BK · 99-modda

99-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetini, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarini tasdiqlash

Navbatdagi yil uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining loyihalari:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasiga tegishli xulosani taqdim etishi uchun joriy yilning 20-sentabriga qadar yuboriladi. Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining loyihalari boʻyicha xulosani joriy yilning 1-oktabridan kechiktirmay taqdim etadi;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan joriy yilning 10-oktabridan kechiktirmay jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtiriladi;

ularning jamoatchilik muhokamasi yakunlari boʻyicha kelib tushgan asoslangan takliflar va fikr-mulohazalar asosida qayta koʻrib chiqiladi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining xulosasi bilan birgalikda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan joriy yilning 25-oktabridan kechiktirmay tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga kiritiladi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining loyihalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining xulosasi tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining majlislarida Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining masʼul vakillari ishtirokida muhokama qilinadi.

Davlat budjeti toʻgʻrisidagi Qonun rasmiy eʼlon qilingandan soʻng Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan bir hafta ichida tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari toʻgʻrisidagi qarorlar Davlat budjeti toʻgʻrisidagi Qonunga muvofiqlashtirilgan holda qabul qilinadi.

Navbatdagi yil uchun tumanlar va shaharlar budjetlarining loyihalari tumanlar va shaharlar hokimliklari tomonidan:

joriy yilning 10-oktabridan kechiktirmay jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtiriladi;

ularning jamoatchilik muhokamasi yakunlari boʻyicha kelib tushgan asoslangan takliflar va fikr-mulohazalar asosida qayta koʻrib chiqiladi hamda joriy yilning 1-noyabridan kechiktirmay tegishincha xalq deputatlari tumanlar va shaharlar Kengashlariga kiritiladi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari toʻgʻrisida qarorlar qabul qilinganidan soʻng uch ish kuni ichida xalq deputatlari tumanlar va shaharlar Kengashlari ushbu qarorlarga muvofiqlashtirilgan holda tegishincha tumanlarning va shaharlarning budjetlari toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari, tumanlar va shaharlar budjetlari toʻgʻrisidagi tegishli qarorlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklari tomonidan ular qabul qilinganidan soʻng uch ish kuni ichida oʻzlarining rasmiy veb-saytlariga joylashtiriladi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.