BK · 106-modda

106-modda. Budjet tashkilotining shtat jadvalini tuzish va tasdiqlash

Budjet tashkilotining shtat jadvali 1-dekabr holatiga koʻra har bir budjet tashkiloti boʻyicha mazkur tashkilot uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash shartlariga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shakl boʻyicha tuziladi.

Yangidan tuzilayotgan budjet tashkilotining shtat jadvali, agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, budjet tashkiloti faoliyat koʻrsata boshlashidan ikki oy oldin tuziladi va kuchga kiradi.

Lavozimlarning nomlari va xodimlar soni, mehnatga haq toʻlash boʻyicha razryadlar, bazaviy stavkalar:

Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatorida, namunaviy shtatlarda hamda qonunchilik bilan tasdiqlangan mehnatga haq toʻlash boʻyicha tarif razryadlarida, bazaviy stavkalarda nazarda tutilgan lavozimlarga;

tasdiqlangan namunaviy shtatlarda nazarda tutilgan xodimlar soniga;

xodimlarning tasdiqlangan umumiy cheklangan soniga, shu jumladan budjet tashkilotlarining budjet mablagʻlari va budjetdan tashqari jamgʻarmalari hisobidan saqlab turilgan boshqaruv xodimlari soniga;

davlat boshqaruvi organlarining belgilangan tartibda tasdiqlangan boshqaruv, xizmatlar koʻrsatuvchi va texnik xodimlari sonining oʻzaro nisbati normativlariga muvofiq boʻlishi kerak.

Ish haqining hisob-kitobi tarifikatsiya roʻyxatlariga muvofiq amalga oshiriladigan lavozimlar shtat jadvaliga lavozimlarning har bir guruhi boʻyicha stavkalar soni, oylik mehnatga haq toʻlash jamgʻarmasi koʻrsatilgan, tarifikatsiya roʻyxati shtat jadvaliga ilova qilingan holda kiritiladi.

Ayrim budjet tashkilotlari uchun tasdiqlangan namunaviy shtat normativlari va mehnatga haq toʻlash boʻyicha razryadlar, bazaviy stavkalar mavjud boʻlmaganda, ularning shtat jadvallariga kiritiladigan lavozimlarning nomi va xodimlar soni hamda ularning mehnatga haq toʻlash boʻyicha razryadlari, bazaviy stavkalari ushbu tashkilotlar tomonidan tashkilotning oʻziga xos xususiyatidan kelib chiqqan holda Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishuvga koʻra belgilanadi.

Amaldagi mehnatga haq toʻlash shartlarida nazarda tutilgan, ustamalar, qoʻshimcha haq toʻlash va xodimlarni moddiy ragʻbatlantirishga yoʻnaltiriladigan, bir yil uchun hisob-kitob qilingan mehnatga haq toʻlash jamgʻarmasi budjet tashkilotining shtat jadvalida alohida satr bilan koʻrsatiladi.

Budjet mablagʻlari oluvchilar — kapital qurilish boʻyicha buyurtmachilar xizmatlarining shtat jadvali ushbu moddaga muvofiq tuziladi.

Budjet tashkilotining shtat jadvali tashkilotning bosh buxgalteri (uning oʻrinbosari) va moliya-iqtisod boʻlinmasi boshligʻi (shtat jadvaliga muvofiq moliyaviy-iqtisodiy masalalar boʻyicha mutaxassis) tomonidan imzolanadi hamda tashkilot rahbari yoki u vakolat bergan shaxs tomonidan tasdiqlanadi.

Budjet tashkilotlarining kelgusi moliya yili uchun shtat jadvallarini tasdiqlash joriy moliya yilining 20-dekabridan kechiktirmay amalga oshiriladi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.