Sudya ishni sud muhokamasiga tayyorlashda ajrim chiqaradi, unga koʻra farzandlikka olinayotgan bolaning yashash (turgan) joyidagi vasiylik va homiylik organlari zimmasiga farzandlikka olishning asosli ekanligi va farzandlikka olinayotgan bolaning eng ustun manfaatlariga muvofiqligi toʻgʻrisida sudga xulosa taqdim etish majburiyati yuklanadi.
Vasiylik va homiylik organining farzandlikka olishning asosli ekanligi toʻgʻrisidagi va farzandlikka olinayotgan bolaning eng ustun manfaatlariga muvofiqligi haqidagi xulosasiga quyidagilar ilova qilingan boʻlishi kerak:
farzandlikka olinayotgan bolaning yashash (turgan) joyi yoki farzandlikka oluvchilarning (oluvchining) yashash joyi boʻyicha vasiylik va homiylik organi tomonidan tuzilgan farzandlikka oluvchilarning (oluvchining) yashash sharoitlarini tekshirish dalolatnomasi. Farzandlikka oluvchilarning (oluvchining) yashash sharoitlarini tekshirish dalolatnomasida boshqa maʼlumotlar bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 152-moddasida nazarda tutilgan farzandlikka olish uchun toʻsiqlar borligi yoki yoʻqligi koʻrsatilishi shart;
farzandlikka olinayotgan bolaning tugʻilganlik toʻgʻrisidagi dalolatnoma yozuvidan koʻchirma;
farzandlikka olinayotgan bolaning sogʻligʻi holati, jismoniy va aqliy rivojlanishi haqidagi tibbiy xulosa;
oʻn yoshga toʻlgan farzandlikka olinayotgan bolaning farzandlikka olishga, shuningdek familiyasi, ismi, otasining ismi oʻzgartirilishi mumkinligiga va farzandlikka oluvchilarning (oluvchining) uning ota-onasi (otasi yoki onasi) sifatida qayd etilishiga roziligi, bundan Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 156-moddasida nazarda tutilgan hollar mustasno;
bola ota-onasining (otasining yoki onasining) uning farzandlikka olinishiga roziligi, oʻn olti yoshga toʻlmagan ota-onaning bolasi farzandlikka olinayotganda esa ota-ona qonuniy vakillarining ham roziligi, qonuniy vakillar mavjud boʻlmagan taqdirda esa vasiylik va homiylik organining roziligi, bundan Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 160-moddasida nazarda tutilgan hollar mustasno;
bolaning qarindoshlari boʻlmagan, Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida doimiy yashovchi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan farzandlikka olinganda ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni va farzandlikka olishga nomzodlarni hisobga olish boʻyicha maʼlumotlar bazasida farzandlikka olinayotgan bola toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mavjudligini tasdiqlovchi hujjat, shuningdek bolani Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari oilasiga tarbiyaga olish yoki bolaning qarindoshlari tomonidan, ushbu qarindoshlarning fuqaroligi va yashash joyidan qatʼi nazar, farzandlikka olinishi imkoniyati mavjud emasligini tasdiqlovchi hujjatlar.
Boshqa davlat fuqarosi boʻlgan bolani yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs boʻlgan bolani Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan farzandlikka olishda vasiylik va homiylik organining farzandlikka olish asosli ekanligi toʻgʻrisidagi va farzandlikka olinayotgan bolaning eng ustun manfaatlariga muvofiqligi haqidagi xulosasiga ushbu modda ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan hujjat ilova qilinishi kerak.
Zarur boʻlgan hollarda, sud boshqa hujjatlarni (maʼlumotlarni) ham talab qilib olishi mumkin.