BJK · 195-modda

195-modda. Bojxona koʻrigi

Bojxona koʻrigi qoʻyilgan plombalarni, muhrlarni yoki bojxona identifikatsiyalashining boshqa vositalarini buzgan xolda, tekshirilayotgan obyektlarni va ularning qismlarini boʻlaklarga ajratib, demontaj qilib yoki boshqa yoʻllar bilan ularning butligini buzib, tovarlarning oʻramini yoki transport vositasining yuk joylanadigan boʻlimini yoxud idishlarini, konteynerlarni va tovarlar boʻlgan yoki boʻlishi ehtimoli boʻlgan boshqa joylarni ochishni nazarda tutadi.

Bojxona koʻrigi, qoida tariqasida, tovarga bojxona deklaratsiyasi qabul qilinganidan keyin deklarant hozirligida oʻtkaziladi. Bunda tovarga bojxona deklaratsiyasi qabul qilinguniga qadar bojxona koʻrigi:

bojxona maqsadlarida tovarni identifikatsiyalash;

bayon etilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligini aniqlash;

bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik toʻgʻrisidagi mavjud axborotni tekshirish;

tanlab tekshirish prinsipiga rioya etgan holda xavfni boshqarish tizimi asosida bojxona nazoratini oʻtkazish;

ushbu Kodeksning 275-moddasiga muvofiq deklarantning huquqlarini amalga oshirish zarur boʻlgan taqdirda oʻtkazilishi mumkin.

Tirik hayvonlar va tez buziladigan tovarlar birinchi navbatda bojxona koʻrigidan oʻtkaziladi.

Bojxona organi mansabdor shaxslarining talabiga koʻra vakolatli shaxslar tovarlarning va transport vositalarining bojxona koʻrigi oʻtkazilayotganda hozir boʻlishi va ularga zarur koʻmak koʻrsatishi shart. Vakolatli shaxslar boʻlmaganda koʻrikdan oʻtkazilayotgan transport vositasini boshqarayotgan jismoniy shaxs vakolatli shaxs hisoblanadi.

Bojxona organining mansabdor shaxsi bojxona koʻrigini quyidagi hollarda vakolatli shaxslar ishtirokisiz, ikki nafar xolis hozirligida oʻtkazishga haqli:

tovarlar va transport vositalari taqdim etilgan kundan keyin besh ish kuni oʻtgach vakolatli shaxslar kelmaganda;

davlat xavfsizligiga, jamoat tartibiga, odamlarning hayoti va sogʻligʻiga, hayvonlar va oʻsimliklarga, atrof-muhitga, madaniy boyliklarni saqlashga haqiqiy xavf mavjud boʻlganda va kechiktirib boʻlmaydigan choralar koʻrilishi lozim boʻlgan boshqa holatlarda (shu jumladan, agar tovarlar tez yonuvchan moddalar, portlash xavfi boʻlgan predmetlar, portlovchi, zaharlovchi, xavfli kimyoviy va biologik faol moddalar, giyohvandlik vositalari va ularning analoglari, prekursorlar, psixotrop, zaharli, toksik, radioaktiv moddalar, yadroviy materiallar, qurol, uning oʻq-dorilari ekanligini koʻrsatuvchi va boshqa shunga oʻxshash tovarlar ekanligining belgilari mavjud boʻlsa, shuningdek, agar tovarlar oʻzidan noxush hid taratsa);

tovarlar xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarida yuborilganda;

tovarlar va (yoki) transport vositalari bojxona hududidan tovarlarni va (yoki) transport vositalarini olib chiqishni nazarda tutuvchi bojxona rejimi shartlarini buzgan holda ushbu hududda qoldirilganda.

Agar bojxona deklaratsiyasida bir nomdagi tovar sifatida koʻrsatilgan tovar turkumining bir qismi bojxona koʻrigidan oʻtkazilgan boʻlsa, bunday koʻrikdan oʻtkazish natijalari shu tovarning butun turkumiga tatbiq etilishi mumkin. Agar vakolatli shaxs koʻrikdan oʻtkazish natijalari tovarning butun turkumiga tatbiq etilishi mumkin emas deb hisoblasa, tovar turkumining qolgan qismi uchun qoʻshimcha bojxona koʻrigi oʻtkazilishini talab qilishga haqli.

Bojxona koʻrigi oʻtkazilayotganda tovarning amaldagi miqdori uni deklaratsiyalashda koʻrsatilgan tovar miqdoriga mos kelmasligi aniqlangan taqdirda, bojxona organi bojxona maqsadlari uchun tovarning amaldagi miqdorini mustaqil ravishda aniqlaydi.

Bojxona koʻrigidan oʻtkazish natijalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan belgilanadigan shaklda dalolatnoma tuziladi. Bojxona koʻrigi dalolatnomasining koʻchirma nusxasi vakolatli shaxsga topshiriladi (yuboriladi).

Ushbu modda talablariga rioya etilishi munosabati bilan yuzaga kelgan xarajatlar vakolatli shaxs zimmasida boʻladi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.