BJK · 340-modda

340-modda. Pul mablagʻlarini bojxona organining shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga kiritish va ularni qaytarish shartlari

Toʻlovchi bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash uchun bojxona organining shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga ushbu Kodeksning 337 va 338-moddalarida belgilangan miqdorda pul mablagʻlari summasini kiritadi.

Pul mablagʻlari bojxona organining shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga (bundan buyon matnda depozit deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasida, qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda esa chet el valyutasida kiritiladi.

Saqlangan vaqt uchun depozit summasiga foizlar hisoblanmaydi.

Depozitni qaytarish toʻlovchining arizasi bojxona organi tomonidan olingan kundan eʼtiboran besh ish kunidan kechiktirmay mazkur arizaga koʻra amalga oshiriladi.

Depozitni qaytarish toʻgʻrisidagi ariza toʻlovchi tomonidan bojxona organiga majburiyat bajarilganidan keyin, lekin majburiyat bajarilgan kunning ertasidan eʼtiboran uch yildan kechiktirmay beriladi. Agar depozitni qaytarish toʻgʻrisidagi ariza belgilangan muddatda berilmagan boʻlsa, depozit summasi bojxona organi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga oʻtkaziladi.

Toʻlovchi tomonidan depozit bilan taʼminlangan majburiyat bajarilmagan taqdirda, kiritilgan pul mablagʻlari bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha qarzdorlikni toʻlash hisobiga depozit summasidan olinadi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.