BJK · 320-modda

320-modda. Tovarning bojxona qiymatiga va (yoki) bojxona toʻlovlariga tuzatishlar kiritish

Tovarning bojxona qiymatiga va (yoki) bojxona toʻlovlariga tuzatishlar kiritish quyidagi hollarda amalga oshirilishi mumkin:

bojxona rasmiylashtiruvi vaqtida;

tovar chiqarib yuborilganidan keyin.

Bojxona rasmiylashtiruvi amalga oshirilayotganda tovarning bojxona qiymatiga va (yoki) bojxona toʻlovlariga quyidagi hollarda tuzatishlar kiritiladi, agar:

deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan maʼlum qilingan tovarning bojxona qiymatini aniqlash usuli va miqdori ularni tasdiqlash uchun taqdim etilgan hujjatlarga mos emasligi aniqlangan boʻlsa;

bojxona qiymati deklaratsiyasida tovarning maʼlum qilingan bojxona qiymati va (yoki) bojxona toʻlovlari miqdoriga taʼsir etgan texnik xatolar aniqlangan boʻlsa.

Tovar chiqarib yuborilganidan keyin uning bojxona qiymatiga va (yoki) bojxona toʻlovlariga quyidagi hollarda tuzatishlar kiritiladi, agar:

shartli chiqarib yuborilgan tovarga nisbatan uning uzil-kesil bojxona qiymati deklarantning yoki bojxona brokerining qoʻshimcha axboroti asosida aniqlansa yoxud deklarant yoki bojxona brokeri ushbu Kodeksning 321-moddasiga muvofiq bojxona organi tomonidan aniqlangan bojxona qiymatini qabul qilsa;

tovarni deklaratsiyalashda sodir etilgan, tovarning bojxona qiymatining va (yoki) bojxona toʻlovlarining miqdoriga taʼsir koʻrsatgan texnik xatolar aniqlangan boʻlsa;

hujjatlarning keyingi tekshiruvi paytida tovarning bojxona qiymatiga va (yoki) bojxona toʻlovlarining miqdoriga taʼsir koʻrsatgan notoʻgʻri deklaratsiyalash aniqlangan boʻlsa;

maʼlum qilingan bojxona qiymatining bojxona hududiga olib kirilgan yoki ushbu hududdan olib chiqilgan tovarning miqdori va (yoki) sifati kontrakt (shartnoma, kelishuv) shartlaridan chetga chiqishi tufayli tovarning haqiqiy qiymatiga mos emasligi bojxona deklaratsiyasini qabul qilish sanasida aniqlangan boʻlsa. Bojxona koʻzdan kechiruvi dalolatnomasi, shuningdek kontrakt (shartnoma, kelishuv) taraflari oʻrtasida kelishilgan, bojxona toʻlovlari undirilmaydigan tovar boʻyicha — tovarning miqdoriga oid eʼtiroz yoki bojxona toʻlovlari undiriladigan tovarlar boʻyicha — ekspertiza xulosasi tovarning mos emasligini tasdiqlovchi hujjatlar hisoblanadi;

bojxona toʻlovlarining summalari qaytarilishiga yoki qoʻshimcha toʻlanishiga olib keladigan yoki tovarning bojxona qiymati miqdoriga taʼsir koʻrsatgan boshqa asoslar yuzaga kelgan boʻlsa.

Agar tovarning bojxona qiymatiga va (yoki) bojxona toʻlovlariga tuzatishlar kiritish bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha qarzdorlikning paydo boʻlishiga olib kelgan boʻlsa, ana shu qarzdorlik summasiga ushbu Kodeksning 349-moddasida nazarda tutilgan tartibda penya hisoblanadi.

Tovarning bojxona qiymatiga va (yoki) bojxona toʻlovlariga tuzatishlar kiritish qaysi tovarning bojxona qiymatiga va (yoki) bojxona toʻlovlariga tuzatishlar kiritilayotgan boʻlsa, faqatgina oʻsha tovarga nisbatan amalga oshiriladi.

Tovarning bojxona qiymatiga va (yoki) bojxona toʻlovlariga tuzatishlar kiritish ushbu Kodeksning 266-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi.

Agar deklarant yoki bojxona brokeri bojxona organi tomonidan tovarning bojxona qiymatiga va (yoki) bojxona toʻlovlariga kiritilgan tuzatishlarga rozi boʻlmasa, tovarning bojxona qiymatiga va (yoki) bojxona toʻlovlariga tuzatishlar kiritish sabablarini yozma ravishda tushuntirib berishni bojxona organidan soʻrab olishga haqli.

Deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan bojxona organiga soʻrov yuborilishi deklarantni yoki bojxona brokerini bojxona toʻlovlarini toʻlashdan ozod etmaydi.

Bojxona rasmiylashtiruvi uchun hujjatlar qabul qilinganidan keyin bojxona organi tomonidan tovarning bojxona qiymatiga va (yoki) bojxona toʻlovlariga tuzatishlar kiritilishi ustidan deklarant yoki bojxona brokeri belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.