Sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi ariza sudga ushbu Kodeksning 5-bobida belgilangan sudlovga tegishlilikning umumiy qoidalari boʻyicha beriladi.
Sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi ariza yozma shaklda, shu jumladan axborot tizimi orqali elektron hujjat tarzida beriladi. Arizada quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
1) ariza berilayotgan sudning nomi;
2) undiruvchining familiyasi, ismi, otasining ismi (nomi), uning yashash joyi yoki joylashgan yeri (pochta manzili) hamda yuridik shaxsning rekvizitlari;
3) qarzdorning familiyasi, ismi, otasining ismi (nomi), uning yashash joyi yoki joylashgan yeri (pochta manzili) hamda yuridik shaxsning rekvizitlari;
4) undiruvchining talabi va talabga asos boʻlgan holatlar;
5) undirilayotgan qarzdorlik vujudga kelgan davr;
5-1) toʻlanmagan toʻlovlar summasining hisob-kitobi va undiruv qaratilayotgan, qarzdorning majburiyatlari bajarilishining taʼminoti sifatida turgan koʻchar mol-mulkning tavsifi;
6) arz qilingan talabni tasdiqlovchi, ilova qilinayotgan hujjatlarning roʻyxati.
Sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizada undiruvchi yoki uning vakilining telefonlari, fakslari raqamlari, elektron pochta manzili koʻrsatilishi mumkin.
Koʻchar mol-mulk talab qilingan taqdirda, arizada ushbu mol-mulkning qiymati koʻrsatilishi lozim.
Sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi ariza undiruvchi yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Vakil tomonidan berilayotgan arizaga uning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinishi kerak.