Havo kemalarining aholi manzilgohlari ustidagi parvozi yerdagi odamlarning hayoti hamda sogʻligʻiga va (yoki) ularning mol-mulkiga xavf solmagan holda belgilangan yoʻnalishlar va uchish balandliklarida amalga oshiriladi.
Havo kemasida nosozlik roʻy bergan taqdirda yoki odamlar hayotini qutqarish uchun parvozlar qilish zarur boʻlganda belgilangan yoʻnalish va uchish balandligidan chetga chiqishga yoʻl qoʻyiladi.
Alohida hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga koʻra havo kemalarining belgilangan yoʻnalish va uchish balandligidan chetga chiqqan holda aholi manzilgohlari ustida parvoz qilishiga yoʻl qoʻyiladi.
Havo kemalarining aholi manzilgohlari ustidagi koʻrgazmali uchishlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ruxsati bilan amalga oshirilishi mumkin.