BJK · 309-modda

309-modda. Aynan bir xil tovarga doir bitimning qiymatiga oid usul

Aynan bir xil tovarga doir bitimning qiymatiga oid usul bojxona hududiga olib kirilayotgan tovarning bojxona qiymatini aniqlash uchun asos sifatida aynan bir xil tovarga doir bitimning qiymati qabul qilinishini nazarda tutadi.

Aynan bir xil tovar deganda:

baholanayotgan tovar bilan fizik xususiyatlariga, sifatiga va bozordagi qadriga koʻra bir xil boʻlgan;

baholanayotgan tovar qaysi mamlakatda ishlab chiqarilgan boʻlsa, shu mamlakatda ishlab chiqarilgan va Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish uchun sotilgan;

baholanayotgan tovarni ishlab chiqargan ayni oʻsha shaxs tomonidan ishlab chiqarilgan tovar tushuniladi.

Agar tovarning bitim qiymati Oʻzbekiston Respublikasida bajarilgan loyihalashning, tajriba-konstruktorlik ishlarining, badiiy bezatishning, dizaynning, eskizlarning yoki chizmalarning qiymatini oʻz ichiga olgan boʻlsa, aynan bir xil tovar deb hisoblanmaydi.

Tovarning tashqi koʻrinishidagi juzʼiy farqlar, agar bunday tovar qolgan jihatlari bilan ushbu moddaning shartlariga muvofiq boʻlsa, unga aynan bir xil deb qarashni rad etish uchun asos boʻlib xizmat qila olmaydi.

Agar aynan bir xil tovar bojxona hududiga:

baholanayotgan tovar olib kirilguniga qadar toʻqson kalendar kun ichida olib kirilgan boʻlsa;

taxminan oʻsha miqdorda va (yoki) oʻsha tijorat shartlarida olib kirilgan boʻlsa, aynan bir xil tovar yuzasidan tuzilgan bitimning qiymati baholanayotgan tovarning bojxona qiymatini aniqlash uchun asos sifatida qabul qilinadi.

Agar tovarni oʻsha miqdorda va oʻsha tijorat shartlarida bojxona hududiga olib kirish hollari mavjud boʻlmasa, boshqacha miqdorda va boshqa tijorat shartlarida olib kirilgan aynan bir xil tovarning ushbu farqlar hisobga olinib bitimning narxiga tuzatishlar kiritilgan holdagi qiymatidan foydalanish mumkin.

Agar aynan bir xil tovar uchun ushbu Kodeks 304-moddasi birinchi qismining “a” bandida koʻrsatilgan xarajatlarning qiymati baholanayotgan tovar uchun shunday xarajatlarning qiymatidan masofa va transportning turlaridagi tafovut tufayli ancha farq qilsa, aynan bir xil tovarga doir bitimning qiymatiga koʻra aniqlanadigan bojxona qiymatiga tegishli tarzda tuzatishlar kiritilishi kerak.

Baholanayotgan tovarning bojxona qiymatiga tuzatishlar kiritish deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan toʻgʻri va hujjat bilan tasdiqlangan maʼlumotlar asosida amalga oshirilishi lozim.

Agar aynan bir xil tovarga doir bitimning qiymati boʻyicha aniqlash usuli qoʻllanilganda aynan bir xil tovarga doir bir nechta bitim aniqlansa, baholanayotgan tovarning bojxona qiymatini aniqlash uchun bahosi eng past boʻlgan aynan bir xil tovarga doir bitim qoʻllaniladi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.