BK · 73-modda

73-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetining zaxira jamgʻarmalari

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining zaxira jamgʻarmalari moliya yili mobaynida iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy va boshqa sohalardagi qoʻshimcha, koʻzda tutilmagan xarajatlar oʻz vaqtida hamda uzluksiz moliyalashtirilishini taʼminlash uchun tashkil etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining zaxira jamgʻarmalari mablagʻlari tegishincha Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetiga, viloyatlarning viloyat budjetlariga va Toshkent shahrining shahar budjetiga, tumanlar va shaharlarning budjetlariga tushadigan daromadlar hisobidan shakllantiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining zaxira jamgʻarmalarining miqdori Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi qabul qilinayotganda belgilanadi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining zaxira jamgʻarmalari miqdori Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining parametrlari tasdiqlanayotganda belgilanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining zaxira jamgʻarmalari mablagʻlarining taqsimlovchilari tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlaridir.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining zaxira jamgʻarmalari mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisidagi iqtisodiyot va moliya organlari bilan dastlab kelishilgan takliflar tashabbuskorlar tomonidan tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlariga belgilangan tartibda kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlarning viloyat budjetlari va Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining zaxira jamgʻarmalari mablagʻlari tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlarining qarorlari asosida, ushbu qarorlarda koʻrsatilgan aniq maqsadlarga va miqdorlarda sarflanadi.

Agar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining zaxira jamgʻarmalaridan qoʻshimcha mablagʻlar ajratilishi taklif etilayotgan maqsadlar uchun Davlat budjetida ham mablagʻlar nazarda tutilgan boʻlsa, u holda tegishli zaxira jamgʻarmalarining mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisidagi takliflar faqat ilgari tegishli budjetda nazarda tutilgan mablagʻlar sarflab boʻlinganidan keyingina kiritiladi.

Agar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining zaxira jamgʻarmalaridan mablagʻlar ajratilgan tadbirlar muayyan muddatga ega boʻlsa, u holda foydalanilmay qolgan mablagʻlar tadbirlarni oʻtkazish muddati tugaganidan keyin oʻn ish kuni ichida tegishli zaxira jamgʻarmasiga tiklanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining zaxira jamgʻarmasidan ajratilib, moliya yili davomida foydalanilmay qolgan budjetdan ajratilgan mablagʻlar moliya yili tugagach tegishli budjetga tiklanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining zaxira jamgʻarmasidan mablagʻlar oluvchilar Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga hamda tegishli hududiy iqtisodiyot va moliya organlariga tegishli zaxira jamgʻarmasidan ajratilgan mablagʻlardan foydalanilishi toʻgʻrisida har chorakda hisobot taqdim etadi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.