BJK · 230-modda

230-modda. Arizani koʻrib chiqish va guvohnoma berish toʻgʻrisida yoki uni berishni rad etish haqida qaror qabul qilish

Guvohnoma berish toʻgʻrisida yoki uni berishni rad etish haqida qaror qabul qilish uchun bojxona organi:

guvohnoma yakka tartibda berilayotganda — taqdim qilingan transport vositasining ushbu Kodeksning 228-moddasida nazarda tutilgan guvohnoma berish talablari va shartlariga muvofiqligini tekshirishni amalga oshiradi;

guvohnoma konstruksiyaning turi boʻyicha berilayotganda — konstruksiyaning maʼlum qilingan turi boʻyicha tayyorlangan bir yoki bir nechta transport vositasining ushbu Kodeksning 228-moddasida nazarda tutilgan guvohnoma berish talablari va shartlariga muvofiqligini tekshirishni amalga oshiradi.

Bojxona organi tomonidan guvohnoma berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish hamda guvohnoma berish toʻgʻrisida yoki uni berishni rad etish haqida qaror qabul qilish muddatlari ariza qabul qilingan sanadan eʼtiboran quyidagi muddatlardan oshmasligi kerak:

guvohnoma yakka tartibda berilganda — oʻn ish kunidan;

guvohnoma konstruksiyaning turi boʻyicha berilganda — yigirma ish kunidan.

Guvohnoma berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqqanlik va guvohnoma berganlik uchun bojxona yigʻimlari undirilmaydi.

Bojxona organi tegishli qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran bir ish kunidan kechiktirmay arizachiga guvohnoma berishi (yuborishi) yoki guvohnoma berish rad etilganligi haqida uni Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki “Litsenziya” axborot tizimi orqali elektron shaklda xabardor qilishi shart.

Arizachi guvohnoma berish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki “Litsenziya” axborot tizimi orqali xabarnoma olganidan keyin respublikaning istalgan bojxona organiga Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi tomonidan belgilangan shaklda toʻldirilgan guvohnomani taqdim etadi. Bojxona organi guvohnoma maʼlumotlarini Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki “Litsenziya” axborot tizimi orqali tekshiradi va uni muhr bilan tasdiqlaydi.

Guvohnoma berishni rad etish uchun quyidagilar asos boʻladi:

guvohnoma berish uchun zarur boʻlgan hujjatlarning arizachi tomonidan toʻliq hajmda taqdim etilmaganligi;

avtotransport vositasining ushbu Kodeks 227-moddasida belgilangan talablar va shartlarga nomuvofiqligi;

arizachi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlarning mavjudligi.

Guvohnoma berishni boshqa asoslarga koʻra, shu jumladan maqsadga muvofiq emas degan vaj bilan rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Ushbu modda oltinchi qismining ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan faktlar aniqlanganda, agar arizada bartaraf etilishi mumkin boʻlgan kamchiliklar mavjud boʻlsa, bojxona organi ularni bartaraf etish uchun arizachiga muddat beradi. Kamchiliklarni bartaraf etish zarurligi toʻgʻrisidagi xabarnoma bojxona organi tomonidan bir ish kuni ichida Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki “Litsenziya” axborot tizimi orqali elektron shaklda arizachiga yuboriladi.

Xabarnomada taqdim etilgan hujjatlarda aniqlangan kamchiliklar hamda ularni bartaraf etish usullari, shuningdek arizachi koʻrsatilgan sabablarni bartaraf qilib, tegishli hujjatlarni koʻrib chiqish uchun takroran taqdim etishi mumkin boʻlgan muddat koʻrsatiladi. Xabarnomada koʻrsatilgan muddat kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur boʻladigan vaqtga mutanosib boʻlishi, lekin oʻttiz ish kunidan oshmasligi kerak.

Bojxona organi aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida arizachiga malakali xodimlarni izlashda, hujjatlarni va dasturlarni maromiga yetkazish uchun mutaxassislarni jalb etishda, shuningdek guvohnomani olish uchun boshqa zarur shart-sharoitlarni yaratishda koʻmaklashishi va zarur maslahatlar berishi kerak, bundan arizachi taklif etilgan yordamni rad etgan hollar mustasno.

Kamchiliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida xabarnoma yuborilgan taqdirda, guvohnoma berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish muddati toʻxtatib turiladi.

Hujjatlar xabarnomada koʻrsatilgan kamchiliklarni bartaraf etmasdan yoki xabarnomada koʻrsatilgan muddat oʻtganidan keyin takroran taqdim etilgan taqdirda, bojxona organi guvohnoma berishni rad etish haqida qaror qabul qilishga haqli. Bunda guvohnoma berishni kamchiliklarni bartaraf etish toʻgʻrisidagi xabarnomada koʻrsatilmagan yangi asoslar boʻyicha rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Guvohnoma berish rad etilganligi haqida qaror qabul qilingan taqdirda rad etish toʻgʻrisidagi xabarda rad etish sabablari va qonunchilikning normalari koʻrsatilishi lozim.

Arizachi rad etish sabablarini bartaraf qilishga va hujjatlarni takroran koʻrib chiqish uchun taqdim etishga haqli boʻlgan muddat guvohnoma berish rad etilganligi haqidagi xabar olingan sanadan eʼtiboran oʻn ish kunini tashkil etadi.

Guvohnoma berishni rad etish uchun asos boʻlgan sabablar arizachi tomonidan bartaraf qilingan taqdirda arizani takroran koʻrib chiqish va (yoki) avtotransport vositasini tekshirish, guvohnoma berish yoki uni berishni rad etish ariza qabul qilingan kundan eʼtiboran uch ish kunidan oshmaydigan muddatda bojxona organi tomonidan amalga oshiriladi. Xabarda koʻrsatilgan muddat tugaganidan keyin berilgan ariza yangitdan berilgan deb hisoblanadi va umumiy asoslarda koʻrib chiqiladi.

Guvohnoma berish toʻgʻrisidagi ariza takroran koʻrib chiqilayotganda guvohnoma berishni rad etish toʻgʻrisidagi xabarda ilgari koʻrsatilmagan asoslarga koʻra guvohnoma berishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Arizachi bojxona organining guvohnoma berishni rad etish toʻgʻrisidagi qarori, shuningdek bojxona organi mansabdor shaxsining harakati (harakatsizligi) ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.