Olib chiqiladigan tovarning bojxona qiymati u eksportga sotilganda amalda toʻlangan yoki toʻlanishi lozim boʻlgan bitimning bahosi asosida aniqlanadi.
Olib chiqiladigan tovarning bojxona qiymatini aniqlashda ushbu Kodeks 306-moddasining yettinchi xatboshisida, shuningdek 307 va 308-moddalarida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllaniladi.
Bojxona hududidan olib chiqiladigan tovarning maʼlum qilingan bojxona qiymatini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlmagan taqdirda, bunday tovarning bojxona qiymati bojxona organida mavjud boʻlgan aynan bir xil yoki oʻxshash tovarlarga oid maʼlumotlar asosida aniqlanadi.
Ilgari olib kirilgan tovarlarni oʻzgarmas holatda bojxona hududidan olib chiqishda bojxona qiymati tovarning u olib kirilgan paytdagi bojxona qiymatining hamda bojxona hududida qilingan xarajatlarning, shu jumladan bojxona rasmiylashtiruvi va bojxona toʻlovlarini toʻlash (tovarlar reeksport qilinishi munosabati bilan qaytarilishi kerak boʻlgan toʻlovlarni chegirgan holda), tovarlarni saqlash, sugʻurtalash uchun qilingan xarajatlarning, bojxona hududida qilingan boshqa xarajatlarning yigʻindisi sifatida aniqlanadi.
Olib chiqiladigan tovarning deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan maʼlum qilingan bojxona qiymatini aniqlash toʻgʻri ekanligini tasdiqlovchi maʼlumotlar mavjud boʻlmagan yoxud deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarni notoʻgʻri yoki yetarli emas deb taxmin qilish uchun asoslar mavjud boʻlgan taqdirda bojxona organi bojxona qiymatini mustaqil ravishda belgilaydi. Bunda bojxona organi deklarant yoki bojxona brokerining yozma arizasiga koʻra unga olib chiqiladigan tovarning deklarant yoki bojxona brokeri maʼlum qilgan bojxona qiymati bojxona organi tomonidan qabul qilinmaganligining sabablari koʻrsatilgan yozma tushuntirish berishi shart.
Bojxona organi oʻz ixtiyorida boʻlgan yoki deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan taqdim etilgan, ushbu Kodeksning 316 va 317-moddalarida koʻrsatilgan axborotdan foydalanishi mumkin.
Bojxona hududidan olib chiqilayotgan tovarning bojxona qiymatini aniqlashda bojxona organi:
1) baholanayotgan, aynan bir xil va (yoki) oʻxshash tovarlarni sotish shartlarining mumkin qadar taqqoslana olinishini taʼminlashi, shu jumladan quyidagi koʻrsatkichlar boʻyicha taʼminlashi:
a) import amalga oshirilayotgan mamlakat yoki geografik mintaqa;
b) olib chiqiladigan tovarlarning miqdori;
v) sotuvning tijorat shartlari, shu jumladan bozor konyunkturasi (asosan xom ashyo tovarlarni eksport qilishda);
2) sotib oluvchining barcha sarf-xarajatlarini xarajatlarning bojxona qiymatiga kiritish nuqtai nazaridan hisobga olishi lozim.
Agar kontraktda (shartnomada, kelishuvda) qatʼiy belgilab qoʻyilgan narxlar mavjud boʻlmasa va faqat tovarning uzil-kesil narxini belgilash shartlari aks ettirilgan boʻlsa yoxud kontrakt (shartnoma, kelishuv) shartlariga muvofiq uzil-kesil narx sotib oluvchi tomonidan tovarni miqdor va sifat boʻyicha qabul qilib olish natijalariga koʻra aniqlansa, olib chiqilayotgan tovarning bojxona qiymati muvaqqat (shartli) bahoni hisobga olgan holda aniqlanadi.
Deklarant yoki bojxona brokeri oʻzida mavjud boʻlgan, bojxona qiymatining muvaqqat (shartli) bahosi xolis ekanligini taʼminlaydigan hujjatlarni taqdim etishga haqli.
Olib chiqilayotgan tovarning bojxona qiymatini muvaqqat (shartli) bahosi uchun asos sifatida quyidagilar qabul qilinadi:
kontraktda (shartnomada, kelishuvda) qayd etilgan dastlabki narx;
kontraktda (shartnomada, kelishuvda) belgilangan, uni hisob-kitob qilish shartlariga muvofiq tovar yuklab joʻnatilgan sanada aniqlangan hisob-kitob bahosi.
Ushbu moddaning oʻninchi qismida koʻrsatilgan hisob-kitoblarni oʻtkazish mumkin boʻlmagan taqdirda, olib chiqiladigan tovarning bojxona qiymatini muvaqqat (shartli) baholash bojxona organining ixtiyorida mavjud boʻlgan narxlar toʻgʻrisidagi tegishli axborot asosida amalga oshirilishi mumkin.
Deklarant yoki bojxona brokerining yozma arizasi boʻyicha bojxona organi koʻrib chiqilayotgan bitim shartlaridan hamda bojxona va valyutaga oid qonunchilik talablaridan kelib chiqqan holda, deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan maʼlum qilingan, bojxona qiymatini tasdiqlaydigan va (yoki) aniqlashtiradigan zarur hujjatlarning deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan taqdim etilish muddatini belgilaydi. Maʼlum qilingan bojxona qiymatini tasdiqlash va (yoki) aniqlashtirish uchun zarur boʻlgan barcha hujjatlar deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan belgilangan muddatda taqdim etilganidan keyin unga tuzatishlar kiritiladi.
Bojxona qiymati olib chiqilayotgan tovarga doir bitimning qiymati asosida quyidagi hollarda aniqlanishi mumkin emas, agar:
kontraktda (shartnomada, kelishuvda) bitimning qiymatiga taʼsir koʻrsatgan cheklovlar va (yoki) shartlar mavjud boʻlsa;
taʼsirini hisobga olish mumkin boʻlmagan shartlarga rioya etilishiga sotish va bitimning qiymati bogʻliq boʻlsa;
bitim ishtirokchilari oʻzaro bogʻliq shaxslar boʻlsa va bu omilning bitim qiymatiga taʼsirini qiymat tarzida ifodalash mumkin boʻlmasa;
bojxona qiymatini maʼlum qilishda deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan foydalanilgan maʼlumotlar hujjatlar bilan tasdiqlanmagan yoxud notoʻgʻri boʻlsa.