Yakuniy nazorat tarzidagi davlat moliyaviy nazorati natijalariga doir hujjatlar quyidagilar koʻrsatilgan holda rasmiylashtiriladi:
rasmiylashtirilayotgan hujjatning turi;
tekshirish oʻtkazilgan joy, hujjat tuzilgan sana;
davlat moliyaviy nazoratini oʻtkazish uchun asos;
davlat moliyaviy nazoratining turi va uni oʻtkazish davri;
davlat moliyaviy nazoratini oʻtkazgan mansabdor shaxslarning familiyasi, ismi va otasining ismi;
davlat moliyaviy nazorati obyektining toʻliq nomi, nazorat bilan qamrab olingan davr uchun masʼul mansabdor shaxslarning lavozimi, familiyasi, ismi va otasining ismi ular egallab turgan lavozimlarida ishlagan davr albatta koʻrsatilgan holda;
davlat moliyaviy nazorati obyektining joylashgan yeri (pochta manzili), bank rekvizitlari;
oldingi taftish (tekshirish) natijalari yuzasidan koʻrilgan chora-tadbirlar haqidagi maʼlumotlar;
davlat moliyaviy nazorati bilan qamrab olingan davr hamda uni oʻtkazish uchun davlat moliyaviy nazorati obyekti tomonidan taqdim etilgan hujjatlar haqidagi umumiy maʼlumotlar;
taftish (tekshirish) jarayonida aniqlangan qoidabuzarliklar faktlari, normalari buzilgan qonunchilik hujjatlari koʻrsatilgan holda.
Yakuniy nazorat tarzidagi davlat moliyaviy nazorati natijalariga doir hujjatga davlat moliyaviy nazoratini oʻtkazish uchun asos boʻlib xizmat qilgan hujjatlarning koʻchirma nusxalari, davlat moliyaviy nazorati doirasida harakatlarni bajarish toʻgʻrisidagi bayonnomalar, inventarizatsiya dalolatnomalari, jalb etilgan ekspertlar va mutaxassislarning xulosalari, nazoratni oʻtkazish jarayonida davlat moliyaviy nazoratini amalga oshiruvchi mansabdor shaxslarning soʻroviga koʻra olingan materiallar, shuningdek nazorat doirasida bajarilgan harakatlarni tasdiqlovchi boshqa hujjatlar qoʻshib qoʻyilishi lozim.
Davlat moliyaviy nazorati natijalariga doir hujjatga qonunchilik hujjatlari bilan, hujjatlar bilan yoki davlat moliyaviy nazorati obyekti faoliyatining davlat moliyaviy nazorati jarayonida amalga oshirilgan tartib-taomillar natijalari bilan tasdiqlanmagan turli xil xulosalarni, taxminlarni va faktlarni, tergov materiallaridan maʼlumotlarni va davlat moliyaviy nazorati obyekti mansabdor shaxslari tergov organlariga bergan koʻrsatuvlarga havolalarni kiritishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Davlat moliyaviy nazorati natijalariga doir hujjatda davlat moliyaviy nazorati obyektining mansabdor va moddiy javobgar shaxslari harakatlariga huquqiy baho berilmasligi, shuningdek ularning qilmishlari, niyatlari va maqsadlari tavsiflanmasligi lozim.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan maʼlumotlar maʼlumotnoma (xulosa) rasmiylashtirilayotganda majburiy emas.
Davlat moliyaviy nazoratining natijalariga doir hujjatlar davlat moliyaviy nazoratini oʻtkazgan mansabdor shaxslar, shuningdek davlat moliyaviy nazorati obyektining mansabdor va masʼul shaxslari tomonidan imzolanadi.
Davlat moliyaviy nazorati obyektining mansabdor va masʼul shaxslari davlat moliyaviy nazorati natijalariga rozi boʻlmagan taqdirda, hujjatni oʻz eʼtirozlari bilan imzolaydi hamda oʻn kunlik muddat ichida eʼtirozlarini davlat moliyaviy nazorat organiga yozma shaklda taqdim etadi.
Davlat moliyaviy nazorati obyekti tomonidan eʼtirozlar oʻn kunlik muddatda yozma shaklda taqdim etilmagan taqdirda, davlat moliyaviy nazorati natijalariga doir hujjat davlat moliyaviy nazorati obyekti tomonidan qabul qilingan deb hisoblanadi hamda davlat moliyaviy nazorat organi tomonidan uni amalga oshirish choralari koʻriladi.
Davlat moliyaviy nazorati obyekti sudga murojaat etgan taqdirda, oʻzining sudga murojaat etganligini tasdiqlovchi hujjatni oʻn kunlik muddatda davlat moliyaviy nazorat organiga taqdim etishi shart. Sud tomonidan davlat moliyaviy nazorati obyektining murojaati xususida qaror qabul qilinguniga qadar davlat moliyaviy nazorat organi davlat moliyaviy nazorati natijalari boʻyicha rasmiylashtirilgan hujjatning nizoli bandlarga tegishli qismi boʻyicha amalga oshirilishini toʻxtatib turadi.
Davlat moliyaviy nazorati natijalariga doir hujjatlarda bayon etilgan maʼlumotlarning ishonchliligi, xolisligi va toʻliqligi davlat moliyaviy nazorat organlarining mansabdor shaxslari tomonidan taʼminlanadi.