Yuridik majburiyatlar iqtisodiy tasnif kodlari boʻyicha budjetdan ajratiladigan mablagʻlar doirasida budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilar tomonidan qabul qilinadi hamda gʻaznachilik boʻlinmalari tomonidan roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari hisobidan ijro etilishi lozim boʻlgan yuridik majburiyatlar gʻaznachilik boʻlinmalari tomonidan hisobga olinadi.
Budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilarning budjetdan ajratiladigan mablagʻlar boʻyicha tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib beruvchilar bilan tuzgan shartnomalari, shuningdek ularga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar ular gʻaznachilik boʻlinmalarida roʻyxatdan oʻtkazilganidan keyin kuchga kiradi.
Budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilar yuridik majburiyatlar yuzaga kelishini tasdiqlovchi hujjatlarni gʻaznachilik boʻlinmalarida roʻyxatdan oʻtkazish uchun joriy moliya yilining 25-dekabridan kechiktirmay taqdim etadi.
Budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilarning tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib berish toʻgʻrisida tuziladigan shartnomalarida 15 foiz miqdorida oldindan toʻlovni amalga oshirish nazarda tutiladi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan hollar bundan mustasno.
Budjet tashkilotlarining va budjet mablagʻlari oluvchilarning tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) import qilish boʻyicha shartnomalari, ularga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar ushbu shartnomalar qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda vakolatli organlarda tegishli ekspertizadan oʻtganidan va hisobga qoʻyilganidan soʻng gʻaznachilik boʻlinmalari tomonidan roʻyxatdan oʻtkaziladi. Bunda shartnomalarda koʻrsatilgan summalar gʻaznachilik boʻlinmalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasida hisobga olinadi.
Budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilarning birinchi hamda ikkinchi guruh xarajatlari boʻyicha yuridik majburiyatlari gʻaznachilik boʻlinmalari tomonidan buyurtmalar shaklida roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilarning tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib beruvchilar bilan shartnomalari joriy moliya yili doirasida amal qilish muddati bilan tuzilishi lozim, kapital qoʻyilmalar boʻyicha shartnomalar hamda qonunchilikda nazarda tutilgan amal qilish muddati bir necha yilni tashkil etishi mumkin boʻlgan hollar bundan mustasno. Shartnomaning amal qilish muddati tugagach, agar shartnomaning amal qilish muddatini uzaytirish toʻgʻrisida qoʻshimcha bitim tuzilmagan boʻlsa, yetkazib beruvchi (pudratchi) tomonidan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib berish boʻyicha yuridik majburiyatlarni bajarish tugatiladi.
Budjetdan ajratiladigan mablagʻlar asosida belgilangan yuridik majburiyatlarni qabul qilish uchun limit birinchi navbatda tegishli moddalar boʻyicha moliya yili boshida mavjud boʻlgan, budjetdan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan toʻlanishi lozim boʻlgan va gʻaznachilik boʻlinmalarida roʻyxatdan oʻtkazilgan shartnomalar boʻyicha yuzaga kelgan kreditorlik qarzi summasiga band qilib qoʻyiladi.
Mablagʻlarni:
budjet tashkilotining iqtisod qilingan budjetdan ajratiladigan mablagʻlari hisobidan oʻz budjet tashkilotlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga, shuningdek tibbiyot muassasasi tomonidan — xarajatlar smetasida nazarda tutilgan maqsadli budjetdan ajratiladigan mablagʻlari hisobidan oʻzining tibbiyot tashkilotlarini moddiy ragʻbatlantirish va rivojlantirish jamgʻarmasiga;
har bir obyekt boʻyicha kelishilgan manzilli va titul roʻyxatlarda hamda shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarida ushbu maqsadlar uchun nazarda tutilgan summalar doirasida kapital qoʻyilmalar boʻyicha buyurtmachi xizmatini saqlab turishga;
soliqlarni, yigʻimlarni, davlat bojlarini va soliq boʻlmagan toʻlovlarni, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining xizmatlari uchun haq toʻlashga;
yuridik majburiyatlar mavjudligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar asosida amalga oshiriladigan xarajatlarni toʻlashga oʻtkazish shartnoma tuzilmagan holda amalga oshirilishi mumkin.