FK2 · 1075-modda

1075-modda. Turdosh huquqlar subyektlari

Ijrochilar, fonogrammalarni tayyorlovchilar, efir yoki kabel orqali koʻrsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotlar turdosh huquqlar subyektlaridir.

Turdosh huquqlarning yuzaga kelishi va amalga oshirilishi uchun turdosh huquqlar obyektini roʻyxatdan oʻtkazish yoki biron-bir boshqa rasmiyatchilikka rioya etish talab qilinmaydi.

Yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan koʻrsatuv yoki eshittirishni efirga uzatish va kabel orqali yuborishni (retranslyatsiya ham shunga kiradi) amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar, ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollardan tashqari, asardan, ijrodan, fonogrammadan yoxud efir yoki kabel orqali koʻrsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning koʻrsatuv yoki eshittirishidan faqat huquq egasi yoki boshqa vakolatli shaxs bilan tuzilgan shartnomaga binoan foydalanishlari mumkin. Retranslyatsiya mualliflar, ijrochilar, fonogrammalarni tayyorlovchilar va boshqa huquq egalarining efirga uzatish, kabel orqali yuborish, barchaning eʼtiboriga yetkazishga boʻlgan huquqlariga rioya qilingan holda amalga oshirilishi kerak.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.