Oliy taʼlim sohasida yagona davlat siyosatini taʼminlash, boshqaruvni samarali tashkil etish, “Yangi Oʻzbekiston” universiteti hamda pedagogika yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalarining innovatsion va ilmiy-tadqiqot salohiyatidan toʻlaqonli foydalanish hamda ularning raqobatbardoshligini oshirish maqsadida qaror qilaman:
1. Quyidagilar:
(a) Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi oliy taʼlim muassasalari ilovaga muvofiq Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimiga oʻtkazilsin;
(b) Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi markaziy apparati tuzilmasida vazirning pedagogik taʼlimni rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston milliy pedagogika universiteti rektori lavozimi tugatilsin;
(v) Oʻzbekiston milliy pedagogika universiteti Nizomiy Ganjaviy nomidagi Oʻzbekiston milliy pedagogika universiteti deb qayta nomlansin.
2. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining pedagog kadrlar tayyorlash sohasidagi quyidagi vazifalari Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga yuklansin:
(a) yagona konseptual yondashuv asosida oliy maʼlumotli pedagog kadrlar tayyorlash siyosatini yuritish;
(b) pedagogik taʼlim sohasini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilash;
(v) pedagogik taʼlimning uzviyligi va uzluksizligini, taʼlim-tarbiya jarayoniga ilgʻor pedagogik va axborot texnologiyalari joriy etilishini taʼminlash;
(g) pedagogika sohasida ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirish;
(d) pedagogika sohasida kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalarining boshqaruv tizimini takomillashtirib borish.
3. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
4. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda 2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti parametrlari doirasida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar sifatida ajratilgan budjet mablagʻlarini ushbu qaror talablaridan kelib chiqqan holda qayta taqsimlash va budjet parametrlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritish choralarini koʻrsin.
5. Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 2-oktabr,
PQ-358-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 2-oktabrdagi PQ-358-son qarorigaILOVA
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimiga oʻtkaziladigan oliy taʼlim muassasalari
T/rOliy taʼlim muassasasi nomiMaktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidan oʻtkaziladigan oliy taʼlim muassasalari1.Andijon davlat pedagogika instituti2.Buxoro davlat pedagogika instituti3.Guliston davlat pedagogika instituti4.Jizzax davlat pedagogika universiteti5.Kattaqoʻrgʻon davlat pedagogika instituti6.Namangan davlat pedagogika instituti7.Nizomiy Ganjaviy nomidagi Oʻzbekiston milliy pedagogika universiteti8.Nukus davlat pedagogika instituti9.Samarqand davlat pedagogika instituti10.Termiz davlat pedagogika instituti11.Toshkent shahridagi Puchon universiteti12.Urganch davlat pedagogika instituti13.Chirchiq davlat pedagogika universiteti14.Shahrisabz davlat pedagogika institutiIxtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidan oʻtkaziladigan oliy taʼlim muassasalari15.“Yangi Oʻzbekiston” universiteti16.Al-Xorazmiy universiteti17.Isʼhoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti