FPK · 397-modda

397-modda. Apellyatsiya instansiyasi sudida ishlarni koʻrish tartibi

Apellyatsiya instansiyasi sudida sud muhokamasi mazkur moddada belgilangan xususiyatlarni inobatga olgan holda, ushbu Kodeksning 22-bobida belgilangan qoidalar boʻyicha oʻtkaziladi.

Apellyatsiya instansiyasi sudining majlisida raislik qiluvchi ushbu Kodeksning 211 va 212-moddalariga amal qilgan holda, sud majlisida tegishli tartibni taʼminlashga doir zarur choralarni koʻradi.

Raislik qiluvchi sud majlisini ochadi va kimning shikoyati (protesti) boʻyicha hamda qaysi sudning hal qiluv qarori ustidan qanday ish koʻrilishini eʼlon qiladi. Raislik qiluvchi ishda ishtirok etuvchi shaxslarning qaysi biri kelmaganligini, kelmaganlik sabablari toʻgʻrisida qanday maʼlumotlar borligini aniqlaydi, sudga kelganlarning shaxsini aniqlaydi, shuningdek mansabdor shaxslarning va vakillarning vakolatlarini tekshiradi.

Raislik qiluvchi sud tarkibini eʼlon qiladi, sud majlisining kotibi, prokuror, ekspert, mutaxassis, tarjimon sifatida kimlar ishtirok etayotganligini eʼlon qiladi va ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ularning rad qilishga doir huquqlarini tushuntiradi.

Arz qilingan rad qilishlar ushbu Kodeksning 4-bobida belgilangan tartibda hal etiladi.

Raislik qiluvchi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ularning protsessual huquqlari va majburiyatlarini tushuntiradi.

Ishni koʻrish vaqti va joyi haqida belgilangan tartibda xabardor qilinganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar mavjud boʻlmagan ishda ishtirok etuvchi shaxslarning biror-biri sud majlisiga kelmagan taqdirda, sud ishning muhokamasini keyinga qoldiradi.

Ishni koʻrish vaqti va joyi haqida belgilangan tartibda xabardor qilingan ishda ishtirok etuvchi shaxslarning sud majlisiga kelmaganligi ishning muhokamasiga toʻsqinlik qilmaydi. Biroq sud bunday hollarda ham sudga kelmaganlik sabablarini uzrli deb topib, ishning muhokamasini keyinga qoldirishga haqli.

Prokurorning yoki advokatning sudga uzrli sabablarsiz kelmaganligi toʻgʻrisida sud xususiy ajrim chiqarib, bu haqda tegishli yuqori turuvchi prokurorga yoki Oʻzbekiston Respublikasi advokatlar palatasining hududiy boshqarmasi huzuridagi malaka komissiyasiga xabar beradi.

Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning apellyatsiya instansiyasida ishning muhokamasi bilan bogʻliq boʻlgan barcha masalalar boʻyicha iltimosnomalari va arizalari ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning fikrlari eshitilgandan keyin sud tomonidan hal etiladi.

Apellyatsiya instansiyasi sudida ishni koʻrish raislik qiluvchining yoki sudyalardan birining maʼruzasi bilan boshlanadi.

Maʼruzachi ishning holatlarini, birinchi instansiya sudi hal qiluv qarorining mazmunini, apellyatsiya shikoyatida (protestida) keltirilgan vajlarni va ular yuzasidan berilgan tushuntirishlarni (eʼtirozlarni), yangi dalillarning mazmunini, shuningdek sud hujjatining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish uchun sud koʻrishi zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlarni bayon qiladi.

Sud raislik qiluvchining yoki sudyalardan birining maʼruzasidan keyin sud majlisiga kelgan ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlarini eshitadi, bu shaxslar apellyatsiya shikoyatida (protestida) koʻrsatilmagan vajlarni keltirishga va qoʻshimcha materiallar taqdim etishga ham haqli.

Dastlab apellyatsiya shikoyati bergan shaxs va uning vakili yoki, agar ish protest boʻyicha koʻrilayotgan boʻlsa, prokuror soʻzga chiqadi. Hal qiluv qarori ustidan har ikkala taraf tomonidan shikoyat qilingan boʻlsa, birinchi boʻlib daʼvogar soʻzga chiqadi.

Ushbu Kodeksning 52-moddasida nazarda tutilgan tartibda ishda ishtirok etuvchi davlat boshqaruvi organlarining, tashkilotlarning vakillari, shuningdek fuqarolar, agar ular sudning hujjati ustidan shikoyat qilmagan boʻlsa, apellyatsiya instansiyasi sudida taraflar va uchinchi shaxslardan keyin soʻzga chiqadi.

Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlaridan soʻng prokuror sud hujjatining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligi toʻgʻrisida fikrini bayon etadi, bundan prokurorning protesti boʻyicha qayta koʻrilayotgan sud hujjatlari mustasno.

Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlari va prokuror fikri eshitilgandan soʻng apellyatsiya instansiyasi sudi ajrim chiqarish uchun alohida xonaga (maslahatxonaga) kiradi.

Apellyatsiya instansiyasi sudining ajrimi ish koʻrilgandan soʻng darhol chiqariladi.

Alohida hollarda, asoslantirilgan ajrimni tayyorlash besh kungacha boʻlgan muddatga kechiktirilishi mumkin, biroq ajrimning xulosa qismini sud apellyatsiya muhokamasi tamomlangan majlisning oʻzidayoq eʼlon qilishi kerak.

Sudyalarning maslahatlashuvi, ajrim chiqarish va uni oʻqib eshittirish ushbu Kodeksda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.