Global iqlim oʻzgarishi, suv tanqisligi sharoitida melioratsiya va suv xoʻjaligi boʻyicha zamonaviy yondashuvlarni va ularning ilmiy-amaliy asoslarini ishlab chiqish, raqamli texnologiyalar asosida ilgʻor tadqiqotlar olib borish, “tarmoq-korxona-oliygoh” barqaror uzluksiz taʼlim tizimini yaratish orqali mehnat bozorida raqobatbardosh bilimli va salohiyatli muhandis kadrlarni tayyorlash maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar mazkur qarorni qabul qilishdan koʻzlangan asosiy maqsadli koʻrsatkichlar etib belgilansin:
(a) “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetida (keyingi oʻrinlarda — Universitet) taʼlim klasterini (maktabgacha va maktab taʼlimi-litsey-texnikum-oliygoh-tarmoq-malaka oshirish) tashkil etish hamda dual taʼlim tizimini joriy etish;
(b) Universitetni 2030-yilga qadar dunyoning eng nufuzli reyting tashkilotlarining top-300 talik oliy taʼlim tashkilotlari roʻyxatiga kiritish va taʼlim eksportini 30 mln dollarga yetkazish;
(v) 2030-yilga qadar Universitetning 12 ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari hamda 16 ta magistratura mutaxassisliklarini xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazish;
(g) Universitet yillik daromadini 2026-yilda 200 mlrd soʻmga (shundan 20 foizi investitsiya, ilmiy tadqiqot va tijoratlashtirish hisobidan), 2028-yilda 250 mlrd soʻmga (25 foiz) hamda 2030-yilda 350 mlrd soʻmga (35 foiz) yetkazish;
(d) 2026 — 2028-yillarda Universitetda “tarmoq-korxona-oliygoh” tamoyili asosida qishloq va suv xoʻjaligi sohalari boʻyicha havo, suv va tuproq koʻrsatkichlarini aniqlovchi kompleks ilmiy tadqiqotlar laboratoriyalarini tashkil etish;
(j) Universitetda har yili qishloq va suv xoʻjaligida foydalaniladigan uchuvchisiz uchish apparatlari (keyingi oʻrinlarda — dron)dan foydalanuvchi 50 nafar mutaxassis tayyorlash.
II. Ilmiy tadqiqotlarni amaliyotga integratsiya qilish
2. Talabalarning amaliy koʻnikmalarini mustahkamlash maqsadida kadrlar tayyorlash yoʻnalishlari va sohalarning xususiyatlaridan kelib chiqib, 2026-yil 1-maydan boshlab Universitetda oʻqish quyidagi shakllarda tashkil etiladi:
(a) dual taʼlim asosida 6 oy muddatga nazariy taʼlimdan ajralgan va joyiga chiqqan holda tashkil etiladigan malakaviy amaliyot. Bunda:
(i) suv xoʻjaligi sohasida talabalar vegetatsiya davrida suv tejovchi texnologiyalardan foydalanish, sugʻoriladigan yerlarni meliorativ monitoring qilish, sugʻorish tarmoqlaridagi va ekin dalalariga berilayotgan suv sarflarini oʻlchash, hududlarda suvdan foydalanilishini nazorat qilishda ishtirok etadi;
(ii) gidrotexnika inshootlari qurilishi, gidroenergetika va elektr energetika sohasida talabalar kanallarni betonlashtirish, gidrotexnika inshootlarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiya qilishda ishtirok etadi hamda nasos stansiyalari, kichik GESlar qurilishi va transformatorlar ekspluatatsiyasiga koʻmaklashadi;
(iii) qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash sohasida talabalar qishloq xoʻjaligi texnikalarini mavsumga tayyorlash, koʻrikdan oʻtkazish hamda qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish va yigʻishtirish jarayonida ishtirok etadi;
(b) qolgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarida yil davomida nazariy taʼlim bilan birga toʻliq uygʻunlashtirgan “4+2” shakldagi amaliyot.
3. Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Universitetda dual taʼlim (malakaviy amaliyot)ni tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlar, shu jumladan, transport va kunlik xarajatlarga 2026-yilda Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan 10 milliard soʻm ajratilsin.
4. Belgilansinki, 2026-yil 1-maydan boshlab:
(a) Universitetning yetakchi professor-oʻqituvchilari va ilmiy xodimlari hududlarga biriktiriladi. Bunda yetakchi professor-oʻqituvchilar va ilmiy xodimlar viloyat hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha ilmiy maslahatchisi hisoblanadi. Bunda:
(i) ilmiy maslahatchilar Universitet rektori tavsiyasiga asosan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyat hokimlari tomonidan oʻrindoshlik asosida ishga qabul qilinadi;
(ii) ilmiy maslahatchilarni hamda hududlarga malakaviy amaliyotga yuborilgan Universitet talabalarini yashash joyi va sharoiti bilan taʼminlash Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari tomonidan amalga oshiriladi;
(iii) ilmiy maslahatchilar ular tomonidan berilgan ilmiy va amaliy yechimga qaratilgan tavsiyalarning natijalaridan kelib chiqib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan moddiy ragʻbatlantiriladi;
(b) talabalarning sayyor darslari qishloq va suv xoʻjaligi sohasidagi tashkilotlar va hududlardagi “Suvchilar maktabi” bazasida tashkil etiladi.
5. Ilmiy maslahatchilarning suv xoʻjaligi sohasida amalga oshiriladigan tadbirlarning ilmiy yechimiga qaratilgan “yoʻl xaritasi” 2026-yil uchun bir hafta muddatda, keyingi yillar uchun har yili 15-dekabrga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyat hokimlari, Suv xoʻjaligi vazirligi va Universitet rektori tomonidan tasdiqlanadi.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda sohaga oid muammolarni oʻrganish va ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish uchun “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti kafedralarini hududlarga biriktirish jadvali 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Hududlardagi qishloq va suv xoʻjaligi muammolarini tizimli hal etishga qaratilgan ilmiy faoliyat natijalarini joriy etish va (yoki) yangi ishlanma sifatida tijoratlashtirish maqsadida Universitetda yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Istiqbolli loyihalar ofisi (keyingi oʻrinlarda — Loyiha ofisi) tashkil etilsin. Bunda:
(a) ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasidagi loyihalar uchun ajratilgan mablagʻlar hisobidan maqsadli ravishda moliyalashtiriladigan Universitetning qishloq va suv xoʻjaligi muammolariga oid fundamental va amaliy tadqiqotlari Loyiha ofisi tomonidan muvofiqlashtiriladi;
(b) Loyiha ofisi ilmiy tadqiqotlar natijalarini Universitet bilan birgalikda amaliyotga tizimli ravishda joriy etib boradi;
(v) professor-oʻqituvchilar va ilmiy xodimlar hududlardagi qishloq va suv xoʻjaligi muammolariga oid ilmiy muammolar reyestrini shakllantiradi va uning yechimlariga qaratilgan tadqiqotlar asosida takliflarni ishlab chiqadi.
8. Istiqbolli loyihalar ofisining asosiy faoliyat yoʻnalishlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
9. 2026-yil yakuniga qadar Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, va Suv xoʻjaligi vazirligi Universitetda “tarmoq-korxona-oliygoh” tamoyili asosida yuqori aniqlikdagi havo, suv, tuproq va oʻsimlik koʻrsatkichlarini tahlil qiluvchi “Tuproq, suv va oʻsimlik” kompleks ilmiy tadqiqotlar laboratoriyasi tashkil etilishini taʼminlasin.
Belgilansinki, mazkur laboratoriyada quyidagi yoʻnalishlarda ilmiy tadqiqotlar olib boriladi:
(a) shoʻrlangan maydonlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish, shoʻr yuvishda suvlarni iqtisod qilish va kollektor-zovurlarni yopiq tizimga oʻtkazish orqali yerdan foydalanish koeffitsiyentini oshirish;
(b) geoaxborot tizimi texnologiyalari yordamida gidromodul rayon hududlari chegaralarini yangilash, sugʻorish tartib va meʼyorlarini maqbullashtirish boʻyicha ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqish;
(v) degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklashda melioratsiya, rekultivatsiya va yerlarni muhofaza qilishning kompleks tadbirlari boʻyicha ilmiy tavsiyalarni ishlab chiqish;
(g) hududlarning tuproq-meliorativ sharoitlaridan kelib chiqib, qishloq xoʻjaligi ekin turlariga mos ravishda suv tejovchi texnologiyalar va sugʻoriladigan yerlar uchun maqbul boʻlgan meliorativ rejimning ilmiy-amaliy asoslarini ishlab chiqish.
10. Universitetda 2026 — 2030-yillarda ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish jarayonida quyidagi yoʻnalishlarga ustuvorlik berilsin:
(a) suv tejovchi texnologiyalarni hududlarning tuproq-meliorativ sharoitlari va ekin turiga qarab joriy qilish, irrigatsiya hamda melioratsiya tizimlarini modernizatsiyalash, ochiq sugʻorish va kollektor-zovur tarmoqlarini yopiq tizimga oʻtkazish loyihalarining ilmiy-texnik, iqtisodiy va texnologik asoslarini tayyorlash;
(b) degradatsiyaga uchragan va texnogen buzilgan landshaftlarni tiklashda melioratsiya va rekultivatsiya tadbirlarining ilmiy-amaliy asoslarini ishlab chiqish;
(v) gidroenergetika obyektlari va gidrotexnika inshootlari ekspluatatsion ishonchliligi, konstruktiv mustahkamligi hamda xavfsizlik darajasini baholash va bashorat qilishning ilmiy-nazariy uslublarini takomillashtirish;
(g) qishloq va suv xoʻjaligi sohasi boʻyicha respublikaga kiritilayotgan yangi texnologiyalar, qishloq xoʻjaligi va meliorativ texnikalarni ishlab chiqarish sharoitida sinovdan oʻtkazish hamda ilmiy asoslangan xulosalarni berish;
(d) nasos stansiyalari ish rejimini tartibga solish hamda elektr energiyasi isteʼmolini kamaytirish choralarini koʻrish boʻyicha tavsiyalar berish.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-dekabrdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari uchun muhandis kadrlarni tayyorlash tizimini innovatsiya va raqamlashtirish asosida tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-42-son qarori bilan Universitetga dronlardan foydalanishga ruxsat berilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin. Bunda Universitetga:
(a) qishloq xoʻjaligi yerlari va suv xoʻjaligi obyektlarini monitoring qiluvchi (multispektral, giperspektral, termal, lidar) kamerali xorijda ishlab chiqarilgan kuzatuv dronlari, shuningdek, ekinlarga suspenziya sepadigan (50 litr sigʻimgacha boʻlgan) xorijda ishlab chiqarilgan agrosprey dronlarni xarid qilish, Oʻzbekistonga olib kirish, saqlash va foydalanishga;
(b) 2026-yil 1-maydan boshlab tajriba-sinov tariqasida qishloq xoʻjaligi korxonalarining buyurtmalariga asosan Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida, 2027-yildan boshlab respublikaning barcha hududlariga dron xizmatlarini koʻrsatishga ruxsat berilsin.
III. Kadrlar tayyorlash samaradorligini oshirish
12. Universitet huzurida 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab mahalliy va xorijiy talabalar uchun akademik fanlar boʻyicha (STEAM, til bilimlari, akademik yozish va milliy strategik mezonlar) maxsus tayyorlov kursi (Foundation) tashkil etilsin. Bunda:
(a) maxsus tayyorlov kursida oʻqish bir yil muddatga xalqaro standartlarga muvofiq toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi;
(b) 2027/2028 oʻquv yilidan boshlab maxsus tayyorlov kursini muvaffaqiyatli tamomlagan shaxslar (tayyorlov kursidagi oʻqish davri yakuniga koʻra oʻzlashtirish baholari “5 (aʼlo)” va “4 (yaxshi)” boʻlgan bitiruvchilar) Universitetga imtihon asosida toʻlov-kontrakt bilan oʻqishga qabul qilinadi.
13. Universitetga “texnikum-oliygoh” tamoyili asosida Toshkent geodeziya va kartografiya texnikumi (keyingi oʻrinlarda — Texnikum) biriktiriladi. Texnikum binosida Universitet tarkibiga kiruvchi Umummuhandislik fakulteti tashkil etiladi. Bunda:
(a) Texnikumga qabul parametrlari Universitet tomonidan shakllantirilib, oʻrnatilgan tartibda tasdiqlanadi;
(b) Texnikum oʻquv binosining 3 va 4-qavatlariga Umummuhandislik fakulteti operativ boshqaruv huquqi asosida joylashtiriladi;
(v) Texnikum va Universitet oʻrtasida 2+2 sxemasi asosida oʻzaro integratsiyalashgan oʻrta maxsus kasbiy va bakalavriat taʼlim dasturlari asosida kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi. Bunda:
(i) Texnikumning ikki yillik oʻrta maxsus kasbiy taʼlim dasturlarida oʻqitish davlat granti asosida amalga oshiriladi va bitiruvchilarga davlat namunasidagi kasbiy taʼlim toʻgʻrisida diplom beriladi;
(ii) oʻqishni keyingi bosqichda davom ettirish xohishini bildirgan bitiruvchilar Universitetda belgilangan ballar oʻrtacha qiymatidan (GPA) kelib chiqib, mos bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarining 3-bosqichiga toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilinadi.
14. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi va Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Universitet bilan birgalikda 2026-yildan boshlab hududlardagi “Fermerlar maktabi” va “Suvchilar maktabi” bazasida Suv xoʻjaligi vazirligi tizimi xodimlari, agroklaster va fermer xoʻjaliklarining traktorchi-mashinistlari uchun mutaxassislarni tayyorlash kurslarini davriy tashkil etib borsin. Bunda tayyorlash kurslari quyidagi muddatlarda tashkil etiladi:
(a) suv xoʻjaligi vazirligining oʻrta va quyi boʻgʻin xodimlari uchun har yili 1-fevralga qadar;
(b) gʻalla oʻrish kombayni operatorlari uchun har yili 1-iyunga qadar, paxta terish mashinasi operatorlari uchun har yili 1-sentabrga qadar.
Belgilansinki, qisqa muddatli malaka oshirish kurslarini tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlar Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Suv xoʻjaligi vazirligining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
IV. Universitetning xalqaro darajadagi nufuzini oshirish
15. “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetini dunyoning eng nufuzli reyting tashkilotlarining top-300 talik oliy taʼlim tashkilotlari roʻyxatiga kiritish va xalqaro nufuzini oshirish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
16. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligining Universitetdagi “Suv diplomatiyasi” magistratura mutaxassisligini “Xalqaro suv diplomatiyasi” mutaxassisligiga oʻzgartirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin. Belgilab quyilsinki:
(a) “Xalqaro suv diplomatiyasi” magistratura mutaxassisligi bitiruvchilariga “Xalqaro suv munosabatlari sohasida mutaxassis” kvalifikatsiyasi beriladi;
(b) Oʻzbekiston va qoʻshni davlatlar fuqarolariga Xalqaro suv diplomatiyasi mutaxassisligi boʻyicha Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan har yili 50 tagacha grant oʻrinlari ajratiladi;
(v) Universitetning oʻquv va ilmiy tadqiqot ishlariga har yili kamida 10 nafar h-indeksi yuqori boʻlgan xorijiy professor-oʻqituvchilar ishga qabul qilinadi.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligining Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon Respublikasining qishloq va suv xoʻjaligi sohasi boshqaruv kadrlari va mutaxassislari uchun Universitet bazasida “Agrar va suv xoʻjaligi sohasida barqaror boshqaruv va samaradorlik” (AgroWater Management) maxsus xalqaro oʻquv-amaliy tanishuv dasturini (keyingi oʻrinlarda — Dastur) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin. Belgilansinki:
(a) Dastur 2026-yildan boshlab har yili Markaziy Osiyo davlatlaridan boshqaruv kadrlari va mutaxassislar taklif etilgan holda oʻtkaziladi;
(b) Dasturning muntazamligini taʼminlash maqsadida hamda Markaziy Osiyoda suv resurslari strategik ahamiyatga ega ekanini inobatga olgan holda Universitet bazasida Suv diplomatiyasi va transchegaraviy suv siyosati xalqaro markazi tashkil etiladi.
18. Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining talabnomalariga muvofiq, oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilinadigan talabalarga bir yillik muddatga kirish vizalari berilishi va yashash manzili boʻyicha roʻyxatga olinishi va uning muddati uzaytirilishi bepul (konsullik yigʻimlari bundan mustasno) amalga oshirilishini taʼminlasin.
19. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi uch oy muddatda oʻqishga qabul qilinadigan talabalarga bir yillik muddatga kirish vizalari berish va yashash manzili boʻyicha roʻyxatga olishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
20. Universitetda 2027-2028-yillarda Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida quyidagilar amalga oshirilsin:
(a) Boʻstonliq tumani “Novobod” MFY hududida joylashgan talabalar oʻquv va amaliyot bazasini qurish uchun mablagʻ ajratish;
(b) xorijiy kosmik tadqiqot kompaniyalari hamda Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi bilan hamkorlikda sunʼiy yoʻldosh orqali kosmik suratlarni tadqiq qiluvchi Yerusti kosmik stansiyasini qurish.
Bunda mazkur obyektlarni qurish uchun loyiha hujjatlari ishlab chiqilishiga Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan 2026-yilda mablagʻ ajratiladi.
21. Universitet sunʼiy yoʻldoshdan olingan kosmik maʼlumotlar asosida suv va yer resurslarini monitoring qilish, tahlil qilish va boshqarish orqali hosil boʻlgan fazoviy maʼlumotlarni tijoratlashtirish boʻyicha zarur choralarni koʻrsin.
V. Universitetning boshqaruv samaradorligini oshirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash
22. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi 2026-yil 1-iyuldan boshlab Universitet rektori va prorektorlari faoliyati samaradorligini baholashda natijaga asoslangan boshqaruv tizimini tajriba-sinov tariqasida joriy etsin. Bunda:
(a) ularning faoliyati eng muhim samaradorligi koʻrsatkichlari (KPI) boʻyicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida belgilangan strategik maqsadlarga erishganlik darajasi va natijadorligi bilan baholanadi;
(b) KPI koʻrsatkichlariga erishish natijasi har chorak va yil yakuni boʻyicha “samaradorlik.gov.uz” elektron platformasida baholanadi.
23. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda Universitet rektori va prorektorlari faoliyati samaradorligini baholash boʻyicha eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlarini (KPI) tasdiqlasin.
24. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda Universitetda joriy etilgan natijaga yoʻnaltirilgan boshqaruv tizimi tajriba-sinovdan oʻtkazilgandan soʻng 2027/2028 oʻquv yilidan boshlab respublikaning barcha oliy taʼlim muassasalariga tatbiq etish choralarini koʻrsin.
25. Universitet faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha boshqaruv kengashi Universitet oliy kengashi sifatida qayta tashkil etilsin.
26. 2026-yil 1-noyabrga qadar Universitet faoliyatini real vaqt rejimida kuzatish, muammoli nuqtalarni aniqlash va tezkor qarorlar qabul qilish imkonini beradigan barcha jarayonlarni qamrab olgan ERP (Enterprise Resource Planning — tashkilot resurslarini rejalashtirish) yagona elektron tahliliy platformasi toʻliq ishga tushirilsin.
27. Quyidagilar:
(a) “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti oliy kengashining vazifa va vakolatlari 4-ilovaga muvofiq;
(b) 2030-yilga qadar “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti taʼlim standartlarini xalqaro taʼlim standartlariga transformatsiya qilish, “Raqamli universitet” platformasini yaratish va kompleks rivojlantirish dasturi 5-ilovaga muvofiq;
(v) “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetida 2026 — 2028-yillarda amalga oshiriladigan qurilish hamda oʻquv laboratoriyalari moddiy-texnika bazasini modernizatsiya qilish dasturi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
VI. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
28. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib quyidagilar belgilansin:
(a) oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K. Sharipov, Universitet rektori B. Mirzayev — oʻquv va malakaviy amaliyotni tizimli tashkil etish hamda Universitetning xalqaro nufuzini yanada oshirishga;
(b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyat hokimlarining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari, Universitet rektori B. Mirzayev — dual taʼlim tizimini rivojlantirish va ilmiy maslahatchilar ish faoliyatini tashkil etishga;
(v) iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari O. Fazilkarimov, oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri oʻrinbosari U. Salomov — moliyalashtirish va moddiy-texnik bazani mustahkamlash ishlariga.
29. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
30. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari oʻrinbosari T.N. Butunbayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 2-aprel,
PQ-122-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 2-apreldagi PQ-122-son qaroriga1-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda sohaga oid muammolarni oʻrganish va ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish uchun “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti kafedralarini hududlarga
T/rHududlar nomiBiriktirilgan kafedralarHududlardagi muammolarni oʻrganish natijasida hal qilinishi lozim boʻlgan vazifalar1.Qoraqalpogʻiston Respublikasi1. Ekologiya va suv resurslarini boshqarish kafedrasi2. Geodeziya va geoinformatika kafedrasi3. Tuproqshunoslik va dehqonchilik kafedrasi1. Shoʻrlangan yer maydonlarini bosqichma-bosqich bartaraf etish va shoʻr yuvishga sarflanadigan suv resurslarini iqtisod qilishni taʼminlaydigan va sugʻoriladigan yerlarni maqbul meliorativ rejimining ilmiy-amaliy asoslarini ishlab chiqish.2. Foydalanishdan chiqqan yer maydonlarini bosqichma-bosqich foydalanishga kiritish boʻyicha amaliy tavsiyalar berish;3. Orolboʻyi hududidagi ekologik vaziyatni boshqarish boʻyicha doimiy ekologik maʼlumotlarini raqamlashtirish, Orol dengizining gʻarbiy hududlari uchun uch oʻlchamli ekologik atlasni yaratish hamda Orol dengizining qurib qolgan tubi va Amudaryo deltasida kompleks ekologik tadqiqotlar olib borish.2.Andijon viloyati1. Hayot faoliyati xavfsizligi kafedrasi2. Gidrotexnika inshootlari va muhandislik konstruksiyalari kafedrasi3. Nasos stansiyalari va gidroelektrstansiyalar kafedrasi4. Gidromeliorativ ishlarni mexanizatsiyalash kafedrasi1. Sel suv omborlarini masofadan boshqarish tizimlari asosida aholining xavfsizligini oshirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish.2. Viloyatdagi suv xoʻjaligi tashkilotlari tasarrufidagi sugʻorish tarmoqlarini betonlashtirish ishlarini amalga oshirish va sugʻoriladigan yerlarning suv bilan taʼminlanishini yaxshilash boʻyicha ilmiy tavsiyalar ishlab chiqish.3. Oʻzbekiston fermerlari kengashi bilan hamkorlikda qishloq xoʻjaligi yerlarida tuproqning ozuqa moddalari bilan taʼminlanganlik darajasini baholash yuzasidan amaliy tavsiyalar ishlab chiqish.3.Buxoro viloyati1. Irrigatsiya va melioratsiya kafedrasi2. Geodeziya va geoinformatika kafedrasi3. Gidromeliorativ tizimlardan foydalanish kafedrasi4. Tuproqshunoslik va dehqonchilik kafedrasi1. Viloyatning tuproq-meliorativ sharoitlariga mos ravishda ekinlarni suv tejamkor sugʻorish texnologiyalari va texnik vositalar elementlari boʻyicha rayonlashtirish hamda samarali sugʻorish tartiblarini ishlab chiqish.2. Shoʻrlangan yer maydonlarini bosqichma-bosqich bartaraf etish va shoʻr yuvishga sarflanadigan suv resurslarini iqtisod qilishni taʼminlaydigan sugʻoriladigan yerlarni maqbul meliorativ rejimining ilmiy-amaliy asoslarini ishlab chiqish.3. Choʻl-dasht hududlaridagi boʻsh va foydalanilmayotgan yer resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqish.4.Jizzax viloyati1. Gidrotexnika inshootlari va muhandislik konstruksiyalari kafedrasi2. Ekologiya va suv resurslarini boshqarish kafedrasi3. Iqtisodiyot kafedrasi4. Gidromeliorativ tizimlardan foydalanish kafedrasi5. Gidrologiya va gidrogeologiya kafedrasi1. Sugʻoriladigan va lalmi yerlar, togʻ va togʻoldi hamda choʻl-yaylov hududlarida tuproq unumdorligini oshirish, yer degradatsiyasining oldini olish, suv va boshqa tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni ragʻbatlantiruvchi iqtisodiy mexanizmlar, ilmiy maqbul yechimlar hamda amaliyotga yoʻnaltirilgan ilmiy tavsiyalar ishlab chiqish.2. Choʻl-dasht hududlaridagi boʻsh yerlardan samarali foydalanish, qishloq xoʻjaligida foydalanishga kiritilmagan qumli, choʻl-dasht, tepalik, jarlik, tuproq-toʻkilma, toshloq va adir yerlar hamda degradatsiyaga uchragan yaylovlarni tiklash boʻyicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish.5.Qashqadaryo viloyati1. Irrigatsiya va melioratsiya kafedrasi2. Nasos stansiyalari va gidroelektrstansiyalar kafedrasi3. Gidrotexnika inshootlari va muhandislik konstruksiyalari kafedrasi1. Viloyatning tuproq-meliorativ sharoitlarini hisobga olgan holda ekinlar uchun suv tejamkor sugʻorish texnologiyalarini rayonlashtirish va maqbul sugʻorish tartiblarini ishlab chiqish.2. Choʻl-dasht hududlaridagi boʻsh va foydalanilmayotgan yer resurslaridan oqilona foydalanishni taʼminlash, qumli, choʻl-dasht, tepalik, jarlik, tuproq-toʻkilma, toshloq va adir yerlar hamda degradatsiyaga uchragan yaylovlarni tiklash, iqlimga mos oʻsimliklarni ekish orqali oʻtloqlarni kengaytirish, shuningdek choʻl-dasht hududlarining qumloq tuproqlariga mos oʻsimlik turlari boʻyicha ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqish.6.Navoiy viloyati1. Elektr taʼminoti va qayta tiklanuvchi energiya manbalari kafedrasi2. Geodeziya va geoinformatika kafedrasi3. Yer resurslarini boshqarish va Davlat kadastrlari kafedralari1. Elektr tarmoqlarini kompleks modernizatsiya qilish va rekonstruksiya qilish, suv xoʻjaligi va irrigatsiya tizimlaridagi nasos stansiyalarida elektr energiyasi sarfini kamaytirishga yoʻnaltirilgan ilmiy maqbul yechimlar hamda ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish.2. Choʻl-dasht hududlaridagi boʻsh va foydalanilmayotgan yer resurslaridan oqilona foydalanishni taʼminlash, qumli, choʻl-dasht, tepalik, jarlik, tuproq-toʻkilma, toshloq va adir yerlar hamda degradatsiyaga uchragan yaylovlarni tiklash, iqlimga mos oʻsimliklarni ekish orqali oʻtloqlarni kengaytirish boʻyicha ilmiy va amaliy tavsiyalarni ishlab chiqish.7.Namangan viloyati1. Nasos stansiyalari va gidroelektrstansiyalar kafedrasi2. Gidrologiya va gidrogeologiya kafedrasi3. Gidravlika va gidroinformatika kafedrasi1. Qishloq xoʻjaligida foydalanilmaydigan yerlarning iqlimiga xos oʻsimliklarni ekish orqali oʻtloqlarni koʻpaytirish, choʻl-dasht maydonlarining qumloq tuproqlari uchun mos keladigan oʻsimliklarni ekish boʻyicha ilmiy tavsiyalar ishlab chiqish.2. Viloyatning soylar hududlarida sel xavfini kamaytirishga qaratilgan sel suv omborlarini barpo etish boʻyicha ilmiy asoslangan amaliy takliflarni ishlab chiqish.8.Samarqand viloyati1. Ekologiya va suv resurslarini boshqarish kafedrasi2. Yer resurslarini boshqarish va Davlat kadastrlari kafedralari3. Geodeziya va geoinformatika kafedrasi1. Chiqindi poligonlarini qisqartirish va aholi yashash punktlaridan uzoq boʻlgan hududlarda chiqindi poligonlarini qayta tashkil etish hamda havo ifloslanishini minimallashtirish.2. Suv xoʻjaligida zamonaviy innovatsion texnologiyalarni qoʻllagan holda suv va yer resurslaridan samarali foydalanish boʻyicha ilmiy asoslangan tavsiyalarni ishlab chiqish.3. Elektr tarmoqlarini kompleks modernizatsiya va rekonstruksiya qilish, suv xoʻjaligi va irrigatsiya tizimlaridagi nasos stansiyalarida elektr energiyasi sarfini kamaytirishga yoʻnaltirilgan ilmiy maqbul yechimlar hamda ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish.9.Sirdaryo viloyati1. Gidromeliorativ tizimlardan foydalanish kafedrasi2. Gidrologiya va gidrogeologiya kafedrasi3. Tuproqshunoslik va dehqonchilik kafedrasi4. Elektr taʼminoti va qayta tiklanuvchi energiya manbalari kafedrasi5. Gidravlika va gidroinformatika kafedrasi1. Qishloq xoʻjaligida foydalanilmaydigan yerlardan oqilona foydalanish, jumladan, degradatsiyaga uchragan yaylovlarni qayta tiklash, iqlim sharoitiga mos oʻsimliklarni ekish orqali oʻtloqlar maydonini oshirish va qumloq tuproqlarga mos oʻsimlik turlarini joriy etish boʻyicha ilmiy tavsiyalar ishlab chiqish.2. Elektr tarmoqlarini kompleks modernizatsiya va rekonstruksiya qilish, suv xoʻjaligi hamda irrigatsiya tizimlarida energiya samaradorligini oshirish, nasos stansiyalarida elektr energiyasi sarfini maqbullashtirish boʻyicha ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqish.10.Surxondaryo viloyati1. Irrigatsiya va melioratsiya kafedrasi2. Gidrotexnika inshootlari va muhandislik konstruksiyalari kafedrasi3. Yer resurslarini boshqarish kafedrasi4. Gidravlika va gidroinformatika kafedrasi1. Viloyatdagi sugʻoriladigan va lalmi yerlar, togʻ va togʻoldi hamda choʻl-yaylov maydonlarida suv va boshqa tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni taʼminlash boʻyicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish.2. Viloyatning chekka hududlarida ichimlik suvi va oqova suv tarmoqlari bilan taʼminlanmagan aholi punktlarini zarur muhandislik infratuzilmasi bilan qamrab olish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish.11.Toshkent viloyati1. Gidrotexnika inshootlari va muhandislik konstruksiyalari kafedrasi2. Nasos stansiyalari va gidroelektrstansiyalar kafedrasi3. Gidromeliorativ ishlarni mexanizatsiyalash kafedrasi4. Tuproqshunoslik va dehqonchilik kafedrasi1. Viloyatdagi suv xoʻjaligi tashkilotlari tasarrufidagi sugʻorish tarmoqlarini betonlashtirish va yopiq quvurlarga oʻtkazish orqali sugʻoriladigan yer maydonlarining suv taʼminotini yaxshilash boʻyicha ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqish.2. Elektr tarmoqlarini yangilash va qayta qurish, suv xoʻjaligi va irrigatsiya tizimlaridagi nasos stansiyalarida elektr energiyasi sarfini kamaytirish, kichik daryolar, kanallar va irrigatsiya obyektlarida mikro GESlarni tashkil etish boʻyicha ilmiy asoslangan yechimlar va tavsiyalar ishlab chiqish.3. Oʻzbekiston fermerlari kengashi bilan hamkorlikda qishloq xoʻjaligi yerlarida tuproqning ozuqa moddalari bilan taʼminlanganlik darajasini aniqlash va baholash yuzasidan amaliy tavsiyalar ishlab chiqish.12.Fargʻona viloyati1. Gidrotexnika inshootlari va muhandislik konstruksiyalari kafedrasi2. Nasos stansiyalari va gidroelektrstansiyalar kafedrasi3. Gidromeliorativ ishlarini mexanizatsiyalash kafedrasi1. Viloyatda suv xoʻjaligi tashkilotlari hisobidagi sugʻorish tarmoqlarini betonlashtirish va sugʻoriladigan yerlarning suv taʼminotini yaxshilash boʻyicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish.2. Suv xoʻjaligida zamonaviy innovatsion texnologiyalarni qoʻllagan holda suv resurslaridan samarali foydalanish boʻyicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish.13.Xorazm viloyati1. Irrigatsiya va melioratsiya kafedrasi2. Ekologiya va suv resurslarini boshqarish kafedrasi3. Elektr taʼminoti va qayta tiklanuvchi energiya manbalari kafedrasi1. Viloyatning tuproq-meliorativ sharoitlaridan kelib chiqib, ekinlarni suv tejamkor sugʻorish texnologiyalari va texnikasi elementlarini rayonlashtirish hamda ularning maqbul sugʻorish tartiblarini ishlab chiqish.2. Tabiatni muhofaza qilish hamda ijtimoiy-iqtisodiy qarorlarni ilmiy asoslash maqsadida Amudaryo deltasida kompleks ekologik tadqiqotlar oʻtkazish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 2-apreldagi PQ-122-son qaroriga2-ILOVA
Istiqbolli loyihalar ofisining asosiy faoliyat yoʻnalishlari
1. Respublika hududlarida qishloq va suv xoʻjaligi subyektlari, xususan, agroklasterlar va fermer xoʻjaliklari faoliyatidagi mavjud tizimli muammolarni joyiga chiqqan holda chuqur tahlil qilish hamda ular asosida doimiy yangilanib turuvchi va integratsiyalashgan “Ilmiy muammolar reyestri” elektron platformasini shakllantirish va yuritish.
2. Ilmiy muammolar reyestriga kiritilgan ustuvor va dolzarb masalalarning innovatsion yechimlarini ishlab chiqish maqsadida yetakchi olimlar va ekspert guruhlari rahbarligidagi ilmiy-amaliy loyihalarni moliyalashtirish mexanizmini yoʻlga qoʻyish hamda ularning natijalarini ishlab chiqarishga samarali implementatsiya qilishni taʼminlash.
3. Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash jarayonida magistrlik va doktorlik (PhD, DSc) dissertatsiyalari mavzularini faqat Ilmiy muammolar reyestridagi muammolar yechimiga yoʻnaltirish mexanizmini joriy etish hamda tadqiqot natijalarini amaliyotga tatbiq etish boʻyicha buyurtmachilar bilan hamkorlik qilish.
4. Xalqaro moliya institutlari, donor tashkilotlar va xorijiy ilmiy markazlar grantlarini jalb etish uchun investitsiyaviy loyiha takliflarini tayyorlash, konsorsiumlar shakllantirish hamda loyihalarni amalga oshirish jarayonlarini tizimli muvofiqlashtirish.
5. Istiqbolli loyihalar ofisi buyurtmasi asosida bajarilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarining natijadorligini baholash uchun Ilmiy-texnik kengash xulosalarini shakllantirish hamda ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini taʼminlash maqsadida obyektlarda sayyor ilmiy ishlar himoyalarini tashkil etish.
6. Iqtisodiyot tarmoqlari va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning buyurtmalari asosida ilmiy asoslangan konsalting va ekspertlik xizmatlarini koʻrsatish, shuningdek, universitet ilmiy faoliyati natijalarini tijoratlashtirish koʻlamini kengaytirish.
7. Interdissiplinar (fanlararo) tadqiqotlar olib borish.
8. Soha mutaxassislari, fermerlar va suv xoʻjaligi xodimlari uchun zamonaviy bilimlar, yangi texnologiyalar va boshqaruv usullari boʻyicha qisqa muddatli intensiv malaka oshirish kurslari va treninglar tashkil qilish boʻyicha takliflar tayyorlash.
9. Tadqiqotchilar va talabalarning innovatsion gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash, agrostartap loyihalarini rivojlantirish uchun biznes-inkubator va akselerator dasturlarini tashkil etish hamda ilmiy ishlanmalarni bozor talablariga moslashtirish.
10. Talabalarning ilmiy loyihalarda ishtirokini taʼminlash.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 2-apreldagi PQ-122-son qaroriga3-ILOVA
“Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetini dunyoning eng nufuzli reyting tashkilotlarining top–300 talik oliy taʼlim tashkilotlari roʻyxatiga kiritish va xalqaro nufuzini oshirish boʻyicha
T/rKoʻrsatkich nomiOʻlchov birligiAmaldagi koʻrsatkich2026-y.2027-y.2028-y.2029-y.2030-y.I. Universitetni xalqaro reytingda top–300 talik universitetlar qatoriga kiritish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish1.“Scopus” va “Web of Science” xalqaro ilmiy-texnik maʼlumotlar bazasida indekslanuvchi jurnallardagi maqolalarning professor-oʻqituvchilar soniga nisbatikoeffitsiyent2,02,12,22,32,42,52.“Scopus” va “Web of Science” xalqaro ilmiy-texnik maʼlumotlar bazasida Q1 va Q2 kvartal jurnallarda chop etilgan maqolalar ulushifoizda(jami maqolalar soniga nisbatan)4850525558603.“Scopus” va “Web of Science” xalqaro ilmiy-texnik maʼlumotlar bazasida indekslanuvchi jurnallarda xorijiy professor-oʻqituvchilar bilan hammualliflikda chop etilgan maqolalar ulushifoizda(jami maqolalar soniga nisbatan)2025283235404.h-indeks boʻyicha koʻrsatkichi 5 va undan yuqori boʻlgan professor-oʻqituvchilar ulushifoizda(jami professor-oʻqituvchilarga nisbatan)1012152025305.Oʻquv jarayoniga jalb qilingan xorijiy professor-oʻqituvchilarnafar3538404550606.Xorijiy talabalar ulushifoizda(jami talabalarga nisbatan)2125283032357.Xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan akademik almashuv dasturlarida universitet talabalarining ishtirokinafar50701001502002508.Xalqaro loyihalarloyihalar soni222325273035II. Yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish9.Xorijda malaka oshirgan yoki stajirovka oʻtagan professor-oʻqituvchilar va rahbar kadrlar soninafar50556065708010.Xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlarga ega boʻlgan professor-oʻqituvchilar ulushifoizda(jami professor-oʻqituvchilar soniga nisbatan)20222528323511.Mutaxassislik fanlari boʻyicha xorijiy tillarda oʻqitiladigan fanlar ulushifoizda(jami mutaxassislik fanlar soniga nisbatan)182025303235III. Ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini oshirish12.Ilmiy darajaga ega boʻlgan professor-oʻqituvchilar ulushifoizda(jami professor-oʻqituvchilarga nisbatan)73747576788013.Oliy malakali ilmiy pedagogik kadrlarni tayyorlash koʻrsatkichi (PhD, DSc)himoyalar soni30323538404514.Ilmiy-tadqiqot dasturlari (shu jumladan, xalqaro dasturlar) doirasida mablagʻlarni jalb qilish samaradorligijalb qilingan mablagʻlar(mlrd soʻm)8,011,014,017,018,020,015.Xoʻjalik shartnomalari hisobiga budjetdan tashqari mablagʻlarni jalb etish samaradorligijalb qilingan mablagʻlar(mlrd soʻm)4,05,06,08,09,010,016.Ilmiy konferensiyalar oʻtkazish (respublika va xalqaro)konferensiyalar soni8101214162017.Taʼlim va tadqiqotda xorijiy investitsiyalarni koʻpaytirishjalb qilingan mablagʻlar(mln AQSH doll.)456781018.Taʼlim va tadqiqotda xizmat koʻrsatish eksportini oshirishjalb qilingan mablagʻlar(mln AQSH doll.)45791012
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 2-apreldagi PQ-122-son qaroriga4-ILOVA
“Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti oliy kengashining vazifa va vakolatlari
1. Universitetda ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatini rivojlantirish, ilmiy maktablar, startaplar, akseleratorlar, texnoparklar va texnologiyalar transferi mexanizmlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha strategik qarorlar qabul qilish.
2. Universitetda amalga oshiriladigan yirik investitsiya loyihalari, qurilish ishlari hamda oʻquv laboratoriyalar moddiy-texnika bazasini modernizatsiya qilish dasturlarini koʻrib chiqish va tasdiqlash.
3. Taʼlim dasturlari, malaka talablari, oʻquv rejalari va asosiy ilmiy yoʻnalishlarni mehnat bozori talablariga muvofiqlashtirish va tasdiqlash.
4. Universitet rektori va soha prorektorlari yillik hisobotini koʻrib chiqish va baholash.
5. Universitetning prorektorlik lavozimiga nomzodlarni saralash, dasturini koʻrib chiqish va tavsiya qilish.
6. Professor-oʻqituvchilarni Universitetga qabul qilish tartibini ishlab chiqish va tasdiqlash hamda bir oʻqituvchiga toʻgʻri keladigan talabalar nisbatini belgilash.
7. Istiqbolda iqtisodiyotning real sektori uchun kadrlarga boʻlgan ehtiyoj va talabni oʻrganish va qabul parametrlarini belgilash.
8. Taʼlim, ilmiy tadqiqot va ishlanmalar transferi jarayonlarini rivojlantirish hamda ilmiy tadqiqot va innovatsion ishlanmalar boʻyicha buyurtmachilar bilan manfaatli hamkorlikni oʻrnatish.
9. Universitetning tashkiliy tuzilmasini tasdiqlash va budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladigan yangi lavozim va tarkibiy boʻlinmalar hamda qoʻshimcha shtat birliklarini joriy etish va shtatlar jadvaliga oʻzgartirishlar kiritish.
10. Universitet mablagʻlari hisobidan talabalar uchun stipendiya va grantlar ajratish mezonlarini tasdiqlash.
11. Universitetni rivojlantirish va uning moliyaviy faoliyati bilan bogʻliq masalalarni hal etish.
12. Universitet va uning huzuridagi taʼlim va ilmiy muassasalarning rahbar va barcha xodimlari, professor-oʻqituvchilari, shuningdek, xorijiy mutaxassislar uchun mehnatga haq toʻlash miqdorini hamda samaradorlik mezonlariga asoslangan ragʻbatlantirish tartibini mustaqil belgilash.
13. Universitetning budjetdan tashqari mablagʻlaridan foydalanish tartibini mustaqil belgilash.
14. Iqtisodiyot tarmoqlarining ehtiyojlarini hisobga olgan holda yangi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarini ochish.
15. Oʻquv-ilmiy jarayonlarga jalb etilgan xorijiy mutaxassislar mehnatiga haq toʻlash miqdorlarini bozor konyunkturasidan kelib chiqib belgilash.
Izoh.
Universitet oliy kengashi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-dekabrdagi PQ-42-son qarorida belgilangan universitet boshqaruv kengashining vakolatlariga qoʻshimcha ravishda mazkur qarorda belgilangan vakolatlarga ega boʻladi.
Universitet oliy kengashi rektor raisligida 11 kishidan kam boʻlmagan tarkibda shakllantiriladi.
Universitet oliy kengashi tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining suv taʼminoti tizimini isloh qilish boʻyicha oʻrinbosari bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 2-apreldagi PQ-122-son qaroriga5-ILOVA
2030-yilga qadar “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetining taʼlim standartlarini xalqaro taʼlim standartlariga transformatsiya qilish, “Raqamli universitet” platformasini yaratish va kompleks rivojlantirish
(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 02-iyuldagi PF-122-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2026-y., 06/26/122/0687-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 2-apreldagi PQ-122-son qaroriga6-ILOVA
“Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetida 2026 — 2028-yillarda amalga oshiriladigan qurilish hamda oʻquv-laboratoriyalar moddiy-texnika bazasini modernizatsiya qilish
mln soʻmT/rObyekt nomiAmalga oshirish muddatiQuvvatiDastlabki qiymati*Moliyalashtirish manbaiI. Yangi qurilish22 0001.1.Kosmik stansiya qurish va antennalar oʻrnatish2027-2028 yy.obyekt22 000Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiII. Rekonstruksiya qilish30 0002.1.Boʻstonliq tumani “Novobod” MFY hududida joylashgan talabalar oʻquv va amaliyot bazasini qurish2027-2028 yy.obyekt30 000Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi2.2.Yunusobod tumani Bodomzor yoʻli koʻchasi 1a-uy manzilida joylashgan 7-sonli talabalar turarjoyi binosini rekonstruksiya qilish va jihozlash2027-2028 yy.350 oʻrin17 500Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi2.3.Yunusobod tumani Bodomzor yoʻli koʻchasi 1a-uy manzilida joylashgan 6-sonli talabalar turarjoyi binosini rekonstruksiya qilish va jihozlash2026-2027 yy.450 oʻrin24 500Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiJami52 000
* Loyihaning qiymati ishlab chiqiladigan loyiha-smeta hujjatlari va tender (tanlov) savdolari natijalariga koʻra aniqlanadi.