BK · 143-modda

143-modda. Budjet tizimi budjetlariga oʻzgartirishlar kiritish tartibi

Moliya yili mobaynida budjet tizimi budjetlariga oʻzgartirishlar kiritish:

budjet tizimi budjetlari daromadlari va (yoki) xarajatlarini kamaytirishni yoki koʻpaytirishni nazarda tutuvchi qonunchilik hujjatlari oʻzgargan;

bir budjet tashkiloti va budjet mablagʻlari oluvchi uchun budjetdan ajratiladigan mablagʻlar kamaytirilib, mos ravishda boshqa budjet tashkiloti va budjet mablagʻlari oluvchi uchun budjetdan ajratiladigan mablagʻlar koʻpaytirilgan;

budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilarda budjetdan ajratiladigan mablagʻlar xarajatlarning bir moddasidan boshqa moddasiga oʻtkazish zaruriyati yuzaga kelgan;

Davlat budjeti mablagʻlarining moliya yili boshidagi erkin qoldiqlari ushbu Kodeksning 126-moddasida nazarda tutilgan tartibda xarajatlarni moliyalashtirishga yoʻnaltirilgan;

budjet tasnifiga oʻzgartirishlar kiritilgan;

ushbu Kodeks 120-moddasining toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan hollarda amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti daromadlari prognozining oshirib bajarilishi hisobidan tushgan mablagʻlar boʻyicha xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetiga oʻzgartirishlar kiritilmasdan amalga oshiriladi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjeti, viloyatlarning viloyat budjetlari, Toshkent shahrining shahar budjeti, tumanlar va shaharlar budjetlari daromadlari prognozining oshirib bajarilishi, elektron savdo maydonchasida yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni realizatsiya qilishdan ushbu budjetlarga tushgan mablagʻlar hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishdan tushgan mablagʻlar hisobidan xarajatlar tegishli budjetlarga oʻzgartirishlar kiritilmasdan amalga oshiriladi.

Budjet tizimi budjetlarini ijro etishda budjet tizimi budjetlarining daromadlari va xarajatlariga kiritilgan oʻzgartirishlar Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining axborot tizimida hisobga olinadi.

Moliya yili mobaynida Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari xarajatlariga ularning tasdiqlangan parametrlari doirasida birinchi va ikkinchi guruh xarajatlari, shuningdek oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlar sotib olish xarajatlari boʻyicha budjetdan ajratiladigan mablagʻlarni koʻpaytirish yoki kamaytirishni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar faqat Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgandan keyin amalga oshiriladi.

Davlat budjeti daromadlari va xarajatlariga tasdiqlangan budjetlar doirasida uning ijrosi jarayonida qonunchilik hujjatlari asosida oʻzgartirishlar kiritish tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda hududiy iqtisodiyot va moliya organlari tomonidan amalga oshiriladi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining axborot tizimida hisobga olib boriladi.

Budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan xarajatlarni ularning tasdiqlangan hajmlariga nisbatan koʻpaytirish, ularning oʻrnini qoplash manbalari mavjud boʻlgan taqdirda, Davlat budjeti toʻgʻrisidagi Qonunga oʻzgartirishlar kiritilmasdan amalga oshiriladi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.