Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlari daromadlari va xarajatlarining yoyilmasi (bundan buyon matnda daromadlar va xarajatlar yoyilmasi deb yuritiladi):
budjet tasnifiga muvofiq tuzilgan daromadlar va xarajatlar prognozi ularning tasdiqlangan parametrlariga muvofiqligini;
daromadlar va xarajatlar parametrlari ijrosining monitoringini taʼminlash maqsadida tuziladi.
Daromadlar va xarajatlar yoyilmasining daromad qismi tegishli budjet daromadlarining budjet tasnifiga muvofiq oyma-oy boʻlingan yillik hajmlaridan tashkil topadi.
Daromadlar va xarajatlar yoyilmasining xarajat qismi tegishli budjet xarajatlarining moliya yili uchun tasdiqlangan jamlanma xarajatlar smetalari xarajatlar smetalari asosida tuziladigan, budjet tasnifiga muvofiq oyma-oy boʻlingan yillik hajmlaridan tashkil topadi.
Daromadlar va xarajatlar yoyilmasining yakuniy maʼlumotlari, budjetlararo transfertlar bundan mustasno, tasdiqlangan yillik budjetda qabul qilingan summalarga mos kelishi lozim.
Daromadlar va xarajatlar yoyilmasi:
Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan;
Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjeti, viloyatlarning viloyat budjetlari va Toshkent shahrining shahar budjeti boʻyicha — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari tomonidan;
tumanlar va shaharlar budjetlari boʻyicha — tumanlar va shaharlar iqtisodiyot va moliya boʻlimlari tomonidan;
davlat maqsadli jamgʻarmalari boʻyicha — davlat maqsadli jamgʻarmalarini taqsimlovchi organlar tomonidan tuziladi.
Daromadlar va xarajatlar yoyilmasining xarajat qismiga xarajatlar smetalarini tuzish talab qilinmaydigan quyidagi:
budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilarning xarajatlar smetalarini roʻyxatdan oʻtkazish hamda ijro etish jarayonida boʻshaydigan;
tovar-moddiy qimmatliklarning normativdan ortiq zaxiralari boʻyicha hisobga olingan;
advokatlar tomonidan koʻrsatilgan yuridik yordam uchun davlat hisobidan toʻlanishi nazarda tutiladigan;
qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini soliq toʻlovchilarga qaytarish uchun nazarda tutiladigan;
davlat organlari yoki ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) natijasida jismoniy yoki yuridik shaxslarga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash uchun nazarda tutiladigan;
budjet tashkilotlarida ishlovchi ayollarga homiladorlik va tugʻish nafaqasini toʻlash uchun nazarda tutiladigan, budjet tashkilotlarining xarajatlar smetalariga qonunchilikda belgilangan tartibda oʻzgartirishlar kiritilgan hollar bundan mustasno;
bir yoʻla beriladigan davlat pul mukofotlari va mukofotlarini toʻlash uchun nazarda tutiladigan;
Chernobil AES halokati oqibatlarini tugatish ishtirokchilariga kompensatsiyalar toʻlash uchun nazarda tutiladigan;
transportda imtiyozli yurishni qoplash uchun nazarda tutiladigan;
davlat qarzi boʻyicha xizmat koʻrsatish, Oʻzbekiston Respublikasi ishtirokchi boʻlgan xalqaro tashkilotlarga aʼzolik badallarini toʻlash va ularni moliyalashtirishda ishtirok etish uchun moʻljallangan;
davlat ehtiyojlari uchun qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirayotgan qishloq xoʻjaligi korxonalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash uchun nazarda tutiladigan;
saylov va referendumlar oʻtkazish uchun nazarda tutiladigan;
budjetlararo transfertlar ajratish uchun nazarda tutiladigan;
tijorat banklari va boshqa moliya institutlarining ustav kapitalini shakllantirish va koʻpaytirish uchun nazarda tutiladigan;
rezident-yuridik shaxslarga budjet ssudalari ajratish va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining kredit liniyalarini ochish uchun nazarda tutiladigan;
soliq va budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlarida nazarda tutilgan tadbirlar hamda moliya yili mobaynida amalga oshirilishi nazarda tutilgan va Davlat budjeti xarajatlarini koʻpaytirishni talab qiladigan boshqa tadbirlar uchun moʻljallangan;
davlat maqsadli jamgʻarmalariga oʻtkazib beriladigan;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining tumanlar va shaharlar budjetlarining zaxira jamgʻarmalarini shakllantirish uchun budjetdan ajratiladigan mablagʻlar kiritiladi.