Hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza yozma shaklda, shu jumladan elektron hujjat tarzida beriladi va hal qiluv qarori yuzasidan nizolashayotgan hakamlik muhokamasi tarafi yoki uning vakili tomonidan imzolanadi.
Hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi arizada quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak:
1) ariza berilayotgan fuqarolik ishlari boʻyicha sudning nomi;
2) nizolashilayotgan hal qiluv qarorini qabul qilgan hakamlik sudining nomi va tarkibi, uning joylashgan yeri;
3) hakamlik muhokamasi taraflarining nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), yashash joyi yoki turgan joyi (pochta manzili), shuningdek, agar ariza vakil tomonidan berilayotgan boʻlsa, vakilning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi;
4) hakamlik sudining hal qiluv qarori qabul qilingan sana;
5) hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat etgan hakamlik muhokamasi tarafi hakamlik sudining nizolashilayotgan hal qiluv qarorini olgan sana;
6) hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi talab va mazkur qaror qanday asoslar boʻyicha nizolashilayotganligi.
Hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi arizada telefonlar, fakslar raqamlari, elektron pochta manzillari va boshqa maʼlumotlar koʻrsatilishi mumkin.
Hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
1) hakamlik sudi hal qiluv qarorining tasdiqlangan koʻchirma nusxasi. Doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudi hal qiluv qarorining koʻchirma nusxasi mazkur hakamlik sudining raisi tomonidan tasdiqlanadi, muvaqqat hakamlik sudining hal qiluv qarori koʻchirma nusxasidagi hakamlik sudyasining imzosi notarial tartibda tasdiqlangan boʻlishi kerak;
2) hakamlik bitimining tegishli tarzda tasdiqlangan koʻchirma nusxasi;
3) hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi talabni asoslash uchun taqdim etiladigan hujjatlar;
4) belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji va pochta xarajatlari toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat.
Hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza javobgarlar soniga qarab koʻchirma nusxalari bilan birga fuqarolik ishlari boʻyicha sudga beriladi, bundan elektron hujjat tarzida yuboriladigan ariza mustasno.
Agar hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza hakamlik muhokamasi tarafining vakili tomonidan berilgan boʻlsa, unga ishonchnoma yoki vakilning vakolatlarini tasdiqlovchi boshqa hujjat ilova qilinishi kerak.
Agar hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza ushbu Kodeks 349-moddasining birinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan talablar, shuningdek ushbu modda qoidalari buzilgan holda berilgan boʻlsa, fuqarolik ishlari boʻyicha sud ushbu Kodeksning 194-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga binoan bunday arizani qabul qilishni rad etadi.
Huquqlari va majburiyatlari haqida hakamlik sudi hal qiluv qarorini qabul qilgan, ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslar hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi arizaga ushbu modda toʻrtinchi qismining 2 va 3-bandlarida koʻrsatilgan hujjatlarni ilova qilmagan taqdirda, mazkur hujjatlar sud tomonidan ularni saqlayotgan shaxsdan talab qilib olinadi.