PQ-303-son Qaror · 09.03.2006

Avtomobil transportida yoʻlovchilar tashish sohasidagi tadbirkorlik faoliyatining alohida turlarini amalga oshirishni tartibga solish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-303
  • Qabul qilingan sana:09.03.2006
  • Kuchga kirgan sana:09.03.2006
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 10

Avtomobil transportida yoʻlovchilar tashish faoliyatini tartibga solish, fuqarolarning hayoti, sogʻligʻi va xavfsizligini taʼminlash hamda transport xizmatlari sifatini oshirish maqsadida:

1. Belgilansinki, avtomobil transportida yoʻlovchilarni shahar, shahar atrofi, shaharlararo, xalqaro yoʻnalishlarda tijorat asosida tashish faoliyati faqat yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.

2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2006-yilning 1-iyuniga qadar avtomobil transportida shahar, shahar atrofi, shaharlararo, xalqaro yoʻnalishlarda yoʻlovchilar tashish faoliyatini yuridik shaxs tashkil etgan holda amalga oshirish istagini bildirgan yakka tartibdagi tadbirkorlarni bosqichma-bosqich qayta roʻyxatdan oʻtkazishni taʼminlasin.

Mazkur qaror qabul qilinmasdan oldin roʻyxatdan oʻtgan va avtomobil transportida yoʻlovchilar tashish faoliyati uchun litsenziya olgan yakka tartibdagi tadbirkorlar oʻz faoliyatlarini avval olingan litsenziyaga muvofiq 2006-yilning 1-iyunigacha amalga oshirishlari maʼlumot uchun qabul qilinsin.

3. Belgilansinki, yakka tartibdagi tadbirkorlar litsenziyasining muddati oʻtmagan qismiga toʻgʻri keladigan davlat boji summasi ushbu tadbirkorlar tomonidan tuziladigan yuridik shaxs — yoʻlovchilar tashuvchining litsenziya (litsenziya kartochkalari)ni olish vaqtida toʻlanishi lozim boʻlgan davlat boji hisobiga qoʻshilishi mumkin yoki belgilangan tartibda qaytarilishi kerak.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi bilan birgalikda bir hafta muddatda avtomobil transportida yoʻlovchilar tashish bilan shugʻullanishga litsenziya olishda yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan toʻlangan davlat bojini qaytarish yoki hisobga qoʻshish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

4. Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi avtomobil transportida yoʻlovchilar tashish faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomni tayyorlashda, litsenziya talablarida avtotransport vositalari har yili texnik koʻrikdan oʻtganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etish majburiyligini koʻzda tutsin.

5. Istisno tariqasida, tegishli litsenziyaga muvofiq yoʻlovchilarni tijorat asosida tashishga ixtisoslashgan yuridik shaxs — korxonaga jismoniy shaxslar tomonidan sotiladigan va qoʻshiladigan avtotransport vositalari uchun yuridik shaxslar Respublika yoʻl fondiga majburiy yigʻimlar toʻlashdan 2006-yilning 1-iyuniga qadar ozod etilsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni kiritsin.

7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2006-yil 9-mart,

PQ-303-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.