temir yoʻl transportida mahalliy yoʻnalishlarda yillik yoʻlovchi tashish koʻrsatkichini 10,5 mln nafardan 23,5 mln nafarga, elektropoyezdlar qatnovi tashkil etilgan yoʻnalishlar sonini 40 tadan 53 taga yetkazish belgilansin.

2. Quyidagilar:

(a) 2026 — 2030-yillarda temir yoʻl transportida yoʻlovchi tashish faoliyatini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;

(b) 2026 — 2030-yillarda mahalliy yoʻnalishlarda elektropoyezdlar harakati amalga oshiriladigan yoʻnalishlar roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;

(v) 2026 — 2030-yillarda temir yoʻl transportida yoʻlovchi tashish infratuzilmasini rivojlantirish va harakatdagi tarkibni yangilash dasturi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

II. Temir yoʻl transportida yoʻlovchi tashish infratuzilmasini yaxshilash

3. Quyidagilar temir yoʻl transportida yoʻlovchi tashish faoliyatini rivojlantirish boʻyicha Transport vazirligi va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJning ustuvor vazifalari etib belgilansin:

(a) mazkur qarorning 1 — 3-ilovalarida belgilangan maqsadlar va istiqbolli koʻrsatkichlarga soʻzsiz erishilishi, infratuzilmani rivojlantirish va harakatdagi tarkibni yangilash dasturi bajarilishini taʼminlash;

(b) uzunligi 465 km boʻlgan va elektrlashtirish ishlari yakunlangan “Buxoro — Xiva” temir yoʻl liniyasi orqali 2026-yildan boshlab Toshkent — Urganch — Xiva yoʻnalishida yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlar qatnovini tashkil etish;

(v) uzunligi 196 km boʻlgan “Miskin — Nukus” temir yoʻlini elektrlashtirish ishlarini 2026-yil yakuniga qadar tugatib, ushbu yoʻnalishlarda yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlar qatnovini tashkil etish;

(g) Angren-Pop hamda Toshguzar — Boysun — Qumqoʻrgʻon temir yoʻl uchastkalarini modernizatsiya qilgan holda 2030-yilgacha Andijon, Namangan, Fargʻona va Surxondaryo viloyatlariga tezyurar elektropoyezdlar qatnovlarini yoʻlga qoʻyish;

(d) 2030-yilgacha 6 ta yuqori tezlikda harakatlanuvchi, 8 ta tezyurar va 20 ta zamonaviy elektropoyezdlar, 2 ta yoʻlovchi teplovoz, 10 ta elektrovoz, 200 ta yoʻlovchi vagonlari va 50 ta manyovr lokomotivlarini xarid qilish hisobiga harakat tarkibini yangilash. Bunda birinchi bosqichda energiya samaradorligi yuqori boʻlgan zamonaviy va past polli 4 ta tezyurar va 10 ta elektropoyezdni xarid qilish va qolgan 4 ta tezyurar va 10 ta elektropoyezdni aholiga qulayligi yuzasidan jamoatchilik fikrini oʻrgangan holda xarid qilish.

4. Transport vazirligi Ichki ishlar vazirligi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ, “Toshkent metropoliteni” DUK hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda 2026-yil yakuniga qadar:

(a) Toshkent shahriga Toshkent aglomeratsiyasi hududlaridan kirib keladigan elektropoyezdlarni jamoat transporti bilan integratsiya qiluvchi transport bogʻlamalari yaratilishini, shu jumladan, kamida 3 ta metro bekatlari yaqinida temir yoʻl bekatlari ishga tushirilishini taʼminlasin;

(b) Nukus shahri va viloyat markazlariga kirib keluvchi yoʻlovchilar oqimini oʻrganib, shahar atrofi yoʻnalishlarida harakatlanuvchi elektropoyezdlarni jamoat transporti bilan integratsiya qiluvchi transport bogʻlamalarini ishga tushirish choralarini koʻrsin;

(v) amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritsin.

5. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ Transport vazirligi bilan birgalikda 2026-yil 1-iyulga qadar “Nurafshon — Piskent — Boʻka — Yangiyer yoʻnalishida yangi temir yoʻl liniyasini qurish” loyihasining loyihani baholash hujjatlarini ishlab chiqib, qurilish ishlarini boshlasin.

6. Transport vazirligi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda xorijiy konsultantlarni jalb qilgan holda temir yoʻl transportida yoʻlovchi tashish faoliyatini rivojlantirish doirasidagi loyihalarni (jumladan, infratuzilmani rivojlantirish va harakatdagi tarkibni yangilash) moliyalashtirish tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

7. Transport vazirligi Toshkent davlat transport universiteti bilan birgalikda 2026-yil 1-iyunga qadar respublika hududlari oʻrtasida yoʻlovchi oqimini oʻrganib, temir yoʻl, havo va avtomobil transportida yoʻlovchi tashuvlarini oʻzaro uygʻunlashtiruvchi kompleks rivojlanish strategiyasini, zaruratga koʻra, xorijiy konsultantlarni jalb qilgan holda ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish choralarini koʻrsin.

8. Belgilansinki:

(a) ushbu qarorning 3-ilovasidagi loyihalar, zaruratga koʻra, xorijiy konsultantlarni jalb qilgan holda belgilangan tartibda ishlab chiqilgan loyihani baholash hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi. Bunda loyihalar doirasida xarid qilinadigan harakat tarkiblari, shuningdek, tovar va xizmatlar boʻyicha shartnomalar oʻrnatilgan tartibda “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKda ekspertizadan oʻtkaziladi;

(b) Vazirlar Mahkamasiga loyihani baholash hujjatlari natijalariga asosan ushbu qarorning 3-ilovasidagi loyihalar roʻyxatiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishgan holda oʻzgartirish kiritish vakolati berilsin.

9. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ 2026-yil yakuniga qadar:

(a) 2023-2024-yillar uchun hisobotlarni moliyaviy hisobotning xalqaro standarti talablari asosida tashqi auditdan oʻtkazish;

(b) xalqaro kapital bozoridan davlat kafolatisiz mablagʻ jalb qilish imkoniyatini yaratish maqsadida xalqaro kredit reytingini olish;

(v) jamiyat va tizim korxonalarida xaridlarni tartibga solishga qaratilgan “Gʻaznachilik toʻlovi” tizimini joriy etish;

(g) 2025-yil uchun xarid jarayonlarini forenzik auditdan oʻtkazish;

(d) yuklarni tashishda vaqtni tejash hamda magistral yoʻlning samaradorligini yanada oshirish maqsadida yuk poyezdlarining yoʻnalish boʻyicha cheklangan tezligini 30 km/soatdan 50 km/soatga oshirish;

(j) temir yoʻl chiptalarini sotishda avtomatlashtirilgan hamda onlayn sotish tizimiga oʻtishni toʻliq yakunlash;

(z) jamiyat va tizim korxonalari daromadlarini oshirish, xarajatlarni maqbullashtirish va boshqaruvni samarali yoʻlga qoʻyish hamda xorijiy tajriba asosida yangi tarif metodologiyasini ishlab chiqish choralarini koʻrsin.

10. Transport vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ bilan birgalikda mavjud avtomobil va temir yoʻl kesishmalarida yangi yoʻl oʻtkazgichlarni barpo etish dasturini uch oy muddatda ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda yuqoridagi dasturda nazarda tutiladigan tadbirlarni har yilgi Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablagʻlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirish nazarda tutilsin.

11. Transport vazirligi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ bilan birgalikda 2026-yil 1-mayga qadar “Toshkent — Samarqand yoʻnalishida alohida ajratilgan ikki yoʻlli yuqori tezlikdagi temir yoʻl magistralini qurish” loyihasining loyihani baholash hujjatlarini xorijiy konsultantlarni jalb qilgan holda ishlab chiqib, belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

12. Energetika vazirligi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar natijasida elektr energiyasi isteʼmoliga boʻlgan talabni qayta hisob-kitob qilgan holda muntazam ravishda tashqi elektr taʼminoti uchun elektr uzatish tarmogʻi va podstansiyalarni modernizatsiya qilib borish choralarini koʻrsin.

13. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ 2026-yil yakuniga qadar “8 ta tezyurar elektropoyezdlarni xarid qilish” loyihasini moliyalashtirish manbalariga aniqlik kiritgan holda mazkur loyihaning loyihani baholash hujjatlarini ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

14. Transport vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ bilan birgalikda ikki oy muddatda Toshkent, Samarqand, Buxoro, Urganch, Navoiy va Qoʻqon shaharlarida joylashgan temir yoʻl vokzallari infratuzilmasini davlat-xususiy sheriklik asosida rivojlantirish yuzasidan normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

15. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bir oy muddatda “Toshkent yoʻlovchi vagonlarini qurish va taʼmirlash zavodi” AJning 90 foiz aksiyalar paketini ishonchli boshqaruvga berish toʻgʻrisidagi bitimni keyinchalik bosqichma-bosqich xususiylashtirish sharti bilan 1 yilga uzaytirsin.

III. Temir yoʻl transporti harakat tarkibini yangilash

16. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va uning tarkibidagi korxonalar tomonidan lokomotiv parkini yangilash maqsadida xarid qilinadigan 2 ta yoʻlovchi teplovoz va 10 ta elektrovoz, shuningdek, “50 ta manyovr lokomotivlarini xarid qilish” loyihasini amalga oshirish doirasida belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxat boʻyicha chetdan olib kelinadigan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan tovarlar texnologik hujjatlar boʻyicha yetkazib berish va kafolat muddati yakunlangunga qadar import bojxona bojidan ozod etilsin hamda jamiyat tarkibidagi korxonalarga qoʻshilgan qiymat soligʻini belgilangan tartibda 120 kunga kechiktirib toʻlashga ruxsat berilsin.

17. Mazkur qarorning 3-ilovasida keltirilgan loyihalarni amalga oshirish doirasida:

(a) Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi 2026-2027-yillarda 10 yil muddatga 3 yillik imtiyozli davr bilan yillik 5 foiz stavkada “200 ta yoʻlovchi vagonlar tarkibini yangilash” loyihasi doirasida 143 mln AQSH dollari miqdoridagi kredit mablagʻlarini “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va uning tarkibidagi korxonalar kafilligi asosida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJga ajratsin;

(b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ murojaati kelib tushgan vaqtdan boshlab bir oy muddatda tegishli yer uchastkalari ularni “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tarkibidagi korxonalarga bepul ijaraga berish uchun Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratilishini taʼminlasin. Bunda tegishli yer uchastkalari toifalarini qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidan tegishli toifaga oʻzgartirish boʻyicha takliflar Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha Hukumat komissiyasiga kiritilsin;

(v) qurilish hududiga tushgan muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari (elektr, tabiiy gaz, ichimlik suvi va oqova suv, aloqa, yerosti va yerusti irrigatsiya tarmoqlari) tegishli tarmoq tashkilotlarining oʻz mablagʻlari hisobidan boshqa hududlarga koʻchirilsin.

18. “Shovot — Qoraoʻzak yangi temir yoʻl liniyasini qurish” va “Navoiy — Buxoro elektrlashtirilgan ikkinchi temir yoʻl liniyasini qurish” loyihalari doirasida ajratilgan yer uchastkalari uchun qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining oʻrnini qoplash boʻyicha toʻlovlar undirilmaydi hamda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ ustav fondidagi davlat ulushini oshirish orqali hisobga olinadi.

IV. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat

19. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-oktabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi temir yoʻl transporti sohasini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-329-son qaroriga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

20. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari A.J. Ramatov hamda transport vaziri I.R. Maxkamov belgilansin.

21. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2025-yil 27-dekabr,

PQ-391-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-dekabrdagi PQ-391-son qaroriga1-ILOVA

2026 — 2030-yillarda temir yoʻl transportida yoʻlovchi tashish faoliyatini rivojlantirishning

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-dekabrdagi PQ-391-son qaroriga2-ILOVA

2026 — 2030-yillarda mahalliy yoʻnalishlarda elektropoyezdlar harakati amalga oshiriladigan yoʻnalishlar

Izoh:

* yangi ishga tushiriladigan yoʻnalishlar;

** mazkur yoʻnalishda yoʻlovchi tashish teplovoz orqali amalga oshiriladi, elektropoyezdlar harakati kelgusida loyihaning iqtisodiy samaradorligi tasdiqlangan taqdirda tashkil etiladi.

Transport vazirligi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ bilan birgalikda kelgusida mazkur yoʻnalishlarning iqtisodiy samaradorligini muntazam ravishda tahlil qilgan holda ushbu yoʻnalishlarga oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritib borsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-dekabrdagi PQ-391-son qaroriga3-ILOVA

2026 — 2030-yillarda temir yoʻl transportida yoʻlovchi tashish infratuzilmasini rivojlantirish va harakatdagi tarkibni yangilash

Izoh: ushbu Dasturdagi loyihalarning loyihani baholash hujjatlari tasdiqlangandan soʻng loyiha parametrlari va qiymati oʻzgarishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-dekabrdagi PQ-391-son qaroriga4-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-oktabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi temir yoʻl transporti sohasini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-329-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar

1. 4-ilova quyidagi mazmundagi 9-pozitsiya bilan toʻldirilsin:

2. 8-ilovaning 2-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.