[Koʻchirma]
“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi ijrosini taʼminlash hamda maʼmuriy javobgarlik sohasidagi qonunchilikni zamonaviy xalqaro standartlar va ilgʻor xorijiy tajriba asosida takomillashtirish maqsadida qaror qilaman:
I. Ustuvor yoʻnalishlar
1. Quyidagilar maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi qonunchilikni yanada takomillashtirishning asosiy ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:
(a) maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi qonunchilik normalarini tizimlashtirish va unifikatsiya qilish, ularning barqarorligini taʼminlash;
(b) maʼmuriy huquqbuzarliklarni zamonaviy shart-sharoitlardan kelib chiqib qayta koʻrib chiqish, shu jumladan, ahamiyatini yoʻqotgan huquqbuzarliklarni bekor qilish hamda yuridik va jismoniy shaxslar, davlat va jamiyat manfaatlariga, qonuniylik va huquq-tartibotga tahdid solayotgan huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralarini takomillashtirish va yangilarini kiritish;
(v) huquqbuzarliklarning ijtimoiy xavflilik darajasi hamda jazoning profilaktik taʼsirini inobatga olgan holda maʼmuriy javobgarlik choralarining mutanosibligini taʼminlash, muqobil jazo choralarini nazarda tutgan holda maʼmuriy jazo tizimini takomillashtirish;
(g) huquqbuzarliklarni aniqlash, koʻrib chiqish va maʼmuriy jazo choralarini qoʻllashda davlat organlari va mansabdor shaxslarning rolini aniqlashtirish, ularning roʻyxatini maqbullashtirish va nisbiy barqarorligini taʼminlash;
(d) protsessual normalarni tubdan takomillashtirish, bunda inson huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini, huquqiy aniqlik va ilmiy asoslanganlikni taʼminlash;
(j) jabrlanuvchiga yetkazilgan maʼnaviy zararni qoplash mexanizmlarini takomillashtirish, shuningdek, jabr koʻrgan shaxs manfaatlarini taʼminlashda kompensatsiya (tovon puli) toʻlash va boshqa muqobil institutlarni joriy etish;
(z) maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishda sud nazoratini kengaytirish va takomillashtirish.
II. Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar
2. Quyidagilar:
(a) Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi qonunchiligini takomillashtirish boʻyicha idoralararo komissiya (keyingi oʻrinlarda — Idoralararo komissiya) 1-ilovaga muvofiq;
(b) Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning yangi tahriri loyihasini ishlab chiqish boʻyicha ishchi guruh (keyingi oʻrinlarda — Ishchi guruh) 2-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.
3. Belgilansinki:
(a) Idoralararo komissiya hamda Ishchi guruh faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish departamenti tomonidan muvofiqlashtiriladi;
(b) Adliya vazirligi Idoralararo komissiyaning ishchi organi hisoblanadi.
4. Idoralararo komissiya raisi (A. Samadov):
(a) bir hafta muddatda Ishchi guruhning ish rejasini tasdiqlasin;
(b) bir oy muddatda maʼmuriy javobgarlik sohasidagi ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganishni, shu jumladan, xorijiy davlatlarga tashriflarni tashkil etishni, vakolatli organlar va tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvlar, davra suhbatlari, seminar va boshqa anjumanlar oʻtkazishni nazarda tutuvchi dasturni tasdiqlasin.
5. Adliya vazirligi (A. Tashkulov, M. Istamov) 2027-yil 1-aprelga qadar yangi tahrirdagi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks loyihasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishilishini hamda jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazgan holda Idoralararo komissiyaning yigʻilish bayoniga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga koʻrib chiqish uchun kiritilishini taʼminlasin.
6. Belgilansinki:
(a) Ishchi guruh faoliyatiga bevosita rahbarlik qilish, tashkiliy va uslubiy jihatdan taʼminlash Adliya vazirligiga yuklatiladi;
(b) Ishchi guruh rahbariga manfaatdor vazirlik va idoralarning tajribali mutaxassislari, shuningdek, maʼmuriy javobgarlik sohasidagi yetakchi mutaxassis va olimlarni Ishchi guruh tarkibiga kiritish huquqi beriladi;
(v) Ishchi guruhga jalb etiladigan mutaxassislarga ish joyi boʻyicha nazarda tutilgan ish haqi, ustamalar, mukofotlar, taqdirlash puli, martaba darajalari uchun qoʻshimcha haqlar va boshqa turdagi barcha toʻlovlar saqlab qolinadi;
7. Adliya vazirligi (A. Tashkulov):
(a) besh kun muddatda Ishchi guruhni joylashtirish uchun vazirlik binosidan zarur shart-sharoitlarga ega boʻlgan alohida xona ajratilishini;
(b) Ishchi guruhning ishida yuzaga keladigan masalalar tezkor hal qilinishini hamda faoliyati doimiy muvofiqlashtirib turilishini;
(v) har oy Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga Ishchi guruh faoliyati haqida maʼlumot kiritilishini taʼminlasin.
8. Ishchi guruh rahbariga mazkur farmoyishda belgilangan vazifalarni amalga oshirishda vazirlik va idoralar, respublikaning ilmiy va taʼlim muassasalari, xalqaro tashkilotlar mutaxassislari, shuningdek, mahalliy hamda xorijiy ekspert va maslahatchilarni jalb qilish huquqi berilsin.
9. Idoralararo komissiya (A. Samadov) va Ishchi guruh (M. Istamov) ushbu farmoyishda belgilangan vazifalarni amalga oshirish doirasida:
(a) maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi qonunchilik sohasida ilgʻor xalqaro tajribani, umumeʼtirof etilgan norma va standartlarni, jumladan, joylarga chiqqan holda oʻrganishni;
(b) ilmiy doiralar, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari vakillari va xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda uchrashuvlar, seminarlar, davra suhbatlari va matbuot anjumanlari tashkil etishni taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Devoni Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritiladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar boʻyicha qonun loyihalarini Qonunchilik palatasida birinchi oʻqishda qabul qilinganidan soʻng Adliya vazirligiga taqdim etib borsin.
11. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligi yangi tahrirdagi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks loyihasini ishlab chiqishda xorijiy va xalqaro tashkilotlarning ekspert-texnik va moliyaviy koʻmagi jalb etilishini hamda xorijiy davlatlar tajribasini oʻrganish maqsadida mutaxassislarning ushbu davlatlarga xizmat safari tashkil etilishini taʼminlasin.
III. Farmoyish ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
12. Ushbu farmoyish ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib adliya vaziri A.D. Tashkulov belgilansin.
13. Ushbu farmoyish ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish departamenti boshligʻi A.B. Samadov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 7-may,
F-30-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 7-maydagi F-30-son farmoyishiga1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi qonunchiligini takomillashtirish boʻyicha idoralararo komissiya
1.A.B. Samadov—Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish departamenti boshligʻi, Idoralararo komissiya raisi2.A.J. Tashkulov—Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri, Idoralararo komissiya raisining oʻrinbosari3.J.J. Shirinov—Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi raisi4.B.D. Islamov—Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi5.N.T. Yoʻldoshev—Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori6.A.A. Tashpulatov—Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri7.U.U. Xanayev—Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departament boshligʻi oʻrinbosari8.E.O. Hamroyev—Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departament boshligʻi oʻrinbosari9.S.N. Gordeyev—Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departament boshligʻi oʻrinbosari10.D.N. Qalandarov—Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri kotibiyati rahbarining oʻrinbosari11.M.Sh. Istamov—Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining birinchi oʻrinbosari12.M.K. Gafurov—Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi masʼul xodimi13.Sh.B. Bakayev—Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi masʼul xodimi14.M.U. Nazarov—Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi masʼul xodimi, Idoralararo komissiya kotibi
Izoh: Idoralararo komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 7-maydagi F-30-son farmoyishiga2-ILOVA
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning yangi tahriri loyihasini ishlab chiqish boʻyicha ishchi guruh
1.M.Sh. Istamov—Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining birinchi oʻrinbosari, Ishchi guruh rahbari2.M.K. Gafurov—Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi masʼul xodimi3.Sh.A. Toʻxtashev—Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati4.Sh.Sh. Sadikov—Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi raisi5.B.K. Xodjayev—Toshkent davlat yuridik universiteti rektori6.Sh.Yo. Abduqodirov—Oʻzbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi rektori7.E.V. Kolenko—Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari8.M.X. Rustambayev —Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti boshligʻi9.R.A. Xatamov—Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshligʻi10.M.U. Nazarov—Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi masʼul xodimi11.Sh.U. Nazarov—Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Axborot-tahlil va yuridik taʼminlash departamenti masʼul xodimi12.O.A. Ismoilov—Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Odil sudlov sohasidagi qonunchilikni tahlil qilish departamenti boshligʻi13.A.A. Maxmudov—Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Qonuniylik va huquq-tartibotni taʼminlash muammolarini tahlil qilish boshqarmasi boshligʻi14.F.Yu. Badalboyev—Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yuridik taʼminlash boshqarmasi boshligʻi15.Sh.U. Uralov—Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati boshligʻi16.S.Z. Axmatov—Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Jinoiy, maʼmuriy va ijtimoiy qonunchilik boshqarmasi boshligʻi17.Sh.M. Rabiyev—Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Qonunchilikni tahlil qilish va tartibga solish taʼsirini baholash instituti direktori18.N.E. Burxonov—Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Qonunchilikni tahlil qilish va tartibga solish taʼsirini baholash instituti boʻlim boshligʻi, Ishchi guruh kotibi