Ijro varaqasi sud tomonidan berilgan, undiruvchining sud hujjatini majburiy ijro etishga boʻlgan huquqini tasdiqlovchi hujjatdir.
Ijro varaqasida quyidagilar koʻrsatilishi lozim:
1) ijro varaqasini bergan sudning nomi;
2) ijro varaqasining qaysi ish boʻyicha berilganligi va uning raqami;
3) ijro etilishi lozim boʻlgan sud hujjati qabul qilingan sana;
4) undiruvchi va qarzdorning nomi, ularning manzillari; jismoniy shaxslar uchun — qarzdor jismoniy shaxsning tugʻilgan sanasi va joyi, ish joyi, shaxsiy identifikatsiya raqami (Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan jismoniy shaxslarning shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatlarning rekvizitlari), mavjud boʻlgan taqdirda — undiruvchi jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, shuningdek undiruvchining va qarzdor yuridik shaxsning soliq toʻlovchi identifikatsiya raqami;
5) sud hujjatining qaror qismi;
6) sud hujjati kuchga kirgan sana;
7) ijro varaqasi berilgan sana va uni ijroga topshirish muddati.
Sud hujjatiga asosan beriladigan ijro varaqasi sudyaning elektron raqamli imzosidan foydalangan holda rasmiylashtiriladi va QR-kod (matritsali shtrixli kod) bilan tasdiqlanadi. Bunda agar sud hujjatiga asosan berilgan ijro varaqasi Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida ijro etilishi lozim boʻlsa yoki undiruvchining iltimosnomasiga koʻra u sudning muhri va sudyaning imzosi bilan tasdiqlangan holda qogʻoz shaklida berilishi (yuborilishi, taqdim etilishi) mumkin.