PQ-239-son Qaror · 24.06.2026

Aholiga palliativ tibbiy xizmatlar koʻrsatishni takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-239
  • Qabul qilingan sana:24.06.2026
  • Kuchga kirgan sana:26.06.2026
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/26/239/0631

Ogʻir kasalliklarga chalingan bemorlarning hayot sifatini yaxshilash, ularga ogʻriqni kamaytirish, kasallik belgilarini nazorat qilish hamda uzluksiz kompleks tibbiy-ijtimoiy, psixologik va parvarish yordamini koʻrsatish tizimini takomillashtirish, palliativ tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida qaror qilaman:

I. Maqsadlar

1. Quyidagilar mazkur qarorning asosiy maqsadlari etib belgilansin:

(a) palliativ tibbiy yordamini koʻrsatish sohasida yagona davlat siyosatini shakllantirish hamda aholi uchun ushbu xizmatlarning qamrovini 2030-yilga qadar kamida 80 foizga yetkazish;

(b) palliativ yordamga muhtoj shaxslar va ularning oilalarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish hamda manzilli tibbiy yordam koʻrsatish tizimini shakllantirish;

(v) ogʻir kasalliklarga chalingan bemorlarga koʻrsatiladigan tibbiy yordam sifatini oshirish va ularning hayot sifatini yaxshilash;

(g) palliativ yordam sohasida malakali kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish;

(d) ogʻir kasalliklarning kechki bosqichlarida boʻlgan bemorlarga uy sharoitida tibbiy xizmat koʻrsatish mexanizmlarini joriy etish, statsionar tibbiyot muassasalari yuklamasini kamaytirish hamda tibbiy resurslardan samarali foydalanishni taʼminlash.

II. Aholiga palliativ tibbiy xizmatlar koʻrsatish tizimini takomillashtirish

2. 2026-yil 1-oktabrdan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

(a) respublikada palliativ tibbiy yordam koʻrsatishning yagona tizimi tibbiy va ijtimoiy xizmatlar integratsiyasi asosida tashkil etiladi;

(b) palliativ tibbiy yordamga muhtoj shaxslarni aniqlash, xizmat olish uchun yoʻllash, hisobga olish va ularga xizmat koʻrsatish jarayonlari elektron axborot tizimi orqali amalga oshiriladi;

(v) mobil palliativ brigadalar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi hamda ular orqali uy sharoitida tibbiy va ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish taʼminlanadi;

(g) statsionar sharoitdagi palliativ tibbiy yordam ushbu xizmatlarni koʻrsatuvchi davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari hamda xospislar tomonidan taqdim etiladi;

(d) palliativ tibbiy yordamini koʻrsatishda Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining (JSST) “sifatli tibbiy xizmatlar” tamoyillari, jumladan, samaradorlik, xavfsizlik, tenglik, integratsiya va resurslardan oqilona foydalanish mezonlari asosida milliy sifat indikatorlari joriy etiladi;

(j) aholi ehtiyojlaridan kelib chiqib, hududlarda xospis muassasalari bosqichma-bosqich tashkil qilinadi.

3. Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

(a) Toshkent shahar hududlararo xospisini (keyingi oʻrinlarda — Metodologik markaz) respublikada palliativ tibbiy yordam koʻrsatishni metodologik boshqarish, boshqa hududlarda xospis ishini tashkil qilishga masʼul muassasa etib belgilash;

(b) 2026-yil 1-oktabrdan boshlab dastlab Toshkent shahri Mirzo Ulugʻbek tumanida palliativ tibbiy yordam koʻrsatishning yangi tizimi — onkologik kasalligi sababli palliativ tibbiy yordamga muhtoj shaxslarga xizmat koʻrsatuvchi mobil palliativ brigadalarni ajratilgan budjet mablagʻlari va shtat birliklari doirasida tashkil qilish va ushbu amaliyotni bosqichma-bosqich boshqa hududlarda joriy qilish;

(v) Samarqand viloyatida ogʻir va davolab boʻlmaydigan kasalliklarga chalingan bolalar uchun xospis shaklida palliativ tibbiy yordam koʻrsatish markazini (keyingi oʻrinlarda — Bolalar uchun xospis markazi) hamda ushbu markazda tajriba-sinov tariqasida statsionar va mobil palliativ yordam brigadalarini tashkil etish;

(g) Bolalar uchun xospis markaziga 2030-yil 1-yanvargacha boʻlgan muddatga vakolatli organlarda majburiy sertifikatlash tartibotlaridan oʻtishdan, shuningdek, obyektlarni qurish va jihozlash uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha olib kelinadigan uskunalar, butlovchi buyumlar, detallar, ehtiyot qismlar va materiallar bojxona toʻlovlarini toʻlashdan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod etish.

4. Belgilansinki, aholiga mobil palliativ tibbiy xizmatlar koʻrsatishda:

(a) 2027-2028-yillarda qolgan hududlarda mobil palliativ brigadalarni tashkil qilish reja-grafigi, palliativ yordamga muhtojlikni aniqlash tartibi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Agentlik hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishgan holda belgilanadi;

(b) palliativ yordamga muhtoj shaxslar hisobini yuritish, ushbu yordamni koʻrsatish xizmatlariga yoʻnaltirish va xizmat koʻrsatish jarayonlari elektron axborot tizimida yuritiladi;

(v) mobil palliativ brigadalar tomonidan palliativ va xospis yordamiga muhtoj shaxslar yashash manzillarida bemorning holati baholanadi hamda individual reja asosida yordam koʻrsatiladi;

(g) bemorning ehtiyojidan kelib chiqib, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va alohida toifadagi kuchli taʼsir qiluvchi moddalar, jumladan, noinyeksion shaklidagi dori vositalari bilan reimbursatsiya dasturi asosida taʼminlanadi;

(d) oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz yoki yolgʻiz yashovchi keksa va nogironligi boʻlgan shaxslarga giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va alohida toifadagi kuchli taʼsir qiluvchi moddalar, jumladan, noinyeksion shakldagi dori vositalari yashash joyiga yetkazib beriladi;

(4-bandning “d” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-sentabrdagi PF-191-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.09.2026-y., 06/26/191/0937-son)

(j) palliativ yordamga muhtoj elektron axborot tizimida qayd etilgan bemorlarga tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi tomonidan qoʻshimcha tibbiy tekshiruv va koʻriklarsiz nogironlik belgilanadi;

(z) Agentlik tomonidan:

(i) uy sharoitida palliativ yordamga muhtoj shaxslar yotoq holatdagi funksional karavot va maxsus matraslar bilan vaucher tizimi asosida taʼminlanadi;

(ii) mahalla darajasida palliativ yordam koʻrsatish tizimini yoʻlga qoʻyishda vaucher asosida palliativ yordamga muhtoj shaxslarni uy sharoitida qarab turish va parvarish xizmatidan foydalanish imkoniyati yaratiladi;

(i) palliativ yordam koʻrsatishning yangi tizimi joriy etiladigan hududlar roʻyxati Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Agentlik hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishgan holda belgilanadi. Bunda mobil palliativ va xospis yordami koʻrsatiladigan kasalliklar turlarini ham bosqichma-bosqich kengaytirib borish inobatga olinadi.

5. Belgilansinki:

(a) Metodologik markaz yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan tibbiyot muassasasi hisoblanadi;

(b) 2026-yil 1-sentabrdan boshlab Metodologik markazda:

(i) palliativ yordamga muhtoj shaxslarning oila aʼzolari uchun Oilani qoʻllab-quvvatlash xizmati yoʻlga qoʻyiladi;

(ii) palliativ yordamga muhtoj shaxslar va ularning yaqinlari uchun “Palliativ parvarish qoidalari” maxsus oʻquv-amaliy mashgʻulotlar tashkil etiladi;

(v) 2027-yil 1-yanvardan boshlab Oilani qoʻllab-quvvatlash xizmati hududlararo xospislarda yoʻlga qoʻyiladi;

(g) palliativ yordam doirasida koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlar Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi Kuzatuv kengashi tomonidan belgilanadigan tartibga muvofiq mazkur Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi;

(d) Bolalar uchun xospis markazi:

(i) ogʻir va davolab boʻlmaydigan kasalliklarga chalingan bolalarga statsionar va mobil shakllarda palliativ yordam koʻrsatuvchi Agentlik huzuridagi alohida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan davlat muassasasi hisoblanadi;

(ii) 2026-yil 1-iyuldan boshlab oʻz faoliyatini boshlaydi;

(j) Bolalar uchun xospis markazida tibbiy faoliyatni metodik jihatdan qoʻllab-quvvatlash hamda nazorat qilish, tibbiyot xodimlarining toifasini belgilash va malakasini oshirish, giyohvandlik vositalari hamda psixotrop moddalar saqlanishi ustidan nazorat Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan amalga oshiriladi. Bunda Bolalar uchun xospis markazining bosh vrachi bir vaqtning oʻzida Samarqand viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasining bolalar palliativ yordami boʻyicha oʻrinbosari (bunda mazkur lavozim uchun alohida shtat birligi ajratilmaydi hamda Samarqand viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi hisobidan moliyalashtirilmaydi) hisoblanadi hamda sogʻliqni saqlash vaziri bilan kelishgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;

(5-bandning “j” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-sentabrdagi PF-191-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.09.2026-y., 06/26/191/0937-son)

(z) Bolalar uchun xospis markazi qoʻshimcha moliyaviy koʻmak va xospis xizmati boʻyicha amaliy yordam koʻrsatish maqsadida homiylik va xayriya mablagʻlarini jamgʻaradigan nodavlat notijorat tashkilotini taʼsis etishi hamda unga Agentlik va Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan ijtimoiy buyurtmalar berilishi mumkin.

6. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

(a) nodavlat tibbiyot tashkilotlariga palliativ yordamni koʻrsatishga ruxsat etiladi. Bunda ular tomonidan Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi bilan tibbiy xizmatlar xaridi boʻyicha oʻrnatilgan tartibda shartnoma tuziladi va koʻrsatilgan tibbiy xizmatga koʻra moliyalashtiriladi;

(b) palliativ yordamga muhtoj shaxs yashash manzilidan qatʼi nazar, palliativ yordam uchun ajratilgan shifo oʻringa eksterritorial tamoyili asosida bepul joylashtiriladi hamda unga koʻrsatilgan xizmatlar Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi tomonidan Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi;

(v) kattalar va bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarida bir nafardan palliativ yordam shifokori lavozimi uchun qoʻshimcha shtat birliklari ajratiladi.

7. 2026-yil 1-sentabrdan boshlab bemorlarga palliativ yordamni koʻrsatishda ishtirok etuvchi tibbiyot xodimlari oylik lavozim maoshlariga quyidagi miqdorlarda qoʻshimcha ustamalar toʻlanadi. Bunda:

(a) tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinika hamda markaziy shifoxonalarning onkolog shifokori va oʻrta tibbiyot xodimi, kattalar va bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarining palliativ yordam shifokori hamda xospis muassasalarining shifokor va oʻrta tibbiyot xodimlariga:

(i) faoliyatining eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI)ga erishganligi uchun lavozim maoshining 100 foizigacha;

(ii) palliativ yordam boʻyicha maxsus oʻquv dasturi asosida tashkil etiladigan kursning barcha bosqichlarini muvaffaqiyatli tugatgan tibbiyot xodimlari uchun kurs yakuni boʻyicha beriladigan sertifikatga muvofiq oylik lavozim maoshining 50 foizi. Bunda kurs yakunlangandan uch oy muddatdan soʻng ish joyida borib baholanganda kursda oʻrgatilgan palliativ yordam tamoyillarini amaliyotga toʻliq joriy etgan mutaxassislarga ushbu ustama miqdori 100 foizga yetkaziladi;

(iii) Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimi muassasalarida Tibbiyot muassasalarini moddiy ragʻbatlantirish va rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hamda tibbiyot muassasasining budjetdan tashqari mablagʻlari, shuningdek, Agentlik tizimi muassasalarida Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ragʻbatlantiriladi;

(b) xospis muassasalari xodimlariga lavozim maoshining 100 foizi.

8. Quyidagilar:

(a) Aholiga palliativ tibbiy xizmatlar koʻrsatishni tashkillashtirish yuzasidan chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq;

(b) Palliativ tibbiy yordam koʻrsatuvchi tashkilotlarni tashkil etish rejasi 2-ilovaga muvofiq;

(v) Palliativ tibbiy yordam koʻrsatishni rivojlantirishda “Sifatli tibbiy xizmatlar” indikatorlari 3-ilovaga muvofiq;

(g) “E-palliative” axborot tizimiga integratsiya qilinadigan axborot tizimlari (bazalari) roʻyxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

III. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat

9. Sogʻliqni saqlash vazirligi 2026-yil 1-oktabrga qadar:

(a) palliativ tibbiy yordam koʻrsatuvchi bino-inshootlar hamda ularni jihozlashga boʻlgan talablar, shuningdek, mobil palliativ brigadalar uchun zarur tibbiy jihozlar roʻyxatini tasdiqlasin;

(b) Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda palliativ va xospis yordamiga muhtoj shaxslarni identifikatsiya qilish, hisobini yuritish, xizmatlarga yoʻnaltirish va xizmat koʻrsatish jarayonlarini, xizmat koʻrsatishda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va alohida toifadagi kuchli taʼsir qiluvchi moddalar, jumladan, noinyeksion shakldagi dori vositalarining hisobini yuritish imkonini beruvchi elektron axborot tizimini amaliyotga joriy qilsin;

(9-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-sentabrdagi PF-191-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.09.2026-y., 06/26/191/0937-son)

(v) Ichki ishlar vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Narkotiklar va oʻqotar qurollarni nazorat qilish agentligi bilan birgalikda palliativ yordamga muhtojlarga giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va alohida toifadagi kuchli taʼsir qiluvchi moddalar, jumladan, noinyeksion shaklidagi dori vositalarini buyurish, yashash joyiga yetkazib berish, saqlash, realizatsiya qilish, berish, hisobga olish va yoʻq qilish, foydalanish nazoratini olib borish tartibi tasdiqlanishini va jarayonlarning elektron axborot tizimida yuritilishini taʼminlasin;

(g) Agentlik bilan birgalikda Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari va Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan mobil palliativ brigadalar, shuningdek, palliativ tibbiy yordam koʻrsatishda ishtirok etuvchi mutaxassislarni Metodologik markazda maxsus oʻquv dasturi asosida tayyorlashni boshlasin;

(d) Din ishlari boʻyicha qoʻmita bilan birgalikda palliativ yordamga muhtoj shaxslarning maʼnaviy va ruhiy holatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida muassasalarda diniy sohada bilim va malakaga ega xodimlar tashrifini tashkil etish, ular tomonidan bemor va uning oila aʼzolariga insonparvarlik, maʼnaviy taʼlimot va ruhiy tasalliga oid xizmatlar koʻrsatish rejasini tasdiqlasin hamda ijrosini amalga oshirsin;

(j) Metodologik markazning tashkiliy tuzilmasi, nizomi va vazifalarini tasdiqlasin va belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazsin;

(z) Agentlik bilan birgalikda palliativ tibbiy yordam koʻrsatishda mobil palliativ brigadalarni tashkil qilish, muhtojlikni aniqlash, bemorlar, shu jumladan, bemor bolalarni uyda parvarish qilish, palliativ tibbiy yordamini koʻrsatish tartibini tasdiqlasin;

(i) Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi bilan birgalikda palliativ yordam doirasida koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlarni Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan xarid qilish orqali moliyalashtirish tartibini ishlab chiqsin va Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi Kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanishini taʼminlasin.

10. Belgilab qoʻyilsinki, aholiga palliativ tibbiy yordam koʻrsatishni tashkil qilish, bemorlar reyestrini yuritish maqsadida elektron axborot tizimini ishlab chiqish va joriy etish boʻyicha:

(a) 2026-yil uchun Davlat budjeti mablagʻlari, xalqaro moliya institutlari grant mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;

(b) quyidagilar masʼul hisoblanadi:

(i) Sogʻliqni saqlash vazirligi — buyurtmachi, tizim funksionalligi va metodologik rahbarlik qilishga;

(ii) Agentlik — ijtimoiy xizmat va yordamlarni, shuningdek, vaucher asosida xizmat koʻrsatish mexanizmlari bilan integratsiya qilishga;

(iii) Raqamli texnologiyalar vazirligi — axborot tizimini ishlab chiqish, joriy etish, integratsiya va ekspluatatsiya qilishga;

(v) Sogʻliqni saqlash vazirligi uch oy muddatda palliativ tibbiy yordam boʻyicha maxsus oʻquv kursini muvaffaqiyatli tugatgan tibbiyot xodimlari faoliyatini ish joyida borib oʻrganish orqali kursda oʻrgatilgan palliativ yordam tamoyillarini amaliyotga toʻliq joriy etilganligini baholash tartibini ishlab chiqsin;

(g) Sogʻliqni saqlash vazirligi Agentlik bilan birgalikda 2026-yil yakuniga qadar:

(i) nodavlat tibbiyot tashkilotlarida palliativ tibbiy yordamni tashkil etishga qoʻyiladigan talablarni tasdiqlash choralarini koʻrsin;

(ii) palliativ tibbiy yordam koʻrsatishda nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar xaridini Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi orqali amalga oshirish tizimini yoʻlga qoʻysin.

11. 2026-yil 1-avgustdan boshlab Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasida quyidagi maqsadlar uchun xospislarning shaxsiy gʻazna hisobvaraqlari ochilsin:

(a) jismoniy va yuridik shaxslarning ixtiyoriy xayriyalari;

(b) davlat, xorijiy va xalqaro tashkilotlar, chet el davlatlari ajratadigan grantlar;

(v) fandrayzing mexanizmlari orqali kelib tushgan mablagʻlar;

(g) qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan kelib tushgan mablagʻlar.

Bunda belgilab qoʻyilsinki, ushbu mablagʻlar bemorlarga palliativ parvarish xizmatlarini tashkil qilish, xospisda bemor ehtiyojiga mos shart-sharoitlarni yaratish, mobil palliativ yordam brigadasi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, xospis infratuzilmasini saqlash va taʼmirlash, tibbiyot xodimlari malakasini oshirish, shu jumladan, xospis xodimlari mehnatiga haq toʻlash va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga sarflanadi.

12. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri hamda tuman (shahar) hokimliklari:

(a) 2027-yil 1-yanvarga qadar xospislar, shuningdek, mobil palliativ brigadalar tashkil etiladigan tuman (shahar) markaziy shifoxonalari va koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarda avtotransport vositalari mavjudligi yuzasidan xatlov oʻtkazsin;

(b) 2028-yil yakuniga qadar xatlov natijasiga koʻra hamda faoliyati yoʻlga qoʻyilgan mobil palliativ brigadalarni avtotransport vositasi bilan taʼminlasin.

13. Iqtisodiyot va moliya vazirligi mazkur qarorni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish maqsadida:

(a) 2026-yilda Toshkent shahri Mirzo Ulugʻbek tumanida mobil palliativ brigadalarni tashkil qilish hamda boshqa tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur mablagʻlarni respublika budjeti parametrlarida xospislarni tashkil etish uchun nazarda tutilgan mablagʻlar hisobidan ajratsin;

(b) 2027-yildan boshlab mazkur qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun har yili zarur mablagʻlarni Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutsin.

14. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori M.P. Olloyorov hamda sogʻliqni saqlash vaziri E.E. Adilov belgilansin.

15. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2026-yil 24-iyun,

PQ-239-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyundagi PQ-239-son qaroriga1-ILOVA

Aholiga palliativ tibbiy xizmatlar koʻrsatishni tashkillashtirish yuzasidan

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-sentabrdagi PF-191-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.09.2026-y., 06/26/191/0937-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyundagi PQ-239-son qaroriga2-ILOVA

Palliativ tibbiy yordam koʻrsatuvchi tashkilotlarni tashkil etish

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-sentabrdagi PF-191-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.09.2026-y., 06/26/191/0937-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyundagi PQ-239-son qaroriga3-ILOVA

Palliativ tibbiy yordam koʻrsatishni rivojlantirishda “Sifatli tibbiy xizmatlar” indikatorlari

Baholash indikatorlariBaholash formulasiBaholash davriyligiYillar2027202820292030Palliativ yordam qamroviXizmat olganlar / hisoblangan ehtiyoj × 100har yili≥5%≥12%≥65%≥80%Birlamchi baholashning oʻz vaqtida oʻtkazilishi≤72 soatda baholanganlar / yangi bemorlar × 100har yili≥20%≥40%≥80%≥90%Individual parvarish rejasi mavjudligiRejaga ega bemorlar / faol bemorlar × 100har yili≥35%≥65%≥85%≥95%Ogʻriqni standartlashtirilgan shkala boʻyicha baholashNRS/VAS/PAINAD boʻyicha baholanganlar / faol bemorlar × 100har yili≥40%≥70%≥85%≥95%Kuchli ogʻriqni nazorat qilish samaradorligi72 soatda ogʻriq ≥30% kamayganlar / ogʻrigʻi ≥7 boʻlgan bemorlar × 100har yili≥30%≥55%≥70%≥80%Jami isteʼmol qilingan OME (mg)/aholi soniOME mg / aholi sonihar yili≥0.10 mg/capita≥0.20 mg/capita≥0.30 mg/capita≥0.6 mg/capitaMobil brigadalarning uyga tashriflarini amalga oshirishAmalga oshirilgan tashriflar / rejalashtirilgan tashriflar × 100har yili≥20%≥50%≥70%≥90%Hayotning soʻnggi 30 kunidagi shoshilinch gospitalizatsiyalarGospitalizatsiya qilinganlar / vafot etgan bemorlar × 100har yilibazaviy baholash−5%−15%−30%Ijtimoiy baholashva yoʻnaltirishIjtimoiy baholangan bemorlar / faol bemorlar × 100har yili≥35%≥65%≥80%≥90%Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash yoki vaucher tayinlashYordam olganlar / muhtoj deb topilganlar × 100har yili≥25%≥55%≥70%≥85%Oila aʼzolarining parvarishdan qoniqishiIjobiy baholar ulushi × 100har yili≥55%≥70%≥80%≥85%Kadrlar tayyorlash rejasi bajarilishiOʻqitilgan mutaxassislar / reja × 100har yili≥45%≥70%≥85%≥90%Faol palliativ xizmatga ega hududlar ulushiXospis va mobil brigadasi mavjud hududlar sonihar yili6141414

Izoh:

OME — Oral Morphine Equivalent (peroral morfin ekvivalenti).

NRS/VAS/PAINAD — ogʻriqni baholash shkalalari.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyundagi PQ-239-son qaroriga4-ILOVA

“E-palliative” axborot tizimiga integratsiya qilinadigan axborot tizimlari (bazalari)

Tashkilot nomiAxborot platforma (baza)Ijtimoiy himoya milliy agentligi“Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimiAdliya vazirligi FHDY ATSogʻliqni saqlash vazirligi“Cancer-registr” axborot moduliDMED Yagona tibbiy ATEndokrin patologiyali bemorlarning elektron maʼlumotlar bazasi Nevrologik kasalliklar va uning asoratlari bilan ogʻrigan bemorlarning yagona elektron bazasi“Mushak atrofiyasi tashxisi qoʻyilgan bolalar reyestri va sarflash materiallari monitoringi” AT“NARKO-PSIXUZ” ATKambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi“Yagona milliy mehnat tizimi” ATDavlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi“MedRefer” AT va “MedExpress” AT

Izoh: DMED Yagona tibbiy AT va “Cancer-registr” axborot moduliga integratsiya qilish jarayoni 2026-yil 1-sentabrga qadar yakunlanadi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.