FK2 · 1036-modda

1036-modda. Litsenziya shartnomasi

Litsenziya shartnomasi boʻyicha intellektual faoliyat natijasiga yoki xususiy alomatlarni aks ettiruvchi vositaga nisbatan mutlaq huquqqa ega boʻlgan taraf (litsenziar) boshqa tarafga (litsenziatga) tegishli intellektual mulk obyektidan foydalanishga ruxsatnoma beradi.

Litsenziya shartnomasi beriladigan huquqlarni, foydalanish chegaralari va muddatlarini aniqlashi lozim.

Litsenziya shartnomasi pullik hisoblanadi.

Litsenziya shartnomasi litsenziatga quyidagilarni berishni nazarda tutishi mumkin:

intellektual mulk obyektidan, litsenziarning undan foydalanish huquqi va boshqa shaxslarga litsenziya berish huquqi saqlanib qolgan holda (oddiy nomutlaq litsenziya) foydalanish huquqini;

intellektual mulk obyektidan, litsenziarning undan foydalanish huquqi saqlanib qolgan holda, biroq boshqa shaxslarga litsenziyani berish huquqisiz (mutlaq litsenziya) foydalanish huquqini;

qonunda yoʻl qoʻyiladigan boshqa turdagi litsenziyalarni.

Agar litsenziya shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, litsenziya oddiy (nomutlaq) deb hisoblanadi.

Litsenziyani oluvchi tomonidan intellektual mulk obyektidan foydalanish huquqini boshqa shaxsga berish toʻgʻrisidagi shartnoma sublitsenziya shartnomasi hisoblanadi. Litsenziyani oluvchi faqat litsenziya shartnomasida nazarda tutilgan hollarda sublitsenziya shartnomasi tuzishga haqli.

Qoʻshimcha litsenziatning harakatlari uchun, agar litsenziya shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, litsenziar oldida litsenziat javobgar boʻladi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.