FPK · 152-modda

152-modda. Protsessual muddatlarni hisoblash

Protsessual muddatlar yillar, oylar va kunlar bilan hisoblanadi. Muddatning oʻtishi kalendar sananing yoki muddatning boshlanishi deb belgilangan voqea yuz bergan kunning ertasidan boshlanadi.

Yillar bilan hisoblanadigan muddat uning oxirgi yilining tegishli oyi va kunida tamom boʻladi.

Oylar bilan hisoblanadigan muddat uning oxirgi oyining tegishli oyi va kunida tamom boʻladi.

Agar oylar bilan hisoblanadigan muddatning tugashi tegishli sanasi boʻlmagan oyga toʻgʻri kelsa, muddat shu oyning oxirgi kunida tamom boʻladi. Bu muddatning oxirgi kuni ish kuni boʻlmagan kunga toʻgʻri kelgan taqdirda, undan keyingi birinchi ish kuni muddatning tamom boʻlish kuni hisoblanadi.

Amalga oshirilishi uchun muddat belgilangan protsessual harakat muddatning oxirgi kuni soat yigirma toʻrtgacha bajarilishi mumkin.

Agar protsessual harakat sudda amalga oshirilishi kerak boʻlsa, belgilangan qoidalarga koʻra sudda ish tugagan soatda muddat tamom boʻlgan hisoblanadi.

Agar ariza, shikoyat, hujjatlar yoki pul summalari muddatning oxirgi kuni soat yigirma toʻrtgacha aloqa tashkilotiga topshirilgan, axborot tizimi orqali elektron tarzda yuborilgan yoki tegishli organga yoxud hujjatni qabul qilishga vakolatli shaxsga berilgan boʻlsa, muddat oʻtmagan hisoblanadi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.